Mualliflik bloglari

POGBA: SER ALEKS BUYUK MURABBIY

Blog InterFutbol.uz

Yaqinda «Manchester Yunayted»ga qaytgan Pol Pogba Sky Sportsga intervyu berdi. E’tiborli tomoni, u bilan «Arsenal» va Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Terri Anri gaplashdi. Suhbat chog‘ida Pogba «Manchester Yunayted»ga qaytishi, ser Aleks Fergyuson va Joze Mourinolar haqida gapirib o‘tdi.

Kel, boshidan boshlaymiz. Sen «MYu»dan yosh futbolchi sifatida ketganding. Endi esa futbol tarixidagi eng qimmat o‘yinchi sifatida qaytding. Nima uchun «Yunayted»ga qaytishga qaror qilding?

To‘g‘risini aytsam, hamisha «MYu»ni yaxshi ko‘rganman. Ketishimning sababi, o‘ynashni istaganman. Butun jahonga va «Yunayted»ga buning uchun tayyorligimni isbotlamoqchi bo‘lganman. Italiyaga yo‘l oldim va u yerda to‘rt yil o‘ynadim. Qaytishimdan shu narsani anglash mumkinki, garchi «MYu»dan ketgan bo‘lsamda, bu jamoa hamisha qalbimda bo‘lgan. Manchesterda yakunlanmagan ishlarim bor, ularni oxiriga yetkazib qo‘yishim shart edi. Endi jamoaga yordam berish uchun, g‘alaba qozonish uchun qaytdim. Klubimizning yana yuqori cho‘qqilarga qaytishini istayman.

Yevropa chempionatida asosiy e’tibori mudofaa chizig‘iga qaratilgan yarim himoyachi rolini bajarding va o‘z ishingni ajoyib tarz­da uddalading. Umuman olganda, senga qaysi pozitsiyada o‘ynash ma’qulroq?

Chap qanot yarim himoyasida. Agar uch kishi bo‘lsak, o‘ngda ham o‘ynashim, himoyaga yordam berishim mumkin. Biroq chap qanotda o‘zimni yengil his qilaman.

Seni kim ruhlantirgan? Ishonchim komil, birinchi o‘rinda oilangni aytasan. Ammo men sportchilarni nazarda tutyapman. Masalan, meni Marko van Basten ruhlantirgan...

Bunday futbolchilar ko‘p. Masalan, Ronaldino, braziliyalik Ronaldo, Kaka, Zidan, Inesta, Yaya Ture, Vieyra. Ularning eng yaxshi jihatlarini o‘zlashtirib, uni Pogbada mujassamlashtirishni istayman.

«MYu» uchun mavsum muvaffaqiyatli o‘tdi, deyish uchun nima sodir bo‘lishi kerak?

Eng avvalo, chempionlik. Shuning­dek, kuboklar va Yevropa Ligasida zafar quchish ham. Angliya premer-ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritsak, birinchi navbatda, Chempionlar Ligasiga qaytish imkoniga ega bo‘lamiz.

Men haqiqiy Pogba qandayligini bilmoqchiman.

Haqiqiy Pogba siz ko‘rib turgan Pogbadir. Maydonda unday, tashqarisida bunday bo‘lolmayman. Chunki aktyor emasman. Maydonda jamoadoshlarim bilan hazillashishni yaxshi ko‘raman. Uning tashqarisida ham shundayman. Futbol o‘ynayapman, asosiysi, yaxshi ko‘rgan ishim bilan shug‘ullanyapman. Shunchaki, hayotni sevaman. Futbolchi bo‘lganimiz baxtimiz. Chunki biz barchaning e’tiborini o‘zimizga qaratamiz. Ayniqsa, minglab insonlar nomingni aytib olqishlashsa, undan yaxshisi yo‘q. Shuningdek, sizni ham kuzatib yurardim. Hozir ham. Ishonmasligingiz mumkin, lekin uyimda sizning suratingiz aks etgan poster bor. Hozir yonimda turib mendan intervyu olayotganingizga ishonish qiyin.

Yevro finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng hissiyotlar qanday bo‘ldi?

Eng avvalo, mag‘lub bo‘lishni yomon ko‘raman. Ayniqsa, Fransiyada turib, chempionatni yomon boshlagan Portugaliyaga imkoniyatni boy berish... Lekin bu futbol. Barchamiz mag‘lubiyatga ishona olmadik. Menimcha, eng katta xatoimiz g‘alabaga qattiq ishongandik.

«Oltin to‘p»ni yutish rejangda bormi?

Albatta. Hamisha bu haqda orzu qilganman.

«MYu»dan buyuk futbolchi bo‘lib qaytish uchun ketganingni ayt­ding. «Yuventus» haqida qanday fikrdasan?

Balki kimlargadir bu yoqmas. Lekin «Yuve»ga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Ular menga ishonishdi va shu darajaga chiqishimga yordam berdilar. Taktika borasida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Aynan «Yuventus» orqali Fransiya terma jamoasiga chaqirildim. «Keksa sinora» hamisha qalbimda qoladi.

Hozir «MYu»da yangi murabbiy faoliyat yuritmoqda. Joze Mourino bilan ishlar qanday ketyapti?

Ajoyib.

Sening qaroringda Mourino­ning o‘rni bo‘ldimi?

Qaysidir jihatlarda yordam berdi.

Aleks Fergyuson haqida gaplashmasak bo‘lmaydi. «Liverpul» hamda «Arsenal» muxlislari ham uni hurmat qilishadi.

Ha. Men ham uni juda hurmat qilaman. Ser Aleks futbol tarixidagi eng buyuk murabbiylardan biri. U bilan muammolarimiz bo‘lmagan. Shunchaki, men o‘ynashni istaganman. Balki Fergyuson meni juda yosh deb o‘ylagandir, lekin hamisha maydonda o‘zimni ko‘rsatishga tayyor edim.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.