Mualliflik bloglari

LA’NATI «YUNAYTED»…

Blog Maydon.uz

«Manchester Yunayted»ning «Vest Hem»ga qarshi o‘yinida hakamning Mourino shogirdlari foydasiga xatolar qilgani va har qanday xolis inson buni tan olishi, agar jamoaga bo‘lgan muhabbat bunga to‘sqinlik qilsa, hech bo‘lmasa, jim turish kerakligi haqida. Gap adolat va xolislik haqida borganda, e’tiroz bildirish juda qiyin, albatta.

O‘z navbatida, «Yunayted» muxlislari jim tura olmaganlar. Avvalgi uchrashuvlarda hakamlarning «MYu»ning zarariga yo‘l qo‘ygan o‘nlab xatolari sanalgan. Ularni ham tushunish mumkin. Mayli.

Men boshqa jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Bilasizmi, o‘tgan mavsumda Angliyada eng ko‘p penalti tepgan jamoa qaysi? «Lester». Jamoa mavsumda jami 13 marta penalti tepgan. Ikkinchi o‘rnidagi «Manchester Siti»da 8 ta, 16 jamoa 5 ta va undan kam penalti tepgan. Jeymi Vardining yakka o‘zi ishlagan penaltilar soni – 9 ta. Angliyadagi boshqa jamoalarnikidan ham ko‘p.

Albatta, «Lester»ning o‘yin uslubi yoki o‘sha belgilangan penaltilarning qanchasi haqqoniyligi haqida uzoq gaplashish mumkin, masala bunda emas. Qizig‘i, bu statistikaga deyarli hech kim e’tibor bermadi, hech kimning xayoliga ham, hakamlar «Lester»ning qulog‘idan tortayotgani haqidagi fikr kelmadi.

Sababi, butun dunyo, jumladan men ham, «Lester»ni yoqtirib qolgan, muxlislik qila boshlagan, qanday bo‘lsa ham, bu ertakning yakuni yaxshilik bilan tugashini kutardi. «Tulkilar»ning bir qator bo‘rilar ichida sovrinni olib ketishlari, rostanam juda chiroyli hikoya bo‘lgandi, tamom. Hamma «Lester»ni yaxshi ko‘rib qolgandi.

Mavzuga qaytamiz. Kechagi o‘yindan keyin menga eng yoqimli jihat nima, aytaymi? Hamma gapira boshladi – hakamlar «MYu»ga yordam bermoqda, «MYu» g‘alabaga loyiq emasdi, shu ham adolatdanmi, iblislar (qo‘shtirnoqsiz) va hokazo.

Aslida statistika bo‘yicha, «MYu»ning zarariga ishlagan xatolar ko‘proqligi, bu borada (hakamlardan jabr ko‘rish) jamoa APL da 12-o‘rinda ketayotgani, «MYu» ligada eng kam penalti tepgan klublar qatorida ekaniga hech kim e’tibor bermadi, qarang.

Yo‘q. Men Xizr emasman. Boshqa vaziyatlarni eslab, adolat tarozisi menda borligini iddao qilish niyatim yo‘q.

Aytmoqchimanki, «Manchester Yunayted»ni yana yomon ko‘rmoqdalar. Uch yil davomidagi kulgi va achinish xissini endi nafrat egallay boshladi. Jamoaning har bir mag‘lubiyati oddiy holdek emas, alohida voqeadek, xursandchilik bilan  qarshi olinadi. Zlatan so‘nggi daqiqalarda gol uraveradi, zo‘r o‘ynay boshlagan har bir yarim himoyachini Pogba bilan solishtiraveradilar, Mourinoning matbuot anjumanlaridagi har bir gapi muhokamaga arziyveradi.

«Manchester Yunayted» har qancha kuchli va chiroyli o‘ynamasin, hech qachon, «Lester» kabi, hammaning  muhabbatini qozona olmaydi. Farq mana shunda. «MYu»ning qanchalik buyuk va kuchayib borayotganini undan nafratlanadiganlar soni bilan o‘lchash mumkin.

Agar kuchingga kuch qo‘shsa, o‘zgalarning nafrati – juda foydali narsa. Jamoa  muxlislarini eski «Yunayted» qaytayotgani bilan tabriklayman.

La’nati «Yunayted»…

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.