Taniqli italiyalik mutaxassis Fabio Kapello Zlatan Ibragimovichni u 2004 yilda «Yuventus»ga kelishidan oldin ham yaxshi bilganini aytib o‘tdi.
«Ibragimovichda havas qilgulik texnika bor edi. Men «Yuventus»ga bosh murabbiy bo‘lganimda rahbariyatdan Zlatanni olib kelishni so‘radim. Men uni 1 yil oldinroq, «Roma» bosh murabbiyi ekanimda ham o‘z jamoamda ko‘rishni istagandim, ammo o‘shanda bizda Totti, Kassano, Batistuta, Montella va Delvekkio kabi yuqori saviyali hujumchilar bor edi.
«Yuventus»dagi ilk mashg‘ulotlardan keyin men Zlatanning zarbasi o‘ylaganimdan kuchsizroq ekanini payqadim. Ha, u bosh bilan o‘ynashda ham qoyilmaqom emasdi. U ko‘proq sheriklariga pas berishni xush ko‘rardi. Men esa u hujumni yakunlashda tez va hal qiluvchi qaror qabul qila olishga o‘rganishini istadim.
Unda texnik salohiyat yuqori edi, xuddi van Bastenda bo‘lganidek. Men Zlatanni Markoning videolarini ko‘rishga majburladim. Undan van Basten jarima maydoni ichkarisida qanday harakatlanishini va qanday qilib gollar urishini diqqat bilan kuzatishini so‘radim. Ibra barchasini to‘g‘ri tushundi. Uning natijalari bunga dalil.
Zlatan o‘zini takomillashtirish uchun kuniga ikki marta qattiq shug‘ullanardi. U o‘zi bilan faxrlanardi. Unga eng zo‘ri bo‘lish yoqardi», — degan Kapello Mediaset Premium efirida.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.