Nevill: U bir qarorga kelishi kerak
25.09.2016

«Yunayted» klubining sobiq himoyachisi Gari Nevill hujumchi Ueyn Runi haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Runi faoliyatida yangi davr boshlanishi arafasida. U endi boshqacha o‘ynashi lozim. Hech kim 34 yoshida 22 yoshdagi kabi o‘ynay olmaydi. O‘z vaqtida Skoulz, Jerrard va Giggz ham shunday o‘zgarishlarga uchragan. Ularning barchasi o‘yinini pasaytirishgan. Endi Runi ham shu davrni boshidan o‘tkazmoqda.
Bunga Runining o‘zi qanday munosabatda bo‘lishi muhim. U bir qarorga kelishi kerak: yo har hafta o‘ynaydi, yoki qaysidir o‘yinlarni o‘tkazib yuborib, dam oladi» - dedi Nevill.
Rayola: Pol o‘z o‘rnini topishi kerak
25.09.2016

Taniqli futbol agenti Mino Rayola futbolchi Zlatan Ibrohimovich «Manchester Yunayted»ga o‘tganda, unga telefon qilib, «Pogbani boshqa bir klubga sota ko‘rma, yo‘qsa oyog‘ingni sindiraman» deb aytganini esladi.
«Pol yangi jamoada hali o‘z o‘rnini topishi kerak. Men uni chap qanot hujumkor yarim himoyachisi sifatida ko‘rishni istardim. Biroq qarorni Mourino qabul qiladi», deb aytdi Rayola de Volkskrant’ga bergan intervyusida.
Pogba «Yuventus»dan «MYu»ga avgust boshida rekord darajadagi 105 mln yevroga o‘tdi. 24 sentabrda fransiyalik futbolchi «Lester»ga qarshi uchrashuvda «MYu» safidagi ilk golini kiritdi.
Rayola joriy yozda Pogba va Ibrohimovichdan tashqari, «MYu»ga Genrix Mxitaryanni olib keldi.
«Yunayted» «Lester»ni yirik hisobda mag‘lub qildi
24.09.2016

Angliya Premer-Ligasining 6-turida «Manchester Yunayted» jamoasi o‘z maydonida «Lester»ni qabul qildi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridan boshlab mezbonlar ketma-ket hujumlarni tashkil qildi. 22-daqiqada Kris Smolling burchakdan oshirilgan to‘pdan so‘ng «Lester» darvozasini aniq nishonga oldi, - 1:0. Avvalgi o‘yinlarda zaxirada qolgan Xuan Mata 37-daqiqaga kelganda juda chiroyli tarzda «mankunianliklar»ning ikkinchi golini urdi, - 2:0. Oradan uch daqiqa o‘tib Markus Reshford tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi, - 3:0. Ketma-ket o‘tkazilgan gollar «Lester»ni shokka tushirdi. Bu esa 42-daqiqaga kelganda yana o‘z aksini ko‘rsatdi. «MYu»ning eng qimmatbaho transferi bo‘lib turgan Pol Pogba boshi bilan «Lester» darvozasini to‘rtinchi bor ishg‘ol etdi, - 4:0.
Ikkinchi bo‘limda «Lester» biroz jonlangan holda futbol ko‘rsata boshladi. Zaxiradan maydonga tushgan Demaray Grey juda chiroyli tarzda David De Xea darvozasini ishg‘ol qilib hisobdagi farqni qisqartirdi, - 4:1. Qolgan vaqt davomida ikkala jamoa ham boshqa gol kiritishning uddasidan chiqa olmadi. Shunday qilib, «Manchester Yunayted» amaldagi chempion «Lester»ni 4:1 hisobida mag‘lub qildi.
Mata: Aqldan ozish hech gap emas
24.09.2016

Xuan Mata so‘nggi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlardan so‘ng yog‘dirilgan tanqidlarga munosabatini bildirdi.
«Bunga ajablanmayman, «Manchester Yunayted»ni juda ko‘p odam muhokama qiladi. Bu dunyoning katta klublaridan biri.
G‘alabalarimizga xursand bo‘ladiganlar bilan bir qatorda, mag‘lubiyatimizga ham xursand bo‘ladiganlar bor. Lekin men professional futbolchiman va tanqidlarga e’tibor bermayman. Agar har bir tanqidchiga quloq solinsa, aqldan ozish hech gap emas», – dedi ispaniyalik futbolchi klubning rasmiy saytida.
Mourino: Runi aybdormas
24.09.2016

Joze Mourino jamoaning mag‘lubiyatlarida faqatgina hujumchi Ueyn Runi emas, balki barcha o‘yinchilar aybdorligini aytdi.
«Ueyn Runining tayyorgarligi butun «Manchester Yunayted»niki kabi. Biz Ueyn Runi emas, biz – jamoamiz. Biz barchamiz mavsumni yaxshi boshladik, barchamiz 4 ta o‘yinni birga yutdik, so‘ngra birga 3 ta o‘yinni yutkazdik, shuning uchun bu yerda birgina Ueyn Runi aybdormas.
To‘g‘risini aytganda u «Feyenoord» bilan uchrashuvda o‘ynamadi, shuning uchun u 3 ta mag‘lubiyatdan ikkitasiga aloqador. Biroq bizning falsafa shunday – jamoadagi har bir o‘yinchi maydonda bo‘layotgan holatga aloqador, hattoki u o‘ynamasa ham», deb Mourino aytgan so‘zlarni keltirib o‘tdi Sky Sports nashri.
Reshford: G‘azablanganim yo‘q
24.09.2016

Markus Reshfordning ma’lum qilishicha, uning jamoa tarkibida maydonda to‘p surayotgan vaqt miqdori uning asabini chiqarmoqda.
«Bu holat asabiylashtiradi, biroq bundan g‘azablanganim yo‘q. Chunki barchasi oson emasligini yaxshi tushunanaman.
Jamoamizda yaxshi futbolchilar ko‘p va ularning aksariyati mening holatimda. Kim qancha muddat maydonda to‘p surishi ularning harakatiga bog‘liq.
Ammo bularning bari jamoa uchun yaxshi. Chunki mashg‘ulotlar vaqtida barcha harakatda bo‘ladi va bu nafaqat bir nafar futbolchi uchun, balki butun jamoaga foyda keltiradi.
Murabbiyning jamoa va futbolchilar uchun qilgan barcha ishlari yaxshilikka», — deb Reshfordning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Sky Sports nashri.
Mourino: Chempionlikni saqlab qolish qiyin
23.09.2016

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino Angliyada chempionlik unvonini saqlab qolish qiyin ekani borasida fikr bildirdi.
«Sovrinni saqlab qolish juda ham qiyin, deb o‘ylayman — nafaqat «Lester»ga, balki boshqa klublarga ham. Tarixan shunday», — dedi Mourinyu.
«Premer-liga tarixida buning uddasidan chiqa olgan jamoalar ko‘p emas. Ulardan biri, albatta, «MYu» bo‘lgan. Yana biri esa, tarixdagi eng yomon murabbiy ustozlik qilgan jamoa», — dedi murabbiy.
«Bu haqiqatan ham qiyin vazifa. «Lester»ga qarab turib, bir narsani tushunaman: bu yaxshi jamoa, biroq ular o‘tgan mavsum katta jamoalar yaxshi bo‘lmagani uchungina premer-ligada g‘olib chiqdi», — dedi «MYu» ustozi.
«Birinchi kundanoq aytgandim — chempionlik maqsadim hayotim mazmuni. To‘g‘risi, bu klubda bundan boshqa bayonotni qanday qilib aytish mumkinligini men tushunmayman, vaholanki, bunday bayonot berish tavakkalchilik ekanini bilardim», — dedi Mourinyu.
Eslatib o‘tamiz, APL tarixida, «MYu» tashqari, faqat Mourinyu qo‘l ostidagi «Chelsi» o‘z chempionlik unvonini saqlab qola olgan (2004/05, 2005/06 yilgi mavsumlarda).
Smolling: «Lester» – qiyin raqib
23.09.2016

«Manchester Yunayted» himoyachisi Kris Smolling APLning 6-turida «Lester»ga qarshi o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Oxirgi uchta mag‘lubiyatdan keyin «Manchester Yunayted»ni rosa tanqid qilishdi. Matbuotning asosiy mavzusiga aylandik. «Northempton»ni kubokda yutganimiz ham bu tanqidlarni ortga chekinishiga sabab bo‘la olmadi.
«Lester» bilan o‘yin esa barchasini o‘zgartirishi mumkin. «Lester» – qiyin raqib. Buni bilamiz, biroq bizni faqat g‘alaba qoniqtiradi. Bosim bo‘lishiga qaramay, o‘yinda muvaffaqiyat qozonish uchun maydonga chiqamiz», - deydi Smolling.
Runi: Bu futbol
23.09.2016

«Manchester Yunayted» klubi hujumchisi Ueyn Runi muxlislar va matbuot tomonidan qilinayotgan tanqidga javob berdi.
Bu haqida Britan OAVi xabar tarqatdi.
«Meni butun faoliyatim davomida tanqid qiladilar, ammo bu futbol. Men murabbiylar va jamoadoshlarimni eshitaman. Ular har doim yonimda».
«Ammo qolganlarning gaplariga mutlaqo quloq solmayman, chunki ularning ko‘pi bo‘lmag‘ur gaplar», - deydi Runi.
Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino Angliya chempionati 6-turida «Lester»ga qarshi kechadigan uchrashuv qaydnomasiga Ueyn Runini kiritmasligi xabar qilingan edi.
Mourino: Jamoa o‘yinidan qoniqish hosil qildim
22.09.2016

Joze Mourino Angliya Liga Kubogining 3-bosqichida «Northempton»ga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«G‘alabaga haqli o‘yin namoyish qildik. O‘yin men istagandek o‘tdi. «Manchester Yunayted» dastlabki 35 va so‘nggi 25 daqiqa to‘pni yaxshi nazorat qildi. O‘yindagi o‘zgarishlar natijaga ta’sir qildi. O‘yin yanada oson kechishi mumkin edi, biroq raqib o‘z kuchi va xarakterini ko‘rsata oldi.
Bu g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritildi deya olmayman. Ammo jamoa ko‘rsatgan o‘yinidan qoniqish hosil qildim», - deydi Mourino.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Yunayted» 3-bosqich uchrashuvida «Northempton»ni 3:1 hisobida mag‘lub qildi. Endilikda «mankunianliklar» 4-bosqichda «Manchester Siti»ga qarshi bahs olib boradi.