Mourino: Hozir hammasi joyida
21.08.2016

Joze Mourino «Manchester Yunayted»ning APLdagi starti borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
«O‘ylaymanki boshqalar ham ikki-uch yil oldingi «MYu» bilan hozirgisi orasidagi katta farqni ko‘rib turibdi. Jamoa o‘z o‘yinini yaxshilab kuchayishda davom etmoqda. Bu muxlislarning munosabatida ham ko‘rinmoqda. Demak, bizda hozir hammasi joyida.
Albatta, biz kelgusida ochko yo‘qotishdan saqlana olmaymiz. Biroq bu ish keyinroq amalga oshgani yaxshi. Mavsum avvalida ochko yo‘qotadigan bo‘lsang, boshqalarni quvish bilan band bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Ayni vaqtda esa o‘yinimizni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Hozircha uni ideal darajada deb ayta olmayman, lekin umid qilamanki keyinchalik shunday bo‘ladi», deya Mourinoning so‘zlarini keltirgan The Mirror nashri.
«MYu» o‘tgan 2 o‘yinda 6 ochko jamg‘ardi. Avvaliga «Bornmut» 2:1 hisobida, keyinroq «Sauthempton» 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi.
«MYu» Jeksonni «Vulverhxempton»ga ijaraga beradi
21.08.2016

«Yunayted» himoyachisi Kemeron Bortuik-Jekson faoliyatini «Vulverhempton»da, sobiq darvozabon Valter Dzenga boshqarayotgan jamoada davom ettirishi mumkin.
Gianlucadimarzio.com ma’lumotiga ko‘ra, Bortuik-Jekson joriy mavsumni chempionship vakili bo‘lgan ushbu klubda ijara asosida o‘tkazadi.
Angliya chempionatining o‘tgan mavsumida ushbu 19 yoshli futbolchi 10ta uchrashuvda maydonga tushgan.
May oyida Bortuik-Jekson «MYu» bilan shartnomasini 2020 yilgacha uzaytirgandi.
Mourino: Qaror qabul qilingan
21.08.2016

Joze Mourino jamoaning shtatli penaltichisi Zlatan Ibrahimovich ekanligini ma’lum qildi.
«Men penalti tepish uchun uch futbolchini tayinladim – Pogba, Runi va Ibrahimovich. Futbolchilar bu ishni amalga oshirishga ishonchlari yuqori ekanligi menga yoqadi.
Ammo Runi va Pogba bu ishni Zlatanga qoldirishdi va unga: «Penaltini tepadigan birinchi futbolchi sen bo‘lasan. Agar xohlamasang, keyin bu ishni biz bajaramiz deyishgan. Ular o‘rtasidagi suhbat ikki hafta oldin bo‘lgandi.
Shu bois hech qanday tushunmovchilik bo‘lishi mumkin emas. Qaror qabul qilingan», - deydi Mourino Manchester Evening Newsga bergan intervyusida.
Giggz: Pogba iqtidorli futbolchi
20.08.2016

«Manchester Yunayted» sobiq yarim himoyachisi Rayan Giggz APLning 2-turida «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda debyutini nishonlagan Pol Pogba borasida o‘z fikrini bildirdi.
«Pogba juda iqtidorli futbolchi. Unda APL bilan bog‘liq muammolar bo‘ladi deb o‘ylamayman.
U Angliyada o‘ynab, katta bo‘lgan. Pol ikkinchi Brayan Robson, Roy Kin yoki Stiven Jerrard bo‘lishi mumkin. Biz uni tayanch yarim himoyachisi yoki hujumkor yarim himoyachi ekanligi haqida bahslashamiz.
Nega u yarim himoyada barcha ishni bajara olmaydi? Bu uning qo‘lidan keladi», - deydi Giggz Sky Sportsga bergan intervyusida.
Ibrohimovich: Jamoa uchun xursandman
20.08.2016

Zlatan Ibrohimovich «Sautgempton»ga qarshi Angliya chempionati uchrashuvi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuvda «Manchester Yunayted»ning shvetsiyalik hujumchisi dublni rasmiylashtirdi.
«Agar jamoa yaxshi harakat qilayotgan bo‘lsa, o‘yinchilarning ham o‘yini yaxshi chiqadi. Men qo‘limdan kelgan eng yaxshi ishlarni qilishni ma’qul ko‘raman: jamoadoshlarimga yordam beraman, vaziyatlarni yuzaga keltiraman va gollar uraman», — dedi Ibrohimovich.
«Jamoa uchun xursandman. Biz borgan sari kuchayib bormoqdamiz. «MYu» mavsumni yaxshi boshladi. Biz g‘alabalarga o‘rganishimiz kerak, bu vaziyatda psixologiya juda muhim ahamiyatga ega», — dedi hujumchi.
«Men hamma yangi narsalarga imkon qadar tezroq o‘rganishim, jamoadoshlarim va jamoani yaxshiroq tanib olishim kerak. O‘yin aloqalarini yo‘lga qo‘yish kerak», — deya qo‘shimcha qildi «Manchester Yunayted» hujumchisi Zlatan Ibrohimovich.
Mourino: Unga erkinlik kerak
20.08.2016

Joze Mourino «Sauthempton»ga qarshi kechgan APL 2-tur o‘yinidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«Bizda o‘yinni boshqarish hamda g‘alaba qozonish uchun yetarlicha kuch bor edi. Bu o‘yinda haqli g‘alabaga erishdik, hisob bundan-da yuqori bo‘lishi mumkin edi. Jamoa rivojlanish yo‘lida, bu jarayon bosqichma-bosqich davom etmoqda. Futbolchilardan bundan ortig‘ini talab qilish noo‘rin. Jamoaning ruhiyati a’lo darajada, hamma astoydil harakat qilmoqda.
Ibrahimovich bosh bilan yaxshi o‘ynaydi, ammo oyoqda ham yuqori darajada harakat qiladi. Men u namoyish etgan o‘yindan xursandman.
Pogba ham juda yaxshi harakat qildi. U «Manchester Yunayted» o‘yiniga moslashmoqda. Pogbada bu o‘yindandan farqli o‘laroq, ba’zida ko‘proq hujumga o‘tish imkoni bo‘ladi. Unga erkinlik kerak.
Mening nazarimda Fellayni bugun ajoyib harakat qildi», - deydi Mourino Sky Sportsga bergan intervyusida.
Pogba: Zlatan yaxshi yigit
19.08.2016

Pol Pogba jamoadoshi Zlatan Ibrahimovich haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Yulduzlar bilan birga tщp surish yoqimli. Men «Yuventus»da dunyo darajasidagi yulduzlar bilan birga o‘ynashga muvaffaq bo‘lganman. Ibrahimovich singari futbolchilar doimo minimal natijalar bilan cheklanib qolmaydilar. Men uchun ham yuqori maqsadlarga erishish uchun shuday sheriklar kerak.
Zlatan hazil qilishni yoqtiradi. Meni har gal ko‘rib qolganida, u albatta soch turmagim va oyoq kiyimim borasida nimadir deydi. Uning o‘zini tutishi «Men – Zlatanman», degandek bo‘ladi. Bu esa kulishga majbur qiladi. Yaxshi yigit», - deydi Pogba Sky Sportsga bergan intervyusida.
Mourino: U supero‘yin ko‘rsatadimi?
19.08.2016

Joze Mourino jamoa yarim himoyachisi Pol Pogba «Sautgempton»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
«Lester»ga qarshi o‘yinda maydonga Pogbaga nisbatan kamroq mashg‘ulot o‘tkazgan bir necha nafar futbolchilarni tushirgandim. Futbolchilar Yevro-2016 va ta’tildan endi qaytib, bir hafta shug‘ullanishdi va o‘yinda ishtirok etishdi.
Albatta, ular o‘zlarining bor imkoniyatlarini ko‘rsata olishmadi, hali 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emaslar. Lekin maydonga tushib, o‘zlarini ko‘rsatishdi. Bu formani tiklashning yaxshi yo‘li.
Pol 10-11 kundan beri mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Uning jamoaga moslashishi oson kechadi. Axir u o‘z jamoasiga qaytdi. U barchani yaxshi taniydi. Moslashish uchun unga vaqt kerak emas, u formasini yaxshilash uchun vaqt talab etiladi. Ha, u bahsga tayyor, ammo 90 daqiqa emas.
U supero‘yin ko‘rsatadimi? Unday emas. Lekin u jamoaning o‘yin uslubiga moslashish jarayonini tezlashtirishi mumkin», – deydi Mourino.
Pogba: Chempionlar ligasiga qaytishni xohlaymiz
18.08.2016

Pol Pogba «Sautgempton»ga qarshi kechadigan Angliya chempionatining 2-tur o‘yini oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bu haqida yaxshisi murabbiydan so‘rang, men bu yerda o‘zimni yaxshi his etmoqdaman, oxirgi 10 kun va ta’til vaqtida mashg‘ulotlar o‘tadim, shunday ekan men tayyorman.
Shunchaki, futbol o‘ynashdan baxtiyorman va men uchun qancha pul sarflashgani haqida o‘ylamayapman. Nima bo‘lgan bo‘lsa ham u tarixda qoldi, endi Premer-ligada g‘olib bo‘lishni o‘ylayapman. Mening maqsadim har doim eng zo‘ri bo‘lish.
Bundan tashqari, Chempionlar ligasiga qaytishni xohlaymiz, bizning joyimiz o‘sha yerda» – deydi Pogba.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Yunayted» klubi 23-yoshli fransuzni» Yuventus»dan sotib olish uchun 105 mln yevrodan voz kechgan va bu futbol tarixida yeng qimmat transfer hisoblanadi.
Mourino Balotelli bilan uchrashdi!?
17.08.2016

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino «Liverpul» hujumchisi Mario Balotelli bilan uchrashib, gaplashib olgan. Bu haqda Calciomercato xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, «Manchester Yunayted» Balotelliga qiziqish bildirmagan, faqat Mourino sobiq shogirdi bilan uchrashib, unga o‘z maslahatlarini bergan.
Portugaliyalik murabbiy Balotelliga eng avvalo o‘z tarbiyasiga e’tibor berishini hamda pulning ketidan quvmasdan, maoshi kamaysa-da, boshqa klubda asosiy tarkibda o‘ynashi lozimligini tushuntirgan.
Avvalroq Balotelliga «Sampdoriya», «Beshiktosh», «Ayaks» va «Kevo» jamoalari qiziqish bildirgan, ammo futbolchi ular bilan kelisha olmagan.