MakNeyr va Lav jamoni tark etdi
11.08.2016

«Manchester Yunayted» rasmiy sayti xabar berishicha Patrik MakNeyr va Donald Lav «Sanderlend» jamoasi bilan 4 yillik shartnoma imzoladi.
MakNeyr asosiy jamoa tarkibida 27 uchrashuvda maydonga tushgan. Lav esa 21 yoshgacha bo‘lgan jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biri sanalardi va Lui van Gall boshchiligidagi asosiy tarkibda ikki bora maydonga tushgan.
«Yunayted» ning sobiq murabbiyi Devid Moyes «Sanderlend» jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgach bu ikki futbolchini o‘z jamoasida ko‘rishni istadi.
Murabbiy futbolchilar to‘g‘risida o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi: «Peddi – yosh, jismoniy yaxshi futbolchi va doimiy yuksalishga xarakat qiladi. Unda Shimoliy Irlandiya terma jamoasi bilan orttirgan tajriba bor».
«Donald – menga bir necha bor taklif qilishdi, u ham juda yosh va iqtidorli futbolchi. U jamoamizda yanada yuksalishga erishadi degan umiddaman. Biz jamoaga yosh futbolchilarni qo‘shishni istagan edik va buni amalga oshirdik».
«Manchester Yunayted» rasmiy saytida jamoa rahbariyati Peddi va Donaldning kelgusi foliyatiga zafarlar tilashini ta’kidlab o‘tgan.
10.08.2016

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino yangi mavsumda jamoasining Chempionlar ligasida ishtirok etmasligidan afsusda ekani haqida gapirdi.
«Manchester Yunayted» Chempionlar ligasida bo‘lishi shart. «MYu» ishtirok etmagan Chempionlar ligasi men uchun bo‘m-bo‘sh. Bu musobaqani «Real», «Barselona», «MYu»siz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Lekin men chempionatda birinchi to‘rtlikka kirish bilan qoniqmayman. Futbolchilarni yig‘ib, to‘rtinchi o‘rin uchun kurashamiz demoqchimasman. Yo‘q. Men har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni istayman» - dedi Mourino BT Sport xabarida.
YeCHL formati o‘zgarishi mumkin
10.08.2016

UEFA Chempionlar ligasining yangi loyihasi ustida ish boshladi. Ushbu yangilik 2018 yildan joriy qilinishi mumkin. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar tarqatdi.
Formatga ko‘ra, musobaqada saralash bosqichi o‘yinlari o‘tkazilmaydi. Angliya, Germaniya, Ispaniya va Italiyaning 4ta klubi guruh bosqichida kafolatlangan o‘ringa ega bo‘lishadi.
Shuningdek, Rossiya, Fransiya va Portugaliyaning 2 jamoasi, Shveysariya, Belgiya, Niderlandiya, Turkiya, Ukrainaning bittadan klubi guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oladi. Yana 5 ishtirokchi esa “pley – off” o‘yinlari orqali aniqlanishi rejalashtirilmoqda. Nomzodlar qay yo‘l bilan tanlanishiga aniqlik kiritilmagan.
Shuningdek, katta tarixga ega bo‘lgan klublar turnirda maxsus taklifnoma orqali ishtirok etishi varianti ko‘rib chiqiladi.
Makneyr va Lav «Sanderlend»da!?
10.08.2016

«Manchester Yunayted» jamoasi himoyachilari Patrik Makneyr va Donald Lav faoliyatini «Sanderlend»da davom ettiradi. Bu haqda Sky Sports xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, klub futbolchilarni ijaraga olmoqchi emas va ularni to‘laligicha sotib olmoqchi.
«Sanderlend» bosh murabbiyi Devid Moyes Manchesterda ishlagan vaqtida ikki futbolchi bilan yaxshi tanish bo‘lgan.
Makneyr uchun «Sanderlend» 5 mln funt, Lav uchun esa 1 mln funt to‘lashni rejalashtirgan.
Ta’kidlash kerakki, Makneyr o‘tgan mavsumda «MYu» safida barcha mucobaqalarda 9ta uchrashuvda ishtirok etgan bo‘lsa, Lav «Uigan»da ijara asosida to‘p surgan edi.
«Yuventus» Pogbaga omad tiladi
09.08.2016

«Yuventus» klubi yaqinda «Manchester Yunayted»ga o‘tgan Pol Pogbaga omad tiladi.
«Pogbaning Turindagi sarguzashtlari yakuniga yetmoqda. Bu sayohat davomida Pol to‘rt marta A seriyada, ikki marta Italiya Kubogi va uch marta Italiya Superkubogida g‘alaba qozondi.
U jamoamiz tarkibida o‘tkazgan to‘rt yili davomida kelajagi porloq va umidli futbolchidan dunyoning eng kuchli o‘yinchilari qatoriga qo‘shildi.
Uning birinchi qadamlari Manchesterda qo‘yilgan edi va uning yangi qadami ham u tomon bosiladi. Biroq Pol aynan Turinda dunyo darajasidagi futbolchiga aylandi va tan olindi.
«Yuventus»ga aloqasi bor har bir inson Polga mana shu ajoyib 4 yil uchun rahmat aytishni istaydi va unga Angliyada omad tilaydi.
Mersi, Pol», - deyiladi klub tomonidan berilgan rasmiy bayonotda.
«Yunayted» 4 nafar futbolchisini transferga qo‘yadi
09.08.2016

«Manchester Yunayted» yozgi transferlar vaqtida 4 futbolchisini transferga qo‘yadi.
The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, inglizlar klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Bastian Shvaynshtaygerdan tashqari xavbek Adnan Yanuzayni ham yangi mavsum uchun rejalariga kiritmagan.
Bundan tashqari, «qizil iblislar» safini Deyli Blind, Markos Roxo va Huan Mata ham tark etishi mumkin.
Qolaversa, Eshli Yang, Memfis Depay va o‘ng qanot himoyachisi Matteo Darmianning «MYu»dagi taqdiri so‘roq ostida qolmoqda.
Yosh futbolchilar Kemeron Bortuik-Jekson, Jeyms Uilson, Peddi Makneyr, Andreas Pereyra va Uill Kin esa ijaraga berilishi kutilmoqda.
«MYu» transferlar darichasi yopilguniga qadar yuqori toifali markaziy himoyachi ham sotib olishi mumkin.
Jamoa yozgi transferlar vaqtida shu vaqtgacha 4 nafar futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi.
Avvaliga Ispaniya chempionatidan «Vilyarreal» himoyachisi Erik Bayi 30 mln funt evaziga sotib olindi.
Keyinroq «PSJ» bilan shartnomasi muddati tugagan Ibrahimovich erkin agent sifatida jamoaga kelib qo‘shildi.
«Borussiya» futbolchisi Mxitaryan uchun esa 26.3 mln funt to‘landi, bir necha soat oldin Pogba «Yuventus»dan 91 mln funt evaziga sotib olindi.
Rasman Pogba «Yunayted» bilan shartnoma imzoladi
09.08.2016

Nihoyat uzoq olib borilgan muzokaralardan so‘ng fransiyalik futbolchi Pol Pogba rasman «Manchester Yunayted» jamoasi bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Bu haqida jamoaning rasmiy sayti xabar berdi.
23 yoshli futbolchi «Yuventus» jamoasi safida 124 uchrashuvda maydonga tushib 28 ta gol urishga erishgan.
Fransiya terma jamoasi safida esa Pogba 38 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 6 gol urgan.
Pol Pogba «Manchester Yunayted» jamoasida 6 raqamni oldi.
Bungacha bu raqamda Gari Pallister, Yapa Stam, Loran Blan, Rio Ferdinand, Ues Braun va Jonni Evans to‘p surishgan.
Shov-shuvli transfer poyoniga yetmoqda
08.08.2016

2012-yil avgustida 19 yoshli fransuz yarimhimoyachisi Pol Pogba Manchesterdan Turinga ko‘chgan edi. O‘shanda «Yunayted» jamoasi 1 mln yevro ishlagandi. Oradan ko‘p emas, 4 yil o‘tgach, futbolchining narxi 110 karra qimmatlashdi, «MYu»ning o‘zi u uchun 110 million yevro to‘lashga roziligini bildirdi. Quyida yozgi transfer bozorining asosiy bitimi xususida.
Top-futbolchilarga narx belgilash borasidagi «to‘siq» ortda qoldi
Shunday qilib, aytish mumkinki, o‘ziga xos to‘siq ortda qoldi. Gart Beyl 3 yil mobaynida dunyoning eng qimmat futbolchisi unvonini saqlab qoldi. Biroq, aslida «Real Madrid» qancha to‘lagani xususida aniq raqamlar mavjud emas. Dastlab, 91 mln yevro to‘langani xususida jar solingan bo‘lsa-da, keyinchalik birmuncha haqiqatga yaqin keladigan raqamni aytishdi – 100 million yevro (Transfermarkt manbasiga ko‘ra-101 mln yevro).
Sahnada «Manchester Yunaytid»
O‘tgan yozgi mavsumda «MYu» aynan o‘sha Beyl uchun 150 mln yevro taklif qilgani xususida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ammo, ularning barchasi mish-mish turkumidan edi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Endilikda hammasi haqiqiy: «qizil iblislar» Pogba uchun rasman 100 «limon»ni ko‘rdim demay sarflab yuborishdi.
Messi, Neymar va Ronaldu «erisholmagan» natija
Pogbaning agenti qancha olishi noma’lum va aslida buni bilish shart ham emas. Asosiysi shuki, kelasi mavsumdan boshlab top o‘yinchilar uchun bemalol 100 milliondan ortiq mablag‘ taklif etiladi. Bu esa, Messi, Ronaldu yoki Neymar bilan emas, balki «Oltin to‘p»gacha hali ko‘p ter to‘kishi lozim bo‘lgan futbolchi bilan amalga oshdi.
Shu bilan birga, aytish jozki, Mourinoning holati yanada murakkablashdi va mas’uliyati yanada jiddiylashdi. Gap shundaki, u bu yil jamoasi kurashadigan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritishi kerak.
«Manchester Yunaytid»ning buzilgan mezoni
Qayd etish lozim, «MYu» Premer ligada eng qimmat tarkibga ega bo‘lmagan jamoalar sirasiga kiradi. Biroq, bu yilgi yozgi transferlar oynasida Vudvord Yevropa jamoalariga 190 million yevroni tarqatib yubordi (Mxitaryan, Bayi, Pogba) hamda Zlatan Ibrohimovich bilan yillik 11,5 mln yevrolik shartnomani imzoladi. Agar, «iblislar» hech bir o‘yinchisini sotmaganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, jamoaning yozgi muvozanati buzilgan va bu raqam 200 million yevrolik zarar bilan o‘lchanmoqda.
Mourinoning «200 foizlik» majburiyati
Shunday ekan, Mourino APLning bosh sovrinini qo‘lga kiritishi barobarida Yevropa ligasi o‘yinlarida ham barcha raqiblarini dog‘da qoldirishi lozim. Balki, UEFA kubogi «tanlangan» murabbiy uchun unchalik ham muhim ahamiyat kasb etmas, lekin bu faqat uning muammosi. Chunki, «MYu» 2008-yildan beri Yevropa musobaqalarida bironta ham sovrinni qo‘lga kirita olmayotgani hisobga olinsa, Yevropa ligasining bosh sovrini ham boshlanishiga chakki emas.
Pol Pogba Manchesterda!?
08.08.2016

Pol Pogba «Manchester Yunayted» ning Karringtongdagi mashg‘ulotlar bazasiga tibbiy ko‘rikdan o‘tgani tashrif buyurdi.
Manchesterdagi aeroportda fransiyali futbolchi «Yunayted» jamoasining xavfsizlik xizmati vakili bilan uchrashib Chevrolet Camaro avtomobilida mashg‘ulotlar bazasiga yo‘l olgan .
Mashg‘ulotlar bazasida futbolchini bir qator fotokorrespondentlar kutib olishgan.
WATCH: #Pogba arrives at Carrington for United medical https://t.co/TTWPoOQP2Khttps://t.co/OoHDnLicOV
— ITV Granada Reports (@GranadaReports) 8 августа 2016 г.
Mourino: Ko‘proq gol uradigan futbolchi yo‘q
08.08.2016

Joze Mourino rahbariyati nima uchun «Yuventus»dan Pol Pogbani katta miqdordagi mablag‘ evaziga sotib olayotgani haqida fikrini bildirdi.
«Bizda «o‘nliklar», ya’ni hujumchilar bor. Ammo «ikkinchi yarimhimoyachi», qaysiki kuchli, yaratuvchan va ko‘proq gol uradigan futbolchi yo‘q.
Men Lempard, Skoulz va Jerrardni ajoyib «ikkinchi yarimhimoyachi»lar deb bilaman. Ular «o‘nliklar»dan ham ko‘proq gol ura olishadi, bundan tashqari «oltiliklar» kabi himoyalana olishadi. Bundaylarni kunduzi chiroq yoqib ham izlab topish qiyin ish», deya Mourinoning so‘zlarini keltiradi goal.com.
Bundan oldingi xabarlarda mankunianliklar futbolchi uchun futbol tarixidagi rekord darajada mablag‘ (110 million yevro naqd va 10 million yevro bonus ko‘rinishida) to‘lashi haqida aytilgandi.
«Yuventus»ga Pogba «MYu» bilan shartnomasini uzaytirishi evaziga yana 5 mln yevro berilishi mumkin.
«Manchester Yunayted» Pogbaning agenti bo‘lmish Mino Rayola bilan ham shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, futbolchining maoshi yiliga 20 million yevroni tashkil etadi.