van Gal: Ular dunyodagi eng yaxshi muxlislar
24.05.2016

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Lui van Gal iste’foga chiqarilganidan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning so‘zlari jamoa rasmiy saytida keltirilgan.
«Men uchun «Manchester Yunayted»dek buyuk klubni boshqarish bir sharaf bo‘ldi. Men azaliy orzuimni ro‘yobga chiqardim.
Men faxrlanishim mumkinki, jamoaga 12-Angliya kubogini qo‘lga kiritishida yordam berdim. Bu o‘zimning murabbiylik faoliyatimdagi 20-sovrin bo‘ldi. Ammo uzoq tarixga ega bo‘lgan Angliya Kubogi yutuqlarim orasida eng muhimlaridan biri bo‘lib qoladi.
Men juda xafaman, 3 yillik rejani amalga oshira olmadim, hafsalam pir bo‘ldi. Lekin ishonchim komilki, men o‘rnatgan poydevor klubning yanada rivojlanishiga va ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishda yordam beradi.
Niderlandiya, Ispaniya va Germaniyada faoliyat ko‘rsatganimda, hamisha Angliyada ishlashni va ingliz madaniyati bilan tanishishni orzu qilardim. Bu ikki istagim ham bajo bo‘ldi, bu esa ajoyib.
Men barcha futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman va ularga yangi mavsumda muvaffaqiyatlar tilayman. Ular bilan birga ishlash davomida maroqli onlarni boshdan kechirdik. Ko‘p yosh futbolchilar berilgan imkoniyatdan foydalanib, o‘zlarini ko‘rsata olishgani yoqimli. Bu futbolchilarning yangi mavsumdagi o‘yinlarini kuzatib boraman.
«Manchester Yunayted» rahbariyati va xo‘jayinlariga ushbu klubda ishlash uchun berilgan imkoniyat uchun minnatdorchilik bildiraman.
Klubning har bir xodimi — ilmiy-sport guruhi, tibbiyot shtabi, kir yuvish va formalarga javobgar shaxslar, klub ma’muriyati, matbuot xizmati boshlig‘i, menejerlar jamoasi, akademiya xodimlari, futbol maydon mutaxassislari, oziq-oqvat ta’minoti, «Old Trafford» stadioni va klubning Kerringtondagi bazasiga, meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. 25 yil davomida hech bir jamoada meni bunday qo‘llab-quvvatlashmagan edi.
Shuningdek, «MYu»ning ajoyib ishqibozlariga minnatdorchilik bildiraman. Ular haqiqatan ham dunyodagi eng yaxshi muxlislar.
Yana shuni aytishim kerakki, men ser Aleks Fergyuson va ser Bobbi Charltonga men va mening oilam Manchesterdagi faoliyatim vaqtida bu shaharda o‘zimizni uydagidek his qilishimizda yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildirishni istayman», – deydi Lui van Gal.
van Gal iste’fosi rasman e’lon qilindi
24.05.2016

«Manchester Yunayted» o‘z rasmiy saytida bosh murabbiy Lui van Galning jamoani tark etganini tasdiqladi.
Lui va uning murabbiylar shtabiga ikki yillik mehnat uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mutaxassis faoliyatining eng yuqori cho‘qqisi Angliya kubogining 12-marta qo‘lga kiritilishi bo‘ldi.
O‘tgan vaqt davomida Lui bu yerda professional tarzda ish olib bordi. U jamoani tark etmoqda, ammo bizga o‘zi yuzaga olib chiqqan bir necha yosh iqtidorli futbolchilarni qoldirmoqda.
Klub unga kelajakda eng yaxshi tilaklarni bildiradi», – deya bayonot berdi «MYu» vitse-prezidenti Ed Vudvord.
Jamoa rasmiy sayti xabarida van Gaalning o‘rnida ishlaydigan yangi murabbiyning nomi yaqin vaqt ichida e’lon qilinishi haqida xabar berilgan.
Yozgi transferlar uchun 150 million!?
23.05.2016

«Manchester Yunayted» jamaosi rahbariyati jamoaning bo‘lg‘usi bosh murabbiyi Joze Mourinoga yozgi transferlarni amalga oshirish uchun kattagina mablag‘ ajratmoqchi.
The Guardian nashri xabariga ko‘ra, 53 yoshli mutaxassis yozda o‘zining yangi jamoasini kuchaytirish uchun 150 million funt miqdoridagi mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Mourino yozgi transferlar vaqtida xarid qilishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida quyidagi nomlar bor: himoyachilar Jon Stounz («Everton») va Esekiel Garay («Zenit»), yarimhimoyachilar Andre Gomesh («Valensiya») va Joau Mariu («Sporting»), hujumchilar Alvaro Morata («Yuventus») va Mauro Ikardi («Inter»).
Bundan tashqari, «Manchester Yunayted» «Yuventus»ga Pol Pogba va jamoaning chap qanot himoyachisi Aleks Sandroning transfer qilinishi imkoniyatlari bo‘yicha so‘rov yuborgan, turinliklar esa bu futbolchilar uchun 116 million funt (150 mln yevro) so‘ragan.
Mourino «MYu» tarkibiga futbolchilarni jalb etish uchun o‘z agenti Jorje Mendeshning yordamlaridan foydalanmoqchi.
«Manchester Yunayted»ni yozda Huan Mata va Bastian Shvaynshtayger tark etishi kutilmoqda.
Bundan oldinroq, Mourino yanvar oyidayoq yangi jamoasi bilan 5 yillik shartnoma xususida kelishib olgani, unga ko‘ra uning jami maoshi miqdori 75 million funtni tashkil etishi aytilgandi. U «Chelsi»ni tark etgach, yarim yil davomida boshqa jamoalardan tushadigan takliflarni qabul qilmasligi uchun 4 mln funt miqdorida «ko‘tarma puli» olgan.
Giggz jamoani tark etishi mumkin
23.05.2016

Ayni vaqtda «Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Galga yordamchi bo‘lib turgan Rayan Giggz tez orada jamoani tark etishi mumkin. Bu van Galning o‘rniga Joze Mourino olib kelinsa ro‘y beradi. Bu haqda Sky Sports xabar tarqatgan.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Mourinoning agenti Jorje Mendesh seshanba kuni manchesterliklar rahbariyati bilan muzokara o‘tkazish uchun Angliyaga keladi. Yaqin vaqt ichida Mourino «MYu»ning bosh murabbiyi sifatida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bundan oldinroq, portugaliyalik mutaxassis bilan «MYu» rahbariyati yarim yil oldin kelishib qo‘ygani, 2015 yil oxirida Mourino «Chelsi»ni tark etgach, u boshqa jamoa taklifini qabul qilmasligi uchun unga 4 mln funt to‘langani ma’lum qilingandi.
O‘z futbolchilik faoliyatini «MYu» tarkibida o‘tkazgan uelslik Rayan Giggz jamoa safida 672ta o‘yinda maydonga tushib, 114ta gol urgan. U jamoa bilan 13 marta Angliya chempioniga aylangan. Shuningdek, 4 marta Angliya Kubogida, 8 marta mamlakat Superkubogida zafar quchgan. Giggz «MYu» bilan 2 marta YeChL g‘olibi bo‘lgan. U 2014 yilda «MYu» bosh murabbiyi Devid Moyes iste’foga chiqarilishidan keyin vaqtinchalik jamoa bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi bo‘lgandi.
Lui van Gal: Barchasi tugadi
23.05.2016

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gal jurnalistning o‘z kelajagi bo‘yicha so‘ragan savoliga javob qaytarishni istamadi.
«Yo‘q, yo‘q, barchasi tugadi», – degan van Gaal mehmonxonadan chiqishi vaqtida o‘zini to‘xtatgan Sky Sports muxbiriga.
Eslatib o‘tamiz, van Gal «MYu»ni 2014 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Kecha klub uning boshqaruvida 12 yildan buyon ilk marta Angliya Kubogida g‘olib bo‘lgandi.
Bundan oldinroq, «Manchester Yunayted» dushanba kuni van Gaalni ishdan bo‘shatishi, seshanba kuni esa jamoaga «Chelsi»dan ketganidan buyon ishsiz yurgan Joze Mourino yangi bosh murabbiy sifatida tayinlanishi haqida xabar berilgandi.
«Yunayted» jamoasi Lui van Galga tovon puli to‘laydi
23.05.2016

«Manchester Yunayted» jamoasi Lui van Galni muddatidan 1 yil oldin iste’foga chiqardi.
U bilan birgalikda klubni uning 3 nafar yordamchisi tark etgan.
The Telegraph nashrida yozilishicha, jamoa ushbu mutaxassis bilan shartnomasini muddatidan oldin bir tomonlama bekor qilgani uchun 5 million funt miqdorida tovon puli to‘laydi. Bundan tashqari, van Galga Angliya Kubogidagi g‘alaba uchun 400 ming funt miqdorida mukofot beriladi.
Klubning ushbu iste’fo haqidagi rasmiy bayonoti Toshkent vaqti bilan soat 16.00da e’lon qilishi kutilmoqda.
24 may kuni esa van Galning o‘rnini Joze Mourino egallashi haqida e’lon qilinishi aytilgan.
Zlatan murabbiylar shtibidan joy egallaydi!?
23.05.2016

2012 yildan buyon «PSJ» safida o‘ynab, klubni mavsum yakunida shartnomasi muddati tugagani tufayli erkin agent sifatida tark etgan shvesiyalik hujumchi Zlatan Ibrahimovich «Manchester Yunayted» jamoasiga borib qo‘shilishi kutilmoqda.
«Qizil iblislar» 34 yoshli futbolchi uchun g‘ayrioddiy shartnoma tayyorlashmoqda.
Sportbladet nashrining xabariga ko‘ra, agar «MYu»ga Joze Mourinyu keladigan bo‘lsa, Zlatan murabbiylar shtibidan joy egallaydi.
Ammo, Ibrahimovich birinchi mavsumni futbolchi sifatida «Yunayted» tarkibida o‘tkazadi va o‘ynovchi-murabbiy bo‘ladi. Kelasi mavsumdan boshlab esa to‘laqonli ravishda yordamchi murabbiyga aylanadi.
«Yunayted» Mourinoga 4 mln funt bergan!?
23.05.2016

«Manchester Yunayted» rahbariyati va «Chelsi»ning sobiq bosh murabbiyi Joze Mourino o‘rtasidagi kelishuvning bir jihati ma’lum bo‘ldi. Yaqin 1 kun ichida mankunianliklar klubining bosh murabbiyi sifatida e’lon qilishi kutilayotgan portugaliyalik mutaxassis ma’lum miqdordagi mablag‘ evaziga yarim yildan buyon ishsiz yurishga rozi bo‘lgan.
Daily Mail nashri ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar yanvar oyidayoq 5 yillik shartnomaga imzo chekishgan va uning qiymati 75 mln funtni tashkil qilmoqda. Shuningdek, «MYu» portugaliyalik mutaxassisga boshqa jamoa bilan kelishib olmaslik uchun yana qo‘shimcha 4 mln funt miqdorida «ko‘tarma puli» bergan.
Bundan tashqari, «qizil iblislar» rahbariyati kelishuvga Mourinodan murabbiyligi davridagi o‘yinlar vaqtida o‘zini yaxshi tutishi kerakligi bo‘yicha band kiritgan va bu bandga amal qilinmasa, jarima qo‘llanishidan ogohlantirgan.
Shuningdek, yozgi transferlar uchun Mourinoga 200 mln funt berilishi aytilgan.
Lui van Gal iste’foga chiqarildi!?
23.05.2016

Niderlandiyalik mutaxassic Lui van Gal «Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarildi. Bu haqda Daily Mail xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, jamoa rahbariyati vakili Ed Vudvord jamoaning mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan «Karrington» stadioniga kelib, van Gal bilan gaplashgan va unga shu haqida ma’lum qilgan.
Uning o‘rnini portugaliyalik Joze Mourino egallashi kutilmoqda.
Bundan oldingi xabarlarda Mourinoning 24 may kuni manchesterliklar jamoasi yangi bosh murabbiyi sifatida tayinlanishi haqida xabar berilgandi.
Mourino bilan 5 yillik bitim tuzilgani va murabbiy bu bitimga ko‘ra jami 75 million funt sterlin miqdorida maosh olishi aytilgan.
Shuningdek, unga yozgi transferlar vaqtida tarkibni kuchaytirish uchun 200 million yevro beriladi.
64 yoshli van Gal «MYu»ni 2014 yilning mayidan buyon boshqarib kelmoqda. U bilan shartnoma muddati 2017 yilning yoziga qadar tuzilgandi.
Ikki kun oldin u jamoa bilan Angliya Kubogi finalida zafar quchgandi. Lekin u o‘sha kuni muxbirlardan birining o‘z kelajagi xususida bergan savoliga «barchasi tugagani» haqida aytgandi.
Uning murabbiyligining birinchi yilida «Manchester Yunayted» mavsumni to‘rtinchi o‘rinda yakunladi va YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Lekin jamoa YeChLni guruh bosqichida yakunladi. «Volfsburg», sSKA va PSV jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan «MYu» uchinchi o‘rinni egalladi va Yevropa Ligasida kurashni davom ettirdi. Bu turnirdagi ishtirok «Midtyulland» to‘sig‘idan o‘tish va keyingi bosqichda «Liverpul»dan ortda qolish bilan yakunlandi.
APLda esa jamoa beshinchi o‘rinni egalladi va keyingi mavsumda YeChLda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.
Ueyn Runi: van Gal hamon bizning murabbiyimiz
23.05.2016

«Manchester Yunayted» hujumchisi Ueyn Runi jamoa bosh murabbiyi Lui van Gal iste’foga chiqarilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirishdan bosh tortdi.
- Men hech narsa bilmayman, bu haqida van Gal yoki Vudvorddan so‘rang.
Men van Gal bilan bog‘liq holatni muhokama qilishni istamayman. Chunki u hamon bizning murabbiyimiz va o‘z ishini bajarishda davom etmoqda. Menimcha bu haqida gapirish adolatsizlik bo‘ladi. Chunki u bilan Angliya Kubogida g‘alaba qozondik.
Menimcha Lui - yaxshi murabbiy va sovrin yutib olishdagi yordami uchun undan minnatdormiz. Qolgan masalada u yoki Vudvord bilan gaplashib oling, - deydi Runi.