van Gal «mankunianlar»ni tark etadi
22.05.2016

«Manchester Yunayted» yaqin kunlar ichida bosh murabbiyni o‘zgartirmoqchi. 23 may dushanba kuni Lui van Gal «mankunianlar»ni bosh murabbiyligidan ketadi, oradan bir kun o‘tgach, Joze Mourino jamoani qabul qilib oladi deya xabar tarqatmoqda BBC.
Van Gal «MYu»ni 2014 yili qabul qilib olgandi va bugun «Kristal Pelas»ni mag‘lub etib, dastlabki sovrinini qo‘lga kiritdi. Qolaversa, «MYu» APLda beshinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Yevropa Chempionlari Ligasida emas, Yevropa Ligasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
van Gal: To‘rtta mamlakat Kubogini qo‘lga kiritdim
22.05.2016

«Manchester Yunayted» klubi bosh murabbiyi Lui van Gal Angliya Kubogi finali doirasida «Kristal Pelas» klubiga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Angliya Kubogini qo‘lga kiritish — klub uchun ham, muxlislar uchun ham, men uchun ham fantastik natija. Endilikda men to‘rtta mamlakat Kubogini qo‘lga kiritdim — bunday natija bilan maqtanadigan murabbiylar kam. Men seshanba kuni o‘ynadik, qolaversa, bugun 10 kishi bo‘lib harakat qildik, biroq, shunga qaramasdan,
bugun g‘alabaga haqli edik deb o‘ylayman.
Lingard ajoyib gol kiritdi, fikrimga qo‘shilasizmi?» — Van Galning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda BBC.
Van Gal avvallari Gollandiya, Ispaniya va Germaniyada mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan.
«MYu» 15/16 Angliya Kubogi sohibi
22.05.2016

«Manchester Yunayted» Angliya Kubogi finalida qo‘shimcha vaqtda «Kristal Pelas» ustidan irodali g‘alabaga erishdi va joriy mavsumdagi Kubok sohibiga aylandi. Uchrashuv Londondagi «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tdi va 2:1 hisobi bilan mankunianliklar foydasiga yakunlandi.
78-daqiqada «Kristal Pelas» futbolchisi Djeyms Pancheon hisobni ochdi. 3 daqiqa o‘tib «MYu» futbolchisi Xuan Mata hisobni tenglashtirdi.
Shu tariqa asosiy vaqt 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Qo‘shimcha vaqtning 1-taymi oxirida «MYu» himoyachisi Kris Smolling ikkinchi sariq kartochka uchun maydondan chetlatildi. Manchesterliklar oz qolganlariga qaramasdan, 110-daqiqada Jessi Lingardning hal qiluvchi goli evaziga Kubokdagi g‘alaba baxtiga muyassar bo‘ldilar.
«MYu» gollandiyalik mutaxassis Lui van Gal qo‘li ostida birinchi unvonini qo‘lga kiritdi. Mankunianliklar bu sovrinni 12 marotaba olmoqdalar.
Angliya Kubogi. Final
Kristal Pelas – Manchester Yunayted – 1:2 (qo‘sh. vaqt)
Gollar: Pancheon, 78 (1:0); Mata, 81 (1:1); Lingard, 110 (1:2).
Chetlatish: Smolling, 105 (Manchester Yunayted)
Kristal Pelas: Xennessi, Denn, Suare, Uord, Dileyni, Yedinak, Kabay, Makartur, Zaa, Bolazi, Uikxem.
Manchester Yunayted: De Xea, Blind, Smolling, Roxo, Valensiya, Mata, Kerrik, Fellayni, Marsyal, Runi, Reshford.
Mourino «Yunayted»ga Pol Pogbani olib keladi!?
20.05.2016

Agar Joze Mourino «Manchester Yunayted» bosh murabbiyiga aylansa, yozgi transferlar mavsumida jamoaga «Yuventus»yarim himoyachisi Pol Pogbani olib keladi.
Portugaliyalik mutaxassis klubga keladigan bo‘lsa transfer siyosatini o‘zi yuritishini ma’lum qilgan. 23 yoshli fransiyalik futbolchi «Yuventus»ni tark etishga shoshilmayotgan bo‘lsada, uning agenti yarim himoyachi boshqa jamoaga o‘tishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Pogbaga «Manchester Siti», PSJ, «Barselona» va «Chelsi» ham qiziqish bildirmoqda.
Pol o‘tgan mavsumni Turin klubi tarkibida juda omadli o‘tkazdi. 48 uchrashuvda 10 ta gol urdi va 14 ta golli pas bilan ta’minlandi.
Eslatib o‘tamiz, Pol Pogba 2009-2012 yillar davomida «Manchester Yunayted» jamoasida to‘p surgan. Asosiy tarkibdan joy ola bilmagan futbolchi jamoasini o‘zgartirgan edi.
Esekiel Garay «Yunayted» qiziqishlari doirasida
20.05.2016

Rossiyaning «Zenit» klubi yarim himoyachisi Esekiel Garay Angliyaning «Manchester Yunayted» jamoasi rahbariyatining qiziqishlari doirasiga kirgan.
Calciomercato nashrining ma’lumotiga ko‘ra, ingliz klubi mavsum oxirida 29 yoshli argentinalik futbolchining xaridi imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Garayning «Zenit» bilan shartnomasi 2019 yilning iyuniga qadar mo‘ljallangan, uning transferi esa 25 million yevrodan ko‘pga baholanmoqda.
Xames Rodriges «Yunayted»ga o‘tishni istamoqda
19.05.2016

Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Xames Rodriges «Manchester Yunayted»ga o‘tishni istamoqda.
Xabar qilinishicha, agar yozda «Real» 24 yoshli futbolchini sotishga qaror qilsa, yarim himoyachining o‘zi «Manchester Yunayted»dan tushadigan taklifni eng avvalo ko‘rib chiqadi. Rodriges joriy mavsum «Real» tarkibida La liganing 26 o‘yinida maydonga tushdi va 7 ta gol urib, 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
U shuningdek Chempionlar ligasida ham 5 o‘yinda bitta gol kiritgan.
SAF: Bu haqida juda ko‘p gapiradilar
19.05.2016

«Manchester Yunayted» klubi sobiq bosh murabbiyi Aleks Fergyuson «Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu va «Barselona» hujumchisi Lionel Messini o‘zaro taqqoslab o‘tdi.
«Ronaldu va Messi haqidagi tortishuvlar men uchun ancha qiziqarli. Bu haqida juda ko‘p gapiradilar.
Bu borada meni noto‘g‘ri tushunmasliklarini istar edim - Messi darhaqiqat ajoyib futbolchi. U to‘pni egallab turgan vaqtda xuddi shippakda ham o‘ynay oladigandek taassurot paydo bo‘ladi. Ammo farq shundaki - Messi «Barselona»da o‘ynaydi va o‘zini ko‘rsatmoqda. Ronaldu esa hatto «Stokport Kaunti»da ham xet-trik qayd eta olgan bo‘lardi.
U hujumchi uchun kerak bo‘lgan barcha hislatga ega: har ikki oyog‘ida ham birdek kuchli zarba yo‘llay oladi va havodagi kurashda ham juda kuchli.
Ronaldu xuddi sher yanglig‘ dovyurak va u dunyoning eng kuchli futbolchisi bo‘lib qolishni istaydi», - deydi Fergyuson.
Runi 100ta gol urgan ikkinchi futbolchi
18.05.2016

«Manchester Yunayted» jamoasi sardori Ueyn Runi APLning 38-turida «Bornmut»ga qarshi kechgan o‘yinda urgan goli «Old Trafford» stadionidagi 100-si bo‘ldi.
Runi APL ta’sis etilganidan buyon «Old Trafford» stadionida eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘ldi. 1992 yildan buyon «Manchester Yunayted» maydonida 1005ta gol urilgan bo‘lsa, shulardan 100tasi Runiga tegishli.
Bu natija orqali, Runi APLda bir stadionda 100tadan ortiq gol urgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi.
Bu boradagi eng yaxshi natija «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Terri Anriga tegishli. U «Hayberi» o‘yingohidagi uchrashuvlarda 114ta gol urgan.
«Yunayted» antirekordini takrorladi
18.05.2016

APLning 38-turidan qoldirilgan uchrashuvida «Manchester Yunayted» «Bornmut»ni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Shu tariqa, mankunianliklar mavsumni 19 g‘alaba bilan yakunlashdi. Xuddi shunday past ko‘rsatkich 2013/14 yilgi mavsumda ham qayd etilgandi va bu jamoaning APL tashkil etilganidan buyon qayd etgan eng yomon ko‘rsatkichlari hisoblanadi.
«Manchester Yunayted» mavsumda jami 49 gol urdi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, bu Ikkinchi jahon urishi davridan buyon 50tadan kam gol urilgan beshinchi mavsum bo‘ldi. Jamoa 1973, 1974, 1989 va 1990 yillarda ham mavsumni 50tadan kam gol bilan yakunlagandi.
Zlatan Ibrohimovich «Yunayted»da!?
18.05.2016

Mavsum yakuniga yetganidan so‘ng, «PSJ»ni tark etadigan hujumchi Zlatan Ibrohimovich faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettirishi mumkin.
RMC axborotiga ko‘ra, ingliz klubi 34 yoshlik shvedga bir yilga mo‘ljallangan shartnoma taklif qilgan, hamkorlik muvaffaqiyatli chiqsa, u yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.
«Manchester Yunayted» Ibrohimovichga da’vogalik qilayotgan orasida futbolchining hozirgi oyligi — yiligi 15 millionlik maoshni to‘lashga tayyor yagona klubdir.
Agar Joze Mourinyu «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi etib tayinlansa, Ibrohimovichning bu jamoaga o‘tishi ehtimoli yanada oshadi.
Biroz avval Ibrohimovichning agenti Mino Rayola «MYu» uning mijoziga shartnoma taklif qilgani haqidagix xabarlarni rad etib chiqqan edi.