Yevropa ligasining 18/16 finali birinchi o‘yinida Daniyaning «Midtyullann» klubi dongdor «Manchester Yunayted»dan 2:1 hisobida ustun keldi. Garchi jamoa safarda gol urgan va keyingi bosqichga chiqish uchun hozir ham yaxshi imkoniyatga ega bo‘lsa-da, «MYu»ning kechagi o‘yini ishqibozlarni ranjitgani aniq.
Kamina o‘yinni kuzatar ekanman, qayd etilgan natijani bir necha omillarga bog‘ladim. Quyida ular bilan batafsil tanishtirishga harakatqilaman.
1) Men aslida «Manchester Yunayted»ning muxlisi emasman. APLda mutlaqo boshqa klubga muxlislik qilaman. Biroq ushbu jamoaning ser Aleks Fergyuson boshqargandagi damlaridagi o‘yinlarini haligacha qumsayman. Zero, kuchli jamoalarning kuchayishi milliy birinchilik uchrashuvlarining shiddatli, tomoshabop bo‘lishiga xizmat qiladi. Tomoshabinga esa aynan shu kerak.
Fergyusondan keyin jamoa barqaror o‘ynolmayapti. Moyes davrida ham, van Gal qo‘l ostida ham o‘z o‘yinini topa olgani yo‘q. Bo‘lmasa klubning kadrlar siyosatida qancha o‘zgarishlar qilindi, nechta yulduz futbolchilar sotib olindi… Ilgari «MYu»ga qarshi o‘yindan avval oyoqlari qaltirab turadigan, «Old Trafford»ga qo‘rqa-pisa tashrif buyuradigan jamoalar endi uning eshiklarini tepib kirib kelishmoqda, o‘zlariga kerakli natijani qayd etib ketishmoqda. Bu albatta biroz mubolag‘ali, pafosga berilib yozilgan fikrlar, ammo jamoaning avvalgi o‘yin falsafasini yo‘qotib qo‘ygani bor gap.
Kechagi o‘yinda qayd etilgan natija ham bevosita ana shu muammolar bilan bog‘liq. Yo‘qsa Yevropaning o‘rtamiyona chempionati vakilidan mag‘lubiyatga uchrarmidi? Mayli, «Midtyullann» Daniya superligasining peshqadamlaridan biridir, mayli, u futbol bo‘yicha mamlakatning amaldagi chempionidir (o‘z tarixida birinchi marta), biroq u saviya jihatdan «MYu»ning yaqiniga ham yo‘lay olmaydi.
2) Mag‘lubiyatning yana bir sababi mankunianliklarning raqibni mensimagani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Odatda, grand jamoalar taniqli bo‘lmagan raqiblarga qarshi shunday kayfiyat bilan maydonga tushishsa, o‘zlari xohlagan o‘yinni namoyish etisha olmaydi. Aksincha, autsayderlarlarda kuchli klublarga qarshi ko‘proq ishtiyoq bo‘ladiki, ba’zida bu ham g‘alabani ta’minlaydi.
3) Ana endi masalaning eng muhim qismiga yetib keldik. «MYu» mag‘lubiyati menga tabiiy emasdek tuyuldi. Hozir fikrimni tushuntirishga harakat qilaman.
Futbol bugungi kunda sport turidan ko‘ra biznesga aylanib ulgurgan. «MYu» ham aslida biznes-loyiha. Uning rahbarlari ham tadbirkorlar. Biznech bo‘lgach, u foyda keltirish kerak. Foyda keltirish uchun esa, avvalo, milliy chempionatdagi ishi yaxshi bo‘lishi, YeChLda uzoqroqqa borishi kerak.
Jamoaning milliy birinchilikdagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Garchi u ayni paytda APLda 5-o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, mavsum oxirigacha uning bu o‘rinda qolishi kafolatlanmagan. «Qizil iblislar» YeChLni guruh bosqichidayoq tark etishdi (shuning uchun ham Yevropa ligasida yurishibdi). Keyingi yili ham mazkur nufuzli turnirda ishtirok etishi uchun Premer-ligada kamida 4-o‘rinni egallashi kerak. Buning uchun esa futbolchilarni kutilmagan jarohatlar va jismoniy zo‘riqishlardan asrash kerak. Bu bir.
Ikkinchidan, Yevropa ligasi manfaatdorligi jihatidan baribir Yevropa chempionlari ligasia teng kela olmaydi. YeChLning saralash bosqichidan boshlab to turnir yakunigacha har bir g‘alaba va durang uchun yaxshigina mukofot puli beriladi. Shu bois ham o‘rtamiyona klublar guruh bosqichiga chiqish uchun saralashda «o‘ligini tashlashadi». Masalan, «BATE» singari klublar guruh bosqichida o‘ynab, kamida 2 marta g‘alaba qozonishsa, o‘zlarining bir yillik xarajatlarini qoplashi haqida o‘qiganmiz.
Yevropa ligasida bunaqa emas. Mazkur turnirning mukofot jamg‘armasi turli mamlakatlarga borib kelish-xarajatlari, futbolchilarga to‘lanadigan ko‘tarma pullar va boshqa ko‘plab xarajatlarni qoplay olmaydi. Hatto g‘olibnikini ham. Klub o‘rtamiyona, o‘yinchilarining maoshi ham o‘rtacha bo‘lsa boshqa gap.
Shu bois «MYu» kechagi o‘yinda atay yutqazganday tuyuldi. Bu balki Gleyzerlarning topshirig‘idan, balki Lui van Gal hech bo‘lmasa APLda yaxshiroq natijani qayd etish maqsadida «piyoda»ni qurbon berishga qaror qilgandir, bu yog‘i yolg‘iz xudoga ayon. Balki o‘sha kuni shunchaki jamoaning omadi chopmagandir.
Har holda hali masala uzil-kesil hal bo‘lgani yo‘q. Oldinda javob uchrashuvi bor. Hammasi shundan so‘ng oydinlashadi. Kutamiz.
Adham O‘rol O‘g‘li / Tafsilot.uz
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.