Angliya terma jamoasi hujumchisi Ueyn Runi Yevropa chempionati 1/8 finali o‘yinlari arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Inglizlarning nimchorak finaldagi raqibi Islandiya terma jamoasi bo‘ldi. Bu jamoalar uchrashuvi 27 iyun kuni Nissa shahridagi «Alyans Rivera» o‘yingohida bo‘lib o‘tadi.
«Pley-offda kim bilan o‘ynashimizning farqi yo‘q. Ha, Islandiya bu turnirda debyutant. Lekin ular himoyada juda yaxshi harakat qilishadi, bunday raqibga qarshi o‘ynash esa hamisha qiyin. Lekin biz Yevropa chempionatidagi har bir uchrashuvimizda raqibga nisbatan ustunlik ko‘rsatib kelmoqdamiz. Umid qilamanki, pley-off o‘yinida ham shunday bo‘ladi. Biz pley-offda raqiblarga nisbatan shafqatsiz bo‘lishimiz, o‘z vaziyatlarimizdan foydalanishimiz kerak. Turnirda Yevropadagi eng kuchli jamoalar jamlangan. Agar biz turnirni yutishni istasak, xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.
Men o‘ynashga tayyorman. Dushanba kuni kelishini intiqlik bilan kutmoqdaman.
Islandiya, Vengriya va Shimoliy Irlandiya turnirdagi ishtiroki bilan barchani hayron qildi. Lekin pley-offda yaxshi tashkil qilingan jamoaviy o‘yin ko‘rsatish kerak bo‘ladi.
Biz 11-metrlik jarima zarbalarini tepishni mashq qilayapmizmin? Ha. Lekin, o‘yin penaltilar seriyasigacha uzaymaydi deb umid qilaman», — degan Angliya terma jamoasi sardori Runi.
Qayd etish kerakki, Angliya pley-offda Fransiya, Italiya, Ispaniya va Germaniya kabi terma jamoalar bilan bir setkadan o‘rin olgan.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.