Mualliflik bloglari

ZERIKARLI «YUNAYTED»

Blog MANUTD

Bilmadim-u, agar afsonaviy Basbining jamoasi ayni vaqtda «MYu» ko‘rsatayotgani kabi o‘yinlar namoyish qilganida hech kim ularni «qizil iblislar», deb atamagan bo‘lardi, menimcha. Tili bormasdi.

Men, albatta, «Basbi bolalari» nomlanmish eraning guvohi bo‘lmaganman. Buyuk Fergi davri bilan esa yaxshi tanishman va uning istalgan jamoga qarshi o‘yinda raqibni daxshatga sola olgan, sarosimalantirgan, cho‘chitgan davrlarini juda-juda yaxshi eslayman. Ishonamanki, aynan shunaqa xislatlari uchun ham u o‘tgan asrning o‘rtalarida hammaga ma’lum va mashxur laqabiga ega bo‘lagan. Axir ayting, u qandayin ibliski, birov u bilan yuzlashishdan zarracha hayiqmasa?!

MYudan allaqachon qo‘rqmay qo‘yishgani sirmas. Albatta, hech kim uni grandlar qatoridan chiqarib qo‘yayotgani yo‘q. Hisoblashishadi haliyam. Hurmat qilishadi. Bularning bari tushunarli. Lekin undan hech kim qo‘rq-may-di! Bunga esa vagon-vagon sabablar bor.

«Manchester»ning qizili Chempionlar Ligasi doirasida sSKAga qarshi javob uchrashuviga qadar o‘zining so‘nggi uch o‘yinini 0:0 hisobidagi duranglar bilan yakunladi. Ruslarga urilgan gol va undan avval kiritilgan gol orasida 404 daqiqa qup-quruq o‘tib ketti.  Gap nursiz duranglarda ham emas o‘zi. Umuman, «Yunayted» bu yil haqiqatdan ham zerikarli. Futboldagi eng asosiy qadriyat — tomosha, deb hisoblaydigan muxlislarga Van Gal falsafasi asosiga qurilgan o‘yinni ko‘rish faqatgina yurak siqilishi-yu, asab buzilishini tortiq eta olyapti. Natijani hammasidan ustuvor deb bilgich «MYu» fanatlarini ham jamoa qoniqtira olayotgani yo‘q, desam xato bo‘lmasa kerak.

Statistikaga qaraymiz. Chempionat avvalidan buyon Lui boshchiligidagi jamoa to‘pni hammadan ko‘p o‘zida ushlab turdi. Xo‘p. Lekin to‘pga egalik borasida hammadan yaxshi ko‘rsatgichga ega jamoa 12-tur oldidan APLda eng kam (!) xavfli vaziyatlar yaratgan — 81ta. Bu borada «Stok Siti» (82), «Vest Bromvich» (83) kabi jamoalardan ham ortda. 20-o‘rinda! «To‘pga egalik qilishdan maqsad nima o‘zi?», deb yuborasan kishi. «Toki to‘p senda ekan, darvozang daxlsizdir», degan falsafa bu, dersiz. Mayli. Lekin sovrinlar uchun ko‘rashayotgan, oldiga faqat maksimal vazifalar qo‘yadigan jamoa uchun o‘z darvozasining daxlsizligidan tashqari raqib darvozasi daxlsiz bo‘lmasligini ta’minlash ham kerak-ku. To‘pga egalik qilish uchungina unga egalik qilish bilan nimaga erishiladi? Yuqori o‘rinlarda yurishga. Okey. Bundan ortig‘igamas, hozircha.

Hozirgi «Yunayted» yaratuvchanlik, nostandart qarorlar borasida o‘ta g‘arib. Shodumon bo‘lmas darajada g‘arib. Tasavvur qiling, MYuning faqatgina ikki futbolchisi chempionat boshidan beri 10 martadan ko‘proq muvaffaqiyatli driblingni amalga oshirdi — Marsyal va Depay. Marsyalda bu ko‘rsatgich niderlandiyaliknikidan ikki barobar ko‘proq. Memfis 11 marta, Marsyal 24 bor unumli fint ishlatgan. «Arsenal» va «Siti»da bunday futbolchilar 6tadan. Hatto «Lester»da 10dan ko‘p muvaffaqiyatli driblingni amalga oshirib, xavfli vaziyatlar yaratgan futbolchilar 4ta. U ham yetmaganidek, «Manchester Yunayted» ushbu mavsumda jarima maydoni tashqarisidan birorta ham gol urmagan APLdagi yagona jamoa! Tarkibida maydonning ikkinchi yarmiga o‘tgach, istalgan masofadan darvozani aniq nishonga olishni uddalaydigan futbolchilar yetarlidan sal ko‘proq bo‘lgan jamoa biror marta ham jarima maydoni tashqarisidan gol urmadi.

Memfis Depay, Eshli Yang, Valensiya kabi tezkor, texnik mahorati yuqori, yaxshi krossga ega bo‘lgan vingerlar bo‘laturib, haqiqiy markaziy hujumchi — Antoni Marsyal qanotga o‘tkazilishi haqidagi qarorni esa hech kim biror jo‘yali gap bilan tushuntirib berolmasa kerak. Van Gal jamoasida shuncha serqirra futbolchilar bo‘laturib, ularning bor imkoniyatidan foydalanmayapti. Foydalana olmayapti. U xuddi iPhone 6 sotib olib, uni faqat qo‘ng‘iroqlar uchun ishlatayotgan odamga o‘xshaydi. Albatta, murabbiy o‘z imzosiga ega bo‘lishga, futbolchilarni o‘z falsafasi bo‘yicha o‘ynatishga haqli. Bu taxsinga sazovor. Ammo ularning kuchli tomonlarini shunchaki qurbon qilib yuborish evaziga bunga erishishga harakat qilinishi qanchalik to‘g‘ri? Aslida takibdagi yulduzlpr mahoratini o‘sha falsafa doirasida ishlata olish, futbolchilarning eng kuchli jihatlarini o‘zi yo‘lga qo‘yayotgan o‘yin uslubiga sinxronizatsiya qilish evaziyaga o‘z g‘oyalarini maydonga tadbiq qilinishi maqsadga muvofiqroq ish bo‘lsa kerak. Yanayam bilmadim.

Hozircha esa MYu ustozi Di Mariya uning falsafasiga moslasholmagani uchun jamoadan ketgani, ayni shu sabab bilan Depay ham zaxirada o‘tirgani, kim mos kelmay qolsa qolganlarni ham kovushini to‘g‘rilab qo‘ya olishini ta’kidlashda davom etyapti. Natijada esa «Kristal Pelas» kabi jamoalar bilan uchrashuvlarda omadi kelib 0:0 o‘ynayapti, butun o‘yinda faqat bir bora darvoza tomon aniq zarba yo‘llayapti. To‘pni esa hech kimga berib qo‘yayotgani yo‘q ushbu faylasufning MYusi…

Basbi jamoasi shunday o‘ynaganida uni «iblis» deya atashmasdi.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.