Bundan 466 kun avval rasman mening familiyamga o‘tgan inson har seshanbada «Bu safar kalonkangizga nima haqida yozdingiz?», degan savol bilan uyda qarshi oladi. Ko‘pincha bir-biriga bog‘lanmagan 3-4ta so‘z aytib, intrigani oshirib qo‘yaman. Bu gal odatdagi savol berilsa, «Tuman, liderlik, Kaptiva, «MYu» va Roy Kin haqida», deb javob beraman. Qiziqib qoladi. Sizga o‘xshab.
Yangi yilning ilk kunlari. Qo‘qondan qaytayotgandik. Qamchiq dovonidan o‘tib bo‘ldik hamki, qalin tuman ichida qolib ketdik. Tuman shu qadar qalin ediki, mashina chiroqlari nari borsa 4-5 metr masofani yorishtirib bera olayotgandi. Barcha mashinalar avariya chiroqlarini yoqib olib, odatda katta tezlikda bosib o‘tilandigan yo‘l bo‘ylab, juda sekin harakatlana boshladi. Jon shirin. Hech kim oldinga tushib olgisi kelmas, chunki u holda ko‘z faqat tumanni ko‘rar va bundan ko‘p o‘tmay ko‘z tinib ketardi. Hech kim tezlashgisi ham kelmas, chunki 10 metr oldinda nima chiqib qolishi mumkin ekanini bilmay turib katta tezlik olish ham xavfli. Qolaversa, yamasa yamalmas yaramas yamalar yo‘llarimiz uchun yangilik emas. Bir muddat shu tariqa yuraverdik. Keyin bir Kaptiva yaxshigina tezlikda oldiga o‘tib oldi va shu yo‘sinda «gazni bosib» ketaverdi. Biz uni ortidan tezlashdik. Uning orqa qizil chiroqlariga qarab unga hamohang tezlikda ketaverdik. Bizning orqamizdan boshqalar ergashdi va shu tariqa hamma o‘sha masofaga odatdagidan katta farq qilmaydigan vaqtda yetib keldi...
Roy Kin o‘zining avtobiografiyasida «Nottengem Forestda» o‘tgan faoliyati haqida so‘zlar ekan jamoaning o‘sha vaqtdagi asosiy yulduzi Styuard Pirsni juda ko‘p bora tilga oladi. Qaysiki yorqin o‘yinlarni yodga olsa, Styuard Pirs o‘zining haqiqiy jangchilardek, ohirigacha kurashishi, eng qiyin pallalarda «Forest»ni qutqarib ketishi, o‘zining betakror o‘yinlari bilan butun jamoani ilhomlantirgani haqida ko‘p to‘xtaladi. Uning chin ma’nodagi yetakchi bo‘lgani, o‘z xarizmasi, maydonda o‘zini tutishi bilan o‘z ortidan boshqalarni ergashtira olgani, muhim gollarni kiritgani va oqibatda «Nottengem» doimo raqobatbardosh jamoa bo‘lib qolaverganini ta’kidlaydi. Roy undan ilhomlanadi, o‘rnak oladi. Keyinchalik Kin «Manchester Yunayted»ga borib qo‘shilgach, Pirsning «Forest»dagi vazifasini bu yerda Kantona bajarishini, hatto Pirsdan ham yaxshiroq uddalashidan hayratlanadi. Jamoa muhiti, uning ruxiyatida Erikning tutgan o‘rni beqiyos bo‘lganini aytadi. Keyinroq «qirol» laqabli buyuk Kantonaning «Yunayted»dagi rolini aynan Roy Kin bajarganini bilamiz.
Futbolchilar uchun maydonda haqiqiy yetakchining bo‘lishi juda muhim. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, o‘sha liderning roli murabbiynikidan-da ulkanlashib ketadi. 2006 yildagi Jahon chempionatidagi Fransiyani va Zidanni eslang, masalan.
Istalgan murabbiy ham shunaqa futbolchisi bo‘lishini istaydi. Anchelotti «PSJ»da ish boshlaganida shunday degandi: "Yangi jamoa qurayotganda tarkibda Zlatandek futbolchining bo‘lishi mening baxtim. Men bu yokda xotirjam jamoa poydevorini qo‘raveraman, maydonda Zlatan gollar urib, natija ko‘rsatib, muammolarni yopib turaveradi".
Bugungi «Manchester Yunayted» muammolar girdobida. Muammolarning asosiy qismi bosh murabbiyga bog‘liq ekani rost. Mana shunaqa, jamoaning o‘yini qovushmayotgan, murabbiyning ishi o‘xshamayotgan, falsafa haqidagi gaplar ko‘proq safsatadek yangrayotgan bir vaqtda haqiqiy yetakchiga, liderga bo‘lgan ehtiyoj ko‘proq sezilyapti. Tumanli davrni boshidan kechirayotgan jamoa hov yuqorida tilga olngan «kaptiva»ga har qachongidanda ko‘proq muxtojligi bilinib turibdi. Lekin, qani o‘sha yetakchi? Qani o‘sha lider? Matami? Karrikmi? Shvayni? 19 yoshli Marsyalmi? Qani yigitlarni o‘z o‘yini bilan, xarizmasi bilan, yetakchilik fazilatlari-yu, jangchilik sifatlari bilan ruxlantirayotgan, eng qiyin vaziyatlardan jamoani olib chiqib ketayotgan qahramon? Kim? Runi o‘sha tumanli yo‘ldagi «kaptiva» bo‘lishi kutilgandi. Lekin u ham «avarinka»ni yoqib olib, hammaning darajasiga tushib oldi. Vaholanki, barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bu rol aynan uniki bo‘lishi kerak edi. Van Gaal va uning qoniqarsiz faoliyati o‘z yo‘liga. Hammasiga ko‘nib, jamoa ruxiyatiga ta’sir o‘tkazadigan, mas’uliyatni bo‘yniga olib hammani o‘z ortidan ergashtiradigan yetakchi topilmas ekan, «MYu» tuman tarqalib ketgan hududgacha «avariya chiroqlari»ni yoqqancha immilab ketaveradi.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.