Mualliflik bloglari

JANOB LUIGA XAT

Blog Abror Qodirov

Hurmatli Lui,

Bilaman, siz geografiyadan ko‘ra falsafani yaxshiroq o‘rgangansiz. O‘zbekiston degan yurt borligi haqida bilasizmi, yoq‘mi menga qorong‘u. Xuddi sizga Manchesterdagi yaqin kelajagingiz qorong‘u bo‘lgani kabi. Ishqilib, shunday mamlakat bor. O‘sha o‘lkada, ishoning, siz hozir(cha) bosh murabbiy bo‘lib turgan klubning chin muxlislar judayam ko‘p. Siz tasavvur qilishingiz mumkin bo‘lganidan ko‘proq. Shulardan biriman. 17 yillik muxlis. Sizning nursiz o‘yinlaringiz soni oldida bu raqam ulkan ko‘rinmas balki, lekin, baribir oz muddat bo‘lmasa kerak.

Xullas, janob, o‘zbek tilida shu “janob” so‘ziga ohangi o‘xshab ketadigan so‘z bor. Siz eslanganingizda beixtiyor bu so‘zni ham ismingiz bilan yonma-yon qo‘llaydiganlar soni ancha ko‘payib qolgan. Rost. Agar xat yangi yil oldidan yozilganida men ham aslida ot so‘z turkumiga kirsa ham faqat sifat sifatida ishlatiladigan, bizning poytaxtliklar bog‘lovchi so‘zdek qo‘llashni odat qilgani bu so‘zni bexosdan ishlatib yuborishim mumkin edi. Ammo, hovurimdan ancha tushib, sovuq kalla bilan noma yo‘llay qoldim.

Asli xatni siz “Yunayted”da yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganingiz va hech vaqo chiqarolmaganingiz — darvozaga tahdidsiz o‘yin, hujumsiz futbol, zarbasiz va maqsadsiz nazorat falsafasiga, allaga muqobil tomoshaga bo‘lgan samimiy nafratimni, go‘zal qarg‘ishlarimni izhor qilish uchun yozmoqchi bo‘lgandim. Xiqildog‘imga kelgandi bari.

Ming yillardan beri meni taniydiganlar ham, taniganiga siz boshchiligingizdagi jamoa ko‘rsatgan tomoshabop o‘yinlar sonidan-da kamroq kun bo‘lgan chala tanishlar ham “Ha, “Yunayted”, nima bo‘ldi endi? Yana “yeb” qo‘yibsizlar-ku a?” qabilidagi gaplar, pichinglarga har turdan keyin duch kelaverishdan charchaganlarimni va buning uchun siz va shtabingiz manzili tomon bisotimdagi eng “nafis” so‘zlar, shoirona tashbehlar-la boyitib, xasratimni to‘kib solmoqchi edim.

Mazxaromuz tashlangan nigohlarda sizning yuzingizni ko‘rgandek bo‘lar, ushbu qizg‘ish chehra va mening mushtim ajoyib juftlik bo‘lishi haqida o‘ylar, uzukli qo‘lim bilan, boks to‘garagiga qatnaganim davrlarni yodga olib, butun kuch birla bu orazga yarashtirib, zarb qo‘ndirgim kelaverardi. Go‘yo shu ishni qilsam, eng ko‘p muxlisga ega bo‘lgan klubning fanatlar armiyasi mening haqqimga duo qiladigandek, mendan bir umr minnatdor bo‘ladigandek tuyulaverardi.

Har safar TV sizni ko‘rsatsa go‘yo sizga bo‘layotgan voqealarning hech ham aloqasi yo‘qdek, ehtirossiz, e’tiborsiz, hissiz va juda ojiz o‘tirishingiz faqat va faqat g‘ashni keltirar, eng sara haqoratlar shu beparvo nigohlar tomon armug‘on etilayotgandi.

Har safar hujumlar yakunsiz qolayotgani haqida so‘z ochganingizda siz, ha aynan siz ketkazib yuborgan Van Persi-yu, Chicharitolarni yodga olinib, sizga bo‘lgan sof “muhabbatimiz” ikki chandon oshaverdi. O‘sha Ernandesning Bundesligada kiritayotgan har bir goli sizga, bizga yo‘llangan salomlardek qabul qilinib kelyapti. U esa o‘ta sersalom bo‘lib ketdi. Alam qildi.

Agar shu xatni Musoqovning «Kichkina tabibi» yozganida: «Sizni manavi bloknotiz, qor yog‘ayotgan qovog‘iz, beparvoligiz bolalarni qo‘rqitvoryapti…» deb boshlavorgan bo‘lardi.

Bilasizmi, men yuqoridagilarning barchasini o‘tgan zamonda yozyapmanki, bunda o‘sha ta’kidlanganlarning barchasi ortda qolganiga bo‘lgan chiroyli bir umid bor. Bilasizmi, Lui, bugun kayfiyatim yaxshi. Juda zo‘r. Men kecha unitib qo’yayozganim, “Manchester Yunayted” o‘yinidan roxatlandim. Ha, raqib Madridning “Reali” emas,  “Stouk” edi. Stoke fucking City. Mayli. Farqi yo‘q. Muhimi, “Yunayted” futbol o‘ynadi. Chiroyli, tomoshabop, hujumkor futbol. Mazza. Hammani “kateysa” qildirib kelgilarim bor.

To‘risi, janob, jamoamiz mana shunaqa o‘ynab tursa bizga murabbiyning ismi nima ekani ko‘p ham ahamiyatli emas. U Van Galmi, Van Gogmi, Vandalmi, Vandammi, Hamdammi, farqi yo‘q. Chiroyli o‘yin, g‘alabali onlar taqdim qilib turilsa bo‘lgani. Men sizga “janob”, deya murojaat qilaveraman. Xatlarni “Hurmatli”, deb boshlayveraman. Faqat hov yuqoridagi “abzats”larni hozirgi zamon davom fe’li ila yozishga to‘g‘ri kelib qolmasin.

Hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga ishonch va umid bilan,

Men.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.