Mualliflik bloglari

«UAYT XART LEYN» DAGI SUPERTRILLER

Blog sports.uz

Angliya Premer Ligasidagi barcha uchrashuvlar doimo futbol ishqibozlarining e’tiborida bo‘lib keladi. Shunday uchrashuvlar bo‘ladiki oradan bir necha yillar o‘tsa ham muhlislar xotirasida uzoq saqlanib qoladi.

Shunday uchrashuvlardan biri Angliya Premer Ligasi 2001/02 mavsumining 8-turida ro‘y bergan. «Tottenxem» – «Manchester Yunayted» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv haligacha ko‘plab futbol muhlislarining yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak.

2001 yilda Toshkentda «Kamalak-TV» kabel televideniyasi juda mashhur bo‘lgan vaqtlar edi. O‘sha vaqtda ESPN kanali orqali Angliya Premer Ligasining o‘yinlari jonli efirga uzatilar edi.

2001 yil 29 sentyabr shanba kuni ham Angliya Premer Ligasining 8-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. «Tottenxem» – «Manchester Yunayted» o‘rastidagi uchrashuv o‘sha vaqtda ham ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga tortgan edi.

Ayniqsa o‘sha vaqtlarda «Shpor» lar bosh murabbiyi Glenn Xoddl qo‘l ostida germaniyalik Kristian sige, ukrainlarning mashhur futbolchisi Sergey Rebrov, urugvayli Gustavo Poyet va ingliz futbolchilari Darren Anderton, Teddi Sheringem, Les Ferdinand to‘p surgan.

Aleks Fergyusson qo‘l ostidagi «Qizil iblislar» tarkibi o‘sha vaqtlarda juda kuchli ko‘rinishda edi. Darvozada fransiyalik Bartez, himoyada G.Nevill, Blan, yarim himoyada esa Bekxem, Skoulz, Giggz, Roy Kin, Veron, hujum chizig‘ida esa Koul, van Nistelroy to‘p surar edi.

«Tottenxem» ga qarshi ushbu uchrashuvda jarohat sababli Rayan Giggz va Roy Kin ishtirok eta olishmadi.

Maydonga «Shpor»larni Teddi Sheringem sardor sifatida boshlab tushgan bo‘lsa, «Qizil iblisalar» da esa o‘sha vaqtdagi jamoaning 7-raqam sohibi Devid Bekxem sardor bo‘lib maydonga olib tushdi.

Bosh hakami Jeff Vinter hushtagi yangrashi bilan uchrashuvga start berildi.

Ikki jamoa dastlabki daqiqalardan hujumkorlikni oshirishga xarakat qilishdi.

15-daqiqaga kelib esa uchrashuvda hisobni «Shpor» lar ochishgan. Kristian sige burchak to‘pini jarima maydoniga yetkazib berdi, shu kuni «Shpor» lar tarkibida o‘zining debyutini o‘tkazayotgan himoyachi Din Richards boshi bilan zarba yo‘llab, Bartez darvozasini ishg‘ol qildi (1-0).

25-daqiqaga kelib esa «Shpor» hisobni (2-0) ga yetkazishgan. «Yunayted» jarima maydoni yaqinida to‘pni egallab olgan urugvaylik futbolchi Gustavo Poyet bir urunish bilan Les Ferdinandni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi. Les esa o‘ng oyoqda bergan kuchli zarbasi bilan Bartez qo‘riqlayotgan darvozaning burchagini aniq nishonga olib hisobni o‘zgartiradi (2-0).

Shundan so‘ng «Qizil iblislar» ham hujumga o‘tishga xarakat qilishdi lekin barcha urinishlar besamar yakuniga yetadi.

40-daqiqada esa Ser Aleks xujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Niki Batt o‘rniga maydonga Sulsherni tushiradi.

Birinchi taymning 45-daqiqasiga kelib esa uchrashuvda hisob yana o‘zgardi. Uchrashuvni birinchi bo‘limida o‘zini ko‘rsatgan Gustavo Poyet o‘ng qanotdan to‘pni «Yunayted» jarima maydoniga uzatdi. Jarima maydonida o‘z vaqtida xozir bo‘lgan Kristian sige esa uni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi (3-0). Shu tarza o‘yinning birinchi bo‘lmi nihoyasiga yetdi.

Birinchi bo‘limdan so‘ng ko‘pchilik uchrashuv taqdiri to‘liq hal bo‘ldi degan fikrga kelgan bo‘lsalar ajab emas. Chunki birinchi bo‘limda «Yunayted» o‘z o‘yinini ko‘rsata olmagan edi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa «Yunayted» safida yana bir o‘zgarish sodir bo‘ldi. Irvin o‘rniga maydonga fransiyalik Silvestr tushirildi.

46-daqiqada esa «Yunayted» hujumi samarali yakuniga yetdi. Bekxem o‘ng qanotdan katta tezlikda ketayotgan Gari Nevvilga to‘pni uzatdi. Gari esa uni jarima maydoni markaziga uzatdi, chaqonlik bilan xarakat qilgan Endi Koul boshi bilan zarba yo‘llab raqib darvozasini ishg‘ol qildi (3-1).

Bu gol esa «Qizil iblislar» ga o‘ziga xos kuch bag‘ishladi. 58-daqiqada esa Bekxem burchak to‘pidan oshirib bergan to‘pini o‘sha vaqtadgi «Yunayted» ning markaziy himoya qo‘rg‘oni vakili hisoblangan Loran Blan «Shpor» lar darvozasiga boshi bilan joylab, hisobni qisqartiradi (3-2).

72-daqiqaga kelib esa uchrashuvda hisob tenglashdi. Ikkinchi bo‘lim boshida zahiradan maydonga tushgan Silvestr chap qanotdan to‘pni raqib jarima maydoniga uzatdi, «Yunayted» ni hujumchisi van Nistelroy esa boshi bilan zarba yo‘llab «Tottenxem» darvozasini ishg‘ol qildi (3-3). Bu goldan so‘ng «Tottenxem» futbolchilarini o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishdi.

Oradan to‘rt daqiqa o‘tib 76-daqiqada esa Argentinalik futbolchi Veron hisobni «Yunayted» foydasiga oshirdi. Skoulz-Sulsher tomonidan tashkil qilingan hujumni Veron chiroyli tarzda, kuchli zarba bilan Sallivan darvozasiga joylab qo‘ydi (3-4).

87-daqiqada esa uchrashuvdagi yakuniy nuqtani shu kuni «Manchester Yunayted» sardori bo‘lib maydonga tushgan Bekxem quydi. Sulsher tomonidan oshirib berilgan to‘pni Devid to‘xtatib olib kuchli va aniq zarba bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi (3-5). Bu gol Glenn Xoddl shogirtlarini boks tili bilan aytganda «Nakaut» qildi.

Shu tariqa uchrashuv 3-5 hisobida «Qizil iblislar»ning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Ertasi kun britaniya matuooti ushbu o‘yinni turlicha nomlashdi. «Ajoyib KAMBEK», «Uayt Xart Leyn supertriller», «Klassik KAMBEK» va h.k.

Bu uchrashuv shuningdek Ser Aleksning ham yana bir bor kuchli murabbiy ekanligini isbotlab berdi. Birinchi bo‘limdan so‘ng uning futbolchilarni qayta ruhlatira olgani taxsinga loyiq.

Bu uchrashuv ham haligacha mening ham xotiramda saqlanib qolgan. Har yili APL doirasida «Manchester Yunayted» jamoasini «Tottenxem» ga qarshi kechadigan uchrashuvlaridan oldin ushbu o‘yinni albatta esga olman.

Hozirgi «Yunayted» dan shunaqa «KAMBEK» larni sog‘inib qoldik.

Angliya Premer Ligasi 2001/2002 mavsum, 8-tur.

2001 yil 29 sentyabr, shanba.

Tottenxem – Manchester Yunayted 3-5

«Uayt Xart Leyn» stadioni, London. 36 049 tomoshabin.

«Tottenxem»: Sallivan, Tarikko, King, Perri, Richardz, sige, Froynd, Anderton (Rebrov, 83), Poyet, Ferdinand, Sheringem (S).

«Manchester Yunayted»: Bartez, G.Nevill, Blan, Yonsen, Irvin (Silvestr, 46), Bekxem (S), Batt (Sulsher, 40), Skoulz, Veron, Koul, van Nistelroy.

Gol: Richards 15, Ferdinand 25, sige 45 – Koul 46, Blan 58, van Nistelrooy 72, Veron 76, Bekxem 87.

Bosh hakam:Jeff Vinter

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.