Mualliflik bloglari

«MYU»GA FAQAT POCHETTINO LOYIQMI?

Blog sports.uz

Joriy mavsumni har galgidan ko‘ra ishonchliroq o‘tkazayotgan «Tottenxem» o‘z muxlislarini chempionlikdan umidvor qilayotgan bo‘lsa, Joze Mourinoni yoqtirmaydigan «MYu» muxlislari «shporlar» ustozi timsolida «Qizil iblislar» xaloskorini tasavvur etishmoqda. Ularning shunday fikrga kelishlari uchun asoslar yetarli. Marhamat, ular bilan tanishib, o‘zingiz xulosa chiqaring.

Natijasi

«Joriy mavsum shunday taassurot qoldiryaptiki, «Tottenxem» g‘o­yibdan paydo bo‘lgandek. Avvalroq «taqachilar» chempionlikka erishishlari mumkin, degan fikrga hech kim ishonmasdi. Biroq jamoa hozirda g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. «Tottenxem» chempion bo‘lishi mumkin, degan e’tirof hech qachon xayolga kelmagandi», - «Arsenal» muxlislarini chaqib oladigan achchiq iboralar jamoa afsonalaridan biri bo‘lgan Terri Anriga tegishli. «To‘pchilar» uchun dahshatli jihati shundaki, fransiyalik yulduz Sky muxbiriga ayni haqiqatni aytgandi.

«Taqachilar»ni Angliyada abadiy omadsizlar sifatida e’tirof etadilar. Jamoa APL tashkil etilganidan beri ishtirok etadi. Lekin doimo xalqaro musobaqalardan chetda qolardi. To‘g‘ri, Xarri Rednapp davrida «taqachilar» o‘zlari uchun rekord hisoblangan 4-pog‘onadan joy olishdi. Ammo o‘sha omadli mavsumlarda ham barqarorlik talab darajasida bo‘lmadi.

Hozirda jamoa sermazmun va yaxlit o‘yinni namoyish etmoqda, 1-davrani bir maromda o‘tkazish faqat shu jamoaga nasib etdi. E’tiborli jihati shundaki, omadsiz o‘yinlarning barchasida u bitta to‘p farqi bilan imkoniyatni boy berdi. Maurisio Pochettino o‘tgan yilni yangi jamoaga moslashish, tarkibni shakllantirish va o‘z uslubiga moslashga sarfladi. Ana shu islohotlar davrida ham argentinalik mutaxassis o‘z shogirdlarining 5-o‘rindan joy olishlarini ta’minladi, liga kubogida jamoa finalgacha yetib bordi. Undan avvalgi mavsumda elitaga qaytgan «Sautgempton»ni 8-o‘ringa olib chiqib, Londondan taklif olgandi.

Yoshi

Kelajak - Pochettinoda bor, van Galda esa, yo‘q. Mourinoga ham ishonch kam - suhbatlardan birida Mou 60 yoshdan keyin futbol bilan xayrlashish niyatini oshkor qilgandi. «MYu»ga esa Aleks Fergyusonga o‘xshagan uzoq vaqt ishlaydigan mutaxassis kerak. Shunday bo‘lishi kutilgan Devid Moyes mutasaddilar va o‘z vatandoshining ishonchini oqlay olmadi. Van Gal doimo yangi bosh murabbiy uchun zamin tayyorlayotganiga sha’ma qildi («Martialni o‘z vorisim uchun xarid qildim»).

Hech bo‘lmaganda ozgina tajribasi bo‘lganida, Rayan Giggz munosib nomzodga aylanardi. Lekin so‘nggi paytlarda jamoa boshqaruvini buyuk futbolchilarga topshirish omadsizlik bilan yakunlanmoqda.

Klarens Zeedorf, Filippo Inzagi va Gari Nevillar Xosep Gvardiolaning jasoratini takrorlay olmadilar. Giggzdan atigi bir yosh kattaroq bo‘lgan Pochettino esa yetarli tajribaga ega, shakllangan murabbiy. Darvoqe, Ser Aleks ham aynan 44 yoshli paytida «Old-Trafford»ga kelgandi.

Uslubi

Van Galning «MYu»si va Mou­rinoning «Chelsi»sini bitta umumiy jihat - zerikarli o‘yin uslubi bog‘lab turadi. Shuni inobatga olganda, portugaliyalik mutaxassis «Qizil iblis»larga mos tushadi. Ammo bu qaror «Old Trafford» muxlislarini qoniqtirmaydi. Boz ustiga, klub mutasaddilari ham xuddi Pochettino kabi hujumkor uslubni xush ko‘radigan mutaxassisni izlamoqdalar. Bugungi «Tottenxem» yuqori pressing va tezkor qarshi hujumlari bilan  ajralib turadi. Argentinalik mutaxassis o‘z shogirdlaridan yugurishda ham, fikrlashda ham yuksak tezlikni talab qiladi.

Yoshlar bilan ishlash

Murabbiylarni ikki guruhga ajratish mumkin: yaratuvchilar va foydalanuvchilar. Ikkinchi toifadagi mutaxassislar yoshlar bilan ishlashni xush ko‘rmaydilar, shu sababli, rahbariyatdan tayyor futbolchilarni xarid qilishni so‘raydilar. Mourino so‘ng­gi yillarda shunday ish uslubini ma’qul ko‘rmoqda. Ba’zan Varan va Zumaga o‘xshagan yoshlarga imkon bergan bo‘lsada, «Real» va «Chelsi»dagi yosh iqtidor sohiblariga yetarli e’tibor qaratmadi.

«MYu» esa Britaniyadagi eng yaxshi akademiyalardan biriga ega. Ularni o‘z vaqtida asosiy tarkibga jalb etish - bosh murabbiyning asosiy vazifasi. Van Gal bu borada faol - Lingard, Bortuik-Jekson va Makneyrlar asosiy jamoaning bir qismiga aylanishdi. Biroq yosh futbolchilarning taraqqiyoti doimiy e’tiborga muhtoj. Buning uchun malakali murabbiy zarur. Maurisio «Espanol»da Kalexonni yulduzlar safiga qo‘shdi, Klayn, Chembers va Shoular «Sautgempton»dan top-klublarga yo‘l olishdi. Bugungi «taqachilar» safidagi yosh iqtidorlar sha’niga har hafta yangi qo‘shiqlar yaratilmoqda. Alli, Deyvis, Meyson, Kerrol, Da­yer va albatta, Keyn - bu yigitlar bilan «Tottenxem» ko‘p narsalarga qodir. Agarda ularni grandlar ilib ketishmasa, albatta.

Fergyusonning Qo‘llab-Quvvatlashi

Yaqinda Britaniya parlamentining a’zosi, «Tottenxem» muxlisi Devid Lemmi bolalar futbolini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbirida Ser Aleks tomonidan Mourisio Pochettinoning sha’niga bildirilgan iliq fikrlarni oshkor etdi: «O‘ylashimcha, sizning jamoangizga APLdagi eng yaxshi murabbiy ustozlik qilmoqda». E’tiborli jihati shundaki, Fergyuson taniqli van Galni emas, yosh, lekin o‘ta serg‘ayrat Pochettinoni maqtadi.

Faqat Andre Villash-Boashdan ortda

«Tottenxem» Pochettino rahbarligida APL doirasida 64ta uchrashuv o‘tkazdi. Ana shu bellashuvlarda jamoa 117 ochko jamg‘ardi. Bu borada argentinalik mutaxassis portugaliyalik kasbdoshidan keyin ikkinchi natijani qayd etmoqda.

Manba: Interfutbol.uz

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.