Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 10 BOB / 1 QISM

Blog MANUTD

Futbolni kuzatib boradigan odamlar meni «Manchester Yunayted»dan boshqa hech bir sohaga qiziqmaydigan va atrofida futboldan boshqa hech narsani ko‘rmaydigan inson deb o‘ylashsa kerak.

Biroq vaqt o‘tishi bilan klubdagi ishlarim yanada ko‘payishiga qaramay, shug‘ullanishim mumkin bo‘lgan boshqa qiziqishlar meni sportdan birmuncha chalg‘itib turardi va kayfiyatimni ko‘tarishga yordam berardi: jovonlar qiziqarli kitoblar bilan liq to‘la edi, yerto‘lada esa ko‘plab yaxshi vinolarni yig‘ardim.

Men yoqtirgan ot poygalari esa boshqalar ko‘zidan yiroqda edi. Bu Kerringtondaga bazamizda o‘tkazilgan navbatdagi kundan so‘ng yoki biror o‘yindan keyin men qaytadigan va dam oladigan o‘zga dunyo edi. So‘nggi 10 yildan beri «Yunayted»ni samarali boshqarib kelishim uchun katta yordam bergan mana shu qiziqishlarimdan zavqlanib kelganman. Men futbolda qanchalik qattiq ishlasam ham, boshimdagi boshqa qiziqishlardan ham unumli foydalanib turardim. Uyim qiziqishlarim uchun o‘ziga xos baza edi. U yerda diktatorlarning biografiyasidan tortib, Jon F.Kennedining o‘ldirilishi haqidagi hujjatlar va vino kolleksiyamning fayllarini ham saqlardim.

Mening siyosiy qarashlarim Govanada kasaba uyushmasi vakili vazifasida ishlagan davrimdan beri o‘zgarmagan. Vaqt o‘tishi bilan odamlarning qarashlari o‘zgarib boradi, bu ularning boylik va tajriba orttirishi tufayli kelib chiqadi. Biroq men yoshligimda mafkuraviy qarashlar, qadriyat va dunyoni ko‘ra bilish tushunchalarini puxta o‘zlashtirib olganman.

Men tez-tez uyushtirib turiladigan tushliklarda va har bir saylovda qatnashishni istaydigan Leyboristlar partiyasining uy hayvoniga aylanmaslik uchun hech qachon siyosiy jihatdan faol bo‘lmagan bo‘lsam-da, doimo o‘sha partiyadan chiqqan parlamentning mahalliy a’zolarini qo‘llaganman. Keti siyosat haqida gaplashishni yoqtirardi va ushbu mavzuda gap ochilsa uni to‘xtatish qiyin bo‘lardi. Sotsial tamoyillarga va Leyboristlar partiyasiga ishonish bir masala, lekin siyosiy harakatlarning faol qatnashchisiga aylanish bu umuman boshqa masala.

«Yunayted»ning murabbiyida bo‘lmagani kabi, mazkur talablarga javob berish uchun menda ham umuman vaqt yo‘q edi. Saylov byulletenlariga belgi qo‘yib oshkora ravishda partiyani qo‘llardim. Siz biror marotaba meni Devid Kemeronning ortida turganimga guvoh bo‘lmagandirsiz axir? Lekin meni parlamentdagi mahalliy leyboristlar partiyasi a’zosi yonida ko‘rish mumkin edi. Chunki maqsadim ham aynan shu edi.

Men doimo so‘l tomon qarashlarini qo‘llab kelganman, bu esa Gordon Braun va Jon Smitning ishlarini hurmat qilishimdan dalolat beradi. Fikrimcha, rahmatli Jon Smit hayot bo‘lganida leyboristlardan chiqqan eng yaxshi bosh vazir bo‘lgan bo‘lardi. Nil Kinnok ajoyib yigit edi, lekin uning omadi yurishmaganiga achinaman. Men uni Dauning-stritda ko‘rishni istardim. Uning zehni juda o‘tkir edi. Qarashlarim jihatdan Braunga yaqin edim, ammo Blerning xalq orasida mashhurligi uning saylovlarda g‘alaba qozonish uchun bo‘lgan yagona yo‘li edi. U o‘zini to‘g‘ri namoyish eta oldi. Bler uzoq muddat omma orasida mashhurligini yo‘qotmadi, faqatgina uning askarlarni Iroqqa kiritish qarori xalqning unga bo‘lgan ishonchi o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.
Alaster Kempbell bilan aloqalarimizning yaxshilanishiga futbol jurnalistikasining faxriysi va leyboristlardan chiqqan bosh vazirlarning ishongan odami Jim Rojer sababchi bo‘lgan. U menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha paytda «Mirror»da ishlagan Alaster bilan hamkorlik qilishimni so‘radi. Biz u bilan do‘stlashib oldik va Allester ora-sira menga qisqa xabarlar yuborib turdi. U kerakli odamlar bilan aloqa o‘rnatishni bilardi. Keyinchalik Kempbell Blerning matbuot-kotibi lavozimini egalladi va Leyboristlar partiyasida ishlagani tufayli u bilan yaxshi do‘st bo‘lib oldik. 1997 yilgi saylovdan bir hafta oldin biz Allester, Toni va Sheri bilan Manchesterdagi «Midlend» mehmonxonasida birga kechki ovqatga bordik. O‘shanda Toniga shunday degandim:

-Agar siz hukumatni bitta o‘yga qamab qo‘ysangiz, unda sizda hech qanday muammo paydo bo‘lmaydi. Chigallik shundaki, hukumat a’zolarining har biri o‘z bilganicha ish tutadi: o‘z xohishiga ko‘ra ittifoq tuzadi va o‘z muxbirlari bilan suhbatlashadi. Bunday hukumatni boshqarish – qiyin vazifa.

Toni maslahatimga diqqat bilan quloq solardi. Hokimiyat qo‘lida bo‘lgan har bir inson zaif bo‘ladi. Mamlakatni boshqarish katta javobgarlikni talab etadi, bu esa ba’zan o‘zingni yolg‘iz his etishingga sabab bo‘ladi. Men ham ba’zan xuddi shunday tuyg‘uni his etardim. Ishlarimni bajarib bo‘lgach, kabinetimda yolg‘iz qolib o‘z atrofimda kichik bo‘lsa-da kompaniya yig‘ishga ko‘p marotaba uringanman. Ish atrofida o‘ziga xos bo‘shliq bo‘ladi va unga boshqalar kirishni istamaydi. Toni yosh yigit bo‘lishiga qaramay, ushbu lavozimni egallash uchun mashaqqatli yo‘lni bosib o‘ta oldi.

Bosh vazir bo‘la turib o‘zining esdaliklarida, o‘shanda Dauning-strit 11-uyda yashovchi Gordon Braunning haydalishi bo‘yicha men bilan maslahatlashgani haqida yozgandi. Adashmasam, u mendan aynan Gordon haqida so‘ramagan. Uning savoli futbolchilar va super yulduzlarni qanday boshqarayotganim haqida edi. Bunga javobim esa quyidagicha bo‘lgan:

-Mening ishimda asosiysi boshqaruv. Biror futbolchi ishimga aralashishni boshlasa, tezda u bilan aloqani uzib xayrlashaman.

U esa menga Gordon bilan o‘rtasida ba’zi muammolar borligini aytdi. Ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu masalaning yechimini so‘ramadi. Men unga faqatgina umumiy maslahat berdim va qolgan ishlariga aralashishni istamadim.

Hokimiyat qo‘lingda bo‘lgani yaxshi, chunki kerakli paytda unday foydalanish mumkin, ammo buni aksariyati ishchi qatlamdan chiqqan futbolchilarga qo‘llash bema’nilik deb o‘ylayman. Men faqatgina ularni boshqarishni istardim. Qo‘limdagi hokimiyatdan foydalansam bo‘lardi va ba’zan shunday ham qilib turardim, biroq sen ham «Yunayted»da erishgan natijalarimga erisha olsang hokimiyatning o‘zi oldingga keladi. Kuzatuvchilarga bizning ishimiz o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilishdek tuyulardi, vaholanki boshqaruv ularning qo‘lida edi.

Leyboristlar va musallaslarni hisobga olmaganda, qiziqishlarim asosida Amerika yotardi. Futbolning hayotimdagi bosimini pasaytirish maqsadida amerikacha hayotga: Jon Fisjerald Kennedi, Fuqarolar urushi, Vins Lombardi haqida o‘qish va amerikacha to‘p o‘yinlariga qiziqqanman. Nyu-York Amerika madaniyatini o‘rganishning boshlang‘ich nuqtasi edi. Manxettendan uy sotib oldik va bu joy oilam va men uchun qisqa ta’tillar paytida qo‘nim topib hordiq chiqaradigan joyga aylandi.

Qo‘shma shtatlar har doim meni o‘ziga rom etgan va ilhomlantirgan. U yerga birinchi marta 1983-yilda Aberdin Kubok egalari Kubogi sohibi sovrinini qo‘lga kiritgan paytda borganman. Oilam bilan birga dam olish kunini Floridada o‘zkazishga qaror qildik. Bu davlatga borishimdan oldim uning tarixi qon-qonimga singib bo‘lgandi. Jon Kennedining o‘limini eshitgan kunim bir umr yodimda saqlanib qoladi. Uning o‘limidan keyin xayolimda faqat detektivga qiziqish paydo bo‘la boshladi – u qanday o‘ldirildi, kim va nega o‘ldirdi.

O‘sha mudhish kun dunyoni larzaga keltirganini yaxshi eslayman. Juma kuni kechqurun o‘rtog‘im bilan raqsga bormoqchi bo‘lib soqolimni olayotgan edim. Otam past ovozda meni chaqirdi:
- Jon Kennedini otib o‘ldirishgani rostmi?

-Ota sizga shunday eshitilgandir, - deb javob berdim.

Yarim soatdan so‘ng bu xabarni barcha yangiliklarda o‘qish mumkin edi. Kennedini alla-qachon «Parklend»dagi kasalxonaga olib borishgan ekan.

Esimda, Govanadan unchalik uzoqda bo‘lmagan raqs maydonida keyinchalik xitga aylangan «Yulduzlarga uchishni istarmidim?» degan qo‘shiq yangrayotgan edi. Lekin hamma sukunatda va raqsga tushish o‘rniga qotillikni muhokama qilayotgan edi.

Kennedi bilan bo‘lgan mudhish hodisa men tengi yoshlarning xayolidan hech ham ketmadi. U ko‘rkam yigit edi va nimasidir insonni o‘ziga tortardi. Odamlarga unga o‘xshash tetik va chaqqon insonning prezident bo‘lgani juda yoqardi. Kennedining siymosi xayolimda ma’lum bir qiyofada gavdalansa-da, uning o‘ldirilishiga bo‘lgan qiziqishim, Brayan Kartmel tomonidan Stokdagi kechki ovqat paytida so‘zga chaqirilishimdan so‘ng bexosdan paydo bo‘ldi.

Kechki ovqatga Stenli Metyuz, Sten Mortensen va Jimmi Armfild ham kelgan edi. O‘shanda xayolimga kelgan fikr hali ham yodimdan chiqmaydi: «Buyuk o‘yinchilar davrasida nima qilib yuribman o‘zi? Yig‘ilgan mehmonlar mendan ko‘ra Metyuzning so‘zlarini eshitishni afzal ko‘rishadi axir».

Lekin kechki ovqat vaqtida Brayan mendan xobbim to‘g‘risida so‘radi.

-Qiziqishlarga vaqt ajratishim qiyin, - deb javob berdim, chunki «Yunayted» bilan band edim-da. – Uyimda snuker stoli bor, ba’zan golf o‘ynab turaman va filmlar tomosha qilishni yoqtiraman.
U menga vizitkasini uzatdi:
Londonda o‘g‘limning filmlar bilan shug‘ullanuvchi firmasi bor. Xohlagan paytingda filmlar bo‘yicha unga murojaat qilishing mumkin.

O‘tgan kuni kechqurun «Dallasdagi otishmalar» degan filmni tomosha qilish uchun Uilmslouga borgandim.

-Senga shu qiziqmi? – qiziqib so‘radi Brayan. Bundan oldin esa men suyuqasdlar haqida bir nechta kitoblar olib qo‘ygandim. – Men avtokolonnadagi o‘n beshinchi mashinada edim.
Potterisda bo‘lganimda o‘sha yigit menga Jon Kennedining kortejida bo‘lganini aytdi.
-Qanday qilib?

-»Deyli ekspress» gazetasining muxbiri bo‘lganman. Keyinchalik San-Fransiskoga borib u yerda «Taym» jurnalida ishlay boshladim, - deb javob berdi. 1958-yilgi saylovlarda qatnashish uchun Kennedi ma’muriyatiga ishga joylashdim.

Jonson qasamyod qilayotgan paytdi Brayan samolyotda bo‘lgan.

Shaxsan tanish bo‘lganim bu ishga yanada chuqurroq qiziqishimga sabab bo‘ldi. Auksionlarda qatnashishni boshlaganimda bu ishga qiziqishimni bilgan bir amerikalik yigit menga tergov bayonnomasini jo‘natdi. Mashg‘ulotlar bazasida menda bir juft rasm bor edi. Ulardan birini auksiondan sotib olgan edim, ikkinchisini esa sovg‘a qilishgandi. Bundan tashqari auksiondan Jerald Ford tomonidan qo‘l qo‘yilgan Uorren Komissiyasining hisobotini ham sotib oldim.
Keti bilan turmush qurgan kunimizni bayram sifatida nishonlash uchun Chikago, San-Fransisko, Gavayi, Las-Vegasga bordik va Texasdagi do‘stlarimizdan ham xabar oldik. Sayohatimizning so‘nggi nuqtasi sifatida esa Nyu-Yorkni tanladik. Shundan keyin Amerikaga tez-tez keladigan bo‘ldik. Kitoblarni yig‘ishga bo‘lgan qiziqishim yanada ortib bordi. Jon Kennedining hayoti haqida to‘liq ma’lumot Robert Dallekning «Noqununiy hayot. Jon F. Kennedi. 1913-1963» kitobida keltirilgan. Juda ajoyib kitob. Dallek Kennedining tibbiy varaqasiga kirish huquqiga ega bo‘lgani bois, uning asaridan Jondagi Addison kasalligi va jigar xastaligini hisobga olib aytadigan bo‘lsak, u mo‘jizaning o‘zginasi bo‘lganini bilib olish mumkin.

U prezidentlik lavozimida ishlagan uch yil mobaynida katta qiyinchiliklarga duch keldi, - Cho‘chqalar ko‘rfazidagi operatsiyaning omadsizlikka uchrashi, mamlakat ichidagi irqiy muammo bilan kurash, Sovuq urushi, Vetnam va Kubadagi inqiroz shular jumlasidandir. Mamlakatda sog‘liqni saqlash borasida olib borilayotgan ishlar noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Kennedining ishi o‘ziga yetib orttardi. Futbolning jahondagi eng muhim va barcha xush ko‘radigan o‘yin ekanini bevosita isboti sifatida quyidagi misolni keltirib o‘taman. 1969 yilda sRU Kubada ruslar o‘rnashib olganini qanday aniqlaganini bilasizmi? Futbol maydonlaridan. Aerofoto suratlarda sovet ishchilari qurgan futbol maydonlari ko‘ringan. O‘sha paytda kubaliklar futbol o‘ynashmagan. Genri Kissinjer yevropalik bo‘lgani bois bunga e’tibor bergan.

Kennediga bo‘lgan qiziqishim bir nechta ajoyib asarlar bilan tanishib olishimga sabab bo‘ldi. Ular orasidan Devid Xalbershtamning «Eng zo‘r va eng yorqin» asarini alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Kitob Vetnamga bostirib kirish sabablari va aka-uka Kennedilar orasida yolg‘on-bo‘hton tarqatilgani haqida ma’lumot beradi. Hattoki AQSh mudofaa vaziri va Kennedilar oilasining do‘sti Robert Maknamara ham ularni aldab kelgan. Iste’foga chiqqanidan so‘ng u Kennedilar oilasidan uzr so‘ragan.

2010-yili Amerikaga borganimda Gettisbergga tashrif buyurib, Fuqarolar urushi haqida «Ozodlikning jangovor shiori» asarini yozgan Jeyms Makferson bilan birgalikda Prinston universitetida tushlik qildim. Bundan tashqari men uchun Oq uy bo‘ylab sayohat uyushtirishdi. Fuqarolar urushi generallari haqidagi kitob qo‘limga tushganidan so‘ng, ushbu davr tarixiga qiziqa boshladim. Ikki tomonimda urush haqidagi asarlar to‘lib-toshib yotardi. Hattoki o‘qituvchilar ham general bo‘lganini o‘shanda o‘qiganman. Bir kuni Gordon Braun mendan qanday kitob o‘qiyotganimni so‘radi. «Fuqarolar urushi haqida», - deb javob berdim. Shunda Gordon qanaqadir kassetalarni menga yuborishini aytdi. Tez kunda menga harbiy-dengiz flotining o‘sha davrda tutgan o‘rni haqida ma’lumot beruvchi Gari Gallaxer va Makferson ma’ruzasining 35ta yozuvini olib kelishdi.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.