Amirliklardan qaytganimda Devid Gill menga Gleyzerlar juma kuni kelishlarini va u Maykl Kennedi bilan telefon orqali suhbatlashganini aytdi.
Biz Maykl bilan Royni uchrashtirib ularga o‘z qarorimizni aytib eshittirdik. Biroz vaqt o‘tgach Kin OAV bergan intervyusida, men uni shaxsan «Yunayted»dagi faoliyatiga nuqta qo‘ymaganimdan xafaligini aytdi. Nima bo‘lganda ham bu mening qarorim edi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin u bilan tortishib ishlariga aralashishni umuman istamadim.
Mashg‘ulotlar maydonchasiga kelib bu haqda o‘yinchilarga ma’lum qildim. Ular eshitganlaridan shok holatiga tushib qolishdi. Men har doim mustaqil ravishda rad etib bo‘lmas dalillar orqali qaror qabul qilganimni, murabbiylik faolitimdagi eng yaxshi davr deb hisoblaganman. Mazkur vaziyatda barchasi oydek ravshan edi va men tanglik holatidan qanday chiqib ketishni yaxshi bilardim. Yana biroz qarorim bo‘yicha ikkilanganimda yoki qattiq qo‘l bo‘lmaganimda, Kin kim haq va kim nohaq ekanini barchaga tushuntirib yechinish xonasida pozitsiyasini mustahkamlab olgan bo‘lardi. Lekin bunday bo‘lmadi.
Kin «Yunayted» o‘yinchisi maqomiga erishishigacha bo‘lgan yo‘lga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Jahon Chempionati-2002 musobaqasini alohida tilga olib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Roy bosh murabbiy Mik Makkarti bilan janjallashib Irlandiya termasi joylashgan lagerni tark etgan edi.
Ukam Martin oltish yoshga to‘lganim munosabati bilan menga ta’til uyushtirdi. Biz Martin bilan tushlik qilayotganimizda telefoni jiringlab qoldi (ta’tilda bo‘lganim uchun telefonimdni o‘zim bilan olmagandim). Maykl Kennedi meni izlab qo‘ng‘iroq qilgan ekan. U menga Irlandiya terma jamoasi Jahon chempionatiga qatnashish uchun kelib joylashgan Saypanda bo‘layotgan mojaro haqida xabar berdi.
-Siz u bilan gaplashishingiz kerak, chunki boshqa hech kimni eshitishni istamayapti, - dedi Maykl.
Nima sababda u bunchalik xafa bo‘lganini bilmay hayron bo‘ldim. Maykl menga Roy va Mik bir-birovi bilan janjallashganini aytganida, undan Kin mana shu raqamga qaytib qo‘ng‘iroq qilishini so‘radim.
Kin menga qo‘ng‘iroq qildi:
-Roy, sen nimalar qilayapsan o‘zi?
Bunga javoban terma jamoa sardori menga bosh murabbiydan norozi ekanini ma’lum qildi.
-O‘zingni qo‘lga ol, - dedim. – Maslahatimga quloq sol: maktabga borib janjalkash otasi haqida har qanday noxush gaplarni eshitishi mumkin bo‘lgan bolalaringni o‘ylasangchi. Oilang haqida o‘yla. Musobaqa o‘tadi ketadi, lekin bu janjal haqida butun yoz davomida yozishadi axir.
Gaplarimda jon borligini Roy yaxshi tushunib turardi. Men unga Makkartining yoniga borib yuzma-yuz gaplashib olishni maslahat berdim. Roy rozi bo‘ldi. Biroq u qaytguncha Mik matbuot-anjumanini o‘tkazib bo‘lgan ekan. Bu esa ular orasidagi barcha ko‘priklar qo‘ladi degani edi.
Men ochiq-oydin Roy tomonda edim. U «Yunayted»da to‘p surardi va yuqori standarlarga ko‘nikib qolgan edi. O‘rtamiyona mashg‘ulot majmuasi va mashg‘ulot formalarining yo‘qligi – norozilik uchun yetarli bahona bo‘la oladi, Roy esa sardor sifatida o‘z noroziligini bildirishga to‘la haqli edi. Boshqa masala – qachongacha xafa bo‘lib yurish mumkin axir? Fikrimcha Koreyadagi sharoit qanchalik yomon bo‘lmasin, Roy vaziyatni janjalgacha olib bormasligi kerak edi. Biroq Roy Kinning tabiati shunaqa – u chegara bilmaydi.
Men har doim o‘yinchilarimni himoya qilib kelganman, irlandiyalik ham shular qatorida edi. Ishim shunaqa. Shuning uchun men boshqa tomonni tanlashim kerak bo‘lib tuyulgan vaziyatlar uchun uzr so‘ramoqchi emasman. Ba’zan ichimdagi ovoz mendan: «Yo Xudo, nima haqda o‘ylagan eding?...», deb so‘rardi. Keti ham past ovozda shunday savol berardi. Biroq hech qachon o‘yinchilarimdan yuz o‘girmaganman.
Maqsadim muammoni oqilona hal etish va omma ko‘zida o‘yinchilarimni himoya qilayotgandek ko‘rinishdan iborat edi. Albatta har doim ham bunday bo‘lmagan. Ba’zida ularga jarima solardim yoki boshqacha jazo chorasini qo‘llardim, lekin bularning barchasi yechinish xonasidan tashqariga chiqmas edi. Murrabbiy - ishining asosiy qismlaridan biri bo‘lgan «himoya» tamoyiliga har doim sodiq qolgan. U o‘yinchilarni boshqalar hukmidan himoya qilishi kerak.
Hozirgi paytda mashhurlik maqomi aksariyat hollarda murabbiyning so‘zidan ustun kelayapti. Bizning davrimizda murabbiy haqida birorta so‘z ham ayta olmas edingiz, chunki bu o‘zini o‘limga hukm qilish bilan barobar edi. Endi bo‘lsa murabbiylarga qarshi chiqadigan o‘yinchilar haqida tez-tez eshitib turipman. Eng yomoni ularni hattoki rahbariyat ham qo‘llab turibdi. Futbolchilar ularni eshitishni istagan barchaga o‘zlarining muammolari haqida aytib berishayapti. Lekin murabbiylar buni o‘ziga ep ko‘rmaydi, chunki ularning javobgarlik darajasi o‘yinchinikidan ko‘ra ancha yuqoriroq. Fikrimcha, Roy futboldagi faoliyati jar yoqasiga kelib qolganini tushungach, u o‘zini murabbiy sifatida sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi va o‘zgalarning javobgarligini o‘z bo‘yniga ola boshladi. Biroq o‘z o‘yinchilarini yomonga chiqarish va ularning nomlarini bulg‘ash murabbiyning javobgarligiga kirmaydi. Mazkur intervyuni efirga chiqishini oldini olib, yechinish xonasida Royning hurmati yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymadik. Lekin o‘sha zaharli video tasmani birgalikda tomosha qilgach barchasiga nuqta qo‘yib bo‘lgandik.
Men hech qachon boshqaruvni qo‘limdan olib qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymayman, chunki boshqaruv – qutilishimning yagona yo‘li. Devid Bekxem singari bu vaziyatda ham klubni boshqarishga urinayotgan o‘yinchi bilan xayrlashishimiz kerak edi. Haqiqiy o‘yinchilar esa meni qo‘llashlari aniq. Ular o‘ziga ishongan va klubni boshqara oladigan murabbiyni yoqtirishadi.
O‘yinchilar yigit kishi ekaningni sezishlari kerak. Shunda qattiqqo‘llik o‘z samarasini beradi. Futbolchilar aksariyat holatda: U bizni chempionlik sari yetaklay olarmikan, uning qo‘l ostida yanada kuchli o‘yinchiga aylana olamanmi, u bizga sodiqmi?» degan savolni berishadi. Agar yuqoridagi uchta savolga ijobiy javob bera olsang, ular hattoki eng katta xatongni ham kechirishadi. Bu xislatimdan faxrlanmasamda ba’zan o‘yindan so‘ng o‘zimni boshqara olmay qolardim. Shuning uchun ba’zida uyga yayov ketayotib, qilmishimning oqibatlari haqida o‘ylardim. Balki ular endi men bilan gaplashishni istashmas? Balki menga qarshi bosh ko‘tarishar? Biroq dushanba kuni mashg‘ulotga kelganimda, men ulardan qo‘rqishimdan ko‘ra ular mendan ko‘proq qo‘rqishlariga guvoh bo‘lardim. Ular Aleks Fergyuson jahli chiqqanda qanday bo‘lishini o‘zlarida sinab ko‘rishdi va buni takrorlanishini istashmasdi.
Roy juda aqilli bola, har doim uning qo‘lida qanaqadir qiziqarli kitob bo‘lardi. U bilan suhbatlashish maroqli. Lekin bularni uning yaxshi kayfiyatda bo‘lganida ko‘rish mumkin edi xolos. Ba’zida shifokorimiz mendan: «Bugun Royning kayfiyati qanaqa?» deb so‘rardi. Chunki uning kayfiyati yechinish xonasidagi muhitga katta ta’sir ko‘rsatardi. Bu gaplarni uning atrofdagi muhitga qanday ta’sir ko‘rsatishi uchun aytayapman xolos. Biroq Roydek ehtirosli insonning kayfiyati qachon ko‘ratilishi yoki qachon tushishini bilish mushkul. Chunki u yashin tezligida o‘zgarardi.
Chuqur o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, Kin bilan xayrlashish vaziyatdan chiqib ketishning yagona oqilona yo‘li edi, negaki Roydan qo‘rqadigan o‘yinchilar erkin nafas olishlariga imkoniyat tug‘ilardi. Masalan bu qarordan Jon O’Shi va Darren Fletcher aniq xursand bo‘lishdi. 2005 yili «Lill»ga qarshi o‘ynash uchun Fransiyaga borganimizda, o‘yin oldi mashg‘ulotlar paytida ba’zi o‘yinchilarni hushtaklar bilan qarshi olishdi. Ishonch bilan ayta olaman, bunday bo‘lishiga Royning bergan intervyusi ham ta’sir ko‘rsatgan. Sababi tanbehlarning aksariyat qismi O’Shi va Fletcherga tekkan edi.
Fikrimcha, Roy ketganidan keyin yechinish xonasidagi muhit tubdan o‘zgardi. Ko‘p o‘yinchilar o‘zlarini yengil his etishardi, chunki endi o‘yindan so‘ng turli xil haqoratomus gaplarni eshitishmasdida. Roy sekin-asta formasini yo‘qota boshladi, shuning uchun uning ketishi jamoada juda katta iz qoldirgani yo‘q. Agar bu holat bir necha yil oldin sodir bo‘lganida tarkibimiz sezilarli darajada sustlashishi aniq edi. Biz «Seltik»ning «Reynjers»ga qarshi o‘yinini ko‘rishga borganimizda men Keyrushga shunday dedim:
-Bugun Roy o‘yin yulduziga aylanadi.
Biroq u deyarli umuman maydonda ko‘rinmadi. Talabchan va jangovor ruhdagi Royni ilg‘ash qiyin edi. Lekin «Seltik Park» unga yoqardi. U menga mashg‘ulotlar majmuasi va «Prozone» tizimi to‘g‘risida gapirib berardi, uni barcha sharoit qoniqtirardi. Munosabatlarimiz oz bo‘lsada iziga tusha boshladi. Bir necha oydan so‘ng Karlush bilan xonamda jamoaning holatini muhokama qilayotganimizda, Roy kelganini va men bilan gaplashishni istayotganini xabar qilishdi. To‘g‘risini aytsam bundan hayratlandim.
-Yomon xulq-atvorim uchun kechirim so‘ramoqchiman, - dedi Roy.
O‘shanda u menga «Seltik»da yaxshi o‘rnashib olgani va ishlari yaxshi ekanini aytib bergandi. Lekin Royning «Reynjers»ga qarshi o‘yinini ko‘rganimda endi avvalgi holatiga qayta olmasligini tushungandim.
Jamoadagi o‘zgarishlar Roy ketishidan oldin boshlangan edi. «Yunayted»dagi o‘zgarmas qoida bu – o‘zining yosh o‘yinchilarini tarbiyalashdan iborat. Kin jamoadan ketganida keyin, yosh o‘yinchilar sekin-asta asosiy tarkibga tushishga tayyorlanishayotgan edi. Darren Fletcher ulg‘aydi va ko‘proq o‘yin vaqtiga ega bo‘lishga urindi, Jonni Evans birinchi tarkibga o‘tdi. Bundan tashqari biz Pak Chi Sonni sotib oldik. Ko‘p hollarda futbolchilar jamoalaridagi o‘yinchilarni o‘zgarayotganini, biri ketib biri kelayotganini payqashmaydi. Buni bilish uchun oddiygina bir chekkada turib jamoani kuzatsangiz kifoya. Masalan Giggz, Skoulz va Nevill, balki Rio bilan Ues Braun ham o‘zgarishlarni sezishlari mumkin. Ammo boshqalar buni ko‘rishmaydi. Ular faqatgina bir narsaga - futbol o‘ynashga e’tibor qaratishgan xolos. Men esa poydevor qanday qurilayotganini kuzatib borardim. Qayta qurish davrida sovrin yutish qiyin bo‘ladi, chunki yangi futbolchilarni jalb etish va yoshlarni sinab ko‘rish uchun bir necha yil sovrinni esdan chiqarish kerak.
Qayta qurish davri uchun «Yunayted»dan hech qachon 3 yoki 4 yil berishni talab qila olmasdim. Shu sababli jarayonni tezlashtirish va o‘rni kelganda ulg‘ayib kelayotgan yoshlarning o‘yinini ko‘rish uchun ulardan ham foylanish kerak. Men hech qachon bundan qo‘rqmaganman, aksincha bu ishimning bir qismi va menga juda yoqadi. Men mazkur uslubni «Sent-Mirren» va «Aberdin»da ham qo‘llaganman. Shuning uchun biz qayta qurish davrida doimo yoshlarga e’tibor qaratganmiz.
Andersonni olishdan oldin, biz uni uzoq kuzatdik. Karlush uning muxlisi edi. Shu bois bir kuni Devid Gill «Sporting»dan Nanini olish uchun Lissabonga borib, qaytishda Portuga kirib Andersonni olish uchun Portugaliyaga jo‘nab ketdi. Ular bizga juda arzonga tushishdi. Ushbu transfer «Yunayted»ning yosh iste’dodli o‘yinchilarga katta e’tibor qaratayotganini ko‘rsatdi. Himoya chizig‘imizda Ferdinand Vidich va Evradan iborat kuchli o‘yinchilarimiz bor edi. Runi ham yuksalishda davom etdi. Tez-tez jarohat olib turgani bois Lui Saa bilan xayrlashdik, lekin oz muddatga bo‘lsada Xenrik Larssonni oldik. Larsson ishonchimizni oqladi va yaxshi o‘yin namoyish eta oldi.
Roy bilan biroz muddat yaxshilangan aloqalarimiz yana yomonlashdi. U gazetalardan biriga bergan intervyusida «Yunayted»ni hayotidan o‘chirib tashlaganini aytgan. Royning bunday qilishdan maqsadi, biz ham uni esdan chiqarishimizni istayotganida edi. Biroq biz uning klub uchun qilgan ishlarini qanday unuta olamiz? Jamoada yetakchilik qila olishi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi tufayli, OAV uni kelajakda murabbiy sifatida ko‘rishni istardi. Muxbirlar doim mendan so‘rashardi: «Roy murabbiy bo‘ladimi?» Lekin murabbiy bo‘lishidan ham avvalroq, ma’lum bir natijaga erishish uchun Roy rejalarini pulsiz amalga oshira olmasligini angladim. U har doim yangi o‘yinchilar sotib olishi kerak edi, chunki mavjud tarkibdan jamoa shakllantirishga sabri chidamas edi.
2011/12 mavsumi davomida «Bazel»dan mag‘lubiyatga uchrab Chempionlar ligasidan chiqib ketganimizda Roy yana yoshlarimizni yomonlashga kirishdi. Bunga javoban men uni «TV tanqidchi» deb haqorat qildim. Hoynahoy uning «Sanderlend» va «Ipsvich»da ishlagan paytidagi ko‘rinishini yaxshi eslasangiz kerak – soqollari oqargan ko‘zlari esa yanada qorayib qolgandi. Ko‘pchilik Royning televideniyada aytgan gapidan ta’sirlangan bo‘lsa kerak – «qarang-a Fergyusonga qarshi chiqishga qanday haddi sig‘ayapti!» Roy tanqidni boshlagan paytda «Yunayted»ni eslab o‘tishiga hech ham shubha qilmasdim.
Yosh o‘yinchilar tanqidiga keladigan bo‘lsak, u hech qachon Runini tilga olishga botina olmasdi, chunki Ueyn buni shundayligicha qoldirmasligi aniq edi. Asosiy tarkib o‘yinchilari u bilan tezda hisob-kitob qilishardi. Ikkita klubda murabbiylik qilganidan xulosa chiqarib aytadigan bo‘lsak, Roy har doim pulga muhtoj bo‘lganini ko‘rish qiyin bo‘lmaydi. U «Sanderlend»da pul sarfladi ammo mag‘lub bo‘ldi, «Ipsvich»da katta pul sarfladi, lekin u yerda ham omadi yurishmadi.
Roy «Sandi Tayms» muxbiri Devid Uolshga bergan intervyusida, meni har doim o‘z shaxsiy ishlarim qiziqtirishini aytib o‘tgan va misol sifatida Manedagi ot bilan bog‘liq kelishmochilikni ko‘rsatgan. Bizni tark etgan kuni ham ko‘zlarida qahr-g‘azab bilan Jonni yodga olgandi. Nega Gibraltar Qoyasiga osilib olganini haligacha tushuna olmayman.
Kin «Yunayted»ni tark etgan o‘sha juma kuni, biz u bilan tafsilotlarni tarqatmaslik haqida kelishib oldik. Roy mana shu kelishuvni birinchi bo‘lib buzmagunicha men jim turdim. «Sanderlend»da murabbiylik qilgan davrida, Roy «Yunayted»dan ketganiga yolg‘on va haqorat sabab bo‘lganini aytib bizni aybladi. Klub uni bu gaplari uchun sudga ham bermoqchi bo‘ldi. Roy aytgan gaplaridan qaytmasligini bir necha marotaba takrorladi. Fikrimcha, u PR-aksiyasini uyushtirmoqchi bo‘ldi shekilli, chunki muxlislar ko‘zida u haligacha qahramon edida. Shunning uchun men Devid Gillga sudgacha bormaslikni maslahat berdim.
Shunday yo‘l tutib biz qadr-qimmatimizni saqlab qoldik deb o‘ylayman.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.