ROY KIN
Roy Kin kuch-g‘ayratga to‘la, tetik, o‘yin strategiyasini yaxshi tushunadigan va tezda jahli chiqadigan o‘yinchi edi. Birga ishlagan davrimizda, u jamoadagi boshqa futbolchilarga gapi o‘tadigan eng nufuzli shaxs edi. Shuning uchun ba’zida o‘yindan oldin jamoani ruhlantirish bo‘yicha yechinish xonasida uyushtiriladigan suhbatlarni uning o‘zi olib borardi. Ruhlantirish jarayoni yuqori darajada o‘tardi. Hech bir murabbiy buni rad eta olmasa kerak.
Shunday bo‘lishiga qaramay Kinning «Yunayted»dan ketishidan oldin aloqalarga sovuqchilik tushib bo‘lgandi. Nega oramizga sovuqchilik tushganini va u «Seltik»ga o‘tib ketganini bilaman. Lekin bundan avval Royning jamoada nima sababdan katta nufuzga erishgani xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Agar Roy yengil-yelpi ish qilayotganingizni bilib qolsa u sizni bo‘laklarga bo‘lib tashlashi aniq edi. Kup o‘yinchilar uning g‘azabiga duchor bo‘lishgan. Undan qochib qutilishning iloji yo‘q edi. Royning ushbu xususiyati menga juda yoqardi, metin irodali o‘yinchilar esa har doim jamoani boshqarishda menga yordam berishgan. Brayan Robson, Stiv Bryus, Erik Kantona kabi o‘yinchilar murabbiyning istagini jamoada so‘zsiz bajarilishini ta’minlovchi futbolchilar edi.
Hali futbol o‘ynab yurgan paytlarimda murabbiylar kichik janjallarga bormaslik uchun o‘yindan so‘ng tushuntirish ishlarini kamdan-kam olib borishardi. Chunki o‘sha paytda asablar tarang holatga bo‘lardi. Shu sababdan o‘yinchilar o‘zaro xatolar ustida tushuntirish ishlarini olib borishardi. Aksariyat hollarda bu dush qabul qilish xonasida bo‘lib o‘tardi: «Sen shundoq imkoniyatdan foydalana olmading-a! Ex seni qarayu....» Men esa himoyachilar va darvozabonga o‘tkazib yuborilgan gol uchun tanbeh berish bilan ovora bo‘lardim. Ularni qattiq so‘kmasdim, chunki ba’zan hujumlarni beliga tepib qo‘ysam, jamoada unchalik ham foydali o‘ringa ega bo‘lmagan o‘yinchilardan ortig‘i bilan dakki eshitishim mumkin edida. Shunning uchun samimiylik ba’zida salbiy oqibatlarga olib kelishi ham mumkin. Hozirgi kunda murabbiylar o‘yindan so‘ng darrov tushuntirish ishlarini olib borishadi. Agar murabbiy ma’lum bir vaziyatni tahlil qilmoqchi bo‘lsa, biror bir o‘yinchini maqtash yoki aksincha tanbeh bermoqchi bo‘lsa, bu ishni o‘yindan keyin 10-15 daqiqa ichida amalga oshiradi. Mazkur muddat ichida olib borilgan tushuntirish ishlari esa eng samarali hisoblanadi.
Roy ichidagi hissiyotlarini jamoaga yetkazishga urinishi ba’zida jiddiy janjallarga va drammatik holatlarga olib kelardi. Bir kuni yechinish xonasiga kirganimda Roy va Rud Van Nistelroyning yoqalashayotganiga guvoh bo‘ldim. O‘yinchilar esa ularni ajratishga urinayotgan edi. Rudning Kinga qarshi chiqa olganini ko‘rib hayratlandim, chunki aksariyat futbolchilar bunday qila olishmasdi. Jahli chiqqan paytda Roy o‘zini vahshiylarcha tutardi va birinchi navbatda raqibiga hujum qilishga urinardi.
Roy endi bunday harakatlari bilan jamoaga ta’sir o‘tkaza olmasligini tushungach asta-sekin o‘zgara bordi – fikrimcha, bu gapimga hattoki Karlush Keyrush ham qo‘shilsa kerak. Vaqt o‘tishi bilan yoshi va jarohatlari Kinga yomon ta’sir ko‘rsata boshlaganda, o‘zimizga foydaliroq bo‘lishi uchun Royning maydondagi rolini o‘zgartirishga urindik. Masala uni maydonning to‘rt tomoniga yugurishini va raqib darvozasi tomonga qarab har doim tashlanishini oldini olib, ma’lum bir pozitsiyada o‘ynashini ta’minlashdan iborat edi. O‘yinchimiz to‘pni olgan zahoti Roy undan to‘pni uzatishni talab qilardi. Bundan faqatgina zavqlanish mumkin. «Yunayted»ning o‘yin g‘oyasi ham aynan shundan iborat edi. Biror bir futbolchimiz to‘pni olib qo‘ygan vaziyatda sheriklari undan to‘p uzatilishini kutib shay holatda turishardi. Yosh esa Royga bunday ruhda o‘ynashga yo‘l qo‘ymayotgan edi va u yangilikka intila olmasdi.
Fikrimcha, Kin vaziyatni yaxshi tushinib turardi, biroq buni tan olish u uchun taslim bo‘lish bilan barobar edi. Roy ishga bor kuchini sarflaydigan o‘yinchi edi. Mavsum davomida u jismonan toliqib qoladigan va maydonda o‘z vazifalarini to‘liq bajara olmaydigan bo‘lib qoldi. Tizzasi va son qismidan olgan jarohatidan so‘ng u avvalgidek o‘ynay olmadi.
Royning maydonda qanchalik kuch sarflashiga baho berish qiyin edi. Lekin yoshing o‘ttizdan oshganda sendagi kaytarib bo‘lmas o‘zgarishlarni kachon ro‘y bera boshlaganini ilg‘ab olishing qiyin bo‘ladi. Senga shon-shuhrat olib kelgan o‘yin uslubini qanday o‘zgartirish mumkin? Biroq borgan sari oldimizda avvalgi Roy Kin gavdalanmayotganini yaqqol ko‘rib borardik. Oxir-oqibat biz uni o‘yinni boshqarib turishi uchun maydon markaziga joylashtirishga qaror qildik. Shubhasiz Roy bizning haq ekanimizni tushunardi, lekin avvalgi rolidan voz kechishi qiyin edi.
Qarama-qarshiligimiz juda uzoq cho‘zildi va oqibatda Royning jamoani tark etib «Seltik»ga ketishiga olib keldi. U o‘zini Piter Penga qiyosladi. Biroq hech qachon bunday bo‘lmaydi. Faqatgina Rayan Giggznigina ushbu doimo yosh ertak qahramoniga o‘xshatish mumkin, chunki unda jiddiy jarohatlar yo‘q edida. Royning esa bir nechta jiddiy jarohati bor edi. Masalan sonidagi jarohati unga katta muammolarni olib keldi va jismoniy holatiga yomon ta’sir qildi.
Birinchi marotaba aloqalarimiz 2005 yilning yozida Portugaliyaga mavsum oldi yig‘inga borganimizda yomonlashdi. Bu fikr Keyrushdan tug‘ilgan edi va u tashkiliy ishlarni a’lo bajardi. Vale-do-Lobo – yerdagi jannat. Mashg‘ulot maydonchasi, sport zali va futbolchilar uchun qulay bo‘lgan kichik uylar. Men Fransiyada o‘tkazgan ta’tildan so‘ng u yerga yetib bordim. Kelgunimcha shtabning barcha a’zolari va o‘yinchilari o‘z villalariga joylashib olishgandi. Biroq yomon xabar ham bor edi, Roy Keyrushning kayfiyatini haqiqiy do‘zaxga aylantirgan ekan. Muammo nimada ekanini surishtirganimda, Royga ushbu uy yoqmaganini va ular tegishli standartlarga javob bermagani uchun u yerda turishni istamayotgani ma’lum bo‘ldi. Birinchi uyda sovutish moslamasi yo‘q ekan, ikkinchi uyda ham xuddi shunday, uchinchi uyda barcha sharoit bo‘lsada negadir unga ma’qul kelmadi. Oqibatda Roy oilasi bilan qo‘shni Kvinta-do-Lago kurortida joylashdi.
Birinchi kuni biz tansiq taomlar buyurtirib mehmonxonada dam oldik. Barchasi ko‘ngildagidek edi, ammo Roy oldimga kelib gaplashib olishimizni so‘radi.
-Roy bugunchalik dam olaylik. Ertaga bafurja gaplasharmiz, - deya taklif bildirdim.
Keyingi kuni mashg‘ulotlardan so‘ng biz chekkaroq joyga bordik.
-Nema bo‘ldi Roy? Men uylarni ko‘rib chiqdim, ularga gap yo‘q! – deb gap boshladim.
Bunga javoban esa Roydan sovutish moslamasi yo‘qligidan tortib bir savat noroziliklarni eshitdim. Keyin u Karlushdan xafaligini aytdi – «nega bu yerga keldik o‘zi» shunga o‘xshash gaplar. O‘sha mavsum oldi yig‘inida Roy jamoadan uzoqlashdi, bu meni qattiq xafa qilib o‘rtamizdagi munosabatlarga sovuqchilik tushishiga zamin yaratdi. Mazkur holat barchaga qulay bo‘lishini ta’minlashga harakat qilgan Keyrush uchun achinarli edi. Uyga qaytgach Royni kechirim so‘rashi uchun Keyrush bilan uchrashtirmoqchi bo‘ldim, lekin u bunga ko‘nmadi.
Shunda biz arazlashib qoldik:
-Sen o‘zgaribsan, - dedi.
Shunday deb javob berdim:
-Roy men har doim o‘zgarib boraman, chunki bugungi kun ertangisidan farq qiladi, bundan tashqari dunyoning o‘zi kun sayin o‘zgarib borayapti. Jamoamizda yigirmata millatga mansub futbolchilar to‘p suradi! Sen esa o‘zgaribsan deyapsanmi? Men ham shunday deb umid qilaman, bo‘lmasa mendan yaxshi murabbiy chiqmas edi.
U menga qarab shunday dedi:
-Sen avvalgidek emassan.
Suhbatimiz ping-pongga o‘xshardi. Royga hatti-harakati noo‘rin ekanini tushuntirdim:
-Sen sardorsan va boshqa o‘yinchilarga nisbatan ma’suliyatsizlik qilding. Agar biror bir kulbada yotishni taklif etishganda seni tushungan bo‘lardim, biroq u yerdagi xonalar juda shinam edi!
O‘sha kundan boshlab unga bo‘lgan hurmatim yo‘qola boshladi va munosabatlarimiz to‘liq buzildi. Shundan so‘ng klub telekanalida Royning jamoadagi ba’zi yosh o‘yinchilarni vijdonsiz ishlashi haqidagi intervyusi paydo bo‘ldi. Bizda intervyu berishning tartibi bor edi va aynan o‘sha kuni «MUTV» muxbirlari bilan Gari Nevill suhbat o‘tkazishi kerak edi. Biroq shanba kungi «Midlsbro»ga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot xizmati xodimi menga, Roy Gari bilan o‘rin almashishni istayotgani haqida xabar berdi. Tan olish kerak bu vaziyatga unchalik e’tibor qilmadim. Oqibatda Kin o‘sha yomon o‘tkazilgan o‘yinda ishtirok etgan o‘yinchilar ustidan tanqid yomg‘irini yog‘dirdi. Dushanba kuni soat to‘rtlarda uyimga qo‘ng‘iroq qilishdi:
-Siz buni ko‘rishingiz kerak.
Kin Kiran Richardsonni «yalqov himoyachi» deya haqoratladi va nega Shotlandiyada barcha Fletcherni yaxshi ko‘rishini aytib o‘tdi. Rio haqida esa: «agar sen haftasida 120 ming funt olib «Tottenxem»ga qarshi 20 daqiqa yaxshi o‘ynasang, bu superyulduz bo‘lding degani emas» dedi. Matbuot xizmati tezda Devid Gill bilan bog‘landi. Intervyuni efirga qo‘yish yoki qo‘ymaslik qarori esa menga yuklatildi.
-Yaxshi, intervyu tasmasini ofisimga olib kelinglar, uni ertaga ertalab ko‘rib chiqaman.
Yo xudo, ko‘zlarimga ishonmasdim. U o‘yinchilarni birma-bir eslab o‘tgan ekan. Darren Fletcher, Alan Smit, van der Sar – barcha o‘z ulushini olgandi. Keyingi haftada o‘yinimiz yo‘q edi, shuning uchun futbol maktabimizni ko‘rish uchun Dubayga cho‘nab ketishim kerak edi. Biroq ertalab Gari Nevil menga qo‘ng‘iroq qilib yechinish xonasiga tushishimni so‘radi. Yechinish xonasiga borar ekanman, Roy o‘yinchilardan kechirim so‘ragan degan umid bilan qadam tashlardim. Buning o‘rniga esa Gari menga o‘yinchilar mashg‘ulotlardan norozi ekanliklarini ma’lum qildi. Menga shunday eshitildi deb o‘ylab qayta so‘radim: «Nima deding?» Shunda xayolimga Kin jamoadagi o‘yinchilarga ta’sir o‘tkaza olishidan foydalanib, vaziyatni kerakli tomonga burib olgan degan fikr keldi. Men sizlarga faqatgina bir gap aytaman, Karlush juda yaxshi murabbiy va ajoyib mashg‘ulot olib boradi. Ha, portugaliyalik mutaxassis bitta mashg‘ulotni bir necha marotaba takrorlashni buyursada, ammo bu futbolchining malakasini oshirishga katta yordam beradi. Taxminan shunday ma’noda ularga tushuntirdim:
-Sizlar mashg‘ulotlardan norozi ekaningizni bildirish uchun meni bu yerga chaqirdilaringmi? Bu masalani ko‘tarmay qo‘ya qolinglar! Men eshitishni ham xohlamayman.
Chiqib ketdim.
Biroz vaqtdan keyin yonimga Roy keldi va men unga shunday dedim:
-Men barchasidan xabardorman, - deb intervyu haqida gapira boshladim.
-Bu uyatdan boshqa hech narsa emas. O‘z jamoadoshlaringni tanqid qilsang-a! Qilg‘ilikni qilib buni efirga uzatilishini istayapsanmi?
Bunga javoban Roy tasmani jamoadoshlariga ko‘rsatib, uni efirga uzatilishi yoki uzatilmasligini ovozga qo‘yishni taklif etdi. Men rozi bo‘ldim va murabbiylar shtabi bilan birgalikda barcha o‘yinchilar xonamda yig‘ilishdi. Devid Gill ham ish joyida edi, ammo u g‘alvada ishtirok etishni istamadi va qaror chiqarishni menga qo‘yib berdi.
Tomosha qilib bo‘lgach Kin yig‘ilganlardan intervyu borasida savollar bormi deb so‘radi. Van der Sar unda savol borligini aytdi. O‘z klubdoshlaringni tanqid kilish - bu pastkashlik. Roy Edvinga tashlandi:
-Sen o‘zi kim san, «Manchester Yunayted» haqida nima bilasan?
Van Nistelroy darvozabonimizni himoya qila boshladi, Kin esa Rudga tashlandi. Keyinchalik navbat Karlushga keldi. Meni esa desertga olib qo‘ydi:
-Sen shaxsiy manfaatlaringni klub manfaatlariga aralashtiryapsan!
O‘sha payt o‘yinchilar eshikdan chiqib ketishayotgan edi - Skoulz, Van Nistelroy, Forchun.
Royning tili juda o‘tkir edi. U tili yordamida o‘ziga ishongan odamni ham qurolsizlantira olardi. Bahslashayotgan paytda uning ko‘z qorachiqlari kichrayib qora nuqtaga aylanib qolganiga guvoh bo‘ldim. Bu juda ham qo‘rqinchli bo‘lsada, lekin kelib chiqishim Glazgolik eganini eslatib o‘taman.
Roy chiqib ketgach ruhan tushkunlikka tushib qoldim, bu ahvolimni esa Karlush ko‘rib turgandi. U mega shunday dedi:
-Hech qachon bunday holatga guvoh bo‘lmagandim. Bu faoliyatim davomidagi eng jirkanch spektakl bo‘ldi.
-U ketishi kerak, - deb javob berdim.
Keyingi chorshanba kunigacha safarda bo‘ldim, biroq Dubaydan turib Devid Gillga qo‘ng‘iroq qildim:
-Biz Roy Kin bilan xayrlashishimiz kerak.
Devid ham fikrimga qo‘shildi. Lekin Gleyzerlarni ham bundan voqif qilishimiz kerak edi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng ular ham bizning qarorimizga rozi bo‘lishdi. Bundan tashqari biz Devid bilan Royning shartnomani muddatidan avval yakunlashi uchun unga qo‘shimcha mablag‘ ajratishga qaror qildik. Shunda hech kim bizni Roy bilan nohaq shartnomani buzganlikda ayblay olmasdi.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.