Krishtianu Ronaldu men ishlashga to‘g‘ri kelgan eng iste’dodli o‘yinchi edi.
O‘z davrida buyuk futbolchilarni tarbiyalaganman, ammo Ronaldu ularning barchasidan ustun turgan. U bilan faqatgina Giggz va Skoulzni bir qatorga qo‘yish mumkin.
Ularni Krishtianu bilan «Manchester Yunayted»da yigirma yil davomida to‘p surib kelayotgani tufayli tenglashtirish mumkin. Ushbu o‘yinchilarning futboldagi hayoti bir-birovidan juda farq qilardi.
Sehrgar Ronaldu ko‘p yildan beri Madridda o‘ynab kelayotganiga qaramay, biz uning jamoadagi o‘yinlarini faxr bilan eslab tilga olamiz. Barchasi uchun undan minnatdormiz. U 2003 yildan 2009 yilgacha o‘tkazilgan olti mavsumning 292 o‘yinida 118 marotaba to‘p kiritishga erishgan. Ronaldu biz bilan Chempionlar ligasi, Angliya Kubogi, ikki marotaba Liga Kubogi va uch marotaba Premer-liga g‘olibiga aylangan. U 2008 yili Moskvada bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi finalida «Chelsi»ga qarshi o‘yinda gol urishga erishgan. Bundan bir yil o‘tgach esa, u Rim shahrida bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi finali doirasida bizni mag‘lubiyatga uchratgan «Barselona»ga qarshi o‘yinda ham gol urib – jamoamizni tark etdi.
Shu vaqt oralig‘ida biz ist’dodli Ronalduni Karingtondagi mashg‘ulotlar bazasida ham, jamoaning asosiy tarkibida ham kuzatdik. Biz Ronalduga o‘zi xohlangandek o‘yinchi bo‘lishiga yordam berdik, u bo‘lsa «Yunayted»ga qiziqarli va yorqin o‘yinni qaytarishga ko‘maklashdi.
«Real» uni 80 million funtga sotib oldi, bilasizmi nega? Florentino Peres bu bilan: «Biz Madridning «Real» jamoasimiz va biz katta sahnada o‘ynaymiz» demoqchi bo‘ldi. Ular faqatgina eng yaxshi futbolchilarni sotib olishga bel bog‘lab to‘g‘ri qaror qabul qilishdi deb o‘ylayman.
Klubning Peresdan oldingi prezidenti Ramon Kalderon – Ronaldu albatta «Real»ga o‘tishi kerakligini ta’kidladi. Ular 80 million taklif etishsa Krishtianu bizni tark etishidan xabardor edim. Biz Ronalduga Di Stefano va Zidandek o‘yinchilar to‘p surayotgan klub futbolkasini kiyib o‘sha jamoada to‘p surishini rad etishimiz qiyin edi. Chunki uning o‘zi «Real»da o‘ynashni chin dildan istab turgandi. Klubda o‘smirlik paytida paydo bo‘lgan Ronaldu va boshqa yosh futbolchilar bilan ishlashning ko‘rkamligi shunda ediki, ular hali jahon yulduzi sanalishmasdi, ammo yulduzlik shohsupasiga endigina qadam tashlashayotgan edi. Ular Krishtianudek super yulduz darajasiga ko‘tarilganlarida esa, men ham Keyrush ham o‘zimizga savollar bera boshlardik: «Biz ularni qachongacha o‘zimizda ushlab qola olarkanmiz?»
Keyrush qaror qabul qilishda adashmasdi. U shunday deb bashorat qilgandi:
-Aleks sen uni besh yil jamoada saqlab qola olsang, baxtli insonga aylanasan. Gapimga quloq sol, hali hech bir o‘n yetti yoshar portugaliyalik futbolchi xorijiy klubga o‘tib o‘sha jamoada besh yil qolib ketgan emas.
Shu sababli uning Manchesterda olti mavsum qolishini o‘ziga xos bonus deb baholasak bo‘ladi. Ronaldu yordamida biz yettita sovrinni qo‘lga kiritdik. Fikrimcha bu ajoyib kelishuv bo‘ldi.
Uning ketish ehtimoli aniq bo‘lib ulgurganda esa, biz Krishtianu bilan jentlmenlik kelishuviga erishdik. «Real» klubiga o‘tishni orzu qilayotgan yigitcha bilan ko‘rishib, unga qiyidagi gaplarni aytish uchun Keyrushning Portugaliyadagi uyiga bordim:
-Sen bu yil hech qaergan ketmaysan, ayniqsa Kalderonning bunday balandparvoz gapidan so‘ng. Bilaman sen Madridda o‘ynashni istayapsan, ammo ayni paytda seni ularga sotgandan ko‘ra otib tashlaganim ma’qulroq.
Bu haqda uning agenti - Jorje Mendeshga xabar qildim.
Men uning ovozini o‘chirishga majbur etib to‘g‘ri ish qildim. Mendeshga Krishtianuni faqatgina Kalderonning aytgan gaplari uchun sotmasligimni aytdim:
-Agar men uni sotadigan bo‘lsam obro‘yimdan va borimdan ayrilaman. Ish bungacha yetib bormasada, lekin bilib qo‘y - hattoki zaxirada qolib ketadigan bo‘lsang ham men bu yili seni ketishingga yo‘l qo‘ymayman.
Bo‘lgan voqeani to‘lig‘icha Devid Gilga tushuntirdim, so‘ng bu xabar Gleyzerlargacha yetib bordi va fikrimcha yangilik haqida Madridliklar ham xabar topishga ulgurishdi. Kelishuvimizning ba’zi bir qismlari xabarlarda chiqib ketishidan cho‘chidik va bu haqda Krishtianuni ogohlantirib qo‘ydik. Men uni Madridliklarga biror xabar yetkazishiga ishonmasdim. Jorje Mendesh – men ishlashga to‘g‘ri kelgan eng yaxshi agentlardan biri. U ishini a’lo darajada bajarardi va har bir o‘yinchilari haqida qayg‘urib klublar bilan halol ishlardi. Men uni Ronalduning Ispaniyaga ketishidan xavsirayotganini sezib turardim. Fikrimcha Mendesh uni yoqotishdan qo‘rqardi.
Ronalduning eng yomon o‘ynagan o‘yinida ham uch-to‘rtta golga tortadigan vaziyat yarata olishi meni qoyil qoldirardi. Uning o‘tkazgan barcha o‘yinini ko‘rib video tasmalarni tahlil qilsangiz, Ronalduning har bir o‘yinda bir nechta golga tortadigan vaziyatlar yaratganiga o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin. Aql bovar qilmas iste’dodga ega Ronaldu, mashg‘ulot davomida ham tezligi, bosh bilan mohirona o‘ynashi va ikkala oyog‘ida ham bir xil kuchli zarba bera olishi bilan boshqarlardan yaqqol ajralib turardi.
Faoliyatining boshida u yetarlicha ayyor o‘yinchi edi. Ronaldu birinchi tarbiyasini, futbol – sportdan ko‘ra ko‘proq teatrdek bo‘lgan mamlakatda olgan. U tez-tez noo‘rin tanqidlar qo‘rboniga aylanardi. Biroq vaqt o‘tib Krishtianu o‘zgarib ketdi. Tanqidchilarga yoqadigan tomoni – Krishtianuning yuqori tezligi edi. Agar siz katta tezlik bilan yugurib ketayotgan o‘yinchini barmog‘ingiz bilan bexosdan turtsangiz, u o‘zini tutib turolmay yiqilib tushishi aniq. Inson yugurayotgan paytda o‘z tanasini boshqarishi qiyin va muvozanatini yo‘qotish ehtimoli juda katta bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda tezlik va muvozanatni saqlab turish omiliga e’tibor qilmaslik esa xatoga yo‘l qo‘yish bilan barobar.
Rad etmayman, faoliyatining boshida u biroz o‘zboshimcha edi, biroq Karlush uning iste’dodini to‘g‘ri yo‘lga solish ustida ko‘p ishladi.
-Seni klubdan tashqaridagi odamlar buyuk deb hisoblashgan taqdirdagina, haqiqatdan ham buyuk futbolchi bo‘lishing mumkin. Faqatgina jamoa uchun buyuk futbolchi bo‘lish yetarli emas, - dedi Keyrush va qo‘shimcha sifatida: - Agar sen tezligingni boshqarib vaqtida to‘p uzatishni amalga oshirsang, raqib o‘yinchilari harakatlaringni oldindan payqashlari qiyin bo‘ladi. Ana o‘shanda sen shubhasiz buyuk futbolchiga aylanasan.
Ronaldu to‘pni o‘zida ko‘p ushlab turishini raqib futbolchilari yaxshi bilishardi. Lekin 2008-2009 yilgi Chempionlar ligasi yarim finali doirasida bo‘lib o‘tgan «Arsenal»ga qarshi o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, Krishtianuning o‘shandagi hatti-harakatlarini bir eslab ko‘ring-a. Biz qarshi hujumga otlandik, - Ronaldu tovoni bilan to‘pni ajoyib tarzda Pak Chi Songa yetkazib berdi va biz 9 soniya ichida raqib jarima maydonchasi yoniga yetib keldik. Aynan mana shu 9 soniya qarshi hujumni gol bilan yakunlanishiga zamin yaratdi.
Ushbu o‘yin sharmandalikdan qutilib qolish va uning yaxshi futbolchi ekanini barchaga tushuntirish masalasiga nuqta qo‘ydi. Ha, aynan shunday, o‘z iste’dodini ko‘z-ko‘z qilish barcha mashhur futbolchilarning ehtiyoji sanaladi. Ronaldu «mashhurlik» ketidan yugurish mashqlarini ham qo‘ymadi. Uni qanchalik maydonga qulatishlari va undan to‘pni olib qo‘yishlariga qaramay shunday derdi: «Sen hech qachon meni o‘yindan chiqarib tashlay olmaysan. Men - Ronalduman». U o‘ziga ishongan va dovyurak o‘yinchi edi. Krishtianu o‘zini shunchalik yuqori baholardiki, ko‘zlarida butun «Manchester Yunayted» uning iste’dodidan hayratlanayotgandek ko‘rinardi.
Boshqa futbolchilar mashqlar davomida unga ancha-muncha narsalarni o‘rgatishdi. O‘shanda Karingtondagi bazamizda to‘pni undan olib qo‘yishganda, u qo‘rqinchli ovozlar chiqarardi: «A-A-A-A-A!» O‘yinchilarni esa uning qiliqlari g‘azablantirardi. Lekin biroz muddatdan so‘ng u o‘zini bosib oldi. Unga berayotgan tarbiyamiz asta sekin ish bera boshladi. Ronaldu g‘alati tovushlari va yiqilishlari bilan jamoadoshlarining hurmatini qozona olmasligini tushundi. 2008 yilgi «Bolton»ga qarshi o‘yinda Ronalduga nisbatan jarima maydonchasi ichida qo‘pollik ishlatilgandek tuyuldi. Ammo u yerda hech qanday qoidabuzarlik bo‘lmagandi. O‘sha vaziyatda Ronaldu penalti ishlashga harakat ham qilmagandi, bu hakamning xatosi edi xolos. Himoyachi Ronalduning yonida turgan to‘pni qo‘pollik ishlatmay maydondan tashqari chiqarib yubordi, u esa o‘z muvozanatini yo‘qotib yiqilib tushdi. O‘yin bosh hakami Rob Staylz o‘sha vaziyatga nisbatan noto‘g‘ri qaror qabul qildi.
Boshqa klublarning uni «Yunayted»dan oldin qo‘lga kiritishlari haqidagi gaplarga qaramay («Real» va «Arsenal» vakillari bu haqda aytishgan edi), uni olishimizga «Sporting» bilan tuzgan shartnomamiz qo‘l keldi. Biz uni kuzatish uchun murabbiylarimizni jo‘natganimizda, boshqa klublar ham shunday qilishgan ekan. 2002 yili Karlush klubga kelgach shunday degandi:
-»Sporting»da bir yosh yigitcha to‘p suradi. Fikrimcha uni ko‘z ostimizga olishimiz kerak.
-Qaysi o‘yinchi? – deb so‘radim, chunki ularda bir nechta yaxshi o‘yinchi bor edi.
-Ronaldu, - deb javob berdi.
U haqda barcha ma’lumotga ega edik, - o‘shanda Krishtianu markaziy hujumda to‘p surardi. Karlush uni tezroq jamoaga olib kelishimiz uchun harakat qilishimiz kerakligini ta’kidladi. Chunki u o‘zgacha futbolchi edi. Biz tezda Jim Rayanni «Sporting» mashg‘ulotlarini kuzatish uchun jo‘natdik. Qaytib kelgach u shunday dedi:
-Vau, men shunday o‘yinchini ko‘rdim! U yoshlar jamoasida markaziy hujumchi vazifasini bajaradi, biroq fikrimcha yarim himoyada undanda foydaliroq bo‘lsa kerak. Men kutib turmadim, chunki 17 yoshga to‘lganida uni olib ketib qolishlarini yaxshi bilardim.
Biz vunderkind o‘yinchini olish bo‘yicha «Sporting» bilan muzokaralarni boshladik, lekin klub uni yana ikki yilcha o‘zida olib qolish niyatini bildirdi. Men ularga boshqacha shartnoma taklif etdim. Unga ko‘ra, Ronaldu ikki yil o‘z jamoasiga yordam bergach Angliyaga kelib to‘g‘ri «MYu»ga qo‘shilishi kerak edi. Ta’kidlab o‘taman, shartnoma faqatgina klublar o‘rtasida tuzildi va o‘rtada hech qanday agent bilan muzokara olib borilmadi.
O‘sha yozda Keyrush «Real»da mashg‘ulot olib borish uchun jo‘nab ketdi, biz esa Amerikaga tur uyushtirdik. Shu bilan birgalikda Xuan Sebastyan Veron va Piter Kenon ham jamoani tark etishdi. Biz «Sporting» bilan Yevro-2004 musobaqasi uchun qurilgan yangi maydonda o‘yin o‘tkazishga kelishib oldik.
O‘yin boshlandi. Jon O'Shi o‘ng qanot himoyachisi vazifasida o‘ynadi. Ba’zilar o‘sha o‘yinda Ronaldu Gari Nevillni «g‘achib» tashlaganini haligacha ta’kidlashsada, biroq haqiqatda ushbu pozitsiyada Jon O'Shi to‘p surgan edi. Ronalduning birinchi omadli to‘p uzatishidan so‘ng men O'Shiga:
-Xudo haqqi Shizi, unga yaqinroq o‘yna!
Jon nima bo‘lganini fahmlay olmadi va yelkalarini qisib qo‘ydi. Zaxirada o‘tirgan o‘yinchilar menga shunday deyishardi:
-Boss, bu yigitcha juda zo‘r o‘ynarkan.
Men esa shunday deb javob berdim:
-Xavotirga o‘rin yo‘q, men hammasini rejalashtirib qo‘yganman.
Men bu gapni go‘yoki o‘n yil oldin u bilan shartnoma tuzib qo‘ygandek bamaylixotir aytdim. Shundan so‘ng men ekipirovkalar uchun javobgar Albertga VIP-lojada o‘tirgan Kenonni chaqirib kelishini buyurdim.
-Bu yigitchani jamoamizga olmagunimizcha hech kim bu yerdan ketmaydi, - dedim Piterga.
-U haqiqatdan ham shunchalik yaxshimi? – deb so‘radi Kenon.
-Unga qarshi o‘yindan so‘ng O'Shining boshi qattiq og‘rib qoldi, - deb javob berdim. – Uni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak.
Kenon klub vakillari bilan uchrashgach, Ronaldu bilan uchrashuv belgiladik. Ular «Real» Ronaldu uchun 8 million funt berishga tayyorligi haqida ogohlantirishdi.
-Demak biz 9 million taklif etamiz, - dedim.
Ronaldu agenti bilan pastdagi xonada o‘tirganida biz unga taklifimiz jiddiyligi haqida xabar berdik. Mendeshning yonida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday dedim:
-Sen har hafta o‘ynamaysan, biroq tez orada asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanasan. Endigina 17 yoshga to‘lganingga zarracha shubhalanmayman. Seni o‘yinimiz modeliga moslashtirish uchun menga biroz vaqt kerak.
Keyingi kuni Krishtianu, onasi, opasi, Jorje Mendesh va advokati xususiy samolyotda Manchesterga uchib kelishdi. Biz kelishuvni oxirigacha yetkazishimiz shart bo‘lgani bois, buni yashin tezligida amalga oshirdik. O‘z vaqtida Glazgodan iste’dodlarni izlardim, ularni topib jamoaga olib kelganimda esa shunday derdim: «o‘zing izlab topgan futbolchi bilan ishlash har doim maroqli bo‘ladi».
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.