Klubda endigina o’zgarishlar davri hukum sura boshlayotgan edi. 2003 yilning yozidan 2006 yilning may oyigacha, faoliyatim davrida sovrinlar uchun kurash olib borgan eng og’ir damlar bo’ldi.
Biz 2004 yilda faqatgina Angliya Kubogini, ikki yildan so’ng esa Liga Kubogini qo’lga kirita oldik xolos. O’sha davr Premer-ligada ballar bo’yicha «Arsenal» va «Chelsi» hukumronlik qilishayotgan edi.
Krishtianu Ronaldu va Ueyn Runi jamoaning asosiga aylanib, 2007-2008 yildagi Chempionlar ligasi g’olibligini qo’lga kiritishguncha, biz uzoq va tikanli yo’lni bosib o’tishimizga to’g’ri keldi. Biz jamoani kuchaytirish uchun tajribali futbolchilarni tarkibga jalb eta boshladik, afsuski ulardan hech biri jamoa umidini oqlay olmadi. Devid Bekxem «Real»ga o’tib ketdi, Veron esa «Chelsi»ga o’tdi. Bartezning o’rniga Tim Xovard keldi va yana Kleberson, Erik Jemba-Jemba va David Bellon kabi futbolchilar tarkibga qo’shilishdi. Ronaldino ham shular qatoriga kirishi mumkin edi, ammo o’ning jamoaga o’tishi amalga oshmay qoldi.
Biz boshqacha yo’l tutishga qaror qildik. Jamoaga darrov kirishib o’ynab keta oladigan va sinalgan futbolchilarni sotib olishga qaror qildik. Misol uchun 24 yoshli Kleberson olaylik. U Braziliya terma jamoasida chempion bo’lgan edi. Veron esa jahon futbol tanigan, katta obro’ga ega bo’lgan o’yinchi edi. Jemba-Jemba Frantsiyada munosib o’yin ko’rsatayotgan edi. Bu o’yinchilarni engil qo’lga kiritishimiz meni xavotirga solayotgan edi. Men bunday xaridlarni yoqtirmayman – men futbolchi uchun kurarshishni istayman. O’yinchi uchun kurashsang, uni yuksak qadr-qimmatga ega ekanligini tushunib etasan. Klubning jamoani tark etayotgan futbolchisini jon-jahti bilan o’zida olib qolishga harakat qilishi menga yoqadi. Biroq biz qo’lga kiritayotgan futbolchilar hech qanday qiyinchiliksiz jamoaga kelib qo’shilishdi.
Bu transferlar menga, go’yoki mamlakatdagi har bir darvozabonni o’z safimizga qo’shib olayotgandek tuyuldi. Birinchi misol - Mark Bosnich. Bosnichning sotib olinishi, kuzda Peter Shmeyxelning mavsum yakunlangach jamoani tark etishi niyatini bildirgani bilan bog’liq edi. Bunday qaror bizni tang ahvolga solib qo’ydi, shu sababli tezda uning o’rniga boshqa darvozabon sotib olishga to’g’ri kelgandi.
Uning maydondan tashqari qilayotgan ishlari haqida ma’lumotga ega bo’lishimizga qaramay, yanvar oyida Bosnich bilan ko’rishdik. Men darvozabonni mashg’ulotlar davomida tekshirishlari uchun mutaxassislarni jo’natdim. To’g’risini aytsam, u meni hayratda qoldiradigan hech narsa qila olmadi: Marko Bosnich – MYu uchun to’g’ri tanlov. Shuning uchun fikrimni o’zgartirib, Edvin van der Sarni jamoaga olib kelishga qarror qildim. Uning agenti bilan muzokara olib borgach, Martin Edvards tomon yo’l oldim va undan quyidagi gaplarni eshitdim:
-Aleks meni to’g’ri tushun, biroq men Bosnich bilan kelishib olganman.
Bu menga qattiq zarba bo’ldi. Martin Bosnich bilan shartnoma shartlarini kelishib bo’lgan ekan. Uni chuqur hurmat qilganim sababli qarshilik qilgim kelmadi. Bu biz uchun omadsiz transfer bo’ldi. Bosnich katta muammoga aylandi. Uning mashg’ulotlardagi ishlari va jismoniy jihati klubimiz darajasiga umuman to’g’ri kelmas edi. Shunga qaramay biz unga ishlov berib, ozmi-ko’pmi uning o’yinini yaxshilashga erishdik. Natijada Bosnich, «Palmeyras»ga qarshi Qit’alararo kubokda ajoyib o’yin ko’rsatdi va biz g’alabaga erishdik. O’sha o’yinda Giggzni emas Bosnichni «o’yining eng yaxshi futbolchisi» deb topishlari kerak edi.
Fevralda bizni «Uimbldon»ga qarshi o’yin kutib turgan edi. O’yin oldidan Bosnich qorin g’amida sendvich, steyk va boshqa shunga o’xshash taomlarni paqqos tushirib, ovqatlanish tartibiga amal qilmadi. U oldidagi ovqatlarni otdek yamlamay yutardi.
Shunda men o’zimni to’xtatib tura olmay:
-Xudo haqqi Mark, sen bizga bugun keraksan axir, nega hamma narsani ketma-ket eysan?
-Juda och qoldim, patron! – deb javob berdi.
Manchesterga endigina kelgandik, Mark bo’lsa xitoy restoranidan taom buyurtirishni boshlab yubordi.
-Nafsingni tiya olasanmi? – jahl bilan so’radim. Ishlaringni o’ylab qil!
Ammo unga aytgan gaplarim behuda ketdi.
Peter Shmeyxelni yoqotishimiz, o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi. U dunyodagi eng zo’r darvozabon edi. Biz uni van der Sarga o’zgartirishimiz kerak edi. Uning agenti menga shunday dedi: «Tezroq harakatinglarni qilmasalaring, u «Yuventus»ga o’tishi mumkin. Chunki Edvin turinliklar bilan muzokara olib borayapti». Ammo endi kech bo’lgan edi. Men van der Sarning agentiga, boshqa darvozabon bilan kelishib bo’lganimizni va unga yuborgan taklifimizni rad etishimizni aytdim.
Men uni ham, Bosnichni ham sotib olishim kerak edi. Biz tezda Markdan sovib qoldik. Edvin, Shmeyxelning o’rnini bilintirmas va faoliyatimning oxirigacha biz bilan birga qolgan bo’lardi. O’shanda balki Massimo Taibi yoki Bartez uchun pul sarflashimizga to’g’ri ham kelmasdi. Faben ajoyib darvozabon edi, biroq Frantsiyadagi muammolari uni chalg’itib turardi.
Keyinchalik van der Sarning Shmeyxel kabi buyuk darvozabon ekanligiga guvoh bo’ldik, ammo ular o’rtasida ma’lum bir farqlar bor edi. Shmeyxel fantastik seyvlarni amalga oshirib turardi. Aqlbovar qilmas harakatlar! Yo Xudo, u qanday qilib bu to’pni qaytara oldi?» – hayratlanardim. U jismonan elastik va balandroq sakray olardi. Van der Sarga keladigan bo’lsak, - bosiq, o’zini boshqara oladigan va to’p bilan erkin harakatlana oladigan darvozabon edi. Deyarli bir-biriga o’xshash ikki xildagi darvozabonlar. Edvin atrofidagilarga ijobiy ta’sir ko’rsatardi.
Shmeyxelda Stiv Bryus va Gari Pallister kabi bir ikkita futbolchilar bilan qarama qarshilik bor edi. U ora-sira o’z o’rnini tashlab jarima maydonchasidan chiqib ketardi va bor ovozi bilan Bryusga baqirardi. Bryus esa o’z navbatida unga shunday deb javob qaytarardi:
-O’rningga qayt nemis.
Bundan g’azablangan Shmeyxel shunday derdi:
-Ha men nemisman!
Shunga qaramay ular maydondan tashqarida yaxshi kelishishardi. Uning ovozi juda qattiq edi. «Immillamay tezroq harakat qilmaysizlarmi?!» – deb baqirardi jamoadoshlariga. Shmeyxel ham jamoadoshlariga shu ruhdagi tanbehlarni berib turardi. Faoliyatim davrida dunyodagi ikkita eng zo’r darvozabonlar bilan ishlashimga to’g’ri kelgan. Piter Shilton va Janluiji Buffon tahsinga loyiq darvozabonlar, lekin men uchun 1990 yildan 2010 yilgacha eng zo’r darvozabon Shmeyxel va van der Sar bo’lishgan.
Darvozabon seyvlarni amalga oshirishdan tashqari, o’z xatolarini to’g’ri qabul qilishi va ular ustida ishlashi kerak. «Manchester Yunayted»ning davrozaboni, qilgan xatolarini qaytib takrorlamasligi uchun metin irodaga ega bo’lishi kerak. Shmeyxelni klubga olishdan oldin, uni ko’p marotaba tekshirdim. Darvozbonlar murabbiyi Alan Xojkinson o’shanda menga shunday degan edi:
-U o’z kuchiga ishonadi. Uni tezroq qo’lga kirit.
Shmeyxelni birinchi o’yinlardan biri «Uimbldon»ga qarshi bo’lgan edi. «Bir guruh ruhiy kasallar» uni doimiy pressing qilib, unga qarshi tirsak va tizzalarini ishlatishardi. Shmeyxelning jahli chiqib o’yin rasmiylaridan yordam so’ray boshladi. «Hakam, hakam!».
Bu holatni kuzata turib, Shmeyxel bu erda ko’nikib keta olmasa kerak degan xayolga bordim. Hakam maydondagi bitta mojaroni bosti-bosti qilishga ulgurmay, ikkinchisi boshlanardi. Bundan ham oldinroq bo’lib o’tgan o’yinda, Peter uzoq burchakka etkazib berilayotgan to’pni ushlab olish uchun juda kech unga chiqib bordi. Li Chapman havodan etkazib berilgan to’pni darvozaga joylab qo’ydi. Shmeyxel ko’nikish jarayonida xatolarga yo’l qo’yardi. Odamlar esa: «Darvoza oldida nimalar sodir bo’layapti?» deb so’rashardi. Biroq uning ruhiy tetikligi, har qanaqa bosimga qaramay o’z ishiga e’tiborlik bilan yondashishiga xalaqit bermas edi. Peter to’pni o’zgacha tarzda o’yinga kiritardi. Ushbu xususiyatlarning bari uni og’ir kunlardan eson omon o’tib olishiga yordam berdi.
Van der Sar himoyamizda ko’p o’zgarishlarni ko’rdi. Shmeyxel esa Parker, Bryus, Pallister, Irvindan iborat to’rt himoyachi bilan uzoq yil davomida darvozamizni himoya qilib keldi. Ularning hech bir o’yinni o’tkazib yuborishmasdi. Van der Sarga esa qisqa muddat ichida yangi yangi yarim himoyachilar va qanot himoyachilari bilan ishlashga to’g’ri kelgan. Ular tez-tez o’zgarib turishardi. Shu kabi holatlarda gollandiyalik futbolchi jamoamiz himoyasini tartibga keltirardi va tashkiliy ishlarga katta yordam berardi.
O’sha yillari transfer uchun javobgar ijroiya direktorimiz - Piter Kenon edi.
«Arsenal»ning tayanch nuqtasida o’ynovchi frantsiyalik Patrik Vieyra asosiy transfer maqsadimiz bo’lgan. Men Piterdan «Arsenal»ga qo’ng’iroq qilib, Patrikni sotib olish imkoniyatlari haqida bilishni so’radim. U qo’ng’iroq qilganini aytdi. Bir kun o’tib, «Arsenal»ning boshqaruv raisi o’rin bosari Devid Deyn bilan suhbatlashayotganda, unga bu haqda eslatdim. Biroq Devid Deyn go’yoki boshimga shox o’sib chiqandek menga hayratlanib tikildi. Devid o’zini gap nima haqida borayotganini tushunmaganga oldi. Ulardan biri menga yolg’on gapirgan edi va men hozirgacha kim rost va kim yolg’on gapirganini bilmayman.
Agentlar tinmay qo’ng’iroq qilishardi. «Mijozim «Yunayted»da o’ynashni orzu qiladi», - go’shakning narigi tomonidan eshitilardi. Men bunga hech ham shubha qilmas edim. Chunki ko’plab o’yinchilar «Yunayted», «Arsenal», «Real», «Bavariya» va boshqa top-klublarda o’ynashni istashardi. Futbolchilar top-klublar bilan shartnoma imzolashganda esa, ularning agentlari manashu katta transferdan mo’maygina daromadga ega bo’lishardi. Biz aynan o’sha paytda Veronga e’tibor qarata boshlagandik.
Jamoa o’zgara boshladi. Klubdagi o’zgarishlar esa murabbiyga ta’sir ko’rsatmay qolmasdi. Birinchi bo’lib bizning himoyachilardan iborat o’zgarmas to’rtligimiz tarqalib ketdi. O’zgarishlar paytida tuzgan rejangizning B qismi bo’lmasa, keyinchalik nima qilishni bilmay boshingiz qotib qolarkan. Keyinchalik kutilmagan o’zgarishlarning oldini olish maqsadida oldindan reja tuza boshladim.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.