Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 6 BOB / 1 QISM

Blog MANUTD

Barchani hayratda qoldirgan Rio Ferdinandning sakkiz oylik diskvalifikatsiyasi, «Manchester Yunayted»ning naqt yuragiga pichoq sanchdi.

Bu qaror meni haligacha shubhalantirib kelmoqda. Mening qarshiligim nafaqat test o’tkazish qoidalariga, balki bizning mashg’ulotlar bazamizda Riodan doping-analiz olish jarayoni bilan ham bog’liq edi.

2003 yilning sentyabrida «UK Sport» agentligidan kelgan doping-ofitserlar, Kerringtondagi bazamizda erkin tanlov asosida to’rt nafar futbolchidan analiz olishdi. Rio uchun oddiy mashg’ulot haftasidek boshlangan kun, keyinchalik uning o’zi, oilasi, «Manchester Yunayted» va Angliya terma jamoasi uchun katta noxushliklarga olib keldi. Mashg’ulot tugaganidan so’ng esa Ferdinand test uchun namuna topshirmasdan Kerrintonni tark etdi (u test uchun to’rt nafar tanlanganlardan biri edi). Hamma uni izlashga tushdi, ammo uni topganimizda doping-tekshiruvchilar mashg’ulotlar bazasidan ketib bo’lishgan edi. Rio keyingi kuni 24 sentyabrda test topshirdi, lekin endi juda kech bo’lgandi. Unga doping-test topshirish qoidasini buzgani va buning uchun jazolanishi haqida xabar berishdi.

Buning oqibatida Futbol assotsiatsiyasi Rio Ferdinandni 20 yanvardan 2004 yilning sentyabrigacha diskvalifikatsiya qildi va 50000 ming funtga jarima soldi. Bu esa Rioning nafaqat «Yunayted» tarkibida musobaqalarda ishtirok etishiga, balki Angliya terma jamoasi safida 2004 yili Portugaliyada o’tkazilgan Evropa Chempionatida ishtirok etishiga ham to’sqinlik qildi. Assotsiatsiya Ferdinandni 2003 yilning oktyabrida Turkiyaga qarshi o’tkazilgan o’yinda ham maydonga tushishiga yo’l qo’ymadi. Bunday harakat esa sal bo’lmasa terma jamoa o’yinchilarining Assotsiatsiyaga qarshi bosh ko’tarishiga olib kelar edi.

O’sha mudhish tongda dopig-tekshiruvchilar bazamizda bemalol choy ichib o’tirishardi va o’z ishlarini oxirigacha bajarmay bazadan chiqib ketishdi. Ular hattoki Rioni izlashni ham istashmadi! Fikrimcha tekshiruvchilar bizni mashg’ulot tugagunicha maydon oldida kutib, so’ngra biz bilan echinish xonasiga borishlari kerak edi. O’sha vaqt oralig’ida tekshiruvchilar «Reksem»ga borib, o’g’lim Darrenni va yana ikki nafar futbolchini dopingga tekshirishgan.

Tekshiruvchilar, futbolchilar mashg’ulotni tugatgunlaricha kutib turishgan va ular bilan echinish xonasiga borib, o’sha erda ularning peshoblaridan doping-test uchun namuna olishgan. Ammo bizga kelganda bunday qilishmadi. Nega Rio bilan Kerringtonda shunday qilishmadi?

«UK Sport»dan kelgan doping-ofitserlarning bazamiz atrofida yurgani haqida birinchi bo’lib shifokorimiz Mayk Stoun bizga xabar berdi. Test topshiradigan to’rt nafar futbolchilarimiz nomi aniq bo’lganda Mayk ular bilan choy ichib turgan edi. Bu xabar Riogacha etib borganida, u sekingina juftakni rostlab qoldi. Biz uning bunday harakatidan ajablanmadik, chunki uning shunaqa odati bor edi.

Riodoping qabul qilmagan edi. Rio Ferdinand doping qabul qilmagan edi. Shunday bo’lgan taqdirda biz albatta bu haqda xabar topgan bo’lardik. Doping qabul qilgan insonni ko’zlaridan bilib olsa bo’ladi. U hech qachon mashg’ulotlarni o’tkazib yubormasdi. Doping qabul qiladigan futbolchilar esa ora-sira mashg’ulotlarni o’tkazib yuborishardi. Ular odatda o’zboshimcha va boshqalar fikriga qarshilik qilishga urinishadi. Rio hech qachon doping qabul qilmas edi, chunki u sportdagi o’rnini va jamoadagi obro’yini barcha narsadan ustun qo’yardi. Rio aqilli ammo salgina beparvo yigit edi. Albatta u doping-ofitserlar singari xatoga yo’l qo’ygan edi. Chunki ular ham buning oldini olish uchun hech narsa qo’llashmadi. Ular Rioni mashg’ulotlar tugagunicha maydon oldida kutib turishlari kerak edi.

O’z o’zimga doping-ofitserlar tekshiruvni qattiq buzishganini takror-takror aytsamda, lekin hali hamon Ferdinandga nisbatan bunday jazo qo’llashganiga ishongim kelmaydi. O’z o’yinchilaringga oilang sifatida qarasang, ularning biror xatoga yo’l qo’yganliklariga ishonging kelmaydi. Nima ham qilardik, hayot sinovlari shunaqa.

Advokatimiz Moris Uotkins, bu ishni yutib chiqishimizga ishontirdi, chunki tekshiruvni rahbariyatning o’zi rasman boshqarmagan edi. Fikrimcha aksariyat hollarda «Manchester Yunayted»dan yaqqol misol sifatida foydalanishayotgan edi. Erik Kantona bilan 1995 yilda bo’lib o’tgan voqea, birinchi xatomiz bo’ldi. O’shanda Kantona muxlisga nisbatan «kung-fu» ishlatgani uchun ikki hafta qamoq jazosiga hukm qilingan edi (keyinchalik jazo 20 soat ommaviy ishlarga jalb etishga o’zgartirilgan). Bundan tashqari unga to’qqiz oy davomida maydonga tushmaslik jazosi ham berildi. Keyinroq 2008 yilda Patris Evra «Stemford Brij» maydonidagi ishchi bilan janjallashgani uchun Assotsiatsiya tomonidan jazolangan edi. Barcha uyga ketib bo’lganida, Patris maydon ishchisi bilan mushtlashgani uchun 4 ta o’yinga diskvalifikatsiya qilingan edi. Odamlar har doim «Yunayted»ga nisbatan boshqacha munosabatda bo’lishgan. Aslida esa barchasi teskari edi.

Uzoq yuridik tekshiruvlar natijasida, Tartib-intizom qo’mitasi 2003 yilning dekabrida «Ribok Stedium»da 18 soat davom etgan Rioning ishiga tegishli jazo hukmini o’qib eshittirdi. O’sha kuni tekshiruv o’tkazilganiga 86 kun bo’lgan edi. Men eshittirishda Rio tomonida turib uni himoya qilgan odamlardan biri edim. Biroq uch kishidan iborat ayblovchilar guruhi Ferdinandni qoidani buzganlikda aybladi. Moris Uotkins qarorni «noto’g’ri va nohaq» deb aytdi. Devid Gill esa Rioni nohaq ayblayotganlarini ta’kidladi. Professional futbolchilar assotsiatsiyasi ijroiya direktori Gordon Teylor, qarorni «drakon qonunlari»ga o’xshatdi.

Bu voqedan so’ng tezda Rioning onasiga qo’ng’iroq qildim, - bechora ruhan sinib qolgan edi. «Yunayted» uchun Rioni yo’qotish shubhasiz og’ir edi, lekin jamoadan ko’ra uning onasi ko’proq jabr ko’rdi. Jenis telefonda rosa yig’lardi, men usa so’ngi to’rt oy davomida bo’lib o’tgan voqealar Rio bilan aloqalarimizga hech ham ta’sir qilmaydi deb uni tinchlantirardim. Biz uning aybsiz ekanini, o’shanda yosh bolalarcha ish tutganini va buning uchun juda ham qattiq jazoga tortilganini yaxshi bilardik.

Dastlabki natijalardan so’ng «Yunayted» apellatsiyaga berish imkoniyatlarini ko’rib chiqayotgan edi, lekin ishni yutib chiqishimizga hech qanday imkoniyat yo’qligi yaqqol ko’rinib turardi. Men hech qachon doping-testdan bosh tortish, undan o’ta olmaslikdek qattiq jazoga tortilishini bilmagan edim. Biroq doping qabul qilganingizni tan olsangiz, sizni umuman oqlashlari ham mumkin. Biz o’yinchi haq gapirayotganini sezib tursakda, tizim uni yolg’on gapirayotganini ko’rsatardi. Bundan tashqari biz Futbol assotsiatsiyasidan ma’lumotlarning OAVgacha etib borayotganidan juda xafa edik. Firimizcha, bu erda konfedentsiallik qoidalari buzilgan edi.

Boltondagi eshittirishlarda men Rioning natijalaridan qat’iy nazar u «Tottenxem»ga qarshi o’ynashini aytib o’tdim. Rio, Mikael Silvestr bilan juftlik asosida o’ynadi va biz «Uayt Xart Leyn»dagi o’yinda 2:1 hisobida g’alaba qozondik. 8 oylik diskvalifikatsiyadan oldin Rio bizning 2004 yilning 17-yanvarida «bo’rilar»ga qarshi mag’lubitga uchragan (0:1) o’yinimizda ishtirok etdi va 50-daqiqada jarohati tufayli o’zgartirildi. Uning o’rniga Ues Braun tushdi, Kenni Miller esa o’yindagi yagona gol muallifiga aylandi.

Men Rioni uzoq muddatga yo’qotayotganimdan qattiq xavotirlandim. Bizning munosabatlarimiz, Ferdinandning ingliz futbolchilari orasida eng qimmat o’yinchilardan biri bo’lishidan oldin boshlangan edi. 1997 yili do’stim Mel Machin Bornmutdan menga qo’ng’iroq qilib, ijara asosida o’ynayotgan «Vest Xem»lik yosh futbolchi to’g’risida gapirdi.

-Uni sotib ol, - maslahat berdi Mel.

-Ismi nima?

-Rio Ferdinand.

Men bu ismni eshitgan edim, chunki u Angliya yoshlar terma jamoasida o’ynar edi. Mel talabchan edi. Albatta u «Vest Xem» bosh murabbiyi Xarri Rednappga yaqin edi, shu sababli uning Rio haqida aytgan gapiga hech qanday shubham yo’q edi. Men Martin Edvards bilan birgalikda «Bornmut» ijaraga olgan yosh va iqtidorli o’yinchi masalasini ko’tarib chiqdim. Biz futbolchini ishda sinab ko’rib, quyidagi fikrga keldik: o’yini engil, to’pni o’ziga bo’y sundira oladigan va takrorlanmas harakatlarga ega o’yinchi. Keyinchalik uning avvalgi natijalarini tekshirdik va Martin «Vest Xem» boshqaruv raisi Terri Braunga qo’ng’iroq qilib, Rioni sotib olish istagini bildirdi. Terrining javobi esa quyidagicha bo’ldi: «Bizga million va unga qo’shib Devid Bekxemni ham beringlar». Boshqacha qilib aytganda: «U sotilmaydi!»

O’sha paytda Yaap Stam va Ronni Yonsen himoyamiz markazida katta devor o’rnatishgandi. Ues Braun esa bizga umid uchqunlarini bag’shlayotgan edi. Keyinroq Rio 18 million funt evaziga «Lids»ga o’tdi va «Lester Siti»ga qarshi o’zining birinchi o’yinida juda yomon o’yin ko’rsatdi. Ushbu o’yinni kuzatar ekanman, ko’nglimda engillik his etdim va haligacha shu o’yinni eslasam kulgim keladi.
«Xudoga shukur, xayriyat bu o’yinchini olmagan ekanmiz», - deb o’ylardim. Biroq ko’p vaqt o’tmay Rio o’zini ko’rsata boshladi.

Markaziy himoyachilar «Manchester Yunayted»ning asosiy tayanchi hisoblanishardi. Bu pozitsiyada menga har doim barqarorlik va doimiylik kerak edi. Mana masalan Stiv Bryus va Gari Pallisterni olaylik. Ularni topishimdan oldin, jamoamiz tang ahvolda edi. Pol Makgrat har doim jarohat olsa, Kevin Moranni doim boshi yorilardi. Men, Ron Yeyts «Liverpul»ning asosiy josusi sifatida tashrif buyurgan Norvegiyadagi o’yinga bordim.

-O’tgan hafta Moranni «Blekbern»da ko’rgan edim, - dedi Ron.

Undan shunday deb so’radim:

-U qanday o’ynadi?

U esa shunday javob berdi:

-U taxminan 15 daqiqacha o’ynadi. So’ngra boshidan og’ir jarohat olib maydonni tark etdi.

-Ajablanarli joyi yo’q, - dedim.

Grem Xog biz talab qilgan darajaga etib bora olmadi, shuning uchun men har doim direktorlar kengashiga: «Bizga har hafta o’ynay oladigan markaziy himoyachilar kerak. Ular bizga barqarorlikni, ketma-ketlikni va doimiylikni ta’minlab berishadi» deb aytardim.

Oqibatda har doim bir xil o’yin ko’rsatadigan va jarohat olmaydigan Bryus va Pallisterga duch kelib qoldik. «Liverpul»ga qarshi o’yindan bir kun oldin, juma kuni o’tkazgan mashg’ulotimizni haligacha eslayman. Bryus tizzasini ushlagancha mashg’ulotlar bazasi atrofida aylanardi va mendan ertangi tarkibni e’lon qilmasdan turishimni aytdi. U o’tgan hafta o’tkazilgan o’yinda jarohat olgan edi. Lekin men har doim juma kunlari bo’lib o’tadigan mashg’ulotlarda asosiy tarkibdagi 11 ta o’yinchi bilan standart vaziyatlar ustida ishlar edim.

-Nimalar deyapsan? – deb so’radim.

-Hammasi joyida bo’ladi, - dedi Stiv.

-Axmoq bo’lma, - deb javob berdim.

Shundan so’ng u baza atrofida yugurishda davom etdi. Stiv hammasi joyida ekanligini ko’rsatish uchun baza atrofini ikki marotaba aylanib chiqdi. Bu yaxshi edi albatta, ammo u «Liverpul»ga qarshi o’yinda Ian Rash-Jon hujumchini yopishi kerak edi. Baza atrofida yugurar ekan, Bryus tizzasida jiddiy muammo borligini ko’rsatib qo’ydi.

Ular o’sha uchrashuvni ajoyib o’tkazishdi. Stiv va Palli juda yaxshi o’ynashdi. Keyinchalik Stam ham o’yinimizga shunday ishonch va mustahkamlikni olib kirdi. Ferdinand va Vidich ham xuddi shunday o’yin ko’rsatishdi. «Yunayted»ning dastlabki tarkibidan boshlab, amaldagi tarkibigacha bo’lgan vaqtni analiz qilsangiz, jamoada markaziy himoyachilar asosiy rolni o’ynashlarini tushunib etasiz.

Aynan shuning uchun 2002 yilning iyunida Ferdinandni sotib olinishi, jamoada – markaziy himoyachilardan asos yaratishimga olib keldi. Biz u uchun juda ko’p pul sarfladik (20 milliondan ortiqroq), lekin ushbu narxni 10 yoki 12 yildan so’ng olib qarasak, juda yaxshi kelishuv bo’lganini ko’rish mumkin. Albatta bu mablag’ evaziga boshqa da’vogarlarni ham sotib olishimiz mumkin edi. Biroq ular etarlicha yaxshi nomzod emasdilar. Fikrimcha bir nechta o’rtacha futbolchini sotib olgandan ko’ra, bitta yaxshi o’yinchini sotib olgan ma’qulroq. Biz Roy Kin uchun 3,75 million funt sarfladik. Roy esa bizga 11 yil davomida ajoyib o’yinlarini sovg’a qildi. Jamoadagi faoliyatim davomida men juda ko’plab o’yinchilarni sotganman, lekin ularning ko’pchiligi zaxiradagi yosh o’yinchilar bo’lgani sababli, odamlar ularni tanishmasdi ham. Yaqinda Shotlandiyaning g’arbiga uyushtirgan sayohatimda (so’nggi mavsumim oxirida), MYuda bir mavsum davomida o’rtacha 5 million funtdan kamroq mablag’ sarflaganimni hisoblab ko’rdim.

Riobizning jamoaga kelib qo’shilganida, unga shunday dedim:

-Sen baland bo’yli va katta govdali yosh bolasan!

Bunday bo’lishiga u aybdor emasligini aytdi.

-Sen bo’y-bastingdan oqilona foydalanishing kerak. Shuning uchun jamoaning har bir o’tkazib yuborgan goli, sening vijdoningga bo’ladi, men esa seni kuzatishda davom etaveraman!

U jiddiy emasdi. Ba’zan u tezligini shunday oshirardiki uni hattoki to’xtatib bo’lmasdi. Men hech qachon 189 santimetrli bo’yga ega bo’lgan futbolchining bunchalik chaqqon harakat qilganini ko’rmaganman. Asta-sekinlik bilan uning o’yini yaxshilana bordi. U o’z oldiga maqsad qo’yardi va maqsadiga erishishga jon-jahti bilan kurashardi. Bundan tashqari Rio Ferdinand jamoasi oldida javobgarlik hisini sezib turardi.

Yosh o’yinchini sotib olib, siz o’sha kuniyoq uning imkoniyatlaridan to’liq foydalana olmaysiz. Uni astoidil tarbiyalab, yo’l-yo’riq ko’rsatish kerak. Rio jamoaga katta tahdid sola olmaydigan kuchsiz klublarga qarshi o’yinlarda maydonga tushirilmas edi. O’yin qanchalik muhim bo’lsa, u shunchalik maydonga tushishiga intilardi.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.