Mualliflik bloglari

SER ALEKS FERGYUSON: 5 BOB / 2 QISM

Blog MANUTD

Devid buyuk klubda o’ynar edi. U faoliyatining eng yuqori cho’qqisida yurardi va bor kuchini ishga solib, mavsum davomida 12 tadan 15 tagacha gol urardi. Biroq shuncha kuch, shijoat va o’yinga bo’lgan ishtiyoq kabi yana bir qancha ajoyib xususiyatlarning barchasi bir lahza ichida so’nib qoldi. O’z nuqtai nazarimdan kelib chiqib aytadigan bo’lsam, Bekxem keyinchalik o’sha vaqtlardagi ajoyib o’yiniga umuman qayta olmadi. O’sha paytlarda esa Bekxemni «Haqiqatdan ham buyuk o’yinchi» deb bemalol ayta olardik.

Hammasi u endigina 22-23 yoshga etganda boshlangan edi. Devid o’zi, uni buyuk o’yinchi deyishlariga qarshi bo’lgan qarorlar qabul qila boshladi. Bu hatti-harakatlar esa menga umuman yoqmas edi. Oramizda hech qanday adovat va xafachilik yo’q edi. Men unga qaragancha xayolimda: «Nimalar qilayapsan ey bola?» deb aytar edim.

Devid bizga kelib qo’shilganida, yuragida hech qanday g’araz niyati yo’q, sof dilli ko’zlari chaqnab turadigan yoshgina bola edi. Uning fikru-xayoli faqatgina futbol bilan bog’liq edi va uni mashg’ulotlar zalidan chiqarib bo’lmas edi. Devid kelajakda mashhur futbolchi bo’lish niyatida yonib yashardi, ammo bir kun kelib bularning barchasini ortga surdida, mashhur yulduz bo’lgisi kelib qoldi.

Bir tomondan uning bunday harakatini xato deb bo’lmaydi (o’z fikrimdan kelib chiqib aytsam), chunki Devid jahonning mashhur kishilaridan biriga aylandi. U mashhurlik kasaliga chalinib qoldi. Odamlar uning har bir hatti-harakatiga e’tibor qarata boshlashdi va unga o’xshashni istab, uning har bir obrazini ko’chirishga urinishardi. Ammo men futbol deb yashaganman va shon-shuhratni deb futboldan voz kechish mumkinligini xayolimga ham keltirmayman. Sizda xobbi bo’lishi mumkin. Mana masalan menda bir nechta tez yugura oldigan zotdor otlar bor. Maykl Ouen ham Pol Skoulz singari otlarga qiziqadi. Bir ikkita o’yinchilarim suratlarga qiziqishardi. Ofisim devorida Kiran Richardson sovg’a qilgan ajoyib surat osilib turibdi. Ammo bularning barini deb futboldan kechish aqlga sig’maydi axir.

«Yunayted»dan ketishidan bir yil oldin Chempionlar ligasi bahslarida og’ir jarohat olgan Bekxem, 2002 yili Yaponiya va Janubiy Koreyada bo’lib o’tgan Jahon chempionatida ishtirok etdi.

Devid ham Ueyn Runi kabi jarohat olganiga qaramay, ularning tuzalish jarayonlari har xil muddatda kechdi. Bekxem tabiatan ajoyib sport formaga ega bo’lgani sababli, u Runiga nisbatan tezroq tuzalib maydonga qaytdi. Runining tuzalishi va yaxshi sport formaga kelishi birmuncha ko’proq vaqt talab qildi. O’shanda Devid Jahon Chempionatigacha tuzalib, safga qaytishi haqida barchaga ochiq-oydin aytgan edim.

Angliya terma jamoasi Yaponiyaga etib kelganida, uning harakatlarida hali jarohat asoratlari sezilayotgan edi. Ammo har bir o’yinchining Jahon Chempionatida ishtirok etish niyatida yonib turganligini inobat olib aytadigan bo’lsak, Devid ham jarohati bezovta qilayotganini rad etardi. Ammo musobaqa davomida Devidni jarohati bezovta qilayotgani sezilib turardi. Uning jarohatdan to’liq tuzalmagani esa chorak finalda Sidzuoke shahrida Braziliyaga qarshi o’tkazgan o’yinimizda yaqqol ko’rindi.

Deviddek tabiatan yuqori sport formaga ega bo’lgan o’yinchining bunday o’yinidan hayratlandim. To’g’risini aytganda Bekxem Jahon Chempionatiga ishtirok etish uchun na jismonan va na ruhan tayyor edi. Odamlar meni Shotlandiyalik ekanligim uchun Angliyani sevmaslikda ko’p marotaba ayblashgan. Angliya termasi Shotlandiyaga qarshi o’ynaganida, ushbu o’yinda Angliyaning g’alabasini istamasligim barchaga yaqqol bilinardi. Shogirdlarim orasida Angliya terma jamoasi tarkibida o’ynaydiganlar ko’p edi, shu sababli terma safida ularning yaxshi o’ynashlarini istardim.

Jamoangda Bekxemdek jarohat olgan o’yinching bo’lsa (keyinchalik Runi ham), termaning tibbiy guruhi doimiy ravishda sening ishingga aralashaverarkan. Ularning hattoki Kerringtondagi mashg’ulotlar bazamizga kelish istagini bildirishganini juda yaxshi eslayman. O’shanda ularning bunday harakatini hurmatsizlik deb qabul qilganman. Shu sababdan ko’pincha o’zimga, shotlandiyalik bo’lganim menga nisbatan qilanayotgan bu kabi hurmatsizlikka ta’sir ko’rsatganmikan, degan savollar berardim.

2006 yilgi Jahon Chempionati arafasida Runi jamoaga kelib qo’shildi. Terma jamoa tibbiy guruhi esa go’yoki bizlar o’yinchimizning salomatligi haqida qayg’urmayotganga o’xshab, har doim uning ahvoli haqida so’rashardi. Ularda hayajon hisi jo’sh urib turardi. Tibbiy guruhning bunday harakati esa meni hayratga soldi. 2006 yilda ham 100 foiz haq bo’lib chiqdim. Ueyn Runi ushbu musobaqada ishtirok etmasligi kerak edi. Chunki u bu musobaqaga tayyor emasdi.

O’shanda u Angliya terma jamoasi bazasi o’rnashgan Baden-Baden shahriga bormasligi kerak edi. Ueyn ushbu jamoaning so’nggi umidi bo’lsada, ammo uning jarohati o’yiniga pand berishi aniq edi. Devidning esa tezda o’z formasini tiklab olishiga ishonchim komil edi, chunki men uning statistik natijalarini doimiy ravishda kuzatib borgandim. U jismoniy jihatdan «Old Trafford»dagi eng epchil o’yinchilardan biri edi. Mavsum oldi yig’inlarda o’tkaziladigan dastlabki mashg’ulotlarda u boshqalarga qaraganda bir pog’ona ustun turardi. Shuning uchun biz terma jamoa rahbariyatiga, Devidning belgilangan muddatda tayyor bo’lishi haqida xabar bergan edik.

Devidning ushbu musobaqada ishtirok etish maqsadida, tezroq tuzalishni istayotgani aniq edi. Ammo Devidning oyoq suyagi jarohatlangani sababli, uning tuzalishiga 6-7 hafta talab etilar edi.

2002 yilgi Jahon chempionatida Angliya terma jamoasi hech ham o’zini ko’rsata olmadi. Braziliyaliklar kamchilik bo’lib o’ynaganlariga qaramay ularni enga olishdi. Guruh bochqichining birinchi o’yinida esa terma jamoa shvedlarga qarshi uzoqdan to’p uzatish taktikasi asosida o’yin ko’rsatdi, ammo shvedlar ularning inglizcha o’yin uslublaridan xabardor edilar.

Angliya terma jamoasining muammosi, ularning eng kichik yoshdagi terma jamoasidan tortib katta yoshdagisigacha, tayyogarlikning eski tizimiga asosan ish olib borishidan iborat. Ular keragidan ortiqcha uzoq to’p uzatishlar asosida o’yinashadi. Bir kuni Tom Kleverli ishtirokidagi 21 yoshgacha bo’lgan Angliya terma jamoasining Gretsiyaga qarshi o’yinini kuzatdim. Skautlar menga, terma jamoa safida bitta ajoyib hujumchi va ikkita yaxshi yarim himoyachi o’ynagani haqida xabar berishdi. Ushbu yarim himoyachilar orasi Tom ham bor edi. Lekin ulardan hech biri, bir marotaba bo’lsa ham raqib darvozasi tomon zarba bera olmadi. Kris Smolling ham ushbu uchrashuvda ishtirok etdi, biroq u jamoadoshlariga faqatgina bir necha marotaba uzoqdan to’pni etkazib berdi xolos. Angliya terma jamosining eng og’ir muammosi ham aynan shunda edi va shu sababli boshqa terma jamoalar ularning manashu noziq nuqtasidan «ushlab olishardi». Bundan tashqari yoshlar terma jamoasidagi ko’plab tajribali yosh futbolchilar ham mazkur tizim qurboniga aylanishardi.

Angliyadagi yosh futbolchilar juda baquvvat va jismonan tetik o’yinchilar. Ular o’yinga jiddiy qarashadi. Ammo tizim zamon talabiga javob beradigan yangi o’yinchilarni tarbiyalamas ekan, Angliya terma jamoasi eski uslubdagi o’yini bilan hech qachon Jahon Chempioni bo’la olmaydi. Braziliya yoshlari turxi xil vaziyatda va xohlagan burchakdan to’pni o’zlariga bo’ysundira olishadi. Ular engil harakatlanishadi. Braziliyaliklar – futbol odamlari, chunki ular 5-6 yoshdan boshlab, har doim futbolni o’ylashadi va futbol deb yashashadi.

Devid juda xushchaqchaq inson edi. Uning gaplari boshqalar e’tiborini tortardi.

Mel Machinni mendan shunday deb so’ragani yodimda:

-Giggz va Bekxem – yuqori darajadagi futbolchilar. Qanday qilib ularga ajoyib tarzda jarima zarbalarini tepishni o’rgata olding?

Bu savolga faqatgina, ular tabiatan shunday iste’dod sohibi ekanini va o’z ustilarida ko’p ishlashlarini ayta oldim xolos. Ular takrorlanmas o’zgacha yigitlar.

Devidning o’zi o’zgarishni istadi. Uning fikru-xayoli futboldan yiroqlasha bordi. Axir u men bilan birgalikda «Manchester Yunayted»da faoliyatini yakunlashi mumkin edi. Devid «Yunayted» tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri bo’lardi. Uni «Los-Andjeles Gelaksi»da afsonaviy futbolchi bo’lishiga faqatgina bitta sabab bor, bu ham bo’lsa uning odamlar orasida tutgan o’rni. Fikrimcha, Bekxem hayotining qaysidir qismida xato qilganini tushunib etdi.

Ammo unga tan bermay ilojim yo’q. Uning 2013 yilning yanvarida «PSJ»ga o’tib, ushbu klubda to’p surgani meni hayratda qoldirdi. Devid «Yunayted»dagi yuqori jismoniy tayyorgarlikka ega bo’lgan futbolchilaridan biri edi. Aynan manashu jismoniy tayyorgarlik unga 37 yoshgacha o’ynashiga yordam berdi. U yoshligidanoq chidamliligi bilan boshqalardan ajralib turardi.

MLS bu – Mikki Maus ligasi hisoblanadi. MLS etarlicha atletik liga sanaladi. MLS Kubogining finalida Devidning harakatlarini kuzatar ekanman, uning bir necha marotaba orqaga qaytib, himoyada o’yin ko’rsatginini guvohiga aylandim. Devid «Milan»ga qarshi o’yinda ham o’z darajasida o’yin ko’rsatdi. U «PSJ»da Chempionlar ligasining chorak finali doirasida bo’lib o’tgan o’yinda, 1 soatlar davomida maydonda harakatlandi. O’sha o’yinda Bekxem unchalik ham ko’zga tashlanmadi, ammo o’z vazifalarini a’lo darajada bajardi. U jamoa uchun o’ynadi va o’yin boshida bir-ikkita ajoyib to’p uzatishlarni ham amalga oshirdi.

O’shanda o’zimga o’zim: «U buni qanday uddaladi?» deb savol berdim.

Uning chidamliligi esa - barcha savolga javob bo’la oladi. Ammo Devid unga qarshi aytilgan gaplarning barchasiga javob qaytarish maqsadida, o’zining uzoqdan aniq to’p uzatishlarini va ajoyib tezlikka ega ekanligini namoyish etdi. Bunga sabab esa uning tug’ma epchil yigit ekanida. 38 yoshga yaqinlashib borayotgani qaramay Chempionlar ligasi pley-off bosqichida ishtirok etish, katta natija hisoblanadi. Bunday natija uchun uni maqtashdan boshqa ilojimiz yo’q.

Ba’zilar uni «Los-Anjeles»ga ketganidan so’ng klubga qaytib taklif etasizmi deb so’rashardi. U 37 yoshda bo’lgani uchun, qaytib kelishning hech qanday ma’nosi yo’q. Menimcha «PSJ» bilan tuzilgan yarim yillik shartnoma, o’ziga xos reklamadan boshqa narsa emas edi. Biroq Bekxemning o’zi buni rad etardi. Bekxem bor e’tiborini o’yinga qaratganda, harakatlaridan uning ajoyib o’yinchi ekanligini payqab olish qiyin emas edi. Bir kuni Devidning o’yinini Giggz va Skoulz bilan muhokama qilib turib, unda o’zgacha ist’dod borligini ularga aytgan edim. Jahlim chiqqanida uni tayoq bilan savashim mumkin edi, u esa ichida: «Murabbiy jinni bo’lib qolganmi, axir men bugun zo’r o’ynadim» deya o’z bilganidan qolmas edi.

Menimcha Devid «Gelaksi»dan so’ng keyingi qadam Gollivud bo’ladi deb o’ylardi. Fikrimcha uning Amerikaga borishidan asosiy maqsadi ham shunda edi. Aynan shu vaqtda unda odamni xayratda qoldiradigan, qattiyatlik paydo bo’ldi. U o’z hatti-harakatlari bilan meni va «Manchester Yunayted»dagilarni hayratga soldi. Bekxem hayotda qaysi ish bilan shug’ullanmasin, har doim oldinga qarab intilgan.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.