Bir jamoa bilan bitta ligada 1000ta uchrashuv! Ha, fantastikadek tuyuladigan ana shu cho‘qqi Aleks Fergyuson tomonidan zabt etildi. «MYU»ning shotlandiyalik doimiy ustozi qo‘l ostidagi jamoani faqat APLning o‘zida shuncha marta maydonga olib tushdi. Sports.ru sayti ijodkorlari shu o‘yinlarni 3ta yo‘nalish bo‘yicha saralab, eng eʼtiborli 25tasini muxlislar hukmiga havola etishdi. Demak, Fergining eng eʼtiborga molik o‘yinlari bilan tanishamiz.
Eng yaxshi 10ta uchrashuv (xronologik tartibda)
«Liverpul»-«MYU»-0:1 (1986 yil 26 dekabr)
Taqdir taqozosi bilan aynan «sovg‘alar kuni»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda «qizil iblislar»ning muxlislarga hadyasi. 15 oy muqaddam bosh murabbiy kursisini egallagan Fergyuson Norman Uaytsaydning goli evaziga «Enfild»da amaldagi chempionni tiz cho‘ktirdi. O‘sha mavsumda «MYU» turnir jadvalining tubidan 14-o‘ringa ko‘tarildi.
«MYU»-«Arsenal»-4:1(1989 yil 19 avgust)
Fergyuson shogirdlari mavsumni «Arsenal» ustidan qozonilgan ajoyib g‘alaba bilan boshladilar. Avvaliga jamoa chempionlik uchun jiddiy kurashga kirishgandek edi. Biroq mavsumni ko‘ngildagidek yakunlay olmadi.
«Manchester Siti»-«MYU»-2:3 (1993 yil 7 noyabr)
«Meyn Roud»dagi derbida «iblislar» irodali g‘alabani nishonlashdi: Nil Kuinning birinchi bo‘limdagi 2 goliga Erik Kantona «dubl» bilan javob qaytardi. O‘yin yakunlanishiga 3 daqiqa qolganida esa Roy Kin g‘alaba to‘pini kiritdi.
«MYU»-«Nottingem Forest»-5:0 (1996 yil 25 fevral)
Birinchilik yakunlanishiga atigi 2ta tur qolganida, chempionlikka «MYU» bilan «Nyukasl» daʼvogarlik qilayotgandi. Xuddi Fergyuson taxmin qilganidek, «qarg‘alar» bosimga dosh bera olishmadi va durang o‘ynashdi. Mankunianlar esa «Forest» darvozasiga 5ta gol yo‘llab, to‘plar nisbatini yaxshilab olishdi. So‘nggi turdagi g‘alaba «MYU»ning tanho g‘olibligini taʼminladi.
«MYU»-«Arsenal»-6:1 (2001 yil 25 fevral)
O‘shanda chempionlikka daʼvogarlar o‘zaro kuch sinashishgandi. Duayt York tomonidan qayd etilgan «xet-trik», Kin, Sulsher va Sheringemning bittadan gollari nafaqat o‘yin, balki birinchilik taqdirini uzil-kesil hal qildi. «MYU» bilan «kanonirlar» o‘rtasidagi ochkolar farqi 16taga etdi.
«Lids»-«MYU»-3:4 (2002 yil 30 mart)
Birinchi davrani peshqadam sifatida yakunlagan azaliy raqib o‘z uyida tor-mor etildi. Ikkinchi bo‘limning ilk daqiqalarida Giggz hisobni 1:4 ko‘rinishiga olib kelgan bo‘lsada, «Lids» qo‘l ko‘tarishni istamadi. Viduka, Xart va Boyer tinmay hujumlar uyushtirishdi. Biroq «iblislar» hisobdagi minimal ustunlikni saqlab qolishdi.
«MYU»-«Liverpul»-4:0 (2003 yil 5 aprel)
Bu uchrashuv mavsum taqdirini hal qilishdagi muhim nuqtalardan biri bo‘ldi. Qolaversa, «MYU» so‘nggi 50 yil ichida ilk marta «Liverpul»ni shunday yirik hisobda taslim etdi. To‘g‘ri, o‘shanda «qizillar» tarkibi optimal tarzda emasdi: Maykl Ouen maydonga tusholmagan, Sami Xyuyupya 4-daqiqada o‘yindan chetlatilgandi. Biroq bu g‘alabaning ahamiyatini kamaytirolmaydi. O‘shanda van Nistelroy 2 marta «nuqta»dan aniq zarba bergan, Giggz va Sulsher esa yakuniy hisobni o‘rnatishgandi.
«MYU»-«Nyukasl»-6:0 (2008 yil 12 yanvar)
Qozonilajak g‘alaba «MYU»ni faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra, birinchi o‘ringa olib chiqishi mumkin edi. Shu sababli mezbonlar imkon qadar sermahsul o‘yin ko‘rsatishga intilishdi. Biroq aksiga olib, birinchi bo‘limda «qarg‘alar» ahillik bilan o‘z darvozalari daxlsizligini taʼminlashdi. Ser Aleksdan tegishli ko‘rsatmalar olgan «iblislar» ikkinchi bo‘limni umuman o‘zgacha o‘tkazishdi: sho‘rlik «qarg‘alar»ni Ronaldu 3, Teves 2 va Ferdinand 1 marta o‘yinni maydon markazidan boshlashga majbur etishgandi.
«MYU»-«Tottenxem»-5:2 (2009 yil 25 aprel)
Mazkur bellashuvda jamoalar tanaffusga 0:2 hisobi bilan yo‘l olishdi. Lekin Xovard Uebb tomonidan belgilangan shubhali penalti o‘yin taqdirini tamoman o‘zgartirib yubordi: «nuqta»dan bexato zarba bergan Ronaldu kabi Runi ham «dubl» qayd etdi, Berbatov esa so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Shu tariqa «iblislar» birinchilik yakunlanishiga 5ta tur qolganida «Liverpul»dan bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda 3 ochko ilgarilab ketishdi.
«MYU»-«Arsenal»-8:2 (2011 yil 28 avgust)
Mankunianlar tarixidagi eng yosh jamoa o‘sha oqshomda kuchsizlanib qolgan «Arsenal»ni «yanchib» tashladi. Londonliklar Manchesterga Sesk Fabregas va Samir Nasri kabi etakchilarsiz tashrif buyurishgandi. Bundan tashqari, markaziy himoyachi jarohatlandi, ustiga ustak, jamoa penaltidan unumli foydalanolmadi. Mezbonlar esa o‘z vazifalarini aʼlo darajada uddalab, Alan Xansenning 1995 yilda bildirgan fikri — «Siz hatto bolalarni ham 8:2 hisobi bilan engolmaysiz!»ni rad etishdi.
Eng yomon 10ta uchrashuv
«Manchester Siti»-«MYU»-5:1 (1989 yil 23 sentyabr)
Aleks Fergyusonning «MYU»dagi uchinchi mavsumida «shaharliklar» uni «Meyn Roud»da gollar guldastasi bilan «siylashdi». Devid Oldfild (2ta), Yen Bishop, Endi Xinchkliff va Trevor Moli «Yunayted» darvozasini zabt etishdi. Keyinchalik «shaharliklar»ga ustozlik qilgan Mark Xyuz esa juda chiroyli, lekin faqat bitta gol bilan javob qaytardi. Dastlabki 7ta o‘yinda atigi 7 ochko to‘plagan «iblislar» mavsumni autsayderlar guruhidan 5 ochko o‘zib ketgan holda yakunladilar. Ha, Moskva ham birdaniga bunyod etilmagan.
«MYU»-KPR-1:4 (1992 yil 1 yanvar)
Yangi yilning ilk kunida londonliklar manchesterlik muxlslarga o‘ziga xos «sovg‘a» tayyorlashdi. Yana yirik hisob bilan! Qizig‘i shundaki, «iblislar»ga mavsumda o‘z uylaridagi ilk mag‘lubiyatni taqdim etgan kamtarin jamoa hujumchisi Dennis Beyli tomonidan qayd etilgan «xet-trik» yagonaligicha qolmoqda. Undan keyin hech qaysi futbolchiga «Old Trafford»dagi bitta o‘yinda «Yunayted» darvozasiga 3 marta yo‘l topish nasib etmadi. Balki aynan shuning uchun ham ser Aleks o‘zining avtobiografik asarida Dennis xususida alohida to‘xtalib o‘tgandir: «Unga nisbatan hech qanday adovatim yo‘q. Lekin ochig‘i, o‘yindan keyin kiyinish xonamizga kirib, shogirdlarimdan to‘pga dastxat yozib berishlarini iltimos qilish orqali o‘zini xavf ostida qoldirganligi rost».
«Vest Xem»-«MYU»-1:1 (1995 yil 11 may)
Mavsumning yakunlovchi turida Kenni Dalglish etakchiligidagi «Blekbern» «MYU» bilan chempionlikka daʼvogarlik qilayotgandi. Bu vaziyatda kuchlilar safida qolishni kafolatlab ulgurgan «Vest Xem»ni engish 4-o‘rin uchun kurash olib borayotgan va liga kubogiga sazovor bo‘lgan «Liverpul»ni tor-mor etishdan ko‘ra osonroq edi. Biroq Pol Insni qahru-g‘azab bilan qarshi olgan muxlislarning qiyqiriqlaridan ruhlangan «bolg‘achilar» ko‘tarinki kayfiyatda maydonga tushishdi va hisobni ochishdi. Keyinchalik mezbonlar ancha toliqib qolgan bo‘lsalarda, Brayan Makkler faqat hisobni tenglashtirdi, xolos. Endi Koul 2ta qulay imkoniyatni ko‘kka sovurdi. Natijada Liverpuldagi mag‘lubiyat ham «Rovers»ning shohsupaga ko‘tarilishiga moneʼlik qilmadi.
«Sautgempton»-«MYU»-6:3 (1996 yil 26 oktyabr)
Maʼlum bir davr oralig‘ida «avliyolar»ning uy maydonlari «MYU» uchun xosiyatsiz bo‘lib keldi. Mazkur omadsizlikdan avvalgi mavsumda ham ser Aleks jamoasi 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi. O‘shanda murabbiy omadsizlikni nursiz futbolkalarga yo‘ygan, lekin tanaffusdan keyin jamoaning boshqa liboslarda tushishi ham naf keltirmagandi. Navbatdagi bahsda ham «iblislar» boshqacha liboslarda o‘ynashdi. Ammo bu ularni omadsizlikdan asray olmadi. Berkovichning birinchi golidan keyin hakam Roy Kinni qizil kartochka bilan «siyladi». O‘yin o‘z nihoyasiga yaqinlashganda esa, maydonda «gollar yomg‘iri» kuzatildi. Bunda «avliyolar» chaqqonroq harakatlanishdi. «MYU» tomonidan qayd etilgan mag‘lubiyatlar seriyasi (avvalgi turlarda «Nyukasl»dan 0:5 va «Chelsi»dan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi) «iblislar»ning chempionlikni tantana qilishlariga to‘siq bo‘lolmadi. Ular yakunda 2-o‘rindagi «Nyukasl»dan 7 ochko o‘zib ketishdi.
«Arsenal»-«MYU»-3:0 (1998 yil 20 sentyabr)
Bu g‘alaba Arsen Vengerning so‘nggi 2,5 yil ichida Aleks Fergyusondan qatorasiga uchinchi marta ustun kelishini taʼminladi.
«Liverpul»-«MYU»-3:1 (2001 yil 4 noyabr)
Maykl Ouenning «dubl»i hamda Riise tomonidan amalga oshirilgan ajoyib jarima zarbasi hisobiga «Liverpul» qatorasiga to‘rtinchi marta «MYU»ni taslim etdi. Bundan tashqari, «qizillar» 2001-2002 yillar mavsumini premer-liga tarixida ilk marta ser Aleks jamoasidan yuqoriroq o‘rinda yakunlashdi.
«Manchester Siti»-«MYU»-4:1 (2004 yil 14 mart)
YeChLdagi omadsizlikdan keyin mankunianlar ichki musobaqalarda ham shu ko‘yga tushdilar. Derbida qayd etilgan yirik mag‘lubiyat «iblislar»ning chempionlikka bo‘lgan so‘nggi umidlarini chippakka chiqardi: finishga 10ta tur qolganida «Arsenal» ulardan 12 ochko ilgarilab ketgandi.
«Chelsi»-«MYU»-3:0 (2006 yil 26 aprel)
Chempionlikni rasmiylashtirish uchun Mourino jamoasiga 1 ochko etarli edi. Biroq «aristokratlar» printsipial raqibni zarracha ayab o‘tirmadilar.
«MYU»-«Liverpul»-1:4 (2009 yil 14 mart)
Bir necha kun muqaddam «Real»ni enggan «Liverpul» ichki birinchilikda peshqadamga etib olishga urinib ko‘rdi. Biroq ishonarli g‘alaba yakunda hech qanday o‘zgarish keltirmadi: «MYU» «Liverpul»dan baribir, 4 ochko ko‘p jamg‘ardi.
«MYU»-«Manchester Siti»-1:6 (2011 yil 23 oktyabr)
Bu yirik mag‘lubiyatning o‘ziga xos muhim jihatlari bor: «MYU» 1930 yildan buyon ilk marta o‘z maydonida 6ta gol qo‘yib yubordi. 2010 yilning aprelidan beri birinchi marta «Old Trafford»ni boshi egik holda tark etdi. Roberto Manchini jamoasi esa finishda chempionlik taqdiri aynan to‘plar nisbatiga ko‘ra hal bo‘lishini bilgandek harakat qildi.
Alohida ahamiyatga ega 5ta o‘yin
Eng qo‘pol o‘yin
«MYU»-«Arsenal»-0:1 (1990 yil 20 oktyabr)
Nayjel Uinterbern tomonidan Brayan Makklerga nisbatan qo‘llangan qo‘pol «podkat» har ikki jamoa vakillarining ommaviy mushtlashuviga sabab bo‘ldi. Oxir-oqibat, «Arsenal»dan 2, «MYU»dan 1 ochko olib tashlandi.
Eng mojaroli o‘yin
«Kristal Pelas»-«MYU»-1:1 (1995 yil 25 yanvar)
Mohiyatan ortiqcha ko‘zga tashlanmaydigan «Selxest Park»dagi bahs «Mortal kombat» filmiga o‘xshash lavhasi bilan mashhur bo‘ldi. O‘yinning 48-daqiqasida maydondan chetlatilgan Erik Kantona 21 yoshli mahalliy muxlis — Mettyu Simmonsning haqorat qilayotganini eshitib qoldi. Qiziqqon futbolchi unga nisbatan kun-fu usulini qo‘llab, oyoqlari bilan jag‘iga tepib yubordi. Natijada kattagina jarima, axloq tuzatish ishlariga tortilib, mavsum oxirigacha diskvalifikatsiya qilindi. Ana shu janjal tufayli ser Aleks jamoasi chempionlik unvonidan quruq qoldi.
Eng aldamchi o‘yin
«Aston Villa»-«MYU»-3:1 (1995 yil 19 avgust)
«Qizil iblislar» mavsum-1995|1996ni «haqli» mag‘lubiyat bilan boshlashdi va ko‘plab tahlilchilar hamda jurnalistlar ularni chempionlikka daʼvogarlar ro‘yxatidan o‘chirishga shoshildilar. Bitta o‘yinga qarab, eng chuqur xulosani Alan Xansen chiqardi: «Sizlar bu bolakaylar bilan hech vaqo yutolmaysizlar». Shu bolakaylar — Devid Bekxem, aka-uka Nevillar, Pol Skoulz, Nikki Batt va ularning akalari — Stiv Bryus, Roy Kin, Peter Shmeyxel mavsum yakunida «dubl» qayd etishdi — chempionatning oltin medali va Angliya kubogi.
Eng «mazali» o‘yin
«MYU»-«Arsenal»-2:0 (2004 yil 24 oktyabr)
Bu bellashuv boshqa nominatsiyadan ham bemalol joy olishi mumkin. Gap shundaki, shu kuni «Yunayted» «Arsenal»ning 48ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygandi. Ammo uchrashuv bahsli lavhalarga boy bo‘lgani sababli bundanda qiziqroq voqealarga olib keldi. Yaʼni kafe yaqinidagi «jang»ga: Sol Kempbellning Ueyn Runiga nisbatan qoida buzishi shubhali penalti bilan jazolandi. Nistelroy undan unumli foydalandi. Keyinchalik angliyalik hujumchi ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. O‘yindan keyin esa jamoalar maydondagi voqealarni «razbor» qilib, kim simulyatsiyachi va kim qo‘pol ekanligini aniqlashga kirishishdi. Shu payt «kanonirlar» kiyinish xonasi tomonidan bir pitstsa uchib kelib, ser Aleksga tegdi. Murabbiyning kostyumi tog‘oraga tushadigan holga keldi. Taajjubki, yog‘li pitstsa mojaroga chek qo‘ydi.
Eng dramatik o‘yin
«MYU»-«Manchester Siti»-4:3 (2009 yil 20 sentyabr)
Bu derbining o‘tkir syujetliligi shundaki, «iblislar» 3 marta hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lsalar, azaliy raqiblari shuncha marta muvozanatni tiklashdi. Hakam Martin Atkinson esa o‘yinga naq 7 daqiqa qo‘shib berdi. Ana shu vaqtning 6-daqiqasida Maykl Ouen «Siti» darvozasiga to‘rtinchi golni urdi. «Shaharliklar» tabiiyki, bu gal hisobni tenglashtirishga ulgurishmadi. Qizig‘i shundaki, kubok bellashuvini qo‘shib hisoblaganda, «Siti» bilan «MYU» o‘sha mavsumda 3 marta kuch sinashishdi va ularning barchasida qo‘shimcha vaqt «shaharliklar» mag‘lubiyatiga olib keldi.
manba / interfutbol.uz
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.