Эксклюзив /

Yoqasi ko‘tarilgan fransuz!

Bir vaqtlar undan: «Fransuz futboli tarixidagi eng kuchli futbolchi Zidanmi yoki Platini?», deya so‘rashganida u: «Men!», deya javob bergandi…

Erik Kantona. Unga birgina so‘z bilan taʼrif bera olasizmi? Daho?! Afsona?! Mo‘jiza?! Sehrgar?! Birgina so‘z kamlik qilishi turgan gap.

Dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri deb atash uchun Erik barcha hislatlarga ega edi. U o‘z davrining eng buyuk futbolchilaridan biri bo‘lishiga qaramay, o‘z ustida ishlashdan hech to‘xtamasdi. Mashg‘ulotlardan so‘ng maydonda qolib, o‘z mahoratini tinimsiz ravishda oshirib boraverardi. U bu ishlarni murabbiy nazariga tushish uchun yoki eʼtibor qozonish uchun qilmasdi. Unga futbol huzur baxsh etardi. Uning o‘yinlari bizga aʼlo darajada, yuksak saviyada bo‘lib ko‘ringaniga qaramasdan, u o‘z o‘yinini yanada yaxshilashga intilaverardi.«U ko‘zlagan maqsadiga erisha olar, lekin har doim yanada ortig‘ini qo‘lga kiritishni xohlardi», – degandi o‘z vaqtida Rayan Giggz u haqida so‘zlarkan.

Erik maydonda ham, hayotda ham artist edi. Vatani Frantsiyada uni hali hamon ko‘pchilik xushlamaydi. O‘z vaqtida Kantona Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Anri Mishelni «bir qop axlat» deb atagani uchun terma jamoadan chetlatilgandi ham. Erik xarakteri og‘ir, vazmin bo‘lmagani bois, Frantsiyada uni qiziqqon va janjalkash futbolchi sifatida bilishardi. Ammo u o‘zini, o‘z o‘yinini Angliyada topdi. Bu mamlakat futbolini o‘zgartirib yubordi desak, hech ham mubolagʼa ishlatmagan bo‘lamiz. Uning «Manchester Yunayted» uchun qilgan ishlari, jamoa gʼalabalariga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Kantona «qizil iblislar» safiga qo‘shilgan mavsumda «Manchester Yunayted» 26 yildan buyon qo‘lga kiritilmayotgan mamlakat chempionligiga erishgani ham eʼtiborga loyiq. U faoliyati davomida etti klub safida to‘p surishga ulgurgan bo‘lsa-da, «Manchester Yunayted»dagi faoliyati unga haqiqiy shuhrat olib keldi. Erik jamoada 5 mavsum davomida o‘ynadi va 4 bora chempionlikni qo‘lga kiritdi. Angliyada uni daho darajasiga ko‘tarishdi va u «Old Trafford» afsonalaridan biriga aylandi.
 

Kung-fu Kantona

Erik Kantonaning futbolchilik faoliyati haqida gap borganda, uning «Kristal Pelas» muxlisi tomonidan aytilgan haqorat uchun karatechilarga xos ravishda oyoqlari bilan bergan zarbasi bilan bog‘liq voqea darhol yodga tushadi.

O‘sha uchrashuvda Erikning o‘yini umuman qovushmadi. U maydonni tark etarkan, «Kristal Pelas» muxlislarining xushtakbozliklari-yu, haqoratli so‘zlariga duchor bo‘ldi. Sabr kosasi esa muxlislardan biri uning oila aʼzolariga nisbatan ishlatgan haqoratidan so‘ng to‘ldi. U indamay chiqib keta olmadi...

O‘sha voqea haqida u shunday degandi: «Men bu ishni qilganimdan so‘ng o‘zimni judayam yaxshi his qilganman. O‘ylashimcha, bunday insonning taʼzirini berish ko‘pchilik uchun – orzu! Men buni amalga oshirdim. Shunday ekan ular xursand bo‘lsalar ham bo‘ladi.Ҳar kim ham ayrim paytlarda shunga o‘xshash biror nima qilgisi keladi va bu sodir bo‘lganida o‘zingni ancha engil his qilasan. Bu ajoyib tuyg‘u. Men judayam ko‘p gollar urgan futbolchilarni bilaman. Ammo, futbolchi bezori muhlisni sakrab turib oyog‘i bilan tepishi – har kuni ham uchrayvermaydi. Albatta, bu – xato bo‘lgan. Lekin bu hayot. Men o‘z jazoyimni oldim va o‘zimda qaytish uchun kuch topa bildim».

Bu voqeadan so‘ng u tomon tanqidlar oqimi boshlandi. «Yunayted»ning eng asosiy futbolchilaridan biri 8 oyga futboldan chetlatildi. Yaxshiyamki, ikki haftalik qamoq jazosi bekor qilinib, uning o‘rniga Erik jamoat ishlariga jalb qilindi. Ayrimlar unga nisbatan og‘irroq jazo tayinlanishi kerak, deya ko‘p gapirgan bo‘lsalar-da, ko‘pchilik muxlislar voqeaning asl sababidan xabardor edilar va o‘z suyuklilarini jurnalistlar bilan bo‘layotgan o‘ziga xos kurashda qo‘llab-quvvatladilar. Erik har bir zarbaga zarba bilan javob qaytarardi. «The Miror» nashri uni kallakesarga chiqarib qo‘ygandi, hatto. Angliyaga kelganidan buyon unga nisbatan provokatsiyalar tinmas, uni o‘zidan chiqarishga urunishlar ko‘p bo‘lardi. Ular maydonda Erik tengsiz ekanligini ko‘rishar va qo‘llaridan keladigan yagona ish – futbolchining jahlini chiqarishga harakat qilishardi. Ko‘pincha bu ish berardi ham. Diskvalifikatsiya oylari uning uchun ham, muxlislar uchun ham juda og‘ir kechdi. Uning futboldan ketishini ham, qolishini ham hech kim bilmasdi. Premer-ligadagi ketma-ket uch chempionlikdan so‘ng, uning eng yaxshi mavsumlaridan birida sodir bo‘lgandi bu chetlatish. O‘shanda barcha Erik «qizil iblislar» uchun nechog‘lik ahamiyatga ega ekanligi, jamoada qanchalik muhim o‘ringa ega ekanligini va u «Yunayted»ga qanchalik etishmayotgani yaqqol bildi.

Uzoq davom etgan diskvalifikatsiyadan qaytish hammaga haqiqiy Kantonani namoyish etdi. Uning necha marotaba mushkul vaziyatlarda, imkonsiz o‘yinlarda «Yunayted» joniga oro kirganini sanab o‘tishga hojat bo‘lmasa kerak. U eng qiyin uchrashuvlarda muhim gollarni kiritar, ko‘pincha so‘nggi daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, o‘z jamoasini qutqarib qolardi. «Erik Kantona – futbol dahosi!» — o‘sha vaqtlarda gazetalar shunday sarlavhalar bilan chiqishardi.

Erik — Kumir!

Bolalar hech ham aldashmaydi. Mashhurlik, shon-shuhrat hatto hurmatni ham katta pul evaziga sotib olish mumkindir, ammo bolalar sizni aldashmaydi.Hech qachon. Kantona o‘z mashhurligining cho‘qqisiga ko‘tarilgan vaqtlarda Angliya parklarida 7-raqam yozilgan «MYU» futbolkalarini kiyib olgan bolakaylarni ko‘plab uchratish mumkin edi. Ular xuddi Kantonadek, g‘urur bilan futbolka yoqalarini yuqoriga ko‘targan holda kiyib yurishar, o‘sha pallalarda ular chindan ham Kantonaga o‘xshashni istashardi.

Agar u «Tomdan o‘zingni tashla», deydigan bo‘lsa, hech ham ikkilanmay, o‘ylab o‘tirmay tashlaydiganlar soni juda ko‘p bo‘lgan. Undan nima sababdan ko‘plar uchun u ideal hisoblangani haqida ko‘p so‘rashar, u esa «Men qaerdan bilay?», degandek, elka qisib qo‘yaqolardi. U badavlat futbolchi bo‘lgan. Shunga qaramay oddiy uyda istiqomat qilgan. Oddiy avtomobilda yurgan. Kiyinishda ham ortiqcha hashamatdan qochgan.

Futbolchilar mashhurlik va ko‘p miqdordagi pulni deb o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishlari futbol tarixida ko‘p uchragan. Lekin Erik unday emasdi. Roy Kin o‘z kitobida Kantona bilan bog‘liq bir voqeani yodga oladi.

«Bir kuni Stiv Bryus kiyim almashtirish xonasiga o‘n besh minglik chek bilan kirib keldi. Jamoa bir videorolikda suratgan tushgani uchun to‘langan pul edi bu. Uni endi 18 futbolchiga bo‘lish kerak bo‘lardi. Biz esa hamma pul bir kishiga tegishi uchun qurʼa tashlashga qaror qildik. Shu bilan birga kim istasa o‘ziga tegishli bo‘lgan qism – 800 funtni olishi ham mumkin edi. Ko‘pchilik yosh futbolchilarning ikki haftalik maoshlari shunchaydi u vaqtlar. Ulardan ko‘pchilgi o‘zlariga tegishli pulni olishga qaror qilishdi. Yoshlardan faqat Skoulz va Niki Batgina tavakkal qilishga jazm etdilar. Barcha to‘lovlardan so‘ng qolgan 12 ming uchun qurʼa tashladik va uning natijasiga ko‘ra pul Kantonaga nasib qildi. U o‘ziga tegishli chekni oldi. Ertasi kuniga esa u ikkita 6 minglik chek ko‘tarib kelib, birini Polga, ikkinchisini Nikiga tutqazdi. «Bu ularning qo‘rqmasdan tavakkal qilganlari uchun mukofotlari», — deyatushuntirdi Erik. U o‘zining kutilmagan qarori bilan yana bir bor bizni hayratga soldi!»

«Manchester Yunayted»ningafsonalaridan yana biri Stiv Bryus Erikni o‘zi birga to‘p surgan futbolchilar ichidan eng kuchlisi deb bilishi haqida aytgan.«Men o‘z vaqtida Brayan Robson, Rayan Giggz va boshqa ko‘plab ajoyib futbolchilar bilan birga to‘p surishga muvoffaqt bo‘lganman. Ammo bular orasidagi eng buyuk futbolchi, menimcha, Kantona edi. U shu qadar kutilmagan qarorlar qabul qilar, maydonda shunday ishlarni amalaga oshira olardiki, bularni takrorlay oladiganlar juda kamchilikni tashkil qiladi»,— deydi Stiv Bryus Erik haqida so‘zlar ekan.

Kantonacha ketish...

1997 yilning yakshanbalaridan birida, u o‘zining futbolchi sifatida olib borgan faoliyatini yakunlagani haqida maʼlum qilganida ko‘pchilik bunga ishonishmadi. Ishongilari kelmadi, to‘g‘rirog‘i. Ammo bu haqiqat edi – Kantona bir umrga futboldan ketgandi. Uning ajoyib fintlari-yu, qoyilmaqom gollari endi yo‘q. Bu butun boshli bir futbol davrining yakuni edi. Erik «Mancheter Yunayted»ni barcha sovrinlarni qo‘lga kiritadigan katta bir mashinaga aylantira oldi. Uning ketishiga sabab, futbol tobora katta biznesga, faqat pul ishlash manbaiga aylanib borayotganini edi. U har doim futbol o‘ynashdan rohatlanishi uchungina bu ish bilan mashg‘ul ekanini taʼkidlardi.

«Agar menga bir tiyin-da to‘lashmaganida ham huddi shunday xohish bilan futbol o‘ynardim», — degandi Erik. 1997-yilda u futbolga bo‘lgan muhabbati susaya boshlaganini his etdi va faoliyatini yakunlashga qaror qildi. U pul ishlash uchun futbolda yurgan insonga aylanib qolishni istamasdi.

Keyinroq u o‘zini sohil futboliga bag‘ishladi. 2005-yilda u sohil futboli bo‘yicha Frantsiya terma jamoasini jahon chempioni qila oldi. Erik anchadan buyon katta futbolni muntazam kuzatib bormayotganini tan oldi. Lekin «Manchester Yunayted» har doim uning qalbida ekanligi va bu klub ishtirokidagi o‘yinlarni muntazam kuzatib borishini aytishdan charchamaydi. Kantona vafotidan so‘ng uning hokini «mankunianlar»ning uy maydoni bo‘lmish «Old Trafford» maydoniga sochishlarini so‘ragan.

Erik serqirra inson. So‘nggi vaqtlarda u o‘zini aktyorlikda ham sinab ko‘rmoqda va u bu ishni ham yomon amalga oshiryapti deb bo‘lmaydi. Ammo baribir futbol muhlislari ko‘z o‘nggida u har doim yashil maydonda, qizil futbolkada paydo bo‘laveradi. Televizor orqali «Manchester Yunayted»ning navbatdagi, aytaylik, «Vest Xem» bilan o‘yinini tomosha qilayotib o‘ylab qolasiz, «Qiziq, agar hozir Kontana bo‘lganida qanday o‘ynagan bo‘lardi? U futbolka yoqalarini tikka ko‘tarib olardi va hammasi yaxshi bo‘lishiga «qizil iblislar» muhlislari ishonch hosil qilishardi»…

Muallif: Abror qodirov

Manba: Stadion gazetasi.

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.