Эксклюзив /

Vidich: Vatandoshlarimga ishonaman

Bo‘ychan, bo‘ysunmas va ishonchli — xuddi qoyadek. Nemanya Vidich «MYU» sardori qanday bo‘lishi lozimligiga yaqqol misoldir. Serbiyalik futbolchi Angliya chempionatidagi eng yaxshihimoyachilardan biri. U to‘pni olib qo‘yishda berahm va havodagi kurashlarda haybatli. Angliya klubi rasmiy saytida «Spartak» (Moskva)ning sobiq vakiliga shunday tavsif berilgan.

Bunday ta’riflar kimlargadir bo‘rttirilgandek ko‘rinishi mumkin, biroq serbning Angliyada erishgan yutuqlari darhaqiqat, maqtovlarga loyiq. Aytaylik, Vidich premer-ligada 2 mavsum (2008|2009 va 2010|2011) eng yaxshi futbolchi maqomini olgan 3 nafar o‘yinchidan biri hisoblanadi (Frenk Lempard va Krishtianu Ronaldu ham shunday natija bilan maqtana olishadi). Qolaversa, Nemanya ChL g‘olibi va Angliyaning 4 karra chempioni! Hozirda tasavvur qilish qiyin: Nemanya futbolda himoya emas, balki boshqa amplua vakili sifatida namoyon bo‘lishi mumkin edi. 31 yoshli futbolchi FourFourTwo jurnaliga bergan intervyusida shu haqda ham gapirib berdi.

«Vinger sifatida boshlaganman»

Nemanya, sizga ajoyib himoyachilar bilan bitta jamoada o‘ynash nasib etdi. Ulardan qay birini eng kuchlisi sifatida e’tirof etasiz?

Rio Ferdinandni. Biz 7 yildan buyon hamkorlik qilyapmiz va katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Esimda, ilk kunlardanoq o‘zaro tushungan holda to‘p surganmiz. Bu juda muhim. Axir himoyachilarning futbolga nisbatan qarashlari turlicha bo‘lsa, ularning birga o‘ynashlarini tasavvur qilish ham qiyin.

Yoshligingizda qaysi himoyachilarning o‘yinlarini ko‘proqkuzatgansiz?

Tabiiyki, kimlargadir havas qilganman, ulardan ilhom olganman. Lekin hech qachon himoya vakillariga o‘zgacha qaragan emasman. Chunkihujumchilar va yarim himoyachilarning harakatlarini yoqtirardim.Qisqasi, doimo himoya emas, hujumkor futbolchi bo‘lishni orzu qilganman. Yoshligimda shunday edi. Hattoki, vinger rolini ham bajarganman ma’lum vaqt. Keyinroq esa meni himoyaga surishdi. Vaholanki, hujumchilikka hamisha jiddiy qiziqqanman.

Misol uchun, kimlarga alohida e’tibor qaratardingiz?

Faustino Asprilya «Parma»da o‘ynagan vaqtda meni lol qoldirgandi. Yana Zayniddin Zidan va Ronaldo. Aytmoqchimanki, yolg‘iz bir o‘yinchiga kumir sifatida qaramaganman, balki ko‘plab futbolchilarni yoqtirardim.

Qizig‘i, Vidich Serbiyaning «Srvena Zvezda» klubidan «Spartak» (Moskva) emas, aynan «Parma»ga o‘tishi ham mumkin edi. Bu haqda Nemanyaning o‘zi o‘tgan yilning dekabr oyida Italiya­ning Gorriere dello Sport nashriga bergan intervyusida alohida to‘xtaldi: «Ha, Rossiya emas, Italiyada paydo bo‘lishim hech gap emasdi. Zero, «Parma» klubi aniq taklif bilan chiqqandi. Faqat, nimadir o‘xshamagandi».

«Boshqalarga yo‘l ochdim»

Serbiya termasi JCh-2014 saralash bosqichida 4ta o‘yin o‘tkazib, atigi 4ta ochko oldi. Natijada o‘z guruhi yetakchilari — Belgiya va Xorvatiya termalaridan hozirning o‘zida 6 ochko ortda qolmoqda. Nemanya Vidich 2011 yilning oktyabrida milliy jamoa bilan xayrlashmaganida, ya’ni saralash bahslarida safda bo‘lganida, ehtimol, Serbiya drujinasining natijalari bunchalik pasayib ketmasmidi? Umuman, Ujitse shahrida tug‘ilgan futbolchi mamlakatning bosh jamoasida 56ta o‘yinda qatnashib, 2ta gol urgan.

Terma jamoadagi faoliyatimni tugatishga eng maqbul vaqtni tanladim, deyolmayman. Lekin bu borada qaror qabul qilib bo‘lganman. Endi uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini muhokama etishdan ma’no yo‘q. Umuman, gohida yosh futbolchilarga yo‘l bo‘shatish zarurati tug‘iladi. Men terma jamoada 10 yil davomida o‘ynadim va shunchaki, boshqalarga ham imkon berish lozim, deb o‘yladim. Chunki Serbiyada iqtidorli yoshlar, munosib o‘rinbosarlar yetarli. Misol sifatida «Manchester Siti»da o‘ynayotgan Matay Nastasichni e’tirof etishim mumkin.

Serbiya termasini mart oyida xorvatlarga qarshi o‘ta printsipial o‘yin kutmoqda. Nahotki, sizda shu uchrashuvda ishtirok etish xohishi barq urmayotgan bo‘lsa...?

Bizda yosh jamoa bor. Ha, JCh saralashi omadsiz boshlandi. Lekin ishonchim komil, hozirgi tarkibning salohiyati juda yuqori. O‘ylaymanki, milliy jamoamiz ancha yaxshi o‘ynashga qodir va uning kelajagi porloq. O‘zimga kelsak, termadagi faoliyatimni tugatgan bo‘lsamda, uning uchun shunchaki, fanat emasman. Hamon qalban jamoaning bir bo‘lagiman. Serbiya-Xorvatiya? Bu ham tomosha qilish, ham ishtirok etish uchun ajoyib o‘yin. Umid qilamanki, yoshlarimiz mazkur o‘yinda xalqimizga xursand­chilik ulashadilar. Aytmoqchimanki, mening qaytishimga zarurat yo‘q.

«Fergyusonga o‘rinbosar qidirish shart emas»

«MYU»da ham yosh futbolchilar ko‘p. Nazaringizda, ulardan qaysi biri alohida maqtovga loyiq?

Klubimizda katta salohiyatga ega yoshlar juda ko‘pki, ulardan kimnidir alohida ajratib ko‘rsatish mushkul. Barcha yoshlarning muvaffaqiyatga erishishlariga tilakdoshman. Biroq aynan hozir hech kimni maqtamoqchi emasman. Bu borada OAV yoshlarga doimo xalaqit beradi. Vaholanki, yosh futbolchini ko‘klarga ko‘tarishga shoshilmaslik kerak. Avvalo, u chin yurakdan shug‘ullansin, o‘zini ko‘rsatsin.

Aleks Fergyuson haqida nima deya olasiz? Uning o‘rnini kimdir egallashi mumkinmi?

Aytish qiyin. «MYU» yo‘li bar­qarorlikka asoslangan. Ayrim futbolchilar Fergyuson bilan 10 yildan buyon birga ishlayaptilar.Qisqasi, kimningdir ser Aleks o‘rnini egallashi juda-juda qiyin. Bu klubga ham, yangi menejerga ham katta sinov hisoblanadi. O‘ylaymanki, Fergyusonning o‘rinbosarini jamoa, fanatlar va futbolchilar birdek qo‘llab-quvvatlashadi va hamkorlikdagi ish samarali chiqishi yo‘lida bor kuch-mahoratlarini safarbar etishadi. Endi bunday sharafga kim erishishi xususida bir nima deyishga ojizman. Chunonchi, «MYU» hamon barqarorligi bilan ajralib turibdi va murabbiyimiz o‘z ishini qo­yilmaqom darajada uddalayapti. Qisqasi, Fergyuson o‘rniga o‘rinbosar qidirish ehtiyoji yo‘q hozirda.

Ser Aleks Fergyuson — Britaniya futboli tarixidagi eng omadli murabbiy. U «MYU»dagi ishi davomida 30tadan ortiq sovrinni qo‘lga kiritgan. Shotlandiyalik mutaxassis uzoq 1986 yilning noyabridan buyon «MYU»ni uzluksiz boshqarib kelyaptiki, bunga qoyil qolish kerak. To‘g‘ri, oxirgi vaqtlarda Britaniya OAV Fergyusonning o‘rinbosari masalasini tez-tez muhokama qilyapti. Asosiy nomzodlar sifatida ispaniyalik Xosep Gvardiola, portugaliyalik Joze Mourino va shotlandiyalik Devid Moyes tilga olinmoqda.

«Kelajakda murabbiy bo‘lmoqchiman»

Nemanya, faoliyatingiz tugaganidan so‘ng o‘zingizni murabbiy rolida sinab ko‘rishga xohishingiz bormi?

Ha, kelajakda murabbiy yoki menejer sifatida ishlashni istayman.Hozirda xohishim shunday, lekin vaqt o‘tishi bilan har narsa bo‘lishi mumkin. Murabbiylik men uchun chindan ham, qiziqarli, lekin ayni paytda futbolchiman. Ortiqcha havaslarga berilishim noo‘rin.

Gari Nevill «MYU»ga murabbiy sifatida qaytsa va klubni xuddi Sky Sportsdagi chiqishlari kabi qattiqqo‘llik bilan boshqarsa, bunga qanday munosabat bildirardingiz?

Garining tanqidlari o‘rinli va ular menga yoqadi. U doimo shunday: o‘z fikrlarini ro‘y-rost aytadi va bu yaxshi. Nevillning chiqishlari nafaqat Sky Sports yoki televidenie reytingini oshirmoqda, balki oddiy muxlislarga ham foydali bo‘lmoqda. Zero, undan ko‘p narsa o‘rganish mumkin.

Sky Sports — Buyuk Britaniyadagi eng ommaviy sport telekanali. «MYU» safida 8 karra Angliya chempio­ni bo‘lgan Gari Nevill hozirda aynan shu telekanalda tahlilchi va sharhlovchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Aniqrog‘i, butsalarini mixga ilganidan keyin, 2010|2011 yillar mavsumi o‘rtalarida TVda ish boshladi.

Manba: InterFUTBOL gazetasi.

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.