Эксклюзив /

Iblisona havotir

Futbol vatanida chempionat hech qachon zerikishga imkon bermagan. Shunday bo’lsada, 17-avgustda start oladigan navbatdagi mavsum, har qachongidan ham ko’proq intiqlik bilan, qiziqish va biroz havotir bilan kutilmoqda APL muxlislari tomonidan. Boshqacha bo’lishi ham mumkin emas.

«Chelsi»ga Joze «Special one» Mourinoning qaytishi, «Man Siti»da Pelligrini ish boshlashi va barcha davrlarning eng buyuk murabbiyi nomiga sazovorlar qatorida eng ilgarilardan bo’lib tilgan olinadigan ser Aleksning murabbiylik faoliyatini yakunlashi-yu, «MYu»ga Devid Moyesning bosh bo’lishi… Bu voqealarning barchasi jahonning birinchi raqamli chempionatiga qiziqishning yanada ortib ketishini ta’minlagani rost.

IBLISONA HADIK

Aminmanki, ushbu mavsum oldidan ayni vaqtda eng ko’p havotir «Manchester Yunayted» muhlislarida.

27 yillik butun boshli era nihoyasiga etdi. Har narsada intiho bor. Hatto Fergyuson faoliyatida ham. Ser Aleksning «MYu»dagi murabbiylik faoliyati shu qadar uzoq davom etdiki, u va «Yunayted»ni ayro tasavvur qila olmaydigan bir necha muxlislar avlodi shakllandi. Endi esa klub ham, muxlislar ham buyuk Fergisiz yashashni o’rganishlari kerak. Qanday qilib havotirlanishmasin axir?!

Vaqt o’tib, chempionat yaqinlashib borgani sari havotirlar faqatgina oshib bormoqda. Bunga esa Deyid Moyes, ha, aynan «MYu»ning yangi bosh murabbiyi, etarlicha asoslar yaratib berishda sobitqadamlik qilyapti. Qanday qilib?

Moyesning «MYu»dagi ilk matbuot-anjumanida aytgan gaplari muxlislarni tinchlantiradigan, raqiblarga harakatini qilib qolishi lozimligini anglatadigan darajada salobatli edi.

«Menga «MYu» rahbariyati futbolchilarni sotib olishda hech qanday moliyaviy cheklov qo’ymadi. Istalgan futbolchini istalgan narxga sotib olishimiz mumkin», degandi murabbiy.

Shundan so’ng xabarlar oqimi boshlandi: «MYu» Ronalduni qaytarmoqchi», «Beyl faoliyatini «Man.Yunayted»da davom ettirishi mumkin», «Qizil iblislar» Fabregasni tarkibiga qo’shib oladi», «Fellayni Moyes bilan «MYu»da ham hamkorlik qilishi mumkin»… va ho kazo, ho kazo...

Oradan vaqt o’tdi. Beylning «Real»ga o’tishi yozdan so’ng kuz kelishidek aniq bo’lib ulgurdi. Fabregas borasidagi barcha takliflar rad etildi. Fellayni va Beyns hamon «Everton» futbolchilari, Ronaldu shu kunlarda madridliklar bilan yangi shartnoma tuzadi...

Bu orada janob Moyes navbatdagi intervyusini berdi:

«Biz Fabregas borasida kelishuvga erisholmadik. Biroq tarkibimizga hech kimni qo’shib ololmasak ham Premer Liga grandlariga bemalol qarshilik ko’rsata olamiz. Hozirgi tarkib o’tgan mavsum eng yaqin ta’qibchisidan 11 ochko ilgarilab ketib, chempion bo’lganini unutmang».

Tulki etilib, hil-hil pishgan uzum shingilini ko’rib, qandoq olib esam ekan deya yaqinlashibdi. Qancha urinmasin, uzumga bo’yi etmabdi. Alamini bosish uchun shunday debdi: «O’ziyam hali g’o’r ekan».

Devid Moyes hali «MYu» bosh murabbiyi degan lavozim bosimini, uning butun talablarini to’liq tushunib etmayotgandek go’yo. Janob Moyes, «Manchester Yunayted» grand jamoalarga munosib qarshilik ko’rsatishni emas, faqatgina chempionlikni vazifa qilib qo’yadigan jamoa. Grandlarga munosib qarshilik ko’rsatish «Everton»larga yarashadigan vazifa.

Bu tarkib o’tgan yili chempion bo’lgani rost. Lekin o’tgan yilgi ta’qibchilar, hozir ham o’sha holda emas-da! Shudir masala (s). O’tgan yili faqatgina ta’qibchi maqomidagina bo’lgan «Manchester Siti» hamda «Chelsi» davralar oralig’ida shu qadar katta ko’lamli ishni amalga oshirdiki, mavsum avvalidan chempionlik uchun eng asosiy da’vogarlar maqomiga chiqib oldi. «Siti» o’z tarkibiga Fernandino, Xesus Navas, Yovetich, Negredo kabi ajoyib futbolchilarni qo’shib olgan bo’lsa, «Chelsi»da o’tgan mavsumning o’zida ajoyib tarkib yig’ilgan edi. Mourino esa bu tarkib bilan bemalol natija ko’rsata oladigan murabbiy ekanini isbotlab o’trish shart emas. Qo’shimchasiga Shyurle, van Ginkel kabi yoshlarni tarkibiga qo’shib oldi. Mavsum uzoq. Tarkibning kengligi ham ta’minlanmog’i lozim. «MYu» esa o’zi hali top darajadagi yulduzni qo’lga kiritmagani etmaganidek, o’zining eng kuchli futbolchilaridan biri bo’lgan Runini qo’ldan chiqarishi katta ehtimol.

Shaxsan men manchesterliklar agar Runini «Chelsi»ga sotishga rozi bo’lsalar, bu chempionlik kobogini ham qo’sh qo’llab kamida bir mavsumga londonliklarga tutqazib yuborishga teng deb hisoblayman.

Runisiz ham chempionat favoriti bo’lgan Mourino jamoasi bu transfer bilan «MYu» hujumidagi salobatni kamaytirish bilan birga, o’z hujum chizig’ini favqulotda kuchaytirib oladi. Chempionlik uchun baxsda to’g’ridan to’g’ri raqibining kuchsizlanishi evaziga kuchayish – sovrin uchun katta qadam. Shu va shu kabi sabablar o’laroq Manchester shahrining qizil qismi ko’nglida andak bir hadik bor ekani ravshan. Bu mavsum qiyin bo’lajak.

TANGANING IKKINCHI TOMONI

«MYu» bu mavsumda chempion bo’la olmasa nima bo’ladi? «MYu» uchun fojeami bu? Biror mega yulduzni tarkibiga qo’shib olomasachi?
Agar faqatgina yaqinlashib kelayotgan mavsumgina nazarda tutilsa – ha. Uzoqroqqa nazar tashlasak – yo’q. Bu mavsum chempion bo’lmasa fojea emas. Chempionlarga xos o’yin namoyish eta olmasa – fojea.

Jamoada ayni vaqtda yosh futbolchilar juda ko’p:

Uilfrid Zaxa (20), Gilermo Varela (20), Federiko Makeda (21), Nik Pauell (19), Adnan Yanuzay (18), David De Xea (22), Denni Uelbek (22), Tom Kleverli (23), Rafael da Silva (23) Fabio da Silva (23).

Ushbu mavsum mana shu futbolchilar uchun juda katta tajriba maktabi vazifasini o’tab berishi mumkin. Mayli, ular premer liga g’olibi bo’lmasin. Chempionlar ligasida bu bolalar bilan finalgacha etib borib bo’lmaydi, desangiz ham hech kim fikringizni inkor qilmaydi. Lekin bu vaqtinchalik holat. Ushbu mavsumda doimiy ravishda bu futbolchilarga maydonga tushishga imkon berib borilsa, tajribali futbolchilar bilan uyg’unlikda harakat qilishsa, bir necha yildan keyin ular katta kuchga aylanishi, «MYu»ning oltin avlodlaridan biri bo’lishi, ohir oqibat, «MYu»da natijani alohida shaxslar emas, yaxshi yo’lga qo’yilgan tizim, mukammal infrastruktura olib kelishini yana bir bor tasdiqlashi mumkin. Juda ham mumkin. Buning uchun mavsum chempionligini boshqasi ilib ketishiga to’g’ri kelsa ham ayuxannos solish shart emas, chamamda.

Bularning bari aynan bugungi holatdan kelib chiqilgan subektiv fikrlar. Mavsum boshlangunicha esa vaziyat butunlay o’zgarib ketishi mumkin. U holda bu mavzuga yana qaytamiz.

Salomat bo’lsak, albatta...

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.