Эксклюзив /

Sulsher: Hatto tanamdagi qon ham qip-qizil

«MYu»ning sobiq hujumchisi, hozirda Norvegiyaning «Myolde» klubi bosh murabbiyi Ole Gunnar Sulsher hadeb sport nashrlarida ko‘rinish beravermaydi. Lekin qachonki unga yaxshi suhbatdosh topilib, jo‘yali savollar berilsa, hech qachon intervyudan bosh tortmagan. Misol uchun, FourFourTwo nashri muxbiri bahorning ilk kunlarida uni qidirib kelganida, yosh mutaxassis muxbirni ochiq chehra va yuzidan hech arimaydigan yoqimli tabassum bilan qarshi oldi. Boz ustiga, Norvegiya uchun odatiy bo‘lgan salqinroq sharoitda muzlab qolgan jurnalist mutaxassisning haziliga sabab bo‘ldi: «Bizda, Norvegiyaliklarda shunday naql bor: «Yomon ob-havo bo‘lmaydi, shunchaki, kiyim-bosh chatoq bo‘lishi mumkin».

— Aytingchi, sizga «Kulib turgan jallod» laqabi yoqarmidi?

— Men bu laqabga qarshi hech narsa deya olmayman. Chunki u juda yoqimli qilib aytilgan. To‘g‘ri, premer-ligaga o‘tganimda, ko‘rinishim o‘smirnikiga o‘xshashini o‘zim ham bilardim. Lekin o‘yin vaqtida buni butunlay unutib, o‘zimni juda qattiqqo‘l tutardim. Ya’ni to‘pni olib qo‘yishga ishonsam, raqibimga nisbatan qo‘rqmay «podkat» ishlatardim. Laqab menga yordam berganmi? Mutlaqo yo‘q. Ochig‘ini aytsam, bolaligimdayoq rivojlanishim negadir juda sust bo‘lgan. Faqat 20-21 yoshga kelibgina bo‘yim o‘sa boshlagan.

— Otangiz yunon-rum kurashi bo‘yicha chempion bo‘lgani rostmi? Balki kurash bilan siz ham shug‘ullangandirsiz?

— Ha, chindan ham otam chempion bo‘lgan. Men ham 8 yoshdan 10 yoshimgacha kurash mashg‘ulotlariga qatnaganman. Ammo kaminani nuqul yelkadan oshirib yerga urishardi. Boshim og‘rib, o‘zimni juda yomon sezardim. Xullas, kurash menga sira yoqmagan.

— Aytishlaricha, bolaligingizda «Liverpul»ga muxlislik qilgan ekansiz?

— (kulib) Bu borada sizga faqat quyidagilarni aytishim mumkin: men tirnog‘imning uchidan sochimning uchlarigacha «Manchester Yunayted» ishqiboziman. Hatto mening qonim ham qip-qizil.

— Birinchi klubingiz — «Klausenengen»da bitta o‘yinda ko‘pi bilan nechta gol urgansiz?

— Bir safar naq 14ta gol urganman. Umuman olganda, bu klubda ko‘p marta gollarimni nishonlaganman. Agar jamoamizning o‘yini qovushavermasa, bir o‘zim uch-to‘rt himoyachini aldab o‘tib, maqsadimga yetardim. Ochig‘i, «Klausenengen»ning muxlislari unchalik ko‘p emasdi, o‘yinlarni ko‘rishga atigi 50-100 nafar tomoshabin kelardi, xolos. Ammo jamoamiz ahil bo‘lib, biz bir-birimizga qattiq bog‘lanib qolgandik.

— «Molde»ga o‘tganingizdan so‘ng xorij klublarining sizga qiziqishlari keskin kuchayib ketdi...

— Ha, chunki men bu klubdagi birinchi o‘yinimda ikkita, ikkinchisida uchta gol urgandim. Shundan so‘ng Gamburgda Feliks Magat bilan, keyinroq Jovanni Trapattoni bilan uchrashganman. U meni «Kalyari»ga olib ketmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, «PSV» va «Bavariya»dan ham qiziqish bo‘lgan. Aytgancha, «Liverpul» haqida ham mish-mishlar paydo bo‘lgan, ammo bu jamoalarning hech biri menga shaxsan murojaat qilishmagan. Albatta, «Manchester Yunayted» bundan mustasno.

— Siz 1996 yili «MYu»ga ko‘chib o‘tgansiz. O‘shanda manchesterliklar Alan Shirerni safga qo‘shib olish imkonidan voz kechishgan. Ehtimol, «qizil iblislar» sizni deb shunday yo‘l tutishgandir?

— Hecham bunaqa emas. Yodimda bor, Boss [Aleks Fergyuson] menga shunday degandi: «Dastlabki yarim yilda o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynab, Angliyaga ko‘nikasan. Yanvardan boshlab esa seni birinchi jamoaga o‘tkazaman». Lekin shunday bo‘lib chiqdiki, men o‘rinbosarlar tarkibidagi ilk o‘yinda dublga erishdim. Bu orada Endi Koul kutilmaganda jarohatga yo‘liqdi va jamoa hujumchiga muhtoj bo‘lib qoldi. Shu tariqa, «Blekbern»ga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, oltinchi daqiqadayoq gol urdim. Umuman olganda, «Yunayted»da juda ko‘p gollar urishimni ko‘nglim sezgandi. Chunki men vaziyatlardan qanday foydalanish kerakligini yaxshi o‘zlashtirgandim. Mashg‘ulotlarda, hatto darvozabon yo‘qligida ham to‘pni faqat darvoza ustuniga yaqinroq yo‘naltirishni mashq qilardim. Chunki bunday zarbani qaytarish juda-juda mushkul.

— Aleks Fergyuson qo‘li ostida to‘p surish qanday?

— Rohatning o‘zginasi! Bilasizmi, yaqinda men Patris Evra bilan ko‘rishib qoldim. Uning aytishicha, «Yuventus»da o‘ynash — ishga borishdek gap ekan. «Yunayted»da bizni siqib, suvimizni olishardi, ammo sira bunday tuyg‘uni his qilmaganmiz. Chunki murabbiy har doim erkin bo‘lshimizni istardi. U jamoada adolatparvar muhit yaratgandi. Giggz, Kantona, Kin, Shmayxel — biz klub uchun borimizni berardik. 2000 yilga kelib mashg‘ulotlarimizning borishi haqida kundalik daftar tuta boshladim. Chunki Fergyuson hech qachon ko‘p gapirmasdi, lekin uning kam sonli har bir gapi muhim bo‘lardi.

— Ko‘pchilikning yodida bor, siz bir gal so‘nggi daqiqalardagi hujumni qaytaraman deb Rob Lining oyog‘i ostiga tashlangansiz va natijada maydondan chetlatilgansiz. Shu ishni hozir shogirdlaringiz amalga oshirishsa, nima bo‘ladi?

— Yo‘q, hech qachon bunga yo‘l qo‘ymayman. O‘shanda men Rob Lini ta’qib qilganim rost. Unga yetib olaman deb o‘ylagandim, ammo… To‘g‘ri, maydondan chetlatilsam ham, xavfli hujumning oldini olganim uchun «Old Trafford» meni olqishlagan, lekin murabbiyim emas. Bu noxush voqeadan so‘ng Fergi shunday degandi: «Biz Manchesterda bunday g‘alaba qozonmaymiz. Biz muvaffaqiyatga halollik bilan erishamiz». Bu gaplar mening ko‘zimni ochdi. Boshqa murabbiylar balki bunday holatda: «Barakalla, o‘g‘lim», — deyishi mumkindir, ammo Fergyusonga bunday g‘alabaning keragi yo‘q edi.

— Terma jamoangiz bilan JChda Braziliyadek kuchli jamoani yenggansiz. O‘shanda qanday hissiyotlar bo‘lgan? Nega Norvegiya shundan beri biror-bir aytarli natijaga erisha olmayapti?

— Bilasizmi, Norvegiyadagi ko‘pgina mahalliy klublar sun’iy maydonda to‘p surishadi. Bu esa tabiiyki, hecham termamiz foydasiga ishlamaydi. Sun’iy maydondagi futbol — basketbol bilan deyarli bir xil. 1998 yilgi JChga kelsak, o‘shanda hammasi men uchun juda qiziq o‘tgan: Marokashga qarshi o‘yinning tanaffusida zahiraga olindim. Ikkinchi o‘yinda negadir umuman maydonga tushirilmadim. Lekin Braziliya termasiga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibda boshladim. Esimda bor, mazkur o‘yin arafasida termaning bir qismi ekanimdan cheksiz faxrlanganman. Braziliya ustidan qozonilgan g‘alaba esa xalqaro o‘yinlardagi faoliyatimning kulminatsiyasi edi.

— «MYu»ning «Nottingem Forest»ga qarshi o‘yinini eslaymiz… Siz uchrashuv tugashiga 10 daqiqa qolganida maydonga tushib, to‘rtta gol urgansiz...

— O, bu kechagidek yodimda… Men maydonga tushishga tayyorlanayotganimda shunday deyishgandi: «Ole, biz 4:1 hisobida yutyapmiz. Ehtiyot bo‘l, «mo‘jiza» yaratma — shunchaki, to‘pni o‘zingda saqlab tur». Men esa ichimda shunday dedim: «Albatta!» Lekin o‘yinga qo‘shilishim bilan birin-ketin vaziyatlar yuzaga kelaverdi, gol uraverdim. Aytmoqchimanki, men hech qachon to‘pni shunchaki, o‘zimda ushlab yuravermaganman. O‘sha to‘rt gol esa hayotimda muhim o‘rin tutadi.

— 1999 yil, «Bavariya»ga qarshi ChL finali: o‘shanda Fergyuson sizga nima degandi?

— Menga-ku, hech narsa. Ammo u Teddi bilan butun tanaffusni birga o‘tkazib, qulog‘iga tinmay bir nimalarni gapirgandi. Bu esa meni juda xafa qilgan. Ichimda o‘ylagandim: «Men har doim zahiradan o‘yinga qo‘shilib, 17ta gol urdim. Nega Fergi menga hech narsa demayapti?» Keyin esa Teddi ikkalamiz Fergyuson uchun g‘alabaga yo‘l topdik. Qisqasi, qachonki ser haqida o‘ylasam, kayfiyatim ko‘tarilaveradi — u mana shunday murabbiy edi.

— «Bavariya» darvozasiga o‘sha golni urgach, nimalarni his qilgansiz?

— Birinchi bo‘lib miyamga kelgan fikr: «Offsaydda emasmanmi?» Hakamning hushtagi doim qo‘rqinchli, axir. Gol inobatga olingach esa, kallamda chinakam «xaos» boshlandi. Xursandchilikni qanday nishonlashni bilmasdim. Natijada bungacha hech qilmagan ishimni qilib, golni tizzada sirg‘alib nishonladim va bo‘g‘inlarim cho‘zilib, terma jamoaning ikki o‘yinini o‘tkazib yubordim. Ammo o‘sha gol — bunga arzirdi! Chempionlar Ligasidagi g‘alaba — har qanday futbolchining orzusi. To‘g‘ri, bungacha bir necha marta o‘zimni ChL finalida g‘alaba goli muallifi sifatida tasavvur qilib ko‘rganman, ammo orzular reallikka aylangach, butunlay dovdirab qolgandim. Xullas, bu hissiyotni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman.

— «Superzaxira» roli jahlingizni chiqarmasmidi?

— Bu meni qoniqtirardi. Albatta, men murabbiyimga ko‘proq o‘ynashga arzishimni isbotlamoqchi bo‘lardim. Lekin ser kaminani faqat kerakli lahzalardagina maydonga tushirardi. Tabiiyki, u jahlim chiqishini sezardi, ammo bilardiki, men qachon maydonga tushsam, jamoa uchun borimni beraman. Bu esa raqiblarga ta’sir o‘tkazardi: ya’ni, men o‘yinga tushishga tayyorlanyapmanmi, raqiblarda albatta, sarosima boshlanardi.

— «MYu» uchun 7-raqam — alohida ahamiyatga ega. Siz esa bu raqamning bir emas, uchta sohibi — Erik Kantona, Devid Bekxem va Krishtianu Ronaldular bilan to‘p surgansiz. Ularning qay biri siz uchun qadrliroq?

— (o‘ylanib) «Manchester Yunayted»ga kelganimda, Kantona men uchun ideal hamkor edi. Klubdan ketayotganimda esa, Krishtianu sayyoramizning eng kuchli futbolchilaridan biri bo‘lib yetishishi ko‘rinib turardi. Shunday ekan, Devid Bekxemni e’tirof etganim to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

— Biror marta Roy Kin bilan janjallashganmisiz?

— Bunaqasi juda ko‘p bo‘lgan! Aslida biz Roy bilan qalin do‘stmiz. Ammo vaqtida keragicha tortishganmiz ham. Ochig‘i, ba’zida unga biror fikrni to‘g‘ri tushuntirish uchun albatta, so‘kinishga to‘g‘ri kelardi.

— Qaysi himoyachiga qarshi o‘ynash siz uchun qiyin bo‘lgan?

— Mashg‘ulotlarda asosan Yap Stamga qarshi harakat qilardim. Chunki undan o‘tib ketishning deyarli imkoni bo‘lmasdi. Rio Ferdinand «Lids»da o‘ynab yurgan kezlarda kaminani juda qiynagan. Umuman olganda, Marsel Desayi, Paolo Maldini, Fabio Kannavaro va Toni Adams kabi kuchli va chaqqon himoyachilar har qanday hujumchiga boshog‘rig‘i bo‘lardi.

— Mish-mishlarga qaraganda, o‘g‘lingiz sizning emas, Ueyn Runining muxlisi bo‘lgan ekan. Shu rostmi?

— (kuladi) Ha, bu — rost! Noy hozir 15 yoshga to‘ldi. O‘sha chog‘larda esa 6 yoshli bolakay edi-yu, otasini qanday ranjitishni bilardi, shumtaka!

— Katta futbol bilan xayrlashganingizdan so‘ng Norvegiya termasini boshqarish imkoniga ega bo‘lgansiz. Nega taklifni rad etgansiz?

— Bilasizmi, men o‘shanda endigina «Yunayted»ni shug‘ullantirishni boshlagandim. Taklifdan xabar topgach, Fergyuson menga: «Terma jamoada nima qilasan? Sen bu ishga 50 yoshdan keyin kirishganing yaxshiroq», — degandi. O‘ylab ko‘rsam, har doimgidek, u haq ekan.

— Futbolchilikdan murabbiylikka o‘tishdagi eng muhim omil nima?

— «Myolde»da meni birin-ketin muvaffaqiyatlar kutgani uchun ortiqcha muammolarga duch kelmadim. Ochig‘ini aytsam, men juda o‘jar va o‘zining fikrini ma’qullayveradigan odamman. Aksariyat klublarda bunday murabbiy uzoq ishlay olmaydi. Biroq «Myolde»da futbolchilar ham, rahbarlar ham istaklarimni to‘liq bajarishgani uchun qisqa vaqtda barcha bilan til topishib ketdik. Shu paytgacha klub milliy chempionatda g‘olib chiqmagandi. Birgalikda esa biz ikki marta oltin medallarni qo‘lga kiritdik. Muhimi, hozirgi «Myolde» xuddi bizning davrimizdagi «MYu» kabi, raqibga bosim o‘tkazuvchi hujumkor uslubda o‘yin ko‘rsatmoqda. Ehtimol, yutuqlarning boisi shundadir...

— Tanlang: siz yo Lui van Gal qo‘li ostida to‘p surasiz yoki o‘zingizni og‘zini katta ochib turgan kashalot tomon tashlaysiz?

— (kuladi) Bir vaqtlari ser Aleks har bir o‘yin oldidan bizga shunday derdi: «Maydonga chiqing-da, futboldan rohat oling! Lekin bor imkoniyatingizni ishga soling!» Men «MYu»ni mana shunday ko‘rishni istardim. Bu jamoa futbolchilari erkin harakat qilishlari lozim. Lekin biz — odamlar har xilmiz. Lui van Galda maqtanishga arziydigan tarixiy natijalar bor. Shunday ekan, uni tanqid qilishga haqli emasman.

— Nima deb o‘ylaysiz, Rayan Giggz «MYu» murabbiyi bo‘la olarmikan?

— Shak-shubhasiz. Zero «Manchester Yunayted» Rayanning DNKsiga ham singib ketgan. U mag‘lubiyatga uchrashni yoqtirmaydigina emas, umuman, bu haqda bilmaydi ham. Bu esa muvamffaqiyatga erishishni istovchi insonlar uchun juda foydali.

— Nega shu paytgacha Angliya klublaridan birida ish boshlamadingiz? Yoki «Kardiff»dagi omadsizliklar sizni cho‘chitib qo‘yganmi?

— Oldinlari premer-ligada ishlash — maqsadim edi. Lekin hozir bunga jiddiy qaramayman: imkoni bo‘lsa — ishlarman, bo‘lmasa — yo‘q. Biz «Myolde» bilan Yevropa Ligasida guruhdan chiqdik, «Seltik»ni ikki marta mag‘lubiyatga uchratdik, «Fenerbaxche»dan ustun keldik, «Ayaks»ga yutqazmadik. Klub uchun mana shularning o‘zi ham katta muvaffaqiyat. Angliya klublariga bo‘lgan hurmatni saqlagan holda aytamanki, «Myolde»dagi hozirgi ishim — chempionshipdagi biror-bir jamoani boshqarishdan ko‘ra qiziqarliroq. Imkoni boricha, ser Aleks Fergyuson o‘gitlariga tayanib, jamoam yanada chiroyliroq, yanada qiziqarliroq o‘yin ko‘rsatishi uchun mehnat qilaman.

— «MYu»ga murabbiylik qilish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

— Oh, qani edi… Bu — «Manchester Yunayted»da to‘p surgan barcha sobiq futbolchilarning eng yirik orzusi-ku...

Interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.