Эксклюзив /

Giggz: «Sir bitta - hamjihatlik»

So‘nggi yillarda «MYu»ning zaxira o‘rindig‘i va hattoki, asosiy tarkibida bo‘y ko‘rsatish mahalliy akademiya tarbiyalanuvchilari uchun odatiy holga aylandi. Bundan 25 yil muqaddam «Old Trafford»da o‘zining shiddatli parvozini boshlagan Rayan Giggz bu borada nima deydi? «MYu» akademiyasi samaradorligi qanday asoslarga ega? Bu kabi savollar javobiga qiziqsangiz, quyidagi intervyuni mutolaa qilishingiz mumkin.

— Rayan, olis 1991 yil mart oyidagi ilk uchrashuvingiz taassurotlari yodingizdami?

— Ehtimol, debyut boshqa futbolchilarniki kabi men uchun ham unchalik vahimali bo‘lmagandir. Axir 12 yoshimdan shu dargohda ulg‘aydim, yoshlar va zaxira jamoalari tarkibida «Old Trafford» bilan yaxshilab tanishgandim. Shu sababli, yulduzlik kasali yoki «Orzular teatri» oldidagi hayajon menga xalal bermagan. Shunga qaramay, buyuk jamoa libosida ilk marta maydonga tushganimda, qandaydir to‘lqinlanish va biroz asabiylashishdek ajib bir hayajonni yaqqol his etgandim.

— Yoshlar jamoasidan asosiy tarkibga o‘tishingizda sizga qaysi omil ko‘proq xalaqit bergandi?

— O‘rinbosarlar safidan asosiy jamoaga o‘tish — ulkan qadam. Murabbiyim o‘gitlari bu borada menga juda qo‘l keldi. U yoshlar safida qanday o‘ynagan bo‘lsam, xuddi shunday davom ettirishim zarurligini uqtirgandi. Tabiiyki, ustozim ko‘rsatmalarini iloji boricha bexato bajarishga intildim. Albatta, o‘rtada juda katta tafovut bor edi — seni teleekran orqali millionlab va stadionda 40-45 ming muxlis kuzatib turganida, kuchli hayajon, bosimni sezishing aniq. Muhimi, men o‘sha bosim va hayajon ta’siriga berilmadim.

— Ser Mett Basbi yosh futbolchilarga ishonch bildirish bilan dong taratgandi. Oxir-oqibat, bu an’ana klub tarixining ajralmas qismiga aylandi. Basbining ta’siri hozir ham sezilib turadimi?

— O‘ylashimcha, yoshlar jamoa tarixidan joy olgan barcha buyuk futbolchilar izini bemalol his etishlari mumkin. Darhaqiqat, ser Mett mahalliy futbolchilar orasidan noyob iqtidor sohiblarini kashf etish an’anasini boshlab bergan. O‘sha an’ana hozir ham mavjudki, bu hol muxlislarga juda yoqadi. Axir ular yosh yigitchalarning mashhur yulduzlar bilan yonma-yon to‘p surishayotganidan o‘zgacha zavq olishadi.

— Ser Bobbi Charlton hamon klub uchun muhim shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda. Uning «MYu» tarixiga qo‘shgan hissasiga qanday baho berasiz?

— Menga vaqtida Shveysariyada tashkil etilgan U-14 toifasidagi turnirda qatnashish nasib etgandi. O‘shanda ser Mett va ser Bobbi biz bilan sayohat qilishgandi. Aeroport­da ularni muxlislar qurshab olishgani kechagidek yodimda. Demoqchimanki, muxlislar nafaqat Manchester, balki dunyoning istalgan nuqtasida bu afsonalarga yuksak ehtirom ko‘rsatishadi. Qaerga borishimizdan qat’iy nazar, fanatlar ser Bobbini o‘rab olishar, undan dastxat olish uchun uzoq vaqt navbat kutishardi.

— Chunki u «MYu»ning jasorat ramzi edi-da, shundaymi?

— Ser Bobbi jamoa buyukligining timsoli! O‘z faoliyatini yoshlar jamoasida boshlab, Myunxen fojiasi alamlarini tatib ko‘rdi. Shunda ham yana maydonga qaytib, son-sanoqsiz sovrinlarga erishdi. U hozir ham «MYu»da yuksak nufuz va ta’sir kuchiga ega. Asosiysi, Charltonni butun dunyo taniydi.

— Shu o‘rinda Bobbi Charlton tomonidan o‘rnatilgan rekordni 2008 yili Moskvada yangilaganingizni eslamaslikning iloji yo‘q. O‘sha tarixiy oqshomni qanday eslaysiz?

— Albatta, «MYu» safidagi o‘yinlar soni bo‘yicha ser Bobbidan o‘zib ketishni hatto orzu qilishga ham haddim sig‘masdi. Qo‘shimchasiga, bu unutilmas natija ChLdagi tarixiy g‘alabamiz bilan o‘zgacha sayqal topdi. G‘oliblik nash’asini shaxsan ser Bobbi bilan birga surdimki, bu  faoliyatimdagi eng yorqin lavhalardan biridir.

— Ortga qaytishda davom ettamiz: 1999 yil, «MYu» qayd etgan «trebl», ChL yarim finalida urgan golingiz va «Kamp Nou»dagi final… O‘sha fantastik mavsumning eng yorqin lavhasi qaysi?

— Menimcha, Manchester markazidagi Dinsgeyt muyulishida kuzatilgan holat. Biz shahar bo‘ylab usti ochiq avtobusda sayrga chiqqan edik va ko‘chalarda millionlab muxlislarga duch keldik. APL g‘olibligi, Angliya kubogi va Barselonada qo‘lga kiritilgan dramatik g‘alaba! G‘oliblik nashidasini nafaqat Manchester, balki butun dunyodagi muxlislar bilan baham ko‘rish chindan ham, hayratlanarli. O‘ylashimcha, qolgan jamoadoshlarim ham hayratdan qotib qolishgandi. Ko‘chalarda na yo‘lak, na bino va na daraxtlar ko‘rinardi. Hammasini bizga uzoqdan bo‘lsada, nigoh tashlash umidida kelgan muxlislar to‘sib qo‘­yishgandi.

— Bunday fantastik muvaffaqiyatning asosiy omili nima edi, sizningcha?

— Ko‘plab ijobiy jihatlarning o‘yg‘unligi. Xususan, so‘nggi soniyalargacha mag‘lubiyatni tan olmaslik, oxirgi daqiqalarda gol urish odatimiz muhim rol o‘ynagandi. Albatta, ChL finalida hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda urilgan gol bahosi juda baland. Vaholanki, bungacha ham so‘nggi daqiqalarda yetarlicha gollarni nishonlagan edik. Buning asosiy sababi shuki, hech qachon yengilganimizni erta tan olmasdik, bunga odatlanmagandik.

— Shubha yo‘q, tarixiy muvaffaqiyatda «Klass-92»ning ulushi katta bo‘lgandi. Bu atamadan bexabar muxlislarga qisqacha izoh berib o‘tsangiz...

— Chindan ham, kamdan-kam yuz beradigan holat. Ungacha jamoamiz safiga har 2 yilda 1-2 nafar tarbiyalanuvchi qo‘shilardi. 1992 yili esa yoshlar tarkibidan bir yo‘la 6 nafar futbolchi asosiy jamoaga jalb etildi. Boz ustiga, ular shunchaki, jamoadosh emas, 12-13 yoshli paytlaridan birga ulg‘aygan qalin do‘stlar edilar. Oradan 20 yil o‘tgach, o‘rtadagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlandi. Ular shu davr ichida ulkan zafarlarga erishdilar. Hayratomuz voqealar futbolda juda kam uchraydi. Yoppasiga jamoaga o‘tish va misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishish holati qaysidir jihatdan «Basbi kichkintoylari»ni eslatgandi.

— Qaysi natijani hamkorlikda qo‘lga kiritilgan eng buyuk zafar sifatida tilga olasiz?

— Menimcha, eng yaxshi natijamiz — birgalikda o‘tkazgan o‘yinlarimiz sonining ko‘pligi. Zero, bosh jamoa tarkibidan joy olishning o‘zi o‘ta mushkul vazifa. Lekin uning tarkibida uzoq vaqt to‘p surish, yillar davomida g‘alabalarga nisbatan chan­qoqlik va ishtiyoqni yo‘qotmaslik undan-da qiyinroq. Biz buni uddaladik!

— Aytingchi, «MYu» tizimidagi barcha jamoalar sinovidan o‘tishning alohida siri bormi?

— Albatta, bilasizmi, bu klub yoshlarga keng imkoniyat beradi. Bu borada yana ser Mett Basbi davrini eslashimiz joiz. Fanatlarning talabi ham shu — maydonda o‘zlaridan farq qilmaydigan mahalliy o‘yinchilar, klub tarbiyalanuvchilarini ko‘rish. Ular yosh futbolchilarga doimo xayrixohlik bilan qarashadi. To‘p uzatish yoki darvozani nishonga olishda xatolikka yo‘l qo‘yishsada, kechirishadi. Chunki o‘sha futbolchi xuddi o‘zlari kabi «MYu» muxlisi ekanini yaxshi bilishadi. Demak, qaysidir yosh futbolchining asosiy tarkibdan mustahkam joy olishi — e’tiborga molik voqea.

— Imkoniyatlar keng ekan, unda nega sizlar uddalagan ishni bosh­qalar takrorlay olishmayapti?

— Bilasizmi, biz ham o‘ziga xos tabiat va turli xaraktergaegaedik. Ammo barchamizni yagona maqsad birlashtirib turardi. Maqsadimiz shunchaki, tarkibdan joy olish emas, samarali to‘p surib, buyuk g‘alabalarga erishish edi. Maydonda ham, uning tash­qarisida ham qalin do‘st tutingandik. Hozirda ham o‘rtamizdagi «bordi-keldi» uzilgan emas, tez-tez ko‘rishib turamiz. Shunday ekan, muvaffaqiyatimizning asosiy sababi — hamjihat bo‘lganimiz.

— Darhaqiqat,  nafaqat «MYu», balki terma jamoada ham risoladagidek faoliyat yuritib, boy tajriba orttirgansizlar. Bunda klubdagi tarbiyaning o‘ziga yarasha ulushi bordir...

— Chindan ham, nafaqat futbol, balki hayotda-da ma’lum tajribaga ega bo‘ldik. Juda ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazardik. Ba’zan soat 8:00da boshlangan mashg‘ulot 16:30gacha davom etardi. Nafaqat g‘alabalarni nishonlash, mag‘lubiyat alamini unutishni ham o‘rgandik. Bugun kimdir yaxshiroq o‘ynasa, boshqasi risoladagidek to‘p surolmasligi mumkin. Shunday paytlarda bir-biriga yordam berish, qiyinchiliklarni birga yengib o‘tish muhim.

— Do‘stlaringizga yagona ibora bilan ta’rif bersangiz...

— Gari Nevill, bu yigitga 2ta so‘z ishlataman — doimo haq! Fil Nevill — qitmir, Niki Batt — quvnoq, Pol Sko­-ulz — hissiz, Devid Bekxem — surbet!

— Endilikda yosh futbolchilarni tarbiyalab, ularni yulduz darajasiga olib chiqish klubning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolaveradimi?

— Ha, shunday. Axir bu klub falsafasi, tarixining ajralmas bo‘lagi-ku. «MYu»ni boshqa jamoalardan ajratib turadigan jihat ham shu. Istasak, yuksak saviyadagi o‘yinchilarni xarid qilishimiz mumkin. Biroq eng avvalo, o‘zimiznikilar o‘ynashini xohlaymiz. Ularni qaysi chiziqda to‘p surishlari muhim emas. Asosiysi, tizimimizdan chiqishsa, bas.

— Futbolchi Rayan Giggz va murabbiy Rayan Giggzni taqqoslash mumkinmi?

— Bo‘lmasam-chi… Ular bir-biriga juda o‘xshash. Bir paytlar dunyoda eng yaxshi futbolchi bo‘lishni orzu qilardim. Endi esa eng yaxshi murabbiy sifatida nom qozonishga urinib ko‘raman. Buning uchun tinmay ter to‘kishim va bor kuchimni sarflashim lozim. Qolaversa, sa’y-harakatlarim qalb amriga mos kelish juda muhim.

— Bu ikki kasb orasidagi farq nimada?

— Murabbiylik sohasiga kirgan kishi futbolchidek fikrlashni to‘xtatishi shart. Futbolchining vazifasi ancha oddiy: u yuksak saviyada to‘p surishni istaydi, bunga qanchalik tayyor ekanligi va maqsadga erishish yo‘llarini biladi. Murabbiy esa turli tabiatli futbolchilar yordamida eng yaxshi natijani ta’minlashga intiladi. Buning uchun har bir shogirdining ko‘ngliga yo‘l topishi, eng yaxshi fazilatlarini namoyish etish uchun barcha jabhalarda yordam berishi talab etiladi.

— Suhbatimiz yakunida sizga berilgan «MYu» tarixidagi eng muvaffaqiyatli futbolchi» maqomiga izoh bersangiz...

— Men omadliman. Albatta, tirish­qoqlik bilan mehnat qildim, bor mahoratimni ishga soldim. Shuning­dek, omadli davrni boshdan kechirayotgan klubga yuksak saviyali o‘yinchilar bilan bir vaqtda kelganim ham rost va bu faoliyatim muvaffaqiyatini ta’minladi. Sevimli jamoa sharafini himoya qilish uchun shuncha ko‘p maydonga tushganim va yetarlicha yorqin g‘alabalar hamda nufuzli sov­rinlarga ega chiqqanimdan faxrlanaman, albatta. Asosiysi, hech qachon natijalar bilan kifoyalanib qolmadim, aksincha, iloji boricha ko‘proq yutuqlarga erishishni ko‘zladim. Xayriyatki, buni uddaladim ham!

Manba: interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.