Эксклюзив /

«MYu»-99: Kim qaerda?

YeChL-99 finali qahramoni Ole Gunnar Sulsher yaqinda APLda bosh murabbiy sifatida debyut qildi. Afsonaviy bahsda ishtirok etishgan «MYu»ning boshqa futbolchilari hozirda qanday yumush bilan mashg‘ul ekanliklariga qiziqib ko‘rdi.

Peter Shmeyxel

Finalda raqib jarima maydonchasida paydo bo‘lib, o‘yinning butunlay o‘zgarib ketishiga hissa qo‘shgan daniyalik darvozabon o‘z mamlakati va Britaniya televideniesi (xususan, VVSning mashhur ko‘rsatuvi — Match of the Dayda vaqti-vaqti bilan tahlilchi sifatida ishtirok etadi)da muntazam chiqish qilib turibdi. Oxirgi vaqtlarda esa Shmeyxelning murabbiylikka o‘tishni xohlayotgani xususida ham gap-so‘zlar yo‘q emas. Misol uchun, o‘tgan yozda uning nomini «Sheffild Yunayted» bilan bog‘lashdi.

Gari Nevill

Chempion jamoaning o‘ng qanot himoya­chisi beo‘xshovdek ko‘rinadigan mo‘ylovlarini olib tashladi va Sky Sportsda sport televideniesining superyulduziga aylandi. Axborot uzatishda yengillik va jiddiylik o‘rtasidagi balansni topgan Nevill mamlakatda eng hurmatga sazovor futbol teletahlilchisi maqomini oldi. Gari yana Roy Xojson shtabida ham faoliyat yurityapti va Daily Mailda ancha munosib ruknni yurgizmoqda.

Ronni Yonsen

Faoliyatini tugatgach, Yonsen ancha vaqt jamoatchilik nazaridan chetda yurdi. To‘g‘ri, ba’zi-ba’zida baho va bashoratlari bilan o‘zini eslatib turdi. Aytaylik, «MYu»ning muayyan o‘yinda g‘alaba qozonishini aytib adashmadi. O‘tgan yilning yozida esa murabbiylik kursiga yozilganini e’lon qildi.

Yap Stam

Gollandiyalik himoyachi ham murabbiylikni ixtiyor etdi va o‘tgan yilning yanvar oyida «Ayaks» shtabiga kirdi. Aytishlaricha, Stam «Milan»da Klarens Zeedorfga yordamchilik qilishi mumkin ekan.

Dennis Irvin

Irlandiyalik futbolchi faoliyatiga xotima yasagach, «MYu»ning rasmiy telekanalida ish boshladi. U MUTVda boshlovchilik qilyapti hamda o‘yinlarga tahliliy baho berish bilan mashg‘ul.

Rayan Giggz

O‘sha «Yunayted»ning asosiy tarkibida o‘ynagan va professional darajada faoliyatini davom ettirayotgan yagona futbolchi. Giggzda murabbiylik sertifikati ham bor va u amalda o‘ynovchi-murabbiy hisoblanadi. Mo-yes uelslik faxriyga shartnomasini yana 1 yilga uzaytirish taklifi bilan chiqmoqchi, biroq joriy mavsum voqealarini inobatga olsak, bunday bo‘lishining ehtimoli katta emas.

Devid Bekxem

Finalda markaziy yarim himoyachi nominatsiyasida to‘p surgan Bekxem tabiiyki, ishsiz o‘tirmayapti: reklamalarda suratga tushishni davom ettiryapti, Xitoy futboli rasmiy elchisi rolini bajaryapti… Asosiysi, Mayamida Lebron Jeyms bilan hamkorlikda MLS uchun yangi klub tuzishni rejalashtirmoqda. Aytgancha, Boliviyaning «Bolivar» klubi Devidga faoliyatini qayta jonlantirishni taklif etyapti — 1ta o‘yin uchun.

Nikki Batt

Professional faoliyatiga Xitoyda nuqta qo‘ygan «MYu» tarbiyalanuvchisi jamoaning zaxira tarkibi murabbiyi Uorren Joysga assistentlik qilmoqda.

Yesper Blumkvist

Skoulz va Kinning diskvalifikatsiyasi sabab finalda asosiy tarkibdan joy olgan Giggzning sobiq o‘rinbosari murabbiylikda omadsizlikka uchradi. Ma’lum bo‘lishicha, u hozirda Stokgolm­da yashayapti va shaxsiy tungi klubi bor.

Duayt York

MUTV telekanali o‘tgan yozda qiziqarli xatolikka yo‘l qo‘ydi. Ya’ni mavsumoldi turniri chog‘i York «MYu»ning bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi. «Ertami-kech murabbiylik qilishim aniq. Lekin buni vaqt ko‘rsatadi. Ayni payt esa ishlarim juda ko‘p»,-deya bayonot berdi o‘sha zahoti Duaytning o‘zi. Hozircha sobiq hujumchi «MYu» va jonajon vatani — Trinidadning elchisi sifatida dunyo kezmoqda, yana poker o‘yini bilan mashg‘ul. Aytgancha, York qisqa vaqt Trinidad va Tobago termasi jamoasi bosh murabbiyiga yordamchilik qilishga ham ulgurdi. To‘g‘ri, o‘z intervyularida doimo jamoaga hech qanday ta’sir o‘tkazmaganini ta’kidlaydi.

Teddi Sheringem

Finalda hisobni tenglashtirgan hujumchi bugungi kunda asosan golf va poker bo‘yicha turnirlardagi ishtiroki tufayli e’tiborga tushmoqda. Qolaversa, u yaqinda Styuart Pirs, Des Uoker va Les Ferdinand hamkorligida The Establishment guruhi klipida ko‘rinish berdi.

Endi Koul

Glenn Xoddl tomonidan o‘ziga xos baho olgan hujumchi («Koulning 1ta gol urishi uchun 5ta vaziyat lozim») muntazam MUTVda chiqish qilyapti va murabbiylik ishini boshlashni o‘ylayapti. Yaqinda OAVda Koulni futbolga daxldor bo‘lmagan voqea sabab eslashdi: u samolyotda irqchilik haqoratiga uchrabdi.

Raymond van der Gouv

Gollandiyalik kiper 44 yoshigacha (!) faoliyatini davom ettirdi. Keyin esa bir necha yil «Sanderlend»da ish yuritdi (jumladan, Roy Kin bilan ham). 2009 yili esa «Vitess»da darvozabonlar murabbiyi lavozimini egalladi.

Devid Mey

«MYu»ning zaxira himoyachisi futboldan ketgach, vino ishlab chiqarish bilan shug‘ullandi, ammo aytarli muvaffaqiyatga erishgani yo‘q.

Fil Nevill

Kenja Nevill ham murabbiylik qilmoqda. U «MYu»ga qaytib, Devid Moyes shtabidan o‘rin olishga ulgurdi. Fil yozda «Everton» prezidentiga klubda bosh murabbiy sifatida ishlashga tayyorligini bildirdi. Aniqrog‘i, Moyes o‘rnini egallashga moyilligini sha’ma qildi. Ammo hozirgacha 1-raqamli bo‘lishi uchun aniq takliflar yo‘q. Shuning uchun butun dunyo bo‘ylab, «MYu» uchun yangi iqtidorlar izlamoqda.

Ues Braun

«Yunayted» tarbiyalanuvchisi premer ligada «Sanderlend» uchun o‘ynashda davom etyapti. To‘g‘ri, oxirgi yillarda Braunni jarohatlar izma-iz ta’qib etyapti. Bundan tashqari, futbolchi joriy mavsumning o‘zida 2 marta qizil kartochka oldi.

Jonatan Grining

Grining «Nottingem» futbolchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsada, oxirgi vaqtlarda maydonga deyarli tushmayapti. U joriy mavsumdagi ilk o‘yinini yaqindagina nishonladi. Ya’ni «Forest»ning «Reding»ga qarshi uchrashuviga zaxiradan qo‘shildi.

interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.