Ispaniya La Ligasida yangi yil bayrami arafasida kichik tanaffus yuzaga keldi. Bundan unumli foydalangan BreatheSport nashri «Manchester Yunayted» va «Everton»ning sobiq o‘yinchisi, ayni paytda «Valensiya» murabbiyi hisoblangan Fil Nevill bilan suhbatlashdi. Shu o‘rinda aytish joiz, Fil «Valensiya»da akasi Gari Nevillga yordam bermoqda.
– Ispaniya haqida qanday fikrdasiz, Valensiya yoqdimi?
– Bu yerda hammasi ajoyib. Birinchi bor Manchesterdan tashqarida istiqomat qilyapman. To‘g‘risini aytsam, taassurotlarim juda ko‘p.
– Agar kundalik tayyorgarliklar, o‘yinlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ispan futboli ingliz futbolidan katta farq qiladimi?
– Unchalik emas. Premer–liga va La Liga kuchli chempionatlar. O‘yinlarga deyarli bir xil usulda tayyorgarlik ko‘riladi. Futbolchilar ham ajoyib professionallar. Ayrim uchrashuvlar ancha kech boshlanadi. Lekin bunday tartibga asta–sekin ko‘nikyapmiz. Umuman, buning ishimizga unchalik ta’siri yo‘q.
– Ispaniyada ishlashingizga nima turtki bo‘ldi?
– Bu ishni qabul qilishimga, yangiliklarni o‘rganishni istashim turtki bo‘ldi. Shuningdek, umuman bajarmagan ishimni qilyapman. Yangi madaniyat, yangi tilni o‘rganishni istadim. Albatta, «Valensiya» – bu katta klub. Shunday ekan, bu yerda faoliyat olib borish men uchun katta tajriba bo‘ladi.
– Gari bilan ishlash qanday bo‘lyapti? Birga o‘sgansizlar, birga o‘ynagansizlar. Endi birga murabbiylik qilyapsizlar...
– Gari bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Biz ikkimiz ham nimani xohlashimizni bilamiz. Bir birimizga ishonamiz. Shu bois ham ishlash oson kechyapti.
– O‘zingiz bosh murabbiy bo‘lish haqida o‘ylamadingizmi? Kelajakda shunday maqsadingiz bormi?
– Qachondir shunday qilish niyatim bor. Buning uchun vaqtim yetarli. Shoshilishimga hojat va sabablar yo‘q. Qachonki kerakli tajribaga ega bo‘lganimni his qilsam, imkoniyat tug‘ilib qolsa, shunda bosh murabbiy bo‘lish haqida o‘ylayman. Hozir esa bor e’tiborimni «Valensiya»dagi ishimga qaratmoqchiman.
– O‘tgan mavsumda «Manchester Yunayted»da murabbiy bo‘lib ishladingiz. Kelajakda «MYu» yoki «Everton»ga qaytish istagi yo‘qmi? Balki bosh murabbiy sifatidami?
– «Manchester Yunayted» va «Everton» hamisha qalbimda. Ikki klubda ham ajoyib damlarni o‘tkazdim. Ammo futbol haqida gapirilganda, o‘tmishni ushlab olishni istamayman. Hozir menga «Valensiya»da ishlash yoqyapti. Shuningdek, bu klub oilam uchun ham muhim bo‘lib qoldi.
– Aytgancha, «Manchester Yunayted» va «Everton»ning joriy mavsumdagi ishtiroki haqida qanday fikr bildirasiz?
– «Everton»da Liga kubogida zafar quchish uchun imkoniyat bor. Ularga ishonaman. Lekin chempionatda liverpulliklar bundanda yaxshiroq ishtirok etishlari mumkin edi. Bunday tarkib bilan jamoa kuchli to‘rtlikka kirish uchun kurashishi kerak. O‘ylaymanki, vaqti kelib shunday bo‘ladi. Ishonchim komil, Lui van Gal «Old Trafford»ga muvaffaqiyat olib kela oladi.
– Premer–liga haqida nima deya olasiz? Endi siz uni chetdan turib kuzatyapsiz.
– Bunga ishonish qiyin. Hozir bor e’tiborim La Liga va «Valensiya»da. Lekin APLning turnir jadvalini ko‘rganda biroz karaxt bo‘lib qolyapman.
– Gari boshqaruvidagi «Valensiya»ni Yevropa Ligasida «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushishini istarmidingiz?
– «Old Trafford»ga boshqa jamoa bilan qaytish hamisha qiyin. Lekin bu ajoyib to‘qnashuv bo‘lardi.
– Hozir La Liga yangi yil ta’tiliga chiqdi. Nima deb o‘ylaysiz, bu borada inglizlar ispanlardan o‘rnak olishlari kerakmi?
– Premer–ligada tanaffusning yo‘qligi – ahmoqlik. Bunga butun Yevropa kuladi. Albatta, bu muxlislarga yoqadi. Ammo terma jamoa va futbolchilar uchun biroz tanaffus qilishsa yaxshi bo‘lardi.
interfutbol.uz / J.BOBOXONOV
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.