Эксклюзив /

«Yunayted» haqida 50 haqiqat

«The Times» nashriyoti «Qizil iblislar» tarixidagi 50 ta asosiy voqealarni tuzib chiqishdi. Bu voqealar 1908 yildan to hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Biz sizga ana shu voqealar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

1. Dastlabki sovrinlar. 1908-yil

«MYu» noqonuniy futbolchilarning oldi-sotdisiga aralashgani uchun jarima sifatida «Manchester Siti»ga oltita futbolchisini berishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin «mankunianlar» bir nechta yangi futbolchini taklif etdilar. Aynan, ishbu futbolchilar «Manchester Yunayted»ning klub doirasida dastlabki sovrinlarni qo‘lga kiritishga yordam berdilar. Jamoa 1908 va 1911 yillarda Angliya chempionligini, 1909 yilda Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.

2. Amalga oshmagan kelishuv. 1915-yil.

Jamoa yuqori diviziondan tushish arafasida edi. «Yunayted»ning uch va «Liverpul»ning to‘rt futbolchisi kelishilgan o‘yinni tashkil etishga harakat qilishdi. Ammo buni sezib qolgan federatsiya yetti futbolchini umrbod futboldan chetlatdi.

3. Basbining jamoaga kelishi. 1945-yil.

Ser Mett Basbi «Yunayted»ga kelgan paytda «MYu» o‘rtamiyona jamoa hisoblanardi va aynan Basbining xizmatlari o‘laroq, barqaror, hujumkor jamoa paydo bo‘ldi va «Manchester Yunayted» dunyoga tanildi.

4. Tiklanish. 1948-yil.

Angliya Kubogining tarixiy finalida «Blekpul» 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi va jamoa urushdan so‘ng obro‘sini tiklay boshladi.

5. «Old Trafford»ga qaytish. 1949-yil

Ikkinchi jahon urushi vaqtida «Old Trafford» katta talofat ko‘rgan edi. Shu sabab jamoa vaqtincha «shaharlik»lar stadioni «Men Roud»da 1949-yilgacha to‘p surishiga to‘g‘ri kelgan.

6. Liga tituli. 1952-yil.

Aynan shu yili «Yunayted» ser Mett Basbi boshchiligida ilk marotaba Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi.

7. Ajoyib o‘ntalik. 1956-yil.

«Manchester Yunayted» ingliz jamoalari orasida birinchilardan bo‘lib evroarenada ishtirok etib, dastlabki o‘yinda «Andrlext»ni 10:0 hisobida tor-mor etdi.

8. Bobbi Charlton debyuti. 1956-yil.

Bobbi Charlton – ehtimol bu futbolchi ingliz futbolining barcha davrlardagi eng mashhur vakilidir. Ser «Manchester»da 17 yil davomida to‘p surib, ko‘pgina sovrinlarni qo‘lga kiritishga katta hissa qo‘shdi.

9. Rey Vud jarohati. 1957-yil.

«Manchester» chempionat va Angliya Kubogida g‘olib bo‘lishga yaqqol favorit hisoblanardi. Biroq uchrashuvlardan birida Piter Mak-Farlandning Rey Vudga nisbatan o‘ta qo‘pol harakati, Vudning 6-daqiqadayoq maydonni tark etishiga olib keldi. O‘shanda zahiradan foydalanish huquqi bo‘lmaganligi uchun jamoa, 10 kishi bo‘lib harakat qildi va kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi.

10. Myunxen aviahalokati. 1958-yil.

Belgraddan Yevropa Chempionlar Kubogi uchrashuvidan qaytayotgan «Manchester Yunayted» futbolchilari Myunxen osmonida aviahalokatga uchrashdi. Oqibatda,«MYu»ning sakkiz futbolchisi halok bo‘ldi.

11. Denis Lou. 1962-yil.

Shotlandiyalik hujumchi Denis Lou Italiyaning «Torino» klubidan sotib olindi. U «Qizil iblislar» safida 1964 yilda Yevropaning eng yaxshi futbolchisi unvoni qo‘lga kiritdi.

12. Jorj Bestning jamoa safiga kelib qo‘shilishi. 1963-yil.

Shimoliy Irlandiyalik ajoyib forvard Britaniya futbolining barcha davrlardagi eng yaxshi vakillaridan biri hisoblanadi.

13. Chempionlar Kubogi qo‘lga kiritildi. 1968-yil.

Aviahalokatdan 10 yil o‘tib, ser Mett Basbi boshqaruvida tiklangan «Manchester» «Benfika»ga qarshi «Uembli»da o‘tgan takrorlanmas finalda muvaffaqiyat qozonib, Chempionlar Kubogi sohibiga aylandi.

14. Basbi o‘yindan tashqari holatda. 1969-yil.

Ser Mett Basbi «MYu»ni qabul qilib olganidan so‘ng ajoyib jamoa barpo etdi. Ammo 1969 yilda futbolni tark etishini e’lon qilgan murabbiy o‘rniga uning yordamchisi bo‘lib ishlagan Uilf Makginnes murabbiylik vazifasiga tayinlandi. Biroq Makginnes boshchiligida «MYu» dastlabki yillardanoq mavqeini yo‘qota boshladi.

15. Liganing tark etilishi. 1974-yil.

Yevropa zabt etilganidan 6 yil o‘tib, «Manchester Yunayted» barchani quyi ligaga tishib ketganligi bilan lol qoldirdi. Ammo Tom Dogerti murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng jamoa yana ligaga qaytdi.

16. Uchinchi dvizion xavfi. 1976-yil.

«Milluol»ga qarshi mavsumdagi so‘nggi o‘yindagi g‘alaba «Yunayted»ni uchinchi diviziondan qutqarib qoldi. 30-yillarda jamoa qiyin ahvolda edi. Masalan, 1931 yilda «Midlsbro»ga qarshi bahsda bor yo‘g‘i 3900 muxlis o‘yingohga tashrif buyurgan.

17. Zafarli kun. 1976-yil.

1976 yilda jamoa 13 yil ichida birinchi marta Angliya Kubogi finaliga yo‘l olib, «Sautgempton»ga qarshi to‘p surdi. Mag‘lubiyatga uchraganligiga qaramay, bu kun yangi an’anaga sabab bo‘ldi. Jamoa 10 yil ichida besh marta Angliya Kubogi finalida to‘p surdi. Ushbu uchrashuvlardan so‘ng, jamoaning mashhurligi yildan-yilga o‘sishni boshladi.

18. Tommi Dogertining ishqiy sarguzashtlari. 1977-yil.

Gazetalarda «MYu» bosh murabbiyi Tommi Dogerti va jamoa fizioterapevtining rafiqasi Meri Braun o‘rtasidagi ishqiy sarguzashtlar kechayotganligi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Klub bu xabarni o‘rganib chiqib, Dogertini o‘z lovozimidan bo‘shatdi.

19. Plimutdagi uy uchrashuvi. 1977-yil.

«Cent-Etmen» bilan bo‘lgan safar uchrashuvida «Qizil iblislar» fanatlari katta tartibsizliklarni keltirib chiqardilar. Federatsiya buni o‘rganib chiqib, jamoa javob uchrashuvini Manchesterdan kamida 200 kilometr uzoqlikda o‘tkazishga qaror chiqardi. Uchrashuv Plimutdagi «Xoum Park» stadionida bo‘lib o‘tib, «Yunayted»ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

20. Lui Edvard bilan mojaro. 1980-yil.

Mashhur telekanallardan biri «World in Action» ko‘rsatuvida «Manchester Yunayted» prezidenti Lui Edvardsni shubhali kelishuvlarda va o‘quvchilarni futbol akademiyasiga qabul qilish uchun ota-onalaridan pora olganlikda aybladi. Politsiya va federatsiya xodimlarining tekshiruvlaridan ko‘p o‘tmay, Edvardsning yurak hurujidan vafot etganligi sababli ish yopildi.

21. O‘zgarish. 1981-yil.

Deyv Sakston kutilmaganda jamoa rahbariyati tomonidan murabbiylik lavozimidan bo‘shatildi. U so‘nggi yeti uchrashuvda ketma-ket g‘alaba qozongan edi. Ammo uning o‘rniga malakali mutaxassis Roy Atkinson kelib, klub muxlislariga haqiqiy futbol ko‘rsata boshladi va jamoa kuchlilar qatorida e’tirof etila boshlandi.

22. Robsonning kelishi. 1981-yil.

Angliya terma jamoasi a’zosi Brayan Robson bilan shartnoma imzolayotgan vaqtda murabbiy Rot Atkinson bu futbolchini «sof oltin»ga tenglashtirgandi. «Vest Bromvich Albion» klubidan kelib qo‘shilgan futbolchi besh yil ichida jamoasi bilan biror marta to‘rtinchi o‘rindan pastga tushmadi.

23. «Barselona» o‘yindan tashqari holatda. 1984-yil

Chempionlar Kubogining chorak finalidagi dastlabki uchrashuvida «Yunayted» «Nou Kamp»da ispanlardan 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ammo «Old Trafford»dagi javob o‘yinida Diego Maradona jamoasi 3:0 hisobidagi qaqshatqich zarbaga uchradi. Uchrashuvda Brayan Robson dublga erishgan bo‘lsa, Frenk Steplton g‘alaba to‘pini kiritdi.

24. Uatsaydning goli. 1985-yil.

Angliya Kubogining 1985-yildagi final o‘yinida «Manchester Yunayted», mamlakat chempioni «Everton»ga qarshi maydonga tushdi. Jamoa bir kishi kam bo‘lishiga qaramay, asosiy vaqtda tengma-teng to‘p surdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa, Uatsayd ajoyib gol urib, «Manchester»ga 1:0 hisobidagi g‘alabani keltirdi.

25. Fergyussonning kelishi. 1986-yil.

Ser Aleks Fergyusson «Qizil iblislar» bosh murabbiyi bo‘ldi. U dastlab yosh futbolchilar tayyorlav kurslarini qayta tiklab, kuchli jamoa barpo etdi va «Liverpul»ni ingliz futboli cho‘qqisidan tushishga majbur qildi.

26. Yutqazilgan sovrin. 1986-yil.

Jamoa mavsumni ajoyib boshladi. Ketma-ket 10 uchrashuvdagi g‘alabadan so‘ng, ko‘pchilikning nazdida «MYu» Premer-Ligada uzoq kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritishga tayyor edi. Ammo fevralda safar uchrashuvida «Vest Xem»ga mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, jamoa peshqadamlikni qo‘ldan boy berdi.

27. Giggz manzilni o‘zgartirdi. 1988-yil.

Rayan Giggz «Manchester Siti»da to‘p surardi. Yosh futbolchi qobiliyatini sezgan «Yunayted» skautlari uni jamoaga olib kelishdi. Mana 20 yildan oshdiki muxlislar uning iqtidoridan rohatlanmoqdalar.

28. «Enfild»ga qaytish. 1988-yil

80-yillarda Angliya futbolida «Liverpul» «Manchester Yunayted»dan ustun turardi. 1988-yilgi mavsumda «Enfild»dagi uchrashuvda 70-daqiqagacha mankunianliklar bir kishi kam bo‘lib, mersisaydliklardan 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan edilar, ammo o‘yin yakunigacha «Manchester Yunayted» 3:3 hisobida murosa yo‘lini tanladi va ligada 17 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramay yangi record qayd etdi.

29. Maykl Naytonning sehrgarligi. 1989-yil.

Britaniyalik mashhur biznesmen Maykl Nayton chaqqonlik bilan qandaydir savdolarni amalga oshirib, «Manchester Yunayted» sohibiga aylandi. Ammo ko‘pgina tekshiruvlardan so‘ng, bu savdo qonunga zid o‘tkazilganligi ma’lum bo‘ldi va Nayton o‘z qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.

30. Robins Fergini qutqardi. 1990-yil

Ser Aleks Fergyusson mavsumni yomon boshladi va uning jamoadan ketish ehtimoli katta edi.Ammo Mark Robinsning Angliya Kubogi finalida «Nottingem Forest» klubi darvozasiga kiritgan to‘pi «Yunayted»ning sovrindor bo‘lishiga olib keldi. Fergyusson esa, Robins goli evaziga o‘z o‘rnida qoldi.

31. Aksiyalarni Fond Birjasiga«joylashtirish». 1991-yil.

Aynan ushbu qadam «Manchester Yunayted»ga mamlakatning eng badavlat birlashmasi bo‘lishga yordam berdi.

32. Kantona bilan shartnoma. 1992-yil.

Ser Aleks Fergyusson sa’y harakatlaridan so‘ng, jamoaga fransyalik forvard Erik Kantona «Lids Yunayted»dan 1 million funt evaziga kelib qo‘shildi. Bu futbolchi jamoa bilan, besh yilda to‘rtta titulni qo‘lga kiritdi.

33. Alamli va omadsiz 5 kun. 1992-yil.

Aprel oxirida jamoa besh kun ichida uch uchrashuv o‘tkazib, oqibatda peshqadamlikni qo‘ldan boy berdi. Dastlab o‘z maydonida «Nottingem Forest», safarda «Vest Xem»ga mag‘lubiyat va «Luton Taun» bilan durang jamoaning chempionlikdan umidini uzishiga olib keldi. Chempionlik esa «Lids Yunayted»ga nasib etdi.

34. Bryus goli. 1993-yil.

«Sheffild» bilan «Old Trafford»da o‘tgan uchrashuvda mehmonlar kichik hisobda g‘alaba qozonayotgan edilar. Ammo uchrashuvning so‘nggi o‘n daqiqasida Stiv Bryus qandaydir mo‘jiza tufayli raqib darvozasiga to‘p kiritib, hisobni tenglashtirdi. Lekin durang ham «Qizil iblislar»ni qoniqtirmasdi. Hakam o‘yinga qo‘shib bergan vaqtning so‘nggi soniyasida Stiv yana o‘zini ko‘rsatib, g‘alabani o‘zi tomonga og‘dirdi. Oqibatda, «Yunayted» jadvalda «Aston Villa»ni ortda qoldirib, 26 yildan keyin Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi.

35. Kinning jamoaga kelishi. 1993-yil.

Roy Kin «Nottingem Forest»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tdi. U mankunianliklar safida 12 yil davomida maydon markazida almashtirib bo‘lmas tayanch yarim himoyachisi sifatida harakat qildi.

36. «Barselona»dan mag‘lubiyat. 1994-yil.

«Manchester Yunayted»ning 1994 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi bahslarida g‘olib bo‘lishi kutilayotgan edi. Ammo Romario va Stoichkov yetakchiligidagi katoliniyaliklar Chempionlar Ligasi sovrini inglizlar qo‘liga o‘tishiga yo‘l qo‘yishmadi.

37. Kung-fu Kantona. 1995-yil.

Erik Kantona «Selxerst Park»da «Kristal Pelas» jamoasiga qarshi bahsda bir ishqibozning so‘kishini ko‘tara olmadi va muxlisni kung-fu usulida zarba bilan ta’zirini berib qo‘ydi. Shundan keyin, 8 oyga futboldan chetlatildi.

38. Fergi BBCga qarshi. 1996-yil.

«MYu»ning Angliya kubogi finalida «Norvich Siti»ga qarshi uchrashuvda jamoa yetakchisi Erik Kantona raqibiga juda qo‘pol munosabatda bo‘lgandi. Uchrashuvdan keyin BBC futbol sharhlovchilari futbolchini o‘ta yomon xulq egasi ekanligini e’tirof etib, unga ruhiy zarba berishga urinishgandi. Ser Aleks Fergyusson esa o‘z navbatida, BBC sharhlovchilarini ayblab, ularning barchasi «Liverpul»ga muxlislik qilishlarini bayon etgan. Keyin esa, intervyularidan birida o‘sha sharhlovchini «Jimmi Xill — ovsar» deb aytgan. Bu ibora, ertasiga barcha ingliz matbuotining birinchi sahifalarini bezaydi.

39. Sky bilan amalga oshmagan kelishuv. 1998-yil.

Robert Maksvell «Yunayted» boshqaruvini qo‘lga olish uchun qilgan muvaffaqiyatsiz harakatdan oradan 14 yil o‘tib, Rupert Merdok ham o‘z omadini sinab ko‘rishga qaror qildi. Klub o‘zining aksionerlariga BSkyB taklifini qabul qilishini tavfsiya etdi va uning omadi chopgandek edi. Lekin so‘nggi lahzalarda mamlakat savdo va sanoat vazirligi qoshidagi monopoliya qo‘mitasi bu ishni to‘xtatib qo‘ygach, kelishuv amalga oshmay qoldi.

40. Giggzning «superreydi». 1999-yil

Angliya Kubogi yarim finalida «Arsenal» bilan o‘yinda qo‘shib berilgan daqiqalar. «Manchester»da 10 kishi. Rayan Giggz maydon markazida Patrik Veyradan to‘pni olib qo‘yib, fantastik tezlikda ketma-ket «kanonirlar»ning barcha himoyachilarini aldab o‘tdi. Darvozabon bilan yakkama-yakka qolgan Rayan Devid Simenni dog‘da qoldirdi. Bu g‘alaba to‘pi edi.

41. «Nou Kamp»dagi mo‘jiza. «Bavariya» 1 – 2 «MYu». 1999-yil.

31 yildan keyin qo‘lga kiritilgan birinchi Yevropa Kubogi. Bu titul Premer-Liga, Angliya kubogi, liga kubogidan so‘ng qo‘lga kiritildi. ChL finalida «Bavariya»ga qarshi kechgan uchrashuvning qo‘shib berilgan vaqtida «iblislar» ikkita to‘p kiritib, g‘alabani ilib ketishdi.

42. Angliya Kubogiga nisbatan hurmatsizlik. 2000-yil.

«Manchester» Braziliyada ilk marta o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishga qaror qildi. Shunga ko‘ra, jamoa bir yil oldin g‘alaba qozongan musobaqasi Angliya Kubogi bahslarida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bu voqea Angliyada katta e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bu mashhur musobaqaga bo‘lgan hurmatsizlik uchun «Qizil iblislar»ni jazolashni talab qildi.

43. Roy Kinga hamla. 2000-yil.

ChL bahslari doirasida «MYu» o‘z maydonida «Dinamo» (Kiev) jamoasiga qarshi o‘yinda omadsiz to‘p surayotgan paytda, tribunadagi ishqibozlar Roy Kinni qoralab, uning sha’niga «iliq» so‘zlarni ishlatishdi. Bunga javoban Roy muxlislarga qarata nojo‘ya hatti-harakatlarni amalga oshirdi.

44. MUTV efirga chiqdi. 2001-yil.

«Manchester Yunayted» boshqa superklublardan farqli o‘laroq, uch yil oldin o‘z xususiy telekanalini tashkil qildi. Masalan, «Chelsea TV» 2001-yildan o‘z nomoyishini boshladi.

45. Fergi fikridan qaytdi. 2002-yil.

Ser Aleks Fergyusson 2001/02 mavsumdan keyin «nafaqaga chiqishini» e’lon qilgandi. Ammo ushbu mavsum boshidan, jamoa o‘z o‘yinini topa olmadi. Shuning uchun Fergi qarorini boshqatdan ko‘rib chiqib, jamoada qolishini e’lon qildi.

46. «Nike» bilan shartnoma. 2002-yil.

Sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi dunyoga mashhur firma jamoa bilan 300 million funt sterlingga shartnoma imzoladi. Shartnomaga binoan, «MYu» firma mahsulotlarini reklama qiladi.

47. Bekxem Fergidan o‘ch oldi. 2003-yil.

Angliya Kubogi bahsida «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Arsenal»ni qabul qilib, mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvda to‘p Devid Bekxemning raqibini qo‘riqlay olmagan vaziyatdan keyin kiritildi. Uchrashuvdan keyin g‘azablangan Aleks Fergyusson kutilmaganda butsani uloqtirib, Bekxemni qoshini yorib qo‘ydi. Bu voqeadan so‘ng murabbiy va futbolchi orasiga sovuqchilik tushdi va mavsum yakunida futbolchi «Old Trafford»ni tark etdi.

48. Runi bilan shartnoma. 2004-yil.

Angliya futbolining kelajagi deb e’tirof etilgan Ueyn Runi bir necha martalik taklifdan keyin «Everton»dan «Yunayted»ga o‘tdi. Uning ko‘chishi «MYu»ga 29 million funtga tushdi.

49. Amerikacha dahshat. 2005-yil

«MYu» amerikalik «qarzdor milliarder» Malkolm Gleyzer qo‘liga o‘tdi. Ko‘pchilik fanatlar «shok»ka tushishdi. Shundan so‘ng hususiy «FK Yunayted» klubi muxlislar tomonidan tashkil etildi.

50. «Old Trafford» kengaytirildi. 2006-yil.

«Old Trafford»dagi o‘rindiqlar sonining 16000 oshirilishi, o‘yingohning sig‘imini 76000 ga yetkazdi.

mufc.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.