31 yoshli yarim himoyachi o‘yinini kuzatarkansiz, u hamon «Bavariya»da faoliyat ko‘rsatgan davrlaridagiday «maestro» ekanligiga amin bo‘lasiz.
Shvaynshtayger — dirijyor, yetakchi, metronom. «Yunayted»ning o‘yin maromi unga bog‘liq. Shuning uchun klub futbolchilari unga «Mister xotirjamlik» deb nom qo‘yishgan.
— Shunday lahzalar bo‘ladiki, tez o‘ynashga, fikrlashga to‘g‘ri keladi, — deydi Shvaynshtayger. — Shu bilan birga, jamoadoshlaringga hammasi aniq nazorat ostida ketayotganini uqtirishing ham kerak. Aslida men shoshilib o‘ynashlarini yoqtirmayman. Balki, shuning uchun menga shunday nom qo‘yishgandir. Aslida, o‘yinni boshqarayotganimda faqat tashqi tomondangina hammasi joyidagiday ko‘rinadi, haqiqatda esa aksincha. Mening miyam va ko‘zlarim dam olishsiz ishlaydi.
Bastian Shvaynshtayger Myunxendan 80 km. uzoqda joylashgan kichkinagina qishloqda tug‘ildi. Uning futbol borasidagi ilk xotiralari akasi Tobias bilan bog‘liq bo‘lib, aka-uka tez-tez bog‘da to‘p tepib turishardi. Hozir Tobias «Bavariya»ning 17 yoshli futbolchilari murabbiyi yordamchisi. Otasi Alfred esa «Sport Shvaynshtayger» do‘konining egasi bo‘lib, u ham yaqin-yaqingacha koptok ortidan quvishni xush ko‘rardi.
— 14 yoshga to‘lganimda «Bavariya»dan taklif kelib tushdi va aynan o‘shanda kelgusi hayotimni sportning qaysi turi bilan bog‘lash borasida aniq qarorga keldim. 15ga to‘lganimda esa Myunxenga ko‘chib o‘tdim va mening chinakam futbol hayotim boshlandi.
Bastian jamoa tarkibiga qabul qilingan yillari «Bavariya» endigina Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lgan edi. Shvaynshtayger dastlabki mavsumlarda vinger yoki hujumkor yarim himoyachi o‘rinlarida o‘ynadi, ammo 2009 yili klub boshqaruviga Lui van Gal kelgach, barchasi o‘zgardi.
«Mening jamoamda u chap vinger vazifasiga to‘g‘ri kelmasdi, — deydi gollandiyalik oradan 4 yil o‘tgach, o‘sha davrni xotirlarkan. — Har safar yangi jamoani qabul qilib olganimda futbolchilar bilan ularning maydondagi o‘rinlari, xarakterlari, jamoadoshlari bilan munosabatlarini o‘rganaman. Shvaynshtayger bilan suhbatlashish jarayonida uning o‘rni maydonning boshqa yerida ekanligini angladim.
— Aynan o‘sha suhbatdan keyin men markaziy yarim himoyadan o‘rin oldim va bu o‘zgarish kareramda o‘ta muhim ahamiyat kasb etdi, — deydi o‘z o‘rnida jahonning eng yaxshilaridan biriga aylangan Shvaynshtayger.
Van Galning kelishi nemis futbolchisining nafaqat maydondagi o‘rni, balki harakatlariga ham o‘zgartirishlar kiritdi. Dastlabki yillari qaynoqqonligi bilan nom chiqargan futbolchi, yangi o‘rnida yangi mas’uliyatni zimmasiga oldi. Darvoqe, yosh o‘tgan sari dunyoqarashing ham o‘zgarishi bor gap-ku.
JCh-2014 finali yakunlanishiga 12 daqiqa qolganida Shvaynshtayger maydon tashqarisida edi. Uning yuzi qonga bo‘yalgan, mediklar shtabi esa Bastianni imkon qadar tezroq maydonga qaytarishga urinishardi. «Organizmim adrenalinga shu darajada liq to‘lgan ediki, hech narsani his qilmasdim. Hatto maydondagi follarga chidashga ham tayyor bo‘lgandim, muhimi — penalti bo‘lmasa bas», — dedi u o‘sha voqealarni xotirlarkan Bas Rebootga bergan intervyusida.
Bahs 1:0 hisobida yakuniga yetdi va Shvaynshtayger karerasida o‘ta muhim ahamiyat kasb etdi. U boshqalardan anchagina ko‘p — ya’ni, 15 km. masofani bosib o‘tgandi. O‘sha o‘yin futbolchi salomatligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi va u o‘tgan yilning dekabridagina «Bavariya» asosiy tarkibiga qaytdi. Umuman olganda, so‘nggi yillar uning uchun anchagina muammoli kechmoqda: tizzadan tez-tez olinayotgan jarohatlar Bastianni safdan chiqaryapti va u har safar barchasini yangitdan boshlashga majbur bo‘lmoqda.
2011 yil van Gal Myunxendan ketgach, Shvaynshtayger bilan bog‘lanmadi hisob, lekin Bastian sobiq murabbiyiga SMS orqali Gollandiya termasini JCh yarim finaliga yo‘l olgani bilan tabrikladi. Aytgancha, Manchesterga uni gollandiyalik murabbiy chorlamagan. Shunday esa-da, u «qanday ishlashi ma’lum bo‘lgan murabbiy yetakchiligidagi klubga moslashish oson kechishini» aytishni ham unutmadi.
Shvaynshtaygerga ko‘chib o‘tish masalasida ijobiy qarorga kelishiga yordam qilgan inson chindan ham van Gal emas, balki Erik Kantonadir. Zero, Bastian fransiyalik afsonani bolaligidan ardoqlab keladi. «Unda jahon darajasidagi o‘yinchiga xos barcha jihatlar bor edi. Doim g‘alaba qozonishga intilar, xarakteri ham g‘oliblarga xos edi», — deydi Bastian.
«Bastianning «Yunayted» tarkibidagi o‘yinlarini kuzatarkansiz, u qisqa fursatda jamoada o‘z o‘rnini topganiga guvoh bo‘lasiz. «Bu jarayon men uchun oson kechdi. Kiyim almashtirish xonasidagi muhit a’lo — barcha bir-biriga do‘stona munosabatda, jamoa ruhi hukmron. Barcha ko‘nikish jarayoni oson kechishiga qo‘lidan kelgancha yordam qildi».
Ammo u «Yunayted»ning kiyim almashtirish xonasida chindan ham yetakchimi?
«Bizda Ueyn, Maykl Karrik, Kris Smollinglar bor va barchalari tajribali, jamoaga kerakli insonlar. Men ham ularga yordam qilishga intilaman. Zero, yoshim 20da emas va bu qanday og‘irligini yaxshi tushunaman. Shunchaki ko‘maklashishga harakat qilaman. Ba’zida yetakchilik qilishimga to‘g‘ri keladi, ammo o‘zimni yetakchi deb aytmagan bo‘lardim», — deydi Shvaynshtayger.
Maydonda esa aynan Shvaynshtayger yetakchi ekanligiga esa hech kimda shubha yo‘q. U jamoadoshlariga nima qilishni, kerakli paytlarda kimni yopishni ko‘rsatadi. Ammo bu harakatlari buyruq emas, maslahat ekanligini aytadi: «Mening pozitsiyamda bundan boshqa chora yo‘q va bu borada yolg‘iz emasman. Tarkibimizdagi ko‘pgina futbolchilar o‘zlarini shunday tutishadi. Faqat menda tajriba ko‘proq — axir, JCh va ChL finallarida o‘ynaganman».
Bastian bilan shartnoma 3 yilga mo‘ljallangan va uning rejalarida kamida yana bir marta JCh finalida o‘ynash va Germaniyaning yevro-2016dagi g‘alabasi o‘rin olgan, albatta jamoa kapitani sifatida.
Undan keyinmi, kim biladi, deysiz. Shvaynshtayger «Yunayted» tashkil qilmoqchi bo‘lgan g‘olib jamoa poydevori, xolos. U esa har doimgidek, shoshilmayapti.
I.OBIDOV/ www.intersport.uz
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.