Эксклюзив /

Boxing Day

Boxing Day – bu ibora barcha futbol muxlislariga yaxshi tanish. Lekin uning nimani anglatishini hamma ham bilavermaydi. Rojdestvo bayrami sharafiga faqat Angliyada yo‘lga qo‘yilgan navbatdagi futbol marafoni an’anaga ko‘ra, 26 dekabr kuni start oldi. Fursatdan foydalanib, ushbu ajoyib «mikro-turnir» tarixi va unga daxldor qiziqarli ma’lumotlarni yangi yil sovg‘asi sifatida tortiq etishni lozim ko‘rdik.

Boxing Day – bu siz o‘ylagan narsa emas

Ko‘pchilik muxlislarda «Boxing Day Angliyaning eng sara klublari o‘rtasida 10 kunlik muddat ichida chempionat va mamlakat kubogi doirasida o‘tkaziladigan uchrashuvlarni anglatadi» qabilida tushuncha bor. Aslida unday emas.

Boxing Day — atigi bir kun

Ya’ni katoliklarning Rojdestvo bayramidan keyingi kun – 26 dekabr. Shu kuni ertalab inglizlar yaqinlari va yoru-do‘stlaridan qabul qilgan bayram sovg‘alari bilan tanishib chiqadilar. Keyin bayram shukuhiga cho‘mgan stadionlar sari yo‘l oladilar.

Darvoqe, 26 dekabr sanasida musobaqa uyushtirish Angliyada olis 1860 yildayoq urf bo‘lgandi. O‘shanda muxlislar «Sheffild» va «Xallam» o‘rtasidagi derbi guvohiga aylanishgan. O‘yin «Sheffild»ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. To‘g‘ri, Boxing Day faqat 1957 yilga kelibgina Angliya chempionati taqvimidan muntazam o‘rin oldi. Mana, 58 yildan buyon 26 dekabr kuni stadionlarga tashrif buyurish angliyalik muxlislar uchun Rojdestvoning ajralmas qismi sanalmoqda.

Boxing Dayning e’tiborli jihatlaridan biri — bitta shahar yoki bir-biriga yaqin hududlardagi jamoalarning o‘zaro kuch sinashishlari. Boisi, Rojdestvo kunlari jamoat transportlari deyarli ishlamaydi, muxlislarga esa suyukli jamoalari o‘yiniga borishlari uchun qulaylik yaratish lozim. Tahsinga loyiq g‘amxo‘rlik, lekin Angliya uchun bu odatiy hol.

Aytgancha, sovg‘alar kuni faqat futbolga daxldor emas — zodagonlar xizmatidagi xodimlar 26 dekabr kuni barcha yumushlardan ozod etiladilar!

Bu ham yilda loaqal bir marta stadionga tushish uchun ajoyib imkoniyat!

Boxing Day – Angliya chempionati faxri

Angliyaliklar Rojdestvo oqshomidagi bellashuvlarni yana shuning uchun ham sevadilarki, o‘z chempionatlari boshqalardan yaqqol ajralib turishini istashadi. Darhaqiqat, Boxing Day bahslari na Ispaniya, na Italiyada bor, umuman, boshqa hech qaysi mamlakatda yo‘q. Shu sababli, mazkur ajoyib an’anani bekor qilish hech kimning xayoliga ham kelmaydi. «Futbolchi ham inson, u Rojdestvoni o‘z oilasi davrasida qarshi olishga haqli» qabilidagi da’volarga esa hech kim ortiqcha e’tibor bermaydi. Qolaversa, futbolchilar bayram kunlari ikki baravar ko‘proq g‘ayrat-shijoat va zavq bilan to‘p surishadi. Axir ming-minglab muxlislarga bayram sovg‘asi sifatida ajoyib g‘alaba tortiq etishdan ko‘ra, zavqliroq yumush bormi?!

To‘g‘ri, futbol vatanidagi azaliy an’anadan bexabar ayrim ajnabiy mutaxassislar Boxing Day xususida salbiy fikr bildiradilar. Masalan, «MYu» bosh murabbiyi Lui van Gal Rojdestvoda futbolchilarning ta’tilga chiqmasliklarini Angliya sportining eng yomon illati sifatida ko‘rsatgandi.Lekin shu bilan birga an’anaga yetarli hurmat bilan yondashadigan murabbiylar ham bor, albatta. Jumladan, «Arsenal»ning fransiyalik ustozi Arsen Venger shunday degandi: «Bordiyu, Boxing Dayni bekor qilishsa, alamdan yig‘lab yuborgan bo‘lardim. Bu — inglizlar, Angliya futboliga xos an’analarning ajralmas qismi. Bayram kunlaridagi marafonni tomosha qilish uchun Angliyaga butun Yevropadan mehmonlar kelishadi. Qolaversa, dunyoga dong taratishimizda ham buning ahamiyati katta. Chunki Rojdestvoda hamma dam olib, APL bellashuvlarini tomosha qiladi. Men doimo shunday bo‘lishini istayman».

Boxing Day afsonalari – haqiqatmi yoki uydirma?

Demak, Boxing Dayning aslida atigi bir kun, bitta turdan iboratligini bilib odik. Lekin quyida keltiriladigan statistik ma’lumotlar faqat 26 dekabrdagi bellashuvlarni emas, Rojdestvo marafonidagi 3ta tur uchrashuvlarini o‘z ichiga oladi. Chunki umumiy qarashga ko‘ra, Boxing Day futbol bobida 10 kunga cho‘ziladi. Quyidagi ma’lumotlarda APLning so‘nggi 5ta mavsumiga daxldor natijalar keltirilgan.

1. Boxing Daydagi g‘oliblik – APLdagi g‘alaba

Kamdan-kam hollarda haqiqatga to‘g‘ri kelmay qoladigan an’ana. So‘nggi 5 yil ichida faqat «Liverpul» 2013/2014 yillar mavsumida Boxing Dayda yetakchilik qilib, oxirgi turda chempionlikni «Manchester Siti»ga berib qo‘ydi. Qolgan barcha jamoalar marafondagi yetakchilik mavqeini mavsum oxiriga qadar saqlab qolishgan. Tabiiyki, bu «Lester» uchun g‘oyat yoqimli an’ana!

2. Rojdestvo chempioni – APLda ham chempion

Bu an’ana hozirda ertak ko‘rinishini olgan. Oxirgi 5ta mavsumda bayramni peshqadam sifatida kutib olgan jamoalarning birortasi finishga chempion sifatida yetib borolmadi. Xususan, Brendan Rojers boshqargan «Liverpul» ham. Ungacha «Arsenal», «Chelsi», «Sanderlend» (!)) va «Manchester Siti» klublari shu ko‘yga tushishgandi. Faqat, Roberto Manchinining «Siti»si va Rafael Benitesning «Chelsi»si bir amallab sovrindorlar uchligidan joy olgan. Qolganlar shundan ham benasib qolishgan.

3. Boxing Daydagi muvaffaqiyatning asosiy garovi – «uzun zaxira o‘rindig‘i»

Ha, «zaxira o‘rindig‘ining uzunligi» jamoa muvaffaqiyatidagi asosiy omil sanalmasada, o‘ta muhim jihatdir. Buning isboti sifatida 2013|2014 yillar mavsumidagi «Arsenal» natijalarini ko‘rsatish mumkin. O‘shanda Arsen Venger «Vest Xem», «Nyukasl» va «Kardiff Siti»ga qarshi o‘yinlarda 19 nafar futbolchidan foydalangandi. Ularning 17 nafari dastlabki daqiqalardan maydonga tushishgan. Karl Jenkinson va Niklas Bendtner esa o‘yinga zaxiradan qo‘shilganlar. Qizig‘i, shu o‘yinchilardan faqat 4 nafari — Voysex Shesni, Per Mertezaker, Bakari Sanya va Santi Kasorla to‘liq 270 daqiqa to‘p surgan.

To‘g‘ri, «uzun zaxira o‘rindig‘i» bilan omadsizlikka uchragan jamoalar ham yo‘q emas. Misol uchun, «Everton»ni boshqargan Roberto Martines ham 19 nafar o‘yinchidan foydalangan. Shunga qaramay, har 3ta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan.

4. Boxing Dayni so‘nggi pog‘onada yakunlash – quyi divizion yo‘llanmasini rasmiylashtirish

So‘nggi yillarda jamoalar bu rivoyatni faollik bilan inkor etmoqdalar. Misol uchun, o‘tgan mavsum so‘nggi o‘rinda turgan «Lester» 2-davrada o‘zini o‘nglab, chempionshipga qulashdan qutulib qoldi. Undan avvalgi mavsumda «Sanderlend» xuddi shunday qahramonlikni qayd etgan. Qisqasi, oxirgi 5 yil ichida yangi yilni oxirgi o‘rinda qarshi olgan 5ta jamoadan 2tasi — «Blekbern» hamda «QPR»gina APLni tark etdi. Ayni payt shunday qismatni boshdan kechirayotgan «Aston Villa»ning elitada qolishiga umid kam — birmingemliklar haddan ziyod ko‘p ochko yo‘qotishdi.

5. Boxing Dayning 2-davraga ta’siri kuchli

Bu ayni haqiqat. O‘tgan mavsumdagi «Chelsi»ni yodga olish kifoya. Joze Mourino uchun Rojdestvogacha va undan keyingi davr turlicha kechdi. «Uayt Xart Leyn»da «Tottenxem»ga qarshi bahs (3:5)dan keyin portugaliyalik mutaxassis tamoman boshqacha uslubni tanladi. To‘g‘rirog‘i, shu paytgacha hujumkor o‘yin ko‘rsatgan «Chelsi» takomillashgan avtobusga aylanib, yakunda shohsupaga ko‘tarildi.

Manba: interfutbol.uz, S. Rahmonov

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.