Эксклюзив /

Biznes qanday yo‘lga qo‘yilgan?

«Manchester Yunayted» Yevropa Chempionlar ligasi doirasida Moskvada CSKAga qarshi uchrashuv uchun tashrif buyurganidan foydalanib, «Sport turlarida menejment» fakulteti talabalari ingliz klubi direktorlar yig‘ini a’zosi Richard Arnold bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

– Gleyzerlar oilasi klub egasiga aylanganiga 10 yil bo‘ldi. Ushbu davrni qanday baholagan bo‘lardingiz?

– Klubingiz tarixi 140 yilni tashkil qilganda qandaydir 10 yillik oraliqqa alohida e’tibor qaratilmasligi mumkin. Lekin hozirgi xo‘jayinlar tanlagan biznes uslubi o‘zini to‘liq oqlayotganini ta’kidlashim lozim. Ushbu o‘n yillik tijoriy va sport natijalari taraflama klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrlardan biri bo‘ldi. 2005 yil pul aylanmasi 157 million funt edi. Ayni paytda bu miqdor 395 millionga teng. 10 yilda 2,5 baravar farq. Bunday natija bilan hamma ham maqtana olmaydi.

Biz rivojlanayapmiz, yangi homiy va hamkorlarni jalb qilyapmiz, yangi shartnomalar tuzyapmiz, moliyaviy holatimiz har doimgidan yaxshiroq. Yaqindagina biz Marsiyalni sotib oldik. Garchi, uning transfer bahosi klub tarixida eng qimmatga aylangan bo‘lsa-da, buni amalga oshirishga xotirjam yo‘l qo‘ya oldik. Chunki moliyaviy qoidalarni buzmayotganimizni bilamiz. Albatta, bu Gleyzerlar davridagi muvaffaqiyat va timsollardan biridir.

– Aleks Fergyuson ketgach ro‘y bergan 2 muvaffaqiyatsiz mavsum moliyaviy holatga ta’sir ko‘rsatdimi? Agar klub yaqin yillarda o‘zi uchun mos pog‘onalarga qaytmasa, moliyaviy ahvolga bashoratingiz qanday?

– O‘tgan mavsumda sport natijasi bo‘yicha ishonib bo‘lmas darajada holatga tushib qoldik. Oxirgi 30 yilda ilk marta nafaqat Chempionlar ligasi, balki Yevrokuboklarsiz qolib ketdik. Lekin shunday keyin ro‘y bergan voqealar bizni hayratda qoldirdi. Yuzaga kelgan qiyinchilik paytida ishqibozlar klubga nisbatan yanada yaqinroq bo‘lishdi, ular chipta va abonementlarni yaxshiroq sotib olib, ijtimoiy tarmoqlarda faollik ko‘rsatishdi.

Haqiqiy muxlislar o‘ziga xos tarixdir. Angliyada nikohlarning yarmi keyinchalik ajrimga yetib boradi. Biroq sevimli jamoasidan voz kechgan birorta ishqibozni bilmaymiz. Har holda, men biror marta bunday hodisani eshitmaganman. 1-2 omadsiz mavsum bizni cho‘ktira olmaydi. Albatta, sport natijalari salbiy davom etishini hech kim istamaydi.

– Homiylar va hamkorlar-chi?

– Homiylar to‘g‘risida ham shunday desam bo‘ladi. Ular bilan munosabatimiz buzilmadi. 140 yillik tarix va klub muzeyida ko‘p kuboklarga ega ekansiz, jahon bo‘ylab ishqibozlar sizni yoqtirar ekan, muvaffaqiyatsiz mavsumlar homiylarni sizdan ayirib qo‘ymaydi. Kelajakka kelsak, qanchalik g‘alati eshitilmasin, u ham tarix bilan chambarchas bog‘liq.

Ingliz klublari orasida birinchi bo‘lib, Chempionlar Kubogini, treblni va premer-ligani yutganmiz. Hech qachon kimligimizni unutmaymiz. Biz mushkul holatlardan chiqib ketganmiz. 1958 yil aviahalokatdan bir necha kun o‘tib, og‘ir uchrashuvda g‘alaba qozonganmiz. O‘shanda ruhiy muammo va o‘yinga zayavkada yetarli futbolchilar bo‘lmasdan turib, shunga erishganmiz. 10 yil o‘tgach, Chempionlar Kubogini o‘sha halokatda tirik qolgan Charlton va Fouks bilan yutganmiz. Jamoani esa samolyotda bo‘lgan Basbi shakllantirgan.

– Homiylarga kelsak, jamoaning bundan oladigan foydasi tushunarli. Biroq homiylar hamkorlikdan qanday manfaatga egalar?

– Umuman olganda, homiylar biz bilan hamkorlik orqali bizning auditoriyaga o‘zlarini tanishtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bir qancha vaqt avval so‘rov o‘tkazdik. Unga ko‘ra, jahon bo‘yicha klubimizga tarafkashlik qiladiganlar soni 659 millionni tashkil qilarkan. Ulardan 325 million inson Osiyoda istiqomat qiladi. 173 millioni Yaqin Sharq va Afrikada, 90 millioni Yevropada va 71 million Amerikada. Rossiyada biz 18 millionlik auditoriyaga egamiz. Bu Moskva shahri aholisi sonidan deyarli 1,5 baravarga ko‘proq.

Ushbu raqamlar shunchaki olinmagan, bir taniqli kompaniya o‘tkazgan tadqiqotlardan kelib chiqqan. Ular homiylarimizni ham ajablantirgan. Bir o‘yinda o‘rtacha auditoriyamiz 60 milliondan iborat. Bir yilda esa 3 milliard. O‘yinlarimiz 200dan ortiq mamlakatlarda translyatsiya qilinadi. O‘tgan mavsum APLda eng ko‘p auditoriya yiqqan 10 uchrashuvdan 9tasi «MYu» ishtirokida kechgan.

Rasmiy saytimizga bir oyda 5,8 million o‘quvchi tashrif buyuradi. Ijtimoiy tarmoqlarda 80 million obunachilarga egamiz. Tvitterimizga «Koka Kola»nikidan 2 baravar ko‘p odam tashrifchi bo‘ladi. Tarmoqda eng ko‘p muhokama etiladigan jamoamiz. Videolarimiz ko‘plab odamlar e’tiborini jalb qiladi. Masalan, «Telepatik futbol» deb nomlangan roligimizni 3,2 million odam tomosha qildi. Uni hamkorlarimizdan biri «BWIN» bilan tayyorlagandik.

Homiylar uchun bizning klub auditoriyasiga chiqish ancha qimmat turadi.

– Bunga isbot sifatida biror moliyaviy ko‘rsatkichni keltira olasizmi?

– Ha, albatta. Misol uchun, «Adidas» bilan shartnomamizni olaylik. Texnik homiylar bo‘yicha ushbu hamkorligimiz jahonda eng qimmati sanaladi. Undan 1,3 milliard dollar ishlab topamiz. Bu pulni 10 yil davomida olamiz. Lekin «Adidas» zararda qolib ketmaydi. Ular bu davrda ramzimiz tushirilgan liboslar va boshqa narsalar sotuvidan 2,5 milliard dollarga ishlashadi. Bu kompaniyaning shaxsiy bashorati. Joriy mavsum uchun liboslarimiz chiqqandan birinchi 3 kunda kompaniya 2,3 million ishlab topdi. Bu sotuvlar boshlanishi uchun kompaniya tarixida rekord ko‘rsatkichdir.

Yana shunday holatni «Chevrolet» bilan hamkorlikdan keltirsa bo‘ladi. O‘tgan mavsumdan ular titul homiyimiz bo‘lib kelmoqda. Bundan yiliga 53 million dollar olamiz. Kelishuv 2012 yilda imzolangandi. Keyingi yiliyoq ular jahondagi eng yaxshi brendlar ro‘yxatida 89-o‘ringa ko‘tarilishdi. Bungacha ular hech qachon dastlabki yuztalikdan o‘rin olishmagandi.

Yoki Chikagoning «AON» sug‘urta kompaniyasini olish mumkin. Biz bilan hamkorlik davri mobaynida ular bozorda birinchi raqamli kompaniyaga aylanishdi. Bu ularni qanoatlantirgani bois hamkorlikni davom ettirishga qaror qilishdi. Ayni paytda mashg‘ulot bazamiz nomi kompaniya nomi bilan ataladi. Mashg‘ulot libosimiz va xorijiy tijoriy turnelarimiz homiysi ham aynan shu kompaniya hisoblanadi.

«MYu» bilan hamkorlik qilayotganlar olayotgan foydaga bog‘liq boshqa misollarni keltirishim mumkin. Vino yetkazib beruvchi hamkorimiz «Concha Y Toro» Chili kompaniyasida «Casillero del Diablo» markali vino bor. Ular bilan 2010 yilda hamkorlikni boshladik va shundan keyin o‘sha marka sotuvi Buyuk Britaniyada 52,6 foizga o‘sdi.

Tailandning «Singha Beer» brendi pivo bo‘yicha hamkorimiz sanaladi. Hamkorlik tufayli ular o‘zlarini jahonda tanitishdi va sotuv uch baravar o‘sdi. Tailand bozorida esa kompaniya ulushini 62 foizdan 72 foizga yetkazdi.

– «Aeroflot» bilan hamkorlikni baholab o‘tsangiz.

– Biz ulardan qoniqish hosil qilyapmiz. Bizda uzoq davom etadigan Osiyo bilan bog‘liq g‘oyalar bor. «Aeroflot»da ham shunday. Biz bilan hamkorlik davrida kompaniyaning Osiyodagi taniqlilik darajasi 53 foizga ortdi. Xitoy bozorida esa eng taniqli xorijiy aviakompaniya aynan «Aeroflot» bo‘lib turibdi.

– Klubning Osiyoda katta miqdordagi muxlislari haqida gapiryapsiz. Bu jihat tarkibga futbolchi qo‘shib olishda qanchalik ahamiyatga ega? Bunda marketing holati ham hisobga olinadimi?

– Yo‘q. Shunday bo‘lsa, xursand bo‘lardim. Lekin hozirgacha tarkibimizga kelib qo‘shilgan osiyolik futbolchilar murabbiylar shtabining qarori bilan paydo bo‘lgan. Murabbiylar biz tarbiyalanuvchilarimiz bilan kuchaytira olmaydigan pozitsiyalarni aynan o‘sha o‘yinchilar bilan to‘ldirishga qaror qilishgan. Sifat, o‘yinchi iqtidori va uning yoshligi transfer falsafamizda biz e’tibor qiladigan jihatlardir.

–Shvaynshtayger misolida hammi?

– Shvaynshtayger – bundan tashqari. Uni bosh murabbiy iltimosiga ko‘ra sotib olishdi. U Bastianning marketing bo‘yicha jalb etishi haqida oxirgi bo‘lib o‘ylaydigan insondir. Tarkibimizga kelib qo‘shilgan osiyolik futbolchilar esa talablarimizga mos tushgan. Yoshlik hamda yorqin iqtidor. Park Ji Sun va Shinji Kagava shunday edi.

Yana xitoylik hujumchi Dun Fanchjo ham bo‘lgan. Takrorlayman: biz shartnoma tuzganimizda uning qaerdan ekani emas, balki falsafamizga mos kelishi muhim edi. U katta umid baxsh etadigan hujumchi edi. Biroq bundan biror narsa chiqmadi. Yomon boshlamagandi, ammo keyin jarohat oldi. Barchasi biz istagandek kechmadi.

– Gapingizdan kelib chiqsak, «MYu» tarbiyalanuvchilariga imkoniyat berishdan xursand bo‘ladi. Nega bu holat o‘xshamayapti?

– O‘ylashimcha, buning imkoni yo‘q. Jamoamiz saviyasidagi biror klubni ayting, faqat tarbiyalanuvchilariga e’tibor berib, shu bilan birga katta g‘alabalarga erishayotgan. Boshqa tomondan siz haqsiz – jamoada tarbiyalanuvchilar ko‘proq bo‘lishi darkor.Bu hozir ingliz va boshqa mamlakatlar klublari uchun muammodir.

Sabablar ko‘p: ba’zi holatlarda uslubiy va mashg‘ulot jarayonlaridagi xatolar haqida gapirish mumkin. Yana aniq sabablarni aytish lozim. Zamonaviy bolalar avvalgidek faol emas va avvalgi tengqurlariga nisbatan futbolga kamroq qiziqishadi. Hozir ular o‘zlarini ko‘rsatishi uchun ko‘proq sohalar bor va bizga solishtirganda tanlovlari ko‘proq. Shu sababli ligamizda nafaqat tarbiyalanuvchilar, balki inglizlar soni 1-2 nafar ekani hayratlanarli emas. Biz esa bu tarafdan yomon ko‘rinmaymiz. Statistika buni tasdiqlaydi: 1937 yildan buyon har bir uchrashuvda tarkibimizda hech bo‘lmaganda akademiyamizning bir nafar tarbiyalanuvchisi maydonga tushib keladi.

championat.asia / B. Nazarov

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.