Эксклюзив /

Shmayks

U hech qachon ozg‘in emasdi, aniqrog‘i doim aksincha bo‘lgan: o‘ta katta gavdasi, keng yelkasi, kurakday qo‘llari...

Ammo bularning barchasi Shmeyxelga tez harakatlanish va sakrashga to‘sqinlik qilolmasdi.

U ulkan gavdasini yerdan osongina uzib olar va to‘p ortidan sakrardi. Ammo yerlatib berilgan zarbalarni, ayniqsa ikki oyoq o‘rtasidagi to‘plarning aksariyatini  yoshligida ham, darvozabonlik karerasi gullab-yashnagan davrida ham har doim qaytara olmasdi.

U chindan ham buyuk edimi? Qayoqda? Shmeyxel 2 o‘yinda 11ta to‘p o‘tkazib yuborishi ham mumkin edi — dastlabki 5tasini «Nyukasl»dan, qolganini «Sautgempton»dan.

Bu gollarning barchasini Shmeyxel darvozasiga kiritish u darajada qiyin bo‘lmaganini ham aytib o‘tish lozim. U to‘p uchun kurashga kirishmasligi yoki uzoq masofadan darvozani aniq nishonga olishlariga yo‘l qo‘ymasligi ham mumkin edi.«Spartak» yuqorida tilga olingan Chempionlar Ligasi bahsida Shmayks darvozasiga «Lujniki» va Lissabondagi maydonda 3tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Hatto o‘sha mashhur uchrashuvda -1999 yildagi Chempionlar Ligasi finalida Peter Mario Baslerning murakkab bo‘lmagan to‘pini ham qaytara olmadi va bu bilan «Manchester Yunayted»ni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Bir vaqtlar ancha ommabop bo‘lgan Shmeyxelning «MYu»dagi do‘stlari ishtirokidagi «Men hazillashdim» deb nomlangan rolik bejiz paydo bo‘lmaganligini endi tushungandirsiz. Umuman olganda, Shmayks hazillashishni yoqtirardi.

Ammo xatolarini tuzatishni, yolg‘iz holda murakkab to‘plarni olishni va bahs natijasiga ta’sir ko‘rsatuvchi harakatlar qilishni ham uddalardi. Misol uchun, o‘ta murakkab zarbani qaytarish bilangina cheklanib qolmasdan, o‘rnidan sakrab turgan holda takroriysi yo‘liga to‘g‘anoq ham bo‘laolardi.

Agar bahs o‘ta og‘ir kechsa-yu, uchrashuvni saqlab qolishga birgina umid bo‘lganda Peter dadillik bilan raqib jarima maydoniga yo‘l olar, o‘zi ham to‘p kiritishni unutmasdi — xuddi «Rotor» darvozasini aniq nishonga olgani kabi. Yoki raqib himoyachilarini dovdiratib qo‘yishni uddalardi. Xuddi o‘sha mashhur finalda bo‘lgani kabi — darvozabon «Bavariya» jarima maydoniga kirib bordi-da, himoyachilar e’tiborini o‘ziga qaratdi va bu bilan Sulsherga hisobni tenglashtirish imkonini yaratdi.

Peter futbolchi bo‘lmasligi ham mumkin edi. Zero, uning hayotida gandbol ham bo‘lgan. Biroq qo‘l to‘pi yosh o‘yinchi karerasiga xavf tug‘dirolmasdi. Lekin musiqa...

Peter rok-gruppada gitara chalar va kelajagini nimaga bag‘ishlash to‘g‘risida o‘ylanib ham qolgandi. Boisi, uning musiqadagi iqtidoridan ko‘p narsa kutilayotgandi. Ammo hammadan ham ko‘p Shmeyxel (balki hozir ham shundaydir) klavishlik musiqa asboblarini sevardi. Aytgancha, elektron sintezatorni emas, mexanik pianinoni.

— Pianino — jon-dilim, klassikadan tortib rokkacha chalish mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona musiqa asbobi. Futbolchilik kasbini tanlagimdan so‘ng ham pianinoda Edvard Grig musiqalarini chalishni xush ko‘rardim. Stressni yechishning yagona yo‘li men uchun shu edi,- deb xotirlaydi Peter.

Shu tariqa tanlov uchun bo‘lgan og‘ir kurashda futbolning qo‘li baland keldi Peter «Xvidovre» klubida paydo bo‘ldi. Dastlab maydonda o‘ynadi — barcha pozitsiyalarda o‘zini sinab ko‘rdi, ayniqsa hujumda to‘p surish unga yoqardi. Keyinroq futbolkani sviterga almashtirdi-da, bitta birni olib qo‘yib darvozaga turdi.

Posbonlik unga yaqinroq tuyulgandi. Shunday bo‘lsa-da, karerasida shunday voqealar ham bo‘ldiki, Peter Boleslav hujumda ham o‘ynadi, to‘plar kiritishning uddasidan ham chiqdi.

— Darvozabon, sirkdagi masxarabozday. Boshqa artist­lar kabi hamma narsani bilishi va uddalashi shart. Faqat ulardan ham a’lo darajada,- deydi u.

«Xvidobre» yosh Peter bilan bir qancha muvaffiyatlarni qo‘lga kiritdi. Ammo Shmeyxel qadrdon klubi darajasidan ilgarilab ketdi. Boisi, o‘sha davrda Daniya chempionati u darajada yuqori saviyada emas, ammo «Novcha mallavoy» xorijga ketishga shoshilmasdi.

Dastlab,«Brondbyu»ga — o‘sha davrda Yutlandiya yarim orolidagi taniqli professional klubga o‘tishni ma’qul topdi. Bunga qadar yoshlar tarkibida, sal fursat o‘tgach, milliy terma jamoada debyut bahsida maydonga tushdi. Greklar bilan o‘yinda darvozasidan 5 to‘pni olib chiqdi va bu salbiy natija orqali daniyaliklar murabbiyi Zepp Piontek yagona to‘g‘ri xulosaga keldi — Shmayksga bosh jamoa tarkibida maydonga tushishga hali erta. O‘sha yillari Daniya termasi uncha kuchli bo‘lmasa-da, Yevro-84 bronza medallariga sazovor bo‘lgandi.

Darvozabon muammosi esa Piontekning og‘riqli nuqtasi hisoblanardi: goh Ole Kvist yoki goh Ole Kyaer, ba’zan Lars Xyog yoki Truls Rasmussen...

Ammo, baribir, Piontekka qoyil qolish kerak — u «Novcha malla»da qobiliyat borligini o‘z vaqtida anglab yetdi. Ammo bosh murabbiy shoshilmadi. Masalan,  Peter Yevro-88ga Rasmussen dublyori sifatida bordi. Ammo asosiy posbon ispanlarga qarshi ilk o‘yinda «qovun tushirganidan» so‘ng,  Piontek eng so‘nggi chorani qo‘lladi va o‘shandan so‘ng Shmeyxel daniyaliklar darvozasini 15 yildan ortiqroq himoya qildi.

Zero, Yevro-88ga kelib Peter Boleslav mamlakat birinchiligi kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘libgina qolmay, Angliyaga ketish imkoniga ham ega bo‘lgandi — birinchi divizionga, zero o‘shanda premer-liga hali yo‘q edi.

Uni o‘z tarkibida ko‘rishni «Nyukasl» xohlagandi, ammo bu orzu-orzuligicha qolib ketdi. Shu tariqa Shmayks yana uzoq yillar «Brondbyu» sharafini himoya qildi va aytish mumkinki, zerikib qolmadi.

1991 yilning erta bahorida u ikkinchi bor Moskvada bo‘ldi — UEFA kubogi 1|4 finali javob uchrashuvida maydonga tushdi. O‘sha bahsda «Torpedo»1:0 hisobida zafar quchdi, golni esa Oleg Shirinbekov kiritdi. Biroq bu natija hech bir jamoani keyingi bosqichga olib chiqmasdi, shu bois g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi.

Aynan o‘shanda daniyaliklar posboni o‘yinga hal qiluvchi nuqtani qo‘ydi — kim biladi, o‘shanda darvozabon Aleks Fergyuson uni diqqat bilan kuzatayotganini balki his qilgandir. Nima bo‘lganda ham, kelgusi yilning yozida Shmeyxelni «Manchester Yunayted» sotib oldi. Chunki, o‘ta tez rivojlanayotgan klub shunday darvozabonga muhtoj edi, jamoaning avvalgi posbonlari Jim Leyton Fergi, Les Sili va Gari Uolshlar ularga nisbatan hurmatni saqlagan holda aytish kerakki, bosh murabbiy taktikasiga to‘g‘ri kelmasdi.

O‘shanda «MYu» tavakkalga qo‘l urdi va o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan mablag‘ -800 ming funtni legioner uchun sarfladi. Tavakkal esa o‘zini oqladi — Shmeyxel 8 yillik orzuni amalga oshirdi. Bu davrga kelib «Manchester Yunayted» superklub darajasida nom qozonib ham ulgurdi -5 karra chempionlik unvoni, Angliyaning 3 karra kubogi sohibi, liga kubogi, yana 4ta Yevropa superkubogi kabi «mayda-chuydalar», va nihoyat, barcha yutuqlar gultoji sifatida 1999 yildagi Chempionlar Ligasidagi g‘alaba.

Bu muvaffaqiyatlarning barchasi «Daniyalik katta yigit»ning bevosita ishtirokida qo‘lga kiritildi. Shundayin ishonchli darvozabonga ega bo‘lgan Aleks Fergyuson jamoa tarkibi borasida xohlagan tajribani o‘tkazishi mumkin edi. Shuningdek, Peterday posbonga ega bo‘lgan Daniya termasi ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi -1992 yili Yevropa chempioni bo‘ldi.

Aslida, o‘sha chempionatda Daniya o‘ynamasligi kerak edi, ammo UEFA siyosiy vaziyatdan kelib chiqib sobiq Yugoslaviya termasini birinchilikda qatnashish imkoniyatidan mahrum qildi. Lekin taqdirning kutilmagan iltifotidan Rixard Myoller-Nilsenning shoshilinch tarzda yig‘ilgan terma jamoasi o‘zini yo‘qotmadi. Aksincha, ikki asosiy yulduz — Peter Shmeyxel va Brian Laudrup atrofida birlasha oldi. Aynan darvozabonning ishonchli harakatlari daniyaliklarda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirdi va ular o‘z imkoniyatlaridan ham yuqori darajadagi o‘yin ko‘rsatishdi. O‘shandan beri Daniya termasi biror bir arzirli muvaffaqiyatga erisha olmadi, biroq darvozabon to‘g‘risida bunday deya olmaymiz. Shmayks ikki bor dunyoning va yana to‘rt marotaba qit’aning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.

— Men Peter bilan 8 yil ishladim va yana shuncha muddat hamkorlik qilishga tayyor edim,- degan edi o‘z shogirdidan ko‘ngli to‘lgancha Aleks Fergyuson. Ammo buyuk murabbiy va darvozabon o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘z tegdi chog‘i, kunlarning birida Fergyuson posbonga qattiq gapirib yubordi.

Bunday munosabatga o‘rganmagan Peter ham gapdan qolmadi. Keyin har ikki tomondan «Kechiring, o‘zimni bosa olmadim», degan uzrlar yangraganday bo‘ldi ham. Shu tariqa mojaroga nuqta qo‘yilganday edi. Biroq 1999 yili Peter bilan o‘rtadagi shartnomani uzaytirish muddati kelganida kimsan Fergyusonning o‘zi bu masalaga «veto» qo‘ydi. Barselonada o‘tgan final bahsida maydonga tusharkan Peter mazkur libosda so‘nggi bor o‘ynayotganini bilardi.

Ammo u o‘shanda ham professionalligicha qoldi: agar Shmayksning raqib jarima maydoniga reydi bo‘lmaganida «Bavariya» g‘alabani bayram qilishi aniq edi. Darvoqe, aynan o‘sha o‘yindan keyin Aleks Fergyusonga ritsarlik unvoni berildi va u ser Aleksandrga aylandi.

Kim biladi deysiz, Fergyuson bunday sharafga Petersiz erisha olarmidi yoki yo‘qmi?!«MYu» xizmatidan voz kechgach Peter Lissabonga yo‘l oldi va «Sporting»ga chempion bo‘lishda yordam qildi.

Shmayksiz qolgan «Yunayted» esa buyuk darvozabon o‘rniga Edvin van der Sarni topgunicha anchagacha qiynaldi. O‘shanda «Old Trafford»da paydo bo‘lgan bu posbonning yoshi 36 da bo‘lib, yoshi o‘tib qoldi, deb «nafaqa»ga kuzatilgan Peter bilan tengdosh edi. Ammo Manchesterdan ketgach, Shmeyxel ham o‘yinini ancha yo‘qotganini ochiq tan olish darkor. U anchayin vazmin bo‘lib qoldi, undagi chaqqonlik, harakatchanlik ham yo‘qoldi.«Sporting»da bir amallab 2 yil o‘ynagan Shmeyxel alal-oqibat Angliya premer-ligasiga qaytdi — dastlab,«Aston Villa»ga, aynan mazkur klubda premer-ligadagi ilk to‘pini kiritdi ham. Ammo «Yunayted»dan keyin «Villa» o‘ynash… U Manchesterga -«Siti»ga qaytarkan,«Yunayted»ga hech narsani unutmaganini va kechirmaganini izhor qilayotganday edi, go‘yo. Shu tariqa 40 yoshga to‘lish arafasida Shmayk qo‘lqoplarini mixga ildi. Karerasini nihoyasiga yetkazgan Peter shaxsiy fermasida ishladi, TVda faoliyat ko‘rsatdi. Ba’zida futbol bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘rsatuvlarda ishtirok etdi. Munosib o‘g‘ilni voyaga yetkazdi.

Otasiga juda o‘xshash bo‘lgan Kasper ham dastlab maydondagi o‘rnini topa olmay qiynaldi. Keyinroq o‘ziga munosib jamoa axtardi. Bir necha mavsum mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kkan «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi — kichik Shmeyxel hozirda nafaqat Daniya terma jamoasining 1-raqamli darvozaboni, balki «Lester»ning asosiy posboni hamdir.

Katta Shmeyxel o‘tgan yilning yozida «Lester»dagi rahbarlikni o‘z qo‘liga olishga urinib ham ko‘rdi, biroq ma’muriyat Klaudio Ranerini ma’qul topdi va bundan aslo afsusda emas, Peter ham shu fikrda. U o‘g‘lining klubi uchun jon-jahdi bilan muxlislik qilarkan, adolatsizlikni ko‘ra olmaydi, unga qarshi kurashadi. Yagona maqsadi to‘g‘risida esa shunday deydi:«Qachonlardir muxlislar oldiga qora frakda chiqishni va Grigning «Bulbullar qo‘shig‘i»ni royalda chalib berishni istayman. Zalda esa tinchlik hukmron bo‘ladi, barcha tinch turgancha musiqa tinglaydi». Kim biladi deysiz, balki buyuk darvozabonning bundanda buyuk ishlari hali oldindadir.Buni esa kelajak ko‘rsatadi.

interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.