Portugaliyalik murabbiy Joze Mou-rino so‘nggi 15 yil mobaynida turli klublarda ishlab, ularni chempionlik sari yetaklay oldi. Soccer.ru sayti «benazir» bilan muvaffaqiyat qozongan «Portu», «Chelsi», «Inter» hamda «Real» tarkiblariga nazar tashlaydi.
«Portu»
Muvaffaqiyatli mavsum: 2003|2004
Ushbu mavsumdagi yutuqlari: Portugaliya chempioni, YeChL g‘olibi
Asosiy tarkib (4-3-1-2): Bayya, Paulu Ferreyra, Jorje Koshta, Rikardu Karvalyu, Nunu Valente, Koshtinya, Manishe, Pedru Mendesh, Deku, Karlos Alberto, Derley
«Jokerlar»: Dmitriy Alenichev, Benni MakKarti, Joze Bosingva
Odatda, Mourino jamoalari portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostidagi ikkinchi mavsumdagina maksimum imkoniyatlaridan foydalanishdi: Joze bir yilni o‘z g‘oyalarini amalga tatbiq etishga sarflasa, ikkinchi kampaniyada shogirdlaridan bor kuch bilan o‘ynashni talab qiladi. So‘ngra yo o‘zi ketadi yoki uslubidagi kamchiliklar namoyon bo‘lishini kutadi. Mourino qo‘l ostidagi futbolchilarning bor quvvatini «siqib chiqaradi», shu bois portugaliyalik mutaxassis qo‘llaydigan usul qanchalik yorqin ko‘rinmasin, umri qisqa. O‘ziga xos norasmiy tartib-qoida Joze «Portu»da ishlagan davrdan buyon amalda qo‘llanmoqda: «ajdarlar» bilan dastlab Portugaliya chempionligini qo‘lga kiritdi, Portugaliya kubogi va UEFA kubogida zafar quchdi. Keyingi mavsum yanada muvaffaqiyatli kechib, klub o‘z tarixida ilk marta YeChLda g‘olib chiqdi. Jamoa o‘zagi vaqt o‘tgani sayin shakllanib bordi, 2003 yilning yozida kelgan Karlos Alberto va Pedru Mendesh esa o‘yinni yanada kuchaytirishdi. Chempionlar Ligasi finalida «Monako»ga qarshi bahsni boshlang‘ich tarkibda boshlagan bu futbolchilar keyingi mavsumlarda o‘sha yilgi barqarorlikni saqlab qolisholmadi. Finaldagi birinchi gol muallifi ma’lum muddat Braziliya klublarida kezdi, keyinroq Germaniyaning «Verder» klubida o‘yini qovushmadi. Mendesh esa YeChLdagi g‘alabadan keyinoq «Tottenxem»ga o‘tdi, bir mavsumning o‘zidayoq boshlang‘ich tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib, «Portsmut»ga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi.
«Chelsi»
Muvaffaqiyatli mavsum:2005|2006
Ushbu mavsumdagi yutuqlari:Angliya chempioni
Asosiy tarkib (4-3-3): Chex, Paulu Ferreyra, Jon Terri, Rikardu Karvalyu, Del Orno, Makelele, Essen, Lempard, Robben, Daff, Drogba
«Jokerlar»: Vilyam Gallas, Jo Koul, Eydur Gudyonssen, Ernan Krespo
Ko‘rsatkichlardan biroz qochadigan bo‘lsak, Jozening Angliyadagi ilk mavsumi keyingisidan omadliroq kechdi, deyishga asos bor. YeChL yarim finaligacha yetib bordi, Liga kubogi sohibiga aylandi. Shunga qaramay, aynan ikkinchi kampaniyaga nazar tashlaymiz, zero tarkib tahliliga ko‘ra, ushbu mavsum samaraliroq kechgani oydinlashadi. Qolaversa, Chempionlar Ligasi «pley-off»ining dastlabki raundidayoq «Chelsi» turnirning bo‘lajak g‘olibi — «Barselona» bilan to‘qnash keldi. Qur’a bunchalik shafqatsizlik qilmaganida, «ko‘klar» musobaqada uzoqroqqa borishlari ehtimoldan xoli emasdi. Nima bo‘lganda ham, Joze unvonni saqlab qoldi, jamoa tarkibi esa aynan shu davrda ajoyib tarzda shakllandi. Keyinchalik safga Eshli Koul, Mixael Ballak hamda Andrey Shevchenko kabi futbolchilar qo‘shib olinganiga qaramay, Mourinoning bu galgi urinishida «Chelsi» boshqa chempion bo‘lmadi.
«Inter»
Muvaffaqiyatli mavsum: 2009|2010
Ushbu mavsumdagi yutuqlari: Italiya chempioni, Italiya kubogi sohibi, YeChL g‘olibi
Asosiy tarkib (4-2-3-1): Julio Sezar, Maykon, Lusio, Samyuel, Zanetti, Tiago Motta, Kambyasso, Sneyder, Pandev, Eto~O, Milito
«Jokerlar»: Deyan Stankovich, Marko Materassi, Salli Muntari, Mario Balotelli
Mourino aynan «Inter»da 4-2-3-1 sxemasini faol qo‘llay boshladi, o‘z navbatida, Italiyada ishlash chog‘ida «Portu»da asqotgan 4-3-1-2 hamda «Chelsi»da foydalangan 4-3-3 taktik uslubiga ham tayandi. «Benazir» «neradzurri» bilan «A» seriyada muvaffaqiyat qozondi. Asosiysi, Joze «Juzeppe Meassa»ga manzur keladigan tarkibni shakllantirdi va natijada Chempionlar Ligasi g‘olibligi qo‘lga kiritildi. Ibragimovich va Maksvell «Barselona»ga o‘tib ketishgan bo‘lsada, keyinchalik amalga oshirilgan xaridlardan so‘ng «Inter» sezilarli tarzda kuchaydi. Birinchidan, Lusio hamda Valter Samyuel markaziy himoyada tartib o‘rnatishdi. Ikkinchidan, «Jenoa»dan tashrif buyurgan Tiago Motta va Diego Milito o‘z nuqtalarida asosiy o‘yinchilarga aylanishdi. Qolaversa, Eto`O, Pandev va Sneyder kelgach, hujum guruhi 100 foizga yangilandi. Mourino «Inter»da faoliyat yuritarkan, birinchi va ikkinchi mavsumlar oralig‘ida asosiy tarkibning yarmidan ko‘pini almashtirdi. Natija o‘zini uzoq kuttirmadi — jamoa Chempionlar Ligasida zafar quchdi.
«Real»
Muvaffaqiyatli mavsum: 2011|2012
Ushbu mavsumdagi yutuqlari: Ispaniya chempioni
Asosiy tarkib (4-2-3-1): Kasilyas, Arbeloa, Ramos, Pepe, Marselo, Xabi Alonso, Xedira, Ozil, Di Mariya, Krishtianu Ronaldu, Benzema (Iguain)
«Jokerlar»: Kaka, Lassana Diarra, Fabiu Koentrau
Mourinoning «Real»dagi faoliyati haqida turlicha fikrlar yangraydi, ammo aynan Joze qo‘l ostida «Qirollik klubi» so‘nggi sakkiz yildagi chempionlik sovrinini qo‘lga kiritdi, YeChL yarim finaligacha stabil o‘yin namoyish etishga odatlandi. Aytish joizki, portugaliyalikning Madridda qo‘ygan poydevori keyinchalik Anchelotti va Zidanga asqotdi. Xususan, Mourino shogirdlaridan besh nafari 2011|2012 yili sovrin yutishdi, hamon «Real»ning asosiy tarkibida maydonga tushishmoqda, «Atletiko»ga qarshi kechgan YeChL finalini dastlabki daqiqalardan boshlashdi. Joze «Santyago Bernabeu»da 4-2-3-1 sxemasiga qat’iy amal qildi. Bu uslubga Kaka mos tushmadi, qolaversa, «benazir»ning qarashlariga munosib markaziy hujumchi yetishmadi. Shu bois, Benzema va Iguain galma-galdan o‘rin almashishdi.
«Chelsi»
Muvaffaqiyatli mavsum: 2014|2015
Ushbu mavsumdagi yutuqlari: Angliya chempioni
Asosiy tarkib (4-2-3-1): Kurtua, Ivanovich, Jon Terri, Keyxill, Aspilikueta, Matich, Fabregas, Villian, Oskar, Azar, Diego Kosta
«Jokerlar»: Kurt Zuma, Petr Chex, Loik Remi, Jon Obi Mikel, Filipe Luis
Mourinoning Londondagi dastlabki faoliyatida hamrohlik qilgan futbolchilardan faqatgina Jon Terri qolgan, Petr Chexni esa o‘zi zaxiraga joylab, ko‘proq Tibo Kurtuaga ishonch bildirdi. Belgiyalik posbon va yana bir sobiq «matraschi» Diego Kostani hisobga olmaganda, Joze «Stemford Bridj»ga qaytishini chempionlik tarkibini tuzish bilan nishonladi. Odatdagidek, ikkinchi kampaniya ajoyib chiqdi, uchinchisida esa omadning portugaliyalik mutaxassisdan qay tariqa yuz o‘girgani barchaga ma’lum.
Manba: Interfutbol.uz
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.