Эксклюзив /

Markus Rashford

Angliya milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi oxir-oqibat, 18 yoshli Markus Rashfordni Yevro-2016 «zayavka»siga kiritdi.

Bu ayrimlar uchun kutilgan holat bo‘ldi. Biroq ko‘pchilik inglizlar ro‘yxatidagi asosiy «sensatsiya» o‘rnida aynan yosh futbolchi familiyasiga xitob qilyapti. Vaholanki, Markus qisqa vaqt ichida bir qator e’tiborli natijalarga erishdi:

1. 18 yoshu 117 kunligida «MYu» uchun yevrokuboklarda gol urdi;

2. 18 yoshu 120 kunligida premer-ligada debyut qilib, «dubl»ga erishdi;

3. 18 yoshu 141 kunligida premer-liga doirasidagi «Manchester derbisi»da gol urdi;

4. 18 yoshu 208 kunligida Angliya terma jamoasida debyutini nishonladi va gol muallifi bo‘ldi.

96 kun. Muxlislar Amerika avtomobil markasi nomiga o‘xshash familiyani ilk marta Angliya terma jamoasining Yevropa chempionati uchun tanlagan yakuniy tarkibi e’lon qilinishidan atigi 96 kun oldin eshitishgandi. Qarangki, Markus Rashford bu orada ancha-muncha narsalarga ulgurdi:

1. «Manchester Yunayted» tarkibidagi ilk o‘yinida «dubl» qayd qilib, jamoasi uchun  YeL  1|8 finaliga yo‘l ochdi;

2. Premer-ligadagi debyut o‘yini («Arsenalom»ga qarshi)ni ham 2ta gol bilan bezadi;

3. «Manchester derbisi»da yagona golni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi;

4. Angliya kubogi sohibiga aylandi;

5. «MYu» bilan yangi shartnoma tuzdi — unda maoshi miqdori birdaniga naq 17 marta ko‘paytirildi;

6. Angliya milliy jamoasi libosida maydonga tushganidan 138 soniya o‘tib, o‘z gollari hisobini ochdi;

7. Yevropa chempionati «zayavkasi»da o‘ziga joy hozirladi.

Sizchi, bahorda nima qildingiz? Tabiiyki, 18 yoshli Rashfordning ko‘plab tengdoshlari asosiy vaqtlarini darsliklar ustida o‘tkazishgan. Ha, Markus ham. Misol uchun, «Arsenal»ga tortiq etilgan o‘sha «dubl»dan keyin mikst-zonada undan ushbu muvaffaqiyatini qanday nishonlashi haqida so‘rashdi. Rashford shunda yelka qisib, oddiy javob berdi: «Hech qanday. Negaki, ertaga ximiyadan imtihon bor va unga tayyorlanishim kerak». «Tvitter»da shu zahoti o‘smir yigitga maslahat solishdi: «Testni ikki marta tekshir» (o‘ziga xos so‘z o‘yini — check va Cech, «Arsenal» darvozaboni).

Umuman, talabalik masalasi Rashfordni butun bahor davomida «ta’qib» etdi. Hujumchi navbatdagi golini urgach, kimdir yana hazilga asos topdi: «Markusga topshirilgan uy vazifalarini «MYu» bosh murabbiyi Lui van Gal bajarib beradi, yigitcha buning evaziga uning is’tefodan saqlab qolyapti».

Gollandiyalik murabbiyning o‘zi Rashfordni shaxsiy qutqaruvchisi, deb hisoblamadi, albatta. «Markus aynan men va klub siyosati tufayli imkoniyatga ega bo‘ldi» — hazilnamo gaplarga jiddiy munosabat bildirdi van Gal. Lekin u unchalik haq emas. Aniqrog‘i, mutlaqo haq emas. Zero, agarda Martial YeL 1|16 final bosqichi javob o‘yini («Midtyulland»ga qarshi) oldidan chigalyozdi mashqlari chog‘i jarohatlanmaganida, ehtimol, Rashford mavsum yulduzchasiga aylanmasmidi? Chunonchi, o‘sha payt van Gal ixtiyoridagi ko‘plab hujumkor futbolchilar safda emasdilar.

Xullas, golland mutaxassisi tajribasiz Rashfordni majburlikdan asosiy tarkibga qo‘shgandi. Endi aytingchi, u jarohatlar epidemiyasiga duch kelmaganida, shunday qaror chiqarishga jazm eta olarmidi?

«Kanonirlar» bilan o‘yindan so‘ng go‘yoki, butun Angliya aqldan ozdi: tahlilchilar yangi-yangi nomlar o‘ylab topishdi, gazetalarda esa Rashford o‘tmishini aniqlashga tushdilar. Zero, u haqda hech kim hech narsa bilmasdi. Hattoki, har narsani «biluvchi» «Vikipediya»da Markusga atalgan kichikkina sahifacha ham yo‘q edi.

Endi esa Rashford haqida naq 30ta tilda ma’lumot olish mumkin! Xullas, aniqlanishicha, Rashford 7 yoshida «Liverpul» va «Everton» takliflariga qiyo boqmay, «Manchester Yunayted»ni tanlagan. Keyinchalik «Manchester Siti» vakillari qo‘shni akademiyadagi iqtidorli bolakayni o‘z tomonlariga og‘dirishga urinishgan.

Ushbu faktlar premer-liganing yangi yulduzi obro‘sini faqat oshirdi. Axir Angliyada sadoqat tushunchasi muxlislar tomonidan o‘zgacha qadrlanadi.

Shunday qilib, Rashford «MYu» akademiyasida barcha bosqichlarni bosib o‘tdi. Unda ayniqsa, ulg‘ayish jarayonining yakuniy qismi juda tez ortda qoldi: yakunlangan mavsum navbati bilan 18, 19 va 21 yoshlilar jamoalarida o‘ynadi va nihoyat, «Manchester Yunayted»ning asosiy tarkibiga qo‘shildi. Chinakam o‘sish! Qizig‘i, mart oyiga kelib, «MYu»ning tayyor hujumchisiga aylangan Rashfordni jamoaning Karringtondagi bazasi kiyinish xonasiga qo‘yishmadi — van Gal shu tariqa o‘smir yigitni yulduzlik kasalidan himoyalashni o‘yladi. Bir qarashda, Markusga hozircha bunday xavf tahdid solayotgani yo‘q — u o‘rtamiyona avtomobildan foydalanmoqda, muntazam maktabga qatnayapti, vaholanki, allaqachon barchasini yig‘ishtirib qo‘yishi mumkin edi.

Hujumchi may oyigacha hattoki, shaxsiy agentga ham ega emasdi, lekin aqlni oluvchi shiddatli chaqnashi natijasida unga shunchaki, ehtiyoj sezdi. Shunda ham Markus ko‘p bosh qotirgani yo‘q va o‘zining huquqiy ishlarini akasi — Dueynga topshirib qo‘ya qoldi. Yaxshigina oilaviy biznes.

Mana, aka-uka Rashfordlar ilk kelishuvni ham rasmiylashtirishdi. Qisqasini aytganda, klub bilan tuzilgan yangi shartnomaga ko‘ra, Markus yiliga 1,3 million funt miqdorida maosh oladigan bo‘ldi. Talaba uchun aqlga sig‘mas «stipendiya»! Biroq bu raqamlar manchesterlik vunderkindning Angliyada qanchalik mashhur ekanligini anglatolmaydi.

Deylik, bahor mavsumida orqasiga uning familiyasi tushirilgan futbolkalar Angliyaning eng yirik sport do‘konlaridagi savdo hajmi bo‘yicha 19-o‘ringa chiqdi. Boshqacha aytganda, Markus Rashford Angliyada 19-raqamli yulduzga aylanib ulgurdi. Balki «uy vazifasi» yoxud sessiyadan o‘tgach, reytingi yanada oshar… Hozirgi holatda Markus uchun sessiya — bu Yevro-2016.

E’TIROF

— Markus Rashford va Krishtianu Ronalduni o‘zaro taqqoslash mumkin emas. Bu xuddi olma va nokni bir-biri bilan qiyoslashdek gap. Lui van GAL.

— Rashford — «Manchester Yunayted» orzusining ro‘yobi. U chinakam «sensatsiya», klubning oxirgi yillardagi eng yaxshi yosh futbolchilaridan biridir. Ser Aleks Fergyuson.

Manba: interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.