Эксклюзив /

Manchesterning «Qaynoq» yozi

Bosh murabbiy lavozimiga Joze Mourinoni olib kelgan «MYu» so‘nggi kunlarda transfer bozorida ancha chaqqonlashib qolgani hech kimga sir emas. Hozirgi vaqtgacha Zlatan Ibragimovich va Genrix Mxitaryanlar bilan shartnoma tuzilgani rasman e’lon qilindi.

Rayan Giggz ketdi. «Yuventus» bilan Pogba borasidagi muzokaralar esa dadil yurishlar bilan davom etmoqda. «Sokker.ru» portali paytdan foydalanib, Mourinoning niyatlarini taxmin qilmoqchi. Ko‘raylik-chi, «Benazir» «qizil iblislar»dan qanday jamoa tuzmoqchi ekan?

Joze o‘z prinsiplaridan voz kechadimi?

Qaysidir ma’noda, Giggzning «MYu»dan ketishi ham bu savolga javob bo‘la oladi. Zero, Rayan bir muddat «pauza» olgan bo‘lsada, baribir, deyarli o‘ttiz yillik faoliyatdan so‘ng klubni tark etdi. Aslidaku, u avval-boshdanoq Mourinoning nomzodiga qarshi edi. Klub rahbarlarining Joze borasidagi qarori qabul qilingach, u ketishdan boshqa chora topa olmadi. Boshqa tomondan, Giggz o‘zi biror-bir klubni mustaqil boshqarishni istayotgani ham aniq. Mourinoda esa yordamchi murabbiylar yetarlicha. «Manchester Yunayted» ishqibozlari ishonishlari lozimki, Joze bu yerda «Real» va «Chelsi»da yo‘l qo‘ygan xatolarini takrorlamaydi. Chunki u ham sezib turibdiki, APL favoritlariga qarshi faqat himoyadan o‘ynash yaramaydi. Demak, u tarkibni ko‘proq ijodkor futbolchilar bilan boyitishi kerak.

Zlatan yoshlarni o‘qitish uchun keldimi?

Ibragimovichning yoshida «Manchester Yunayted»ga qandaydir rekordlarni yangilash uchun kelish g‘alati tuyuladi. Lekin unda boshqa hujumchilarda uchrayvermaydigan g‘oliblik ruhi bor va bu «MYu» yoshlariga qo‘l kelishi tabiiy. Birinchidan, u kelajakda murabbiylik kasbini egallamoqchi. Ikkinchidan esa, Zlatanning o‘zi aytganidek, Reshford va Martial undan ko‘p narsani o‘rganishlari mumkin. Bundan tashqari, Zlatanning zimmasiga yana bir vazifa yuklanishi aniq — u murabbiy va futbolchilar o‘rtasida «ko‘prik» bo‘lishi kutilmoqda.

Pogbami yoki «o‘zga sayyoralik»?

Futbol olamida so‘nggi vaqtlarda paydo bo‘lgan afsonaga ko‘ra, qaysidir klub ulkan natitjalarga erishmoqchi bo‘lsa, tarkibida kamida bir nafar koinot darajasidagi yulduz bo‘lmog‘i lozim. Bunday futbolchilar esa sayyoramizda ko‘p emas, shuning uchun yulduzlar charchab qolishsa (xuddi Messidek), yangi sovrinlar uchun Suaresni ham tarkibga qo‘shish talab etiladi. Yoki bo‘lmasa, «Real»da bo‘lganidek, Ronalduning yoniga Beyl joylashtiriladi. «Manchester Yunayted» esa Pogba misolida kelajakda katta finallar taqdirini o‘zgartira oladigan superfutbolchini ko‘ryapti. Unga va’da qilingan haftasiga 250 ming funtlik maosh esa fransuzning boshini aylantirayotganini taxmin qilish qiyin emas. Afsuski, Pogbaga qiziqayotgan klub birgina «MYu» emas. «Real» ham yarim himoyachiga «real xaridor». Shunday ekan, mankunianlar qarmoqni endi  Beyl tomonga yo‘naltirishgani ma’qul. Zero, Garet — britaniyalik va u Poldan ko‘ra tezroq muhitga moslashib, ko‘proq naf keltirishi mumkin.

Runi nega qoladi?

Mourino agar Ueynni yarim himoyaga joylashtirsa, bu — uning uslubiga xos yurish bo‘lardi. Lekin «Benazir» ilk kunlardanoq hammani cho‘chitadigan ishga qo‘l urmasa kerak. Shunday qaramay, agar Zlatanning sog‘­lig‘i jo­yida bo‘lib, Reshford va Martial barqaror o‘yin ko‘rsatishsa, Ueyn hujum chizig‘idan «non topishi» qiyin bo‘lib qoladi. Demak, qaysidir ma’noda, Runi ham Xalkning ortidan borib, Xitoy chempionatiga qo‘shilgani yaxshiroq edi. Biroq Runi Mourino bilan ishlash imkoniyati paydo bo‘lganidan xursand va hech qayoqqa ketmoqchi emas. Buning uchun u hatto xitoyliklar taklif qilgan o‘ta yirik maoshni ham rad etdi. Shundan kelib chiqsak, Joze Runi bilan Pogbani tayanch yarim himoyasiga joylashtirsa, Mxitaryan bemalol «zamonaviy 10-raqam» vazifasini bajaraveradi.

Mxitaryan — omad kalitimi?

«MYu» muxlislari ayni payt jamoa himoyasidan xavotir olayotgan bo‘lishsa kerak va ular to‘g‘ri qilishadi. Biroq shov-shuvli bo‘lishi kutilayotgan yangi xaridlardan biri — Genrix Mxitaryan ham himoyachi bo‘lmasa-da, Mourino jamoasiga katta yordam berishi mumkin. Turgan gapki, g‘alabani ta’minlaydigan aniq «pas»lari orqali. Eng muhimi, Mourino Germaniyaning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisini qo‘lga kiritdi va Genrix alohida sifatga ega. Ya’ni, u bir necha yil yuqori saviyada to‘p surib, keyin ma’lum muddat ortga ketdi-da, yana qaytib yuqori darajaga chiqib oldi. Angliyaga bundesligadan kelgan yangi futbolchilar muammolar ostida qolishi ko‘p kuzatilganini yodga olsak, Mourino tanlovda adashmaganiga amin bo‘lamiz. To‘g‘ri, ayni payt ko‘pchilik Mxitaryanning taqdiri Kagavanikiga o‘xshashidan xavotirda. Lekin Mxitaryan — Shinji emas va yaponiyalik futbolchidan boshqacharoq uslubda harakatlanadi.

Ulgurji savdolarni ko‘ramizmi?

Hozirgi vaqtda «MYu» tarkibida yangi futbolchilar va yoshlarni hisobga olganda, 35 nafardan ortiq a’zo bor. Tabiiyki, ular orasida Mourino falsafasiga mos tushmaydiganlari ham yetarlicha. Masalan, Joze argentinalik Markus Roxoning xizmatlaridan foydalanmoqchi emas. Eng katta muammo shundaki, Reshfordga yarim soat ichida xaridor topib, pullash mumkin. Lekin Mourino qarashlariga to‘g‘ri kelmaydigan Mata yoki Fellaynilarni tuzukroq pulga sotish qiyin. «Qora ro‘yxat»da yana Errera, Blind, Depay, Yanuzay kabi nomlar ham bor. Shuncha futbolchini bekordan-bekorga zaxirada ushlab turish — aqlsizlik bo‘ladi. Demak, kimlardir yangi jamoaga yo‘l olishi aniq.

Yana kimlarni xarid qilish kerak?

«Tarixdagi eng qimmatbaho transfer» yo‘nalishiga Pogba juda mos kelishi aniq. Lekin e’tiborni faqat yulduzlarga qarataverish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shuning uchun himoya markaziga ivuarlik Erik Beyi tanlab olindi. Endi esa meksikalik kamtar yigitcha — Irving Losano transferi bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Chap qanot himoyasiga ham ishonchli vakil zarur. Shuningdek, agar Blind, Jons va Beyi Kris Smolling bilan munosib juftlik hosil qilolmasalar, yana bir markaziy himoyachiga ehtiyoj tug‘iladi. Qolaversa, Zlatan va Mxitaryan bilan hujumdagi kamchiliklar ham bartaraf bo‘lib qolmaydi. Biroq muhimi shuki, Mourino allaqachon qaysi chiziqlar o‘zgarishlarga muhtoj ekanini aniqlab bo‘ldi. Shak-shubhasiz, ular tez orada optimal holatga keltiriladi.

Mourino qanday uslub va tarkibni tanlaydi?

Nihoyasiga yetgan Yevro-2016 o‘yinlariga asosan fikr qilsak, yangi mavsumdan boshlab 4-4-2 chizmasining zamonaviy ko‘rinishi yana urfga aylanadi. Biroq gap shundaki, tayanch yarim himoyasidagi Runi va Pogba juftligi kutilgan samarani bermay qolishi mumkin. Iyul oxirlarida esa «qizil iblislar» «Borussiya» (Dortmund) va «Manchester Siti» bilan kuch sinashib olishni rejalashtirishgan. Demak, bungacha yana bir-ikkita transferni amalga oshirsh imkoni mavjud.

Masalan, jamoaga Matichni chaqirish mumkin. Agar Konte Kanteni «Chelsi»ga olib kelsa, buning iloji bor, albatta. Endi o‘ylab ko‘ring: Matich — Pogba — Runi uchligi premer-ligada muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Qachonki, hujumda Mxitaryan — Zlatan — Martial uchligi-yu, himoyada De Xea, Shou va Smollinglar barqaror harakat qilishsa.

Nima bo‘lganida ham, jamoa yozda keskin kuchayadi va «MYu»ning yangi mavsumdagi o‘yinlari bir yil avvalgidek, zerikarli ko‘rinish olmaydi. Yangi ishtiyoq esa hamma-hammaga yetadi: Shvaynshtaygerdan tortib Shneyderlingacha yoki Reshforddan tortib Fosu-Mensagacha. Chunonchi, o‘zgarishlar zarurligi aytildi — o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Kuchli ijrochilar so‘raldi — Mxitaryan va Ibragimovich kabi futbolchilar bilan kelishuvga erishildi. Fikrlarimiz oxirida Zlatanning bir gapidan iqtibos keltirmoqchimiz: «Men Mourino uchun maydonga chiqqanimda, o‘zimni «terminator»dek his qilardim»! Balki Zlatan bir nimani bilib gapirgandir?..

Manba: Interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.