Эксклюзив /

Mourino: Chempion bo‘lishni istayman!

«Benazir» nomini olgan Joze Mourino «MYu»ni asl holiga qaytarish barobarida o‘z obro‘sini tiklay olarmikin? Hozirda bu kabi savollar «qizil iblislar»ga befarq qaraydigan muxlislarni ham o‘ylantirayotgan bo‘lsa, ajabmas. The Guardian nashri shularni nazarda tutib, yangi jamoasining mavsumoldi tayyorgarlik yig‘inini Shanxayda olib borgan portugaliyalik mutaxassisni suhbatga chorladi. E’tiborlisi, Mou vaqt tig‘izligiga qaramay, bunga rozi bo‘ldi. Chunonchi, u intervyu olish ilinjida Xitoyga borgan jurnalistlar iltimosini rad etolmasdi, shunchaki.

— 2013 yili «Chelsi»ni qabul qilib olganingizda, Londonda sulola jamoa shakllantirishingizni aytgandingiz. «MYu»da ham shunday qilish rejasi bormi?

— «Chelsi»ni klub sohibi xohishiga ko‘ra, tark etdim. Agar u jamoaga kerakligimni bildirganida, shubhasiz, Londonda qolardim. Endi «Yunayted» bilan shartnomam bor va rahbariyat bundan mamnun. Agar hozirdan kelishuv muddatini uzaytirishni xohlashsa, darhol bu borada ishga kirishardim. Qisqasi, mutasaddilar jamoa uchun eng munosib murabbiy ekanligimga ishonch hosil qilishlari uchun bor kuch-mahoratimni ayamayman.

— 2013 yilning may oyida sizni Aleks Fergyusonning «MYu»dagi vorisi sifatida e’tirof eta boshlagandilar. «Qizil iblislar»ga ustozlik qilish -  qismatingizmi?

— Ochig‘i, bunday fikr xayolimga ham kelmagan. Qaerda ishlamayin, albatta, «Manchester»ga qarshi turishimga kelardi. Deylik, «Portu», «Inter» va «Real»da ishlaganimda, YeChLdek nufuzli turnirda yo‘llarimiz tez-tez kesishib turardi. «Chelsi» bilan esa ichki chempionat, Angliya va Liga kuboklari doirasida «MYu»ga qarshi maydonga tushdik. Xullas, bu jamoaga yetarlicha ko‘p to‘qnash kelganman, lekin biror marta qandaydir muammo chiqqani yo‘q. Futbolda bunday holat kam uchraydi. Misol uchun, «MYu»ga qarshi bahslarda biror marta qizil kartochka olgan emasman, shuningdek, achchiq yoki g‘alati gaplar aytishimga ham hojat sezilmagan. Jamoam g‘alaba qozonganida ham, mag‘lubiyatga uchraganida ham.

— Siz boshqargan «Portu» va «MYu» o‘rtasida kechgan ilk o‘yindagi holatchi? O‘shanda Fergyuson yetakchi shogirdi — Roy Kinning maydondan chetlatilgani yuzasidan jiddiy e’tiroz bildirgandi.

— Ana ko‘rdingizmi? Men emas, Fergyusonda e’tiroz tug‘ilgan! Men esa «MYu» bilan o‘yinlarda doimo xush kayfiyatda bo‘lganman. O‘ylashimcha, muxlislarimiz ham. «Old Trafford»ga har bir safarimiz chog‘i kiyinish xonasidan maydonga chiqib borish yoqimli hissiyotlarni ulashgani ham esimda. Bunaqasini boshqa biror joyda uchratmaysan. Oddiy aytganda, o‘zimda doimo «MYu»ga qandaydir bog‘liqlik sezganman. Qachondir bu jamoaga ustozlik qilishimni bilarmidim? Aniq gapirishim qiyin, ammo taqdirga bitilgan ish albatta, yuz beradigandek tuyulardi.

— «MYu» oxirgi chempionlikni 2013 yili nishonladi. Uni shohsupaga qaytarish sizni nechog‘li mamnun etadi?

— Bu mendan ko‘ra, jamoaning o‘zi va muxlislar uchun muhimroq. Demoqchimanki, avvalo, klub va muxlislar manfaatini o‘ylash kerak, men esa ikkinchi o‘rindaman. O‘zim emas, jamoa va muxlislar uchun ishlayapman. Vazifamga nisbatan munosabatim shunday. Har bir ish joyida g‘oliblikni ta’minlay olsam, yomon bo‘lmasdi. Biroq xudbinlarga xos nuqtai-nazarni yoqtirmayman. Menga ishonch bildirgan klubda mehnat qilyapman. Aksariyat muxlislar jamoaga yordam bera olishimga ishonishadi. Futbolchilar ham aynan mening qo‘l ostimda ishlashni istadilar, deb o‘ylayman. Yo‘q, ular van Gal bilan ishlashga qarshi edilar, deyish fikridan yiroqman. Menimcha, yigitlarga jamoani boshqarish usulim ma’qul tushgan. Keling, yaxshisi, mavsumni qarshi olaylik — u juda yaqin.

— Zlatan Ibragimovich oktyabr oyida 35 yoshga to‘ladi. Aytingchi, u ayni payt  APL saviyasida to‘p surishga qodirmi?

— Ha, chunki Ibrani juda yaxshi bilaman. Har bir kishining tug‘ilgan sanasi pasportiga yozib qo‘yiladi, albatta. Biroq uning yoshi har doim ham jismoniy holatiga muvofiq kelavermaydi. Yosh shunchaki, quruq raqam. Demoqchimanki,  insonning imkoniyatlari uning hujjatlarida emas, jismoniy quvvati, miyasi, o‘z vazifasiga nisbatan munosabatida aks etib turadi. Zlatan — navqiron yigit. Uning tanasi hayratlanarli holatda. Bundan tashqari, futbolga qadar  boshqa sport turi — yakkakurash jang san’ati bilan jiddiy shug‘ullangan. Shu bois, jismoniy tayyorgarligi a’lo darajada. Ibragimovichning sportga  munosabati oddiy futbolchinikidan farqlanadi. Qisqasi, uning qoni, ishtiyoqi o‘zgacha. Yashirib nima qildim, Zlatan juda badavlat yigit. Faoliyati davomida son-sanoqsiz sovrinlar va cheksiz boylikka ega bo‘ldi. Mana, endi murakkab va murosasiz chempionatga o‘tdi. Qanchalik qaltis ishga qo‘l urganini tushunib turibdi va munosib to‘p sura olishiga ishonadi. Aks holda, AQSh yoki Xitoyga yo‘l olardi, hech bo‘lmaganda, Fransiya tinchgina faoliyatini davom ettirardi. Yo‘q, u o‘zini yana bir marta jiddiy sinovda sinab ko‘rishni istadi. Ibra bilan uchrashganimda, Angliya, Ispaniya va Italiyada g‘olib chiqqanimni, uning hisobida esa APL chempionligi yo‘qligini pisanda qildim. Jimgina o‘ylab ko‘rgach, shunday javob qaytardi: «O‘sha yoqqa borish va barcha nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritishni istayman!» Ko‘rinib turibdiki, ishtiyoqi baland, ishtahasi joyida. Jismoniy holati esa fantastik darajada! Xullas, Zlatanning jamoa safiga ajoyib sport formasida qo‘shilishiga aslo shubha qilmayman.

— Qolgan o‘yinchilar Ibragimovichdan ilhom olishadimi?

— Ba’zan «Jamoaga yetakchi o‘yinchilar yetishmayapti?» qabilidagi gap-so‘zlar quloqqa chalinadi. Ammo bizga avvalo, tabiatan bir-birlariga yaqin bo‘lgan futbolchilar kerak. Men muloqotni xush ko‘raman, shogirdlarimni hamfikr, hamjihatlikka da’vat etaman. Ular bir-birlariga nechog‘li yaqinlashsalar, natijaga erishish shunchalik osonlashadi. Mashg‘ulotlar payti istagancha ko‘rsatma berish mumkin. O‘yin payti esa buning iloji yo‘q. Shunday ekan, aynan maydonda ko‘rsatmalarimni bajara oladigan futbolchilarga ehtiyoj sezaman. Bu borada qandaydir muammo yuzaga keladi, deb o‘ylamayman. Tarkibimizda  yuksak saviyali o‘yinchilar yetarli. Mana, hujum chizig‘ini olaylik: Zlatan, Rashford, Runi, Mxitaryan, Mata… Bu yigitlar chiroyli o‘ynashni ham, gol urishni ham o‘rniga qo‘yishadi.

— Jamoa xususidagi ilk taassurotlaringiz qanday?

— Ilk mashg‘ulotlarda barcha o‘yinchilar qatnashmadilar. Lekin shu holatda ham jamoa chakki ko‘rinmadi. Yo‘q, bundan hayron qolmadim. Axir grand jamoani boshqaradigan mutaxassis chinakam professional bo‘lishi shart. Ammo shu yuksak saviya sohiblarining g‘ayrat-shijoat bilan ter to‘kayotganliklari chindan ham, kuchli taassurot qoldirdi. Mana, Shanxayda bir necha mashg‘ulot o‘tashga ulgurdik. Aslida shogirdlarim bu yerda noqulay ob-havo sharoiti, qaqshab yotgan maydon yoki qit’alar o‘rtasidagi vaqt tafovuti tufayli barbod bo‘lgan uyquni bahona qilib, shunchaki, vaqt o‘tkazishlari mumkin edi. Biroq biz Xitoyga chorshanba kuni yetib keldik, ovqatlandik, tushlikdan so‘ng tijorat majburiyatlarimizni ado etdik va dastlabki mashg‘ulotlarga kirishdik. Ta’kidlash joizki, u fantastik tarzda o‘tdi. Yigitlarda ishtiyoq a’lo darajada, ular yanada kuchayish yo‘lida keragicha ter to‘kishga tayyorlar. Bu ayni muddao. Yangi jamoada men uchun eng murakkab yumush — odatga aylangan harakatlar dinamikasi, o‘yinchilardagi fikrlash yondashuvini o‘zgartirish. Tabiiyki, futbolchilar uchun o‘zgacha fikrlashni tezda o‘zlashtirish oson emas. Ko‘rsatmalarni aniq va to‘liq bajarish uchun ulardan diqqat-e’tiborni bir yerga jamlab, bor kuch-quvvatlarini sarflash talab etiladi. So‘nggi 2 kun davomida Shanxaydagi yig‘inga jalb etilmagan jamoadoshlari o‘rnini to‘ldirgan Runi, Smolling va Rashford o‘zlarini ochilmagan qirralarini namoyish etishdi. Yig‘indan qaytmasdan turib, Manchesterga ikki yordamchimni yuboraman. Ular safarga chiqmagan o‘yinchilar bilan shug‘ullanishadi. Bu yerdagi shogirdlarimdan esa ko‘nglim to‘q. Ular talablarimni to‘liq ado etishmoqda. Shu zaylda o‘z uslubimizni shakllantiryapmiz.

— 2014 yilning yanvarida Xuan Matani 37,5 mln. funt evaziga «MYu»ga qo‘yib yuborgan edingiz. Bu futbolchining kelajagi xususida nima deya olasiz?

— Xuanning o‘zi iltimos qilgani uchun transferga rozilik bergandim. Aslida  londonliklar safidagi biror futbolchi bilan xayrlashmoqchi emasdim. Biroq Mata faqat ketish haqida o‘yladi. Men esa bunday o‘yinchilar bilan ishlay olmayman. Qaytaraman,  jamoada uzoq vaqt to‘p surishni, mening qo‘l ostimda o‘ynashni istaydigan futbolchilargagina ishonch bildiraman. Manchesterga kelgan zahoti Xuan bilan barchasini muhokama qildik. Unga jamoada joy topiladi. Tan olish kerak, Mata juda iqtidorli o‘yinchi. Men esa duch kelgan futbolchini tarkibga kiritavermayman. Qisqasi, Mata menga yoqadi, unga hurmat bilan yondashishga va’da beraman. Agar «MYu»da to‘p surish niyatida bo‘lsa, e’tirozim yo‘q. Hozirgi harakatlaridan o‘ynash ishtiyoqi yuqoriligi sezilib turibdi. O‘ylashimcha, Mata jamoaga katta manfaat keltirishga qodir.

— To‘rtinchi va so‘nggi xaridni amalga oshirsangiz-u, u Pol Pogbadan boshqa futbolchi bo‘lsa ham, «MYu» chempionlik uchun kurashishga qodirmi?

— Bilmadim, lekin aynan shunday bo‘lishini istardim. Jamoa uchun omadsiz kechgan so‘nggi 3ta mavsum, shundan 2tasida hattoki, 4-pog‘onadan joy olinmaganini bahona qilmoqchi emasman. Shuningdek, «4-o‘rin — jamoaning maqsadi, undan yuqoriroq pog‘onalar shunchaki, fantastika», — deyish fikridan ham yiroqman. Yo‘q, meni faqat chempionlik qanoatlantiradi. Buni shogirdlarim ham aniq-tiniq his etib turishlari shart.

— Runi sizning jamoangizda ham sardor maqomida qoladimi?

— Shak-shubhasiz!

Manba: interfutbol.uz

Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.