Gollandiyalik mutaxassis Lui van Gal Angliyaning «Manchester Yunayted» futbol klubiga bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng, klub qiymati qariyb 1 milliard dollarga tushib ketdi. Bu haqda The Mirror’ga asoslanib, «TASS» xabar bermoqda.
23 mart, chorshanba kuni Nyu-York fond birjasining yopilish vaqtida «Manchester Yunayted» klubining bitta aksiyasi narxi 13,33 dollarni tashkil qildi. 2014 yilning iyul oyida, ya’ni Lui van Galning «MYu»ga bosh murabbiy etib tayinlanmasidan avval, bitta aksiyani 20 dollarga sotib olish mumkin edi.
Nashrning yozishicha, aksiyalar narxining pasayishi qimmat futbolchilarni sotib olish va klubning muvaffaqiyatsiz natijalar ko‘rsatishi bilan bog‘liq. Shuningdek, qayd etilishicha, mavsum yakunida «Manchester Yunayted» Angliya chempionatida kuchli uchlikdan joy olmasa, aksiyalar narxi yana tushib ketishi mumkin.
Forbes jurnalining ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda «Manchester Yunayted» klubining umumiy qiymati 3,1 milliard dollarga teng edi.
Lui van Gal 2014 yilning may oyida, Braziliyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida Gollandiya terma jamoasini bronza medali sovrindoriga aylantirganidan so‘ng, «Manchester Yunayted» bilan shartnoma imzolagan edi. Faoliyati davomida 64 yoshli mutaxassis «Ayaks», «Barselona» va «Bavariya» klublarini ham boshqargan.
«Manchester Yunayted» jamoasi Angliya chempionatida 30 ta o‘yindan so‘ng 50 ochko to‘plagan holda 6-o‘rinni egallab turibdi.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.