«Bornmut» himoyachisi Tayron Mingsga Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan 5 o‘yindan iborat diskvalifikatsiya muddati tayinlandi.
U «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yin vaqtida raqib jamoa hujumchisi Zlatan Ibragimovichning yuzini qasddan bosib o‘tganlikda ayblangan.
Ushbu holat APLning 27-turi doirasida 4 mart kuni Manchesterda kechgan va 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan o‘yin vaqtida ro‘y berdi. Birinchi bo‘lim oxirida to‘qnashuvlardan birida yiqilib qolgan Ibragimovich ustidan sakrab o‘tish vaqtida Tayron Mings butsasining ostki qismi bilan shvesiyalik hujumchining boshiga zarba bergan. Keyinroq, boshqa vaziyatda bunga javoban Ibrahimovich raqibining yuziga tirsagi bilan zarba berdi.
Ushbu holatlar videoyozuvlari o‘rganib chiqilgach, ikki futbolchi ham qasddan qo‘pollik qilgan deb topildi.
Bundan oldinroq Ibragimovich ushbu o‘yindagi xatti-harakatlari uchun 3 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingani ma’lum bo‘lgandi.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.