«Manchester Yunayted» klubi va Angliya terma jamoasi sobiq sardori Devid Bekxem ham barcha qatori yangi mavsum startini o‘zgacha ishtiyoq bilan kutdi.
Chunonchi, u «qizil iblislar»ning nihoyat, yana premer-liga taxtiga qaytishlaridan umidvor. Futbolchilik faoliyati davomida «MYu» bilan APLda naq 6 marta chempionlik nashidasini surgan Beks Sky Sportsga bergan eksklyuziv intervyusida ayniqsa, top-darajadagi nomdor murabbiylar o‘rtasidagi raqobatdan ko‘p narsa kutayotganini ta’kidladi. Uni xususan, Manchester jamoalari boshqaruvida ish boshlagan Joze Mourino va Xosep Gvardiolaning faoliyati qanday kechishi qiziqtiryapti.
Avvalo, o‘tgan mavsumga to‘xtalsak u shaxsan siz uchun nechog‘li g‘alati bo‘ldi?
Menimcha, bunaqasi oldinlari sira kuzatilmagan. Misol uchun, o‘zim premer-ligada o‘ynagan paytlar barchani birdek hayratga soluvchi g‘alaba va mag‘lubiyatlar qayd etilardi. Biroq muayyan o‘yinlarda, xolos. Harqalay, «sensatsiya»lar butun mavsumga cho‘zilganini eslolmayman... Avvalgi chempionatda esa hammasi oxiriga qadar hayratlanarli tarzda davom etdi. O‘z o‘rnida, «Lester»ning haqli ravishda chempionlik maqomiga erishganini alohida ta’kidlashim joiz. Axir bu jamoa butun mavsum bo‘yi eng kuchli ekanligini to‘la isbotladi. O‘ylashimcha, ko‘pchilik «Lester»ning muayyan masofada charchab qolishini taxmin qildi, ammo amalda bunday bo‘lgani yo‘q. Boshqacha aytsak, har bir o‘yindan so‘ng «Tamom, shu oxirgisi, buyog‘iga «tulkilar» chiday olmaydilar» qabilidagi so‘zlarni eshitdik. Biroq «Lester» finishgacha chidadi va bu tahsinga loyiq.
Shaxsiy fikrimcha, bosh murabbiy Klaudio Raneri va futbolchilarga to‘liq ishonch bildirilgani jamoada birdamlikni kuchaytirdi. Natijada «Lester» misolida jamoaviy ruh yordamida qanday yuksaklikka chiqish mumkinligini yana bir bora ko‘rdik. Yo‘q, chempionlikni faqat birdamlikka bog‘lamoqchi emasman. «Tulkilar» yutug‘ida iqtidor va mahoratning ham o‘rni katta, albatta. Fakt shuki, «Lester» tarkibidagi saviyali futbolchilar tufayli yaxshi o‘ynadi va yakunda mo‘jizaviy natija qayd etdi. Ammo shu saviya va mahoratning aynan birdamlik bilan qorishib ketgani yakuniy zafarni ta’minlagani ham rost. Albatta, «Lester»ning oltin medal yutgani ko‘pchilik uchun sof «syur-priz» bo‘ldi, ayniqsa, jamoa bir mavsum oldin qaerda turganini inobatga olsak (finishga 8ta tur qolganida, oxirgi o‘rinda edi), shunday. Nima bo‘lgan taqdirda ham, «tulkilar»ning chempionlik taxtiga adolatsiz tarzda chiqishganini aytishga asos yo‘q barchasiga o‘z mehnatlari bilan erishdilar.
Yangi mavsumda ham shunga o‘xshash «syurpriz»larni ko‘rishimiz mumkinmi?
Bunaqasi yana takrorlanishiga katta shubham bor. Ha, aksariyat muxlislar kutilmagan natijalarga ilhaqlar, biroq men xuddi «Manchester Yunayted» fanatlari kabi «syurpriz»larga moyil emasman. Betaraf ishqibozlarni tushunish mumkin: ular favoritlarning har qadamda yengilishlarini kutishadi. Lekin takror aytamanki, yangi mavsumda aqlni shoshirib qo‘yadigan natijalar ko‘p qayd etilmasa kerak. Mana, APL klublarida ko‘plab tan olingan murabbiylar ish boshlashdi va o‘ylaymanki, ularning maydon chetidagi xatti-harakatlarini kuzatib borish ham alohida qiziqish uyg‘otadi. Taxminimcha, yangi mavsum yakunida katta klublardan biri g‘alabani tantana qiladi. To‘g‘ri, vaqtdan ilgaralab ketish yaramaydi. Yaxshisi, barchasini o‘z vaqtida kuzatib borgan ma’qul.
Xo‘sh, nomdor yangi murabbiylardan aynan qanday yangiliklar kutyapsiz?
Menga eng ma’qul kelgan tomoni shuki, yangi murabbiylarning barchalari kuchli xarakterlari bilan ajralib turishadi. Bilasiz, ingliz futboli muxlislari uzoq yillar davomida ser Aleks Fergyuson va Arsen Venger o‘rtasidagi qiyosi yo‘q raqobatga guvoh bo‘lishdi. Ba’zan bu kurashga Kevin Kigan ham qo‘shilib turardi. Endi esa hamma Xosep Gvardiola, Yurgen Klopp va Antonio Konte haqida gapiryapti. Aytgancha, shaxsan menga Konte yoqadi. Italyan mutaxassisi ayniqsa, maydon chetida o‘zini yaxshi tutadi, shuning barobarida bor ehtirosini namoyish etishdan uyalmaydi. Yangi menejerlar haqida gap ketganda, ular orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Joze Mourinoga alohida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Mana, u dunyodagi eng yirik klub «MYu»ni boshqarishdek ulkan mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Hozirdan shunday tasavvur yo‘q emaski, yangi chempionat davomida gohida maydondagi voqealarni unutib, uning chetida bo‘ladigan raqobatni kuzatishimizga to‘g‘ri keladi. Xullas, bizni oldinda o‘ta qiziqarli mavsum kutyapti.
Ha, murabbiylar tufayli chempionatning qanday tus olishini taxmin qilish ham qiyin.
Xuddi shunday. Eng nomdor va ustakor menejerlar to‘plangan birinchilikda qandaydir taxminga o‘rin qolmaydi. Zero, ularning har biri o‘z jamoasini keskin o‘zgartirib yuborishga qodir. Misol uchun, Yurgen Klopp «Liverpul»ni sezilarli darajada o‘zgartirishga ulgurdi. Ochig‘i, u klubga kelganidan so‘ng «MYu» fanati sifatida ozgina xavotirga ham tushgandim. Mana, «Liverpul» katta klub maqomini qayta tiklay boshladi. Lekin unutmaslik kerak, Joze Mourino «Yunayted»ga, Antonio Konte «Chelsi»ga va Xosep Gvardiola «Manchester Siti»ga keldi. Darvoqe, o‘z o‘rnida aytishim kerak, ko‘p yillardan buyon Pepning murabbiylik ishiga befarq emasman va ishonchim komil, u «Siti»ga yetarli naf keltiradi. Xullas, garchi taxmin qilish o‘rinsiz bo‘lsada, aynan shu murabbiylardan biri o‘z jamoasi bilan chempionlik nashidasini surishini aytishim mumkin.
Sizningcha, Mourinoning «Manchester Yunayted»da muvaffaqiyat qozonish imkoniyati qanday?
Uning samarali ish yuritishiga zarracha shubham yo‘q. Jozening «Chelsi»dan ketib, «MYu»ga kelgani shaxsan men uchun ajoyib voqe-likdir. Aslida avvalgi bosh murabbiy Lui van Galga ham hurmatim cheksiz, ammo uning ishi kutilgan samarani bermadi. O‘ylaymanki, «Yunayted» uchun endi hammasi yangitdan boshlanadi. Rahbariyat oxirgi 3 yoki 4 yilda bosh murabbiyni tez-tez almashtirdi. Vaholanki, bunday holat «MYu» ruhiyatiga mos kelmaydi. Axir bu yerda klubni uzoq yillar davomida barqaror boshqaradigan menejerni ko‘rishga odatlanishgan. Xuddi Aleks Fergyuson kabi... Afsuski, oxirgi vaqtlarda ma’lum sabablarga ko‘ra, menejerni tez-tez yangilashga to‘g‘ri keldi. Hozir Joze katta ish bo‘sag‘asida turibdi. Muhimi, u nimani xohlashiyu, sovrinlarni qanday yutishni yaxshi biladi. Murabbiydan talab qilinadigani ham shu. «Manchester Yunayted» avvalo, avvalgi vajohatini tiklashi shart. Bir eslang, oldinlari «Old Trafford»ga tashrif buyurgan raqiblar nechog‘li dahshatga tushardilar... Ular bu stadionga qadam bosar ekanlar, baribir, mag‘lubiyatga uchrashlarini his qilardilar, go‘yo. Aynan shunday holatni tezroq tiklash muhim.
Taxmin qilish mushkul bo‘lsada, so‘rashga majburmiz: sizningcha, premer-liga g‘olibligi qaysi jamoaga nasib etadi?
Tabiiyki, «Manchester Yunay-ted»ni tilga olaman. Zero, har doim shu jamoa tarafidaman.
«MYu»ning g‘olib chiqishini yurak amri bo‘yicha aytyapsizmi yoki miyadagi aqlga tayanib...?
Har ikkisiga asosan.
Ko‘rinishidan, barcha-barcha oxirgi yillardagi eng shiddatli chempionlik poygasini kutyapti...
Shubhasiz. Axir chempionatga kelgan har bir yangi murabbiy aql bilan ish ko‘rishga o‘rgangan va ular g‘alabaga qaysi yo‘l orqali borish mumkinligini yaxshi bilishadi. Menejerlarning orttirgan umumiy tajribalarini nazarda tutsak, bunday guruh hali hech qaerda yig‘ilmaganini ko‘ramiz. Bu ham APLning eng kuchli liga ekanligidan dalolat.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.