Mualliflik bloglari

RASHFORD KURASHGA SHAYMI?

Blog InterFutbol.uz

Sir emaski, APLning yangi mavsumi har qachongidan-da jonliroq, qiziqarliroq o‘tishi kutilmoqda. Hattoki, «Arsenal» ustozi Arsen Venger bo‘lajak mavsumni «Murabbiylar o‘rtasidagi mundial»,- deya ta’rifladi. Ayniqsa, keyingi yillarda omadi yurishmayotgan «Manchester Yunayted»ning Zlatan Ibragimovich bilan shartnoma tuzishi, murabbiylik lavozimiga esa Joze Mourinoni taklif etishi «intriga»ni yanada oshirdi. Albatta, klubdagi mazkur islohotlar «qizil iblislar» bilan hamkorlik qiladigan 23ta kompaniya uchun ayni muddao. Zero, har bir homiy o‘z brendi mashhur kishilar ta’sirida yuksalishidan umidvor. Ammo shu bilan birga jonkuyar ishqibozlarni tashvishlantirayotgan omillar ham yo‘q emas. Jumladan, Ibragimovichning safda bo‘y rostlashibirinchi navbatda, klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan yosh iqtidor - Markus Rashfordning kelajagiga salbiy ta’sir o‘tkazishi hech gap emas. Xo‘sh, Markus nima qilishi kerak?

Hammasini pul hal qiladi

Ochig‘ini aytish kerak, Manchester klubi uchun yangi mavsum juda muhim. Negaki, mankunianlar loaqal reklama shartnomalari orqali olinadigan daromad hisobiga klubning avvalgi mavqesini tiklashlari zarur.

Homiylik shartnomalari, futbolkalar sotuvi... Xullas, «qizil iblislar» hattoki, sovrinsiz o‘tayotgan oxirgi vaqtlarda ham klub nomini ulug‘lashni istashyapti va bu juda oddiy formulaga asoslangan: «MYu» qanchalik shuhrat orttirsa, jamoa o‘yinini shuncha ko‘p kishi ko‘radi; futbolchilar ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik mashhurlikka erishsalar, oliyhimmat sarmoyadorlarning klubga e’tibor-qiziqishlari shunchalik kuchayadi. Bir so‘z bilan aytganda, hammasini pul hal qiladi. Zero, klubning ayni vaqtdagi xo‘jayinlari sovrinlar shaydosi emas, balki omilkor kapitalistlardir.

Rahbariyat amalga oshirayotgan ishlarga shu nuqtai-nazardan qarasak, Ibragimovich va Mourino bilan qisqa muddatli kelishuv tuzish shoshilinch qaror emas, balki maqtovga loyiq tadbir ekanligi oydinlashadi. Sababi, «MYu» bu yo‘l orqali futbol olamida o‘z mavqeini mustahkamlab, oldingi o‘rinlarga qaytmoqchi. Bunday ishlar sirasiga Pol Pogba transferi uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarni ham kiritish lozim. Axir allaqachon keng darajada tanilgan bu yigitchani rekord summaga xarid qilish barchada qiziqish uyg‘otishi tabiiy-da!

Ehtimol, ko‘pchilik ishonmas, lekin bu fakt: mazkur transfer narxi qancha oshsa, yakunda foyda ko‘rgan «Yuventus» emas, «Manchester Yunayted» bo‘lib chiqadi.

Aslida-ku, bu yo‘nalish yangilik emas. Chunonchi, Madridning «Real» klubi mana, 15 yildirki, shunday harakat ortidan pul topyapti. «Yunayted» esa har doim o‘z tarixi, an’analari va kuchli akademiyasi bilan faxrlanib kelgan.

Mahalliy iqtidor

«Yunayted»ning ushbu yangi, yosh futbolchisiga qiziqish oshishiga sabablardan biri shuki, unga ko‘pchilik Angliya futbolining so‘nggi 20 yillikdagi eng umidli mahalliy yulduzlaridan biri sifatida qaramoqda. Albatta, Markusning keyingi taqdiri qanday kechishi hali noma’lum, ammo texnik salohiyati kuchli, aqli yetarli yigitning yaqin kelajakda jahon darajasidagi futbolchiga aylanishiga ishonadiganlar kam emas.

Bundan bir necha yil avval Manchesterda o‘sib-ulg‘aygan va iste’dodi borligini isbotlagan Rashford kabi futbolchi jamoa asosiy tarkibiga kirish uchun nisbatan kattaroq imkoniyatga ega bo‘lardi. Bugungi kunda esa asosiy tarkibda kimlarning maydonga tushishi klub rahbarlari nazorati ostida (chunki tarkibda mashhur futbolchilar safi kengayishi muhim). Boz ustiga, endi Ibragimovichdek taniqli forvard ham Markusning raqobatchilaridan biri sanaladi va bu tabiiyki, uning imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi. «Biz klub an’analarini davom ettiryapmiz va yosh iqtidorlarga o‘zlarini ko‘rsatish imkoni beryapmiz», -degandi Ed Vudvard o‘tgan yilgi mavsum oxirida Rashfordning muvaffaqiyatlariga sha’ma qilib. 2014 yili esa klubning tijoriy ishlar bo‘yicha direktori Richard Arnold maqtanishga ham ulgurgandi: «Rimning yangi Papasi nomini Aleks Fergyuson iste’foga chiqqanini aytgan kun e’lon qilishgandi. Biz dunyodagi 1-raqamli trend edik. Klubimiz jahondagi 120 milliondan ortiq muxlis bilan muntazam aloqada. Deylik, bir daqiqada Facebookda 60, Twitterda esa 264ta «layk» to‘playmiz. Faoliyatimizda muxlislar ishtiroki o‘ta muhim: ular bizga foyda keltiradigan homiylar e’tiborini tortishadi».

G‘oliblik ruhi

Yo‘nalish va omadni birlashtirishda mutanosiblik tushunchasi katta rol o‘ynaydi. Ibragimovich shuning uchun taniqliki, u «sensatsion» futbolchi sanaladi. Mourinoning tanilishiga sabab esa boshqa - doim g‘alaba qozonishi.

«Yunayted» shu paytgacha erishilgan yutuqlar tufayli hozirgidek moliyaviy gigantga aylangan. Endi klub bu ikki mashhur inson yordamida yana sovrinlarni qo‘lga kiritmoqchi. Demak, umumiy holat bo‘yicha aytsak, Rashford «Benazir»ning insoniylik sifatlariga umid bog‘lamasligi kerak. Chunonchi, portugaliyalik mutaxassis yoshlarga imkon beraveradigan ko‘ngli bo‘sh murabbiylar toifasiga kirmaydi.

Shuningdek, uni klublarning an’anasi, udumlar va hattoki, Mett Basbi maktabi ham qiziqtirmaydi. Shundan kelib chiqsak, Rashford murabbiyning boshqa bir xususiyati - g‘alabaga tashnaligiga e’tiborni kuchaytirishi lozim. Zero, Markus o‘tgan yilgi o‘yinlari bilan g‘oliblik ruhidan bebahra emasligini isbotlashga ulgurdi. Fakt shuki, Mourinoni faqat bir narsa - natija qiziqtiradi.

Agar yosh futbolchi yangi mavsumni xuddi o‘tgan yilgi shijoat va ishonch bilan boshlasa, unda Depay, Runi va Ibragimovich bilan bemalol raqobatlasha oladi.

Bekxem - namuna

Rashfordning kelajagi haqida fikr yuritganda, ba’zi bir mayda-chuyda tafsilotlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Xususan, «MYu» shunday klubki, u har doim tarkibiga qaysidir yulduzni qo‘shib olib (tabiiyki, eng avvalo, mashhur hujumchini), OAVda shov-shuv ko‘tarib turishga majbur. Rashford esa qanchalik iste’dodli bo‘lmasin, shu sababli, doimo qaysidir yulduz soyasida qolishga tayyor turishi zarur.

 Aynan shuning uchun ham klubning aytaylik, Neymarga qiziqayotgani haqidagi xabarlar to‘xtamaydi. Markusning haqiqiy mahorati uning katta futbol olamidan yo‘l topib olishiga yordam bersa, ajabmas. Misol uchun, oldingi avlod vakili hisoblangan Devid Bekxem aynan Rashford tahsil olgan akademiyada tarbiyalanib, dunyoda birinchilardan bo‘lib, o‘z kuchi bilan futbolchi-yulduz obrazini yaratgandi.

Markus oldida boshqa bir yo‘l ham bor: mediadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish. Zero, bugungi kunda yulduzlik maqomiga ijtimoiy tarmoqlar hamda kutilmagan o‘tkir fikrlar bilan ham erishish mumkin. Zamonamiz shunaqa, axir...

Shu ketishda...

Kim biladi, ehtimol, Markusning hech narsaga ortiqcha e’tibor qaratmay, faoliyatini  shu ruhda davom ettirgani ma’qulmikan? Negaki, Rashfordning sira kutilmaganda, katta sahnaga ko‘tarilgani kapitalistlar va reklamachilar domiga tushib qolgan zamonaviy futbolga sal yangicha qiyofa bag‘ishlab, o‘ziga xos «ziddizahar» vazifasini bajarmoqda. Buni qarangki, Markusning hozirgi holati uning foydasiga ishlashi ham mumkin.

Sababi, u nisbatan taniqliroq jamoadoshlaridan farqli ravishda, kuchli mas’uliyat hissi ostida yashamaydi: Runi va boshqa futbolchilar Moyes hamda van Gal davrida ham mas’uliyat yukidan qochib qutulolmadilar.

Endi Mxitaryan va Zlatanni ham shu qismat kutmoqda. Rashfordning yutug‘i shundaki, u o‘zidan hech nima kutishmagan vaqt maydonga tushdi va yoshiga xos bo‘lmagan tarzda xotirjamlik bilan harakatlanib, iqtidorini ko‘z-ko‘z qildi.

Boshqacha ifoda etganda, o‘sha payt uning zimmasida javobgarlik hissi yo‘q edi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Rashford insonni tubdan o‘zgartirib yuboradigan zamonaviy dunyoning «layk»lari, reytinglari domiga tushib qolmasa, bas. Ko‘pchilik yangi mavsumda Markusni top-hujumchilar qatorida ko‘rishni istaydi. Bilasizmi, nega? Chunki inson tabiati shunday: u doimo kuchsizlarga ko‘proq tarafkashlik qilishga moyil...

Manba: interfutbol.uz

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.