Mualliflik bloglari

YANGI NOMLAR VA YANGI MAQSADLAR

Blog InterFutbol.uz

O‘tgan yilning yozida bildirilgan prognozlar o‘zini oqlamadi. Ko‘pchilik «Lester»ni APLdan tushib ketishini taxmin qilgandi. Yakunda Vardi va «tulkilar» jamoasi futbolchilari shampanga cho‘milib chempionlikni nishonlashdi.

O‘tgan mavsumdan saboq chiqargan APL grandlari yangi mavsum arafasida transferlarga zo‘r berishdi. Katta maqsadlarga ega jamoalar kamida 4 nafardan saviyali futbolchilar bilan tarkiblarini to‘ldirishdi va to‘ldirishda davom etishmoqda.

Quyidagi prognozda jamoalar hozirgi holatlaridan kelib chiqqan holda 20ta o‘ringa joylashtirib chiqilgan va jamoalarning imkoniyatlari baholangan. Aslida qaysi jamoa futbolchilari kubokni bosh uzra ko‘tarishini 2017 yilning bahori oxiriga borib ko‘ramiz.

«Hall Siti»

Chempionshipdan yuqori ligaga ko‘tarilgan «yo‘lbarslar» jamoasi ilk turni amaldagi chempion «Lester»ga qarshi o‘tkazadi. Lekin jamoa murabbiysiz qolgan. Stiv Bryus bilan shartnoma bekor qilindi, yangi murabbiy topilmagan. Shuningdek, bu jamoa yozgi transferlar vaqtida bironta yangi futbolchi xarid qilmadi. Aksincha «Hall»ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi, o‘tish o‘yinida «Derbi Kaunti» darvozasini ishg‘ol qilib, jamoani APLga qaytargan  Muhammad Diame «Nyukasl»ga sotib yuborildi. Jamoaga yaxshi murabbiy olib kelinsagina ligada qolish imkoni bo‘ladi. Qolaversa, bu vaqtda jamoa xo‘jayini klubni sotish taraddudiga tushgan. Bu jamoa ham xitoylik investorlar qo‘liga o‘tishi mumkin.

«Byornli»

«Byornli»da xarizmatik murabbiy Shon Daych va uning o‘ziga o‘xshagan shogirdi, hujumchi Andre Grey bor. U haqda yangi mavsumda ko‘p gapirishlari kutiladi. Lekin APL debyutanti yana ligada «jon saqlab qolish» uchun kurash olib borishi tayin. Jamoa chempionshipdagi tarkibini deyarli o‘zgartirmagan, «Byornli»ning yangi mavsum arafasidagi ikki transferi –  «Charlton»dan sotib olingan futbolchilar. Jamoa futbolchilariga APL jamoalari bilan kurashlarda  saviya yetishmay qolishi mumkin.

«Uotford»

Angliyaga italiyalik murabbiy Valter Massarri va  «Granada» futbolchilaridan bir qanchasi olib kelindi. Lekin murabbiyni «Uotford»da ba’zi qiyinchiliklar kutib turibdi. Tarkib futbolchilari geografiyasi turli-tuman bo‘lib,  Massarrida futbolchilar bilan aloqa o‘rnatishga til bo‘yicha muammolar xalaqit berishi mumkin. Kike Flores futbolchilarning tilini topgandi, lekin uni ishdan bo‘shatishdi.

«Sanderlend»

Bir jamoaning 30-turgacha "xavfli hudud"da yurib, oxirgi turlarda "jon saqlab qolishi" Angliya premer-ligasi an’anasi aylangan. Bu vazifani «Sanderlend» ikki yil davomida munosib uddaladi. Devid Moyes Manchesterda murabbiylik salohiyati darajasini ko‘rsatib qo‘ygan, Defo endi avvalgi Defo emas,  Yann M’Vila esa Fransiya terma jamoa safiga chaqirilmaydigan saviyadagi futbolchi. Moyes jamoaga o‘zining sobiq ish joyidan Adnan Yanuzayni hamda yana ikki yosh himoyachi, Makneyr va Lavni olib keldi. Lekin jamoa o‘z an’anasini davom ettirishi haqiqatga yaqinroq.

«Suonsi»

Uelsliklar sardori Eshli Uilyams «Everton»ga, yetakchilardan yana biri Andre Ayyu «Vest Hem»ga sotib yuborildi. Ularning o‘rniga hujum chizig‘i ispaniyaliklar juftligi Lorente va Borxa Baston xarid qilindi. Lekin «Suonsi» tarkibi jiddiy ravishda kuchsizlangani ta’kidlanmoqda. «Oqqushlar» jamoasi muxlislari Gilfi Sigurdssonga umid qilishmoqda. Shuningdek, amerikalik investorlar jamoaning APLda qolishi uchun pul ajratishiga.

«Vest Bromvich»

Toni Pyulisni dinozavrlarga qiyoslash mumkin. Uning «Vest Brom»i chiroyli o‘yin ko‘rsatmaydi, shunchaki eski britancha futbol. Klub katta transferlarga qo‘l urmaydi, APLning o‘z holiga tashlab qo‘yilgan jamoasi – deyarli hech kimni sotmaydi va deyarli hech kimni sotib olmaydi. «Vest Brom» – katta ziyofatga kelib qolgan jaydari, beo‘xshov liboslar kiygan yigitga o‘xshaydi. Lekin "bu yigit" o‘z o‘rnini topa oladi. Turnirning doimiy o‘rtamiyonasini bu safar ham kimdir joyidan siljitishi dargumon.

«Midlsbro»

Ispaniyalik Aytor Karanka ilk marta ustozi Joze Mourinoga qarshi chiqadi. Shuningdek, bu uning yuqori ligadagi ilk uchrashuvi. Jamoa yozgi transferlar vaqtida Viktor Valdes, Gyuzan, Negredo, Fabio da Silva kabi tajribali futbolchilarni, daniyalik tezkor hujumchi Viktor Fisherni, yangi Kante deb qaralayotgan Marten de Roonni tarkibga qo‘shib oldi. O‘tgan mavsumda chempionship chempioni bo‘lgan jamoa APLda o‘zini ko‘rsatishi aniq.

«Bornmut»

Eddi Xauni barcha yoqtiradi – u "futbol jinnisi", u «Bornmut» o‘yinini to‘pni nazorat qilishi uslubi asosiga qurdi. Mahorati tufayli uni Angliya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun nomzod sifatida ko‘rishdi. Bu yozda uning jamoasi yanada kuchaydi – «Bornmut» «Liverpul»dan Jordon Aybni sotib oldi. Serg‘ayrat Xauda o‘zi kabi yosh jamoa.

«Kristal Pelas»

«Vest Bromvich»ga o‘xshash yana bir jamoa – tipik inglizcha jamoa. Tarkibda ham ko‘plab britaniyaliklar, qaysiki, to‘pni qanotlardan markazga uzatib berish bilan shug‘ullanuvchi va standard vaziyatlar ustalari. «Pelas»ning o‘tgan mavsumdagi golurarlaridan biri baland bo‘yli himoyachi Skott Dann bo‘ldi. «Oynachilar» jamoasi ishonch bilan aytmoqdaki, klubda yangi «Atletiko»ga aylanish rejasi mavjud. Jamoa yuqori cho‘qqilarni ko‘zlagan. Reja bo‘lgani yaxshi, lekin bu safar jamoa kuchlilar qatoridan joy olishi qiyin.

«Stok Siti»

Stokdagilar «Barselona»ga aylanishni istashadi, buning uchun  gazonlarni o‘stirishmoqda, Marko Arnautovich va Sherdan Shakirini olib kelishgan. Shveysariyalik futbolchi Yevro-2016 vaqtida Polshaga urgani kabi gollarni ichki chempionatda ham urib turadi. «Stok» o‘tgan mavsumda har qanday jamoa uchun muammo tug‘dirdi –  «kulollar» jamoasi hujumga o‘tganida yengillik va ijodkorlik bilan harakat qiladi, himoyada esa bo‘ydor futbolchilar mustahkam qo‘rg‘on hosil qilishadi. «Stok» yangi mavsumda ham shunday o‘ynashi kutilmoqda.

«Everton»

«Iriskalar» jamoasi «Tottenhem» yo‘lidan bormoqda, islohotlar tarkibda emas, yuqorida amalga oshirildi. Endi jamoani Ronald Kuman boshqaradi (u «Sauthempton»dagi ishini takrorlay olishi shubhasiz), skauting bilan esa bundan oldin «Lester» uchun iqtidorlar izlagan Stiv Uolsh shug‘ullanadi. Qolaversa, Farhod Moshiriyning gollari. U «Everton»ni top-klubga aylantirmoqchi. Lekin hozircha «iriskalar» transfer qilishda faol emas. Faqat Uilyams va Bolazi sotib olindi. Kuman asosiy himoyachi Stounzni sotishga rozi bo‘ldi va 1 sentyabrgacha Romelu Lukaku sotilib ketmasligiga umid qilmoqda. Ushbu mutaxassis jamoa qurishga uquvli, lekin hozirgi tarkib bilan katta jamoalarga qarshi turish va YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘lish mushkul.

«Sauthempton»

Kuman o‘rniga «Sauthempton»ga Fransiyadan Klod Pyuel keldi. U o‘tgan mavsumda «Nissa»ni boshqargan va jamoani yangi bosqichga olib chiqqandi. U o‘zining sevimli 4-4-2 taktikasini Angliyada ham qo‘llay boshlaydi. Uning alohida jihati  – yoshlarga ishonch bildiradi. Endi biz  «avliyolar» jamoasi akademiyasida tarbiyalangan yoshlarni tez-tez ko‘rib turishimiz mumkin bo‘ladi. Pyuel «Sauthempton»ni hozirgi holatida saqlab qolishi ham katta ish hisoblanadi. Moliyaviy imkoniyatlari cheklangan jamoa doimiy ravishda o‘z yetakchilarini sotib kun kechirib keladi. Bu yozda ham Vanyama, Mane va Pelle boshqa jamoalar safiga o‘tib ketishdi. Lekin «Soton» o‘tgan mavsum oldidan ham shunday holga tushgandi va yakunda marraga yettinchi bo‘lib keldi.

«Vest Hem»

«Bolg‘achilar» yevrokuboklar hududiga intilmoqda. Tarkib Andre Ayyu, Sofyan Feguli, Xonatan Kaleri Olimpiya stadioniga keldi. «Vest Hem» tarkibi endilikda 8-o‘rindan yuqoriga kurashishga to‘la imkon beradi. Lekin bir savol ochiq qolmoqda, «bolg‘achilar» o‘yini hamon Dimitri Payega bog‘liq bo‘ladimi? O‘tgan mavsumda ko‘rdikki Payesi bor «Vest Hem» boshqa, Payesi yo‘q «Vest Hem» boshqa.

«Lester»

Chempionlik ertagi – ajoyib, ammo endi «Lester»ni Yevropa Chempionlar Ligasi kutmoqda, kamtargina tarkib esa «tulkilar»ga bu xalqaro maydonda erkin harakatlanishga imkon bermasligi tayin. Mahrez va Vardi o‘tgan mavsumni zo‘r o‘tkazdi, lekin bu mavsumda ularni Kante emas, Nampalis Mendi qo‘llashi kerak bo‘ladi. Jamoaning yana bir xaridi esa Rossiya chempionati vakili - Ahmad Musa. Klaudio Raneriga bu safar ruhlantiruvchi, dalda beruvchi so‘zlar, pissalar yordam bermasligi mumkin. U yana «Lester»ning asosiy maqsadi 40 ochko to‘plash demoqda, shunday ekan bu jamoa 7-o‘rindan yuqoriroqqa ko‘tarilishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

«Tottenhem»

«Shporlar» yozda o‘z yetakchilarini hech kimga sotmadi, aksincha tarkibni kuchaytirdi, «Sauthempton»dan Viktor Vanyama, «Alkmar»dan – niderlandlar Vardisi Vinsent Yanssen olib kelindi. Lekin bu o‘rinda paradoks: APLning o‘tgan mavsumida barchaga dahshat olgan jamoa yangi mavsum arafasida u qadar kuchli ko‘rinmay qolmoqda. «Tottenhem»da jamoaviy o‘yin juda yaxshi tashkil etilgan, jamoa  ijodkorona o‘yin namoyish etishda davom etishi shubhasiz, Yanssen  Maurisio Pochettino uchun taktik turli-tumanlik uchun imkon beradi. Lekin jamoada ruhiyat kuchli emas, buni jamoa o‘tgan mavsum finishida ko‘rsatib qo‘yishdi, raqobatchilarning haddan ortiq kuchaygani ularga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Jamoa Yevropa  chempionlar ligasida o‘zini qanday ko‘rsatishini kuzatamiz: jo‘shqin futbol «Tottenhem»ga xos, lekin zaxira o‘rindig‘i keng emas. Bu «shporlar» yo‘lidagi yamaga aylanishi mumkin. Lekin jamoa chempionlik uchun kurashib, yana YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘lishga harakat qiladi.

«Liverpul»

Yurgen Klopp «Liverpul»da mavsum boshidan ishlaydi – Yevropa Ligasi bilan chalg‘imaydi, grafik tig‘iz emas, tarkib Mane va Veynaldum bilan boyitilgan. Endi mersisaydliklar jamoasi yanada tezkor va texnar. Firmino, Koutino va Klopp kelib, yangi qirralari ochilgan Lallanaga saviyali futbolchilar yordam berishini nazarda tutadigan bo‘lsak, «Liverpul» qanday kuchayganini tasavvur qilish mumkin. Bu jamoa «Barselona»ni 4:0 hisobida yengib, o‘z da’volari haqida ogohlantirgandek. Shuningdek jamoaga «Bavariya»dagi asosiy mutaxassislardan biri kelib qo‘shildi… Lekin futbolda tezkorlik barchasini hal qilmaydi. «Liverpul»-2015/16 barqaror emasdi va o‘rtamiyonalarga tez-tez yutqazib turardi. Klopp avval shunday muammolarni bartaraf etishi kerak bo‘ladi.

«Arsenal»

Arsen Venger har bir chiziqni yangi futbolchilar bilan to‘ldirishni istagandi, ammo hozircha faqat yarim himoyachi Granit Chaka sotib olingan. Hujumchi muammosi ochiqligicha qolmoqda. Na Vardi, na Higuain va na Lyakazet keldi. Ularning o‘rniga yosh va umidli yaponiyalik yigitcha Londonda. Arsen Venger mavsumni jarohatlarsiz o‘tkazishga umid qilayotgandi, ammo mavsum boshlanmasidanoq jamoaning ikki sardori Per Mertesaker va Loran Koselni jarohat oldi. Yana bir markaziy himoyachi Gabriel Paulista ham jarohat tufayli 2 oy maydonga tusha olmaydi. Shunday ekan, endilikda asosiy muammo hujum emas, himoyada. Endi mavsumning ilk turida «Liverpul»ga qarshi o‘yinda Chembers – Holding juftligi harakatlanadigan bo‘lib turibdi. («Arsenal» Mustafini sotib olishga yaqin turibdi). Arsen Venger «Arsenal»ning eskicha o‘yin uslubini qo‘llashda davom etishi aniq,  lekin bu holda «kanonirlar» ko‘p golli vaziyatlar yaratib, kam gol urishda ham davom etishi mumkin. Arsen Venger ham sovrin yutishni istaydi – ammo klubning holati yana to‘rtinchi o‘ringa mos.

«Chelsi»

Antonio Konte Londonga kelib, darhol markaziy hujumchi Mishi Batshuayini sotib olgan bo‘lsada (ikkinchi Dide Drogba bo‘lishi kutilmoqda) alal-oqibat himoyaviy jamoa tuzishi tayin. APL – juda qiyin turnir, Konte esa Gvardioladan farqli ravishda hamisha ikkinchi va uchinchi planlarga ega bo‘ladi. Uning «Chelsi»si Italiya terma jamoasiga o‘xshab shakllantirilsa, bizni teng kuchli jamoalarga qarshi zo‘r o‘yinlar kutadi. Lekin bunday jamoa o‘rtamiyonalar bilan qiynalishi mumkin. Hozircha «pensionerlar»ni 3-o‘rindan yuqoriga qo‘yish o‘rinsiz.

«Manchester Yunayted»

Mavsumoldi yig‘inlari va Angliya  Superkubogi «MYu»ning bu mavsumda APL chempionligi uchun asosiy da’vogarlardan biri ekanini ko‘rsatdi. Lekin Mourino hali ko‘p m savollarni yechishiga to‘g‘ri keladi. Jamoada Pogbaga qaerdan joy topib berish kerak. Ueyn Runi hujumda o‘ynaydimi, yarim himoyadami? Zlatan Angliyada hech bo‘lmasa 20ta gol urishi uchun nima ish qilish kerak? Himoyadagi ahmoqona xatolarni qanday yo‘q qilsa bo‘ladi? Savollar cheksiz. Mourino, jamoaning siqib, suvini chiqarishga usta. U balki savollarning aksariga javob topar. Lekin bu ham chempionlikni kafolatlamasligi mumkin.

«Manchester Siti»

Xosep Gvardiola APLni o‘zining sevimli uslubida yutmoqchi. U buni mavsumoldi yig‘inlari vaqtidagi intervyularida qayta-qayta takrorladi. Aguero, Silva, De Bruyne to‘pga egalik qilishda mohir, bu yozda «Siti» polki yana boshqa shunday futbolchilar bilan to‘ldirildi. Gvardiola o‘z g‘oyalarini «Siti»ga singdirishi qiyin kechmaydi, jamoa bungacha ham shunga yaqin uslubda o‘ynab kelgan. Bu jamoa futbolchilariga g‘alaba uchun xarakter, mustahkam asablar zarur bo‘ladi. Gvardiola bunga erisha oladimi? Konte bilan bo‘lgani kabi unga ham APLga moslashmaganlik omili xalaqit berishi mumkin. Ammo Pep taktik jihatdan juda boy va uni Venger kabi yuqori toifali murabbiylar o‘rab turganida uning mahorati yanada ortib borishi tayin.

Manba: kun.uz

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.