Mualliflik bloglari

VAN GAL VA VAVILON

Blog Maydon.uz

Rivoyatga ko‘ra, Buyuk Vavilon (Bobil) davlati ustiga kattakon qayg‘u qoralab keladi. U yerning miroblari daryo suvlarini o‘rganayotgan paytlari qaltisroq harakat qilib yuborishadi va bunig oqibatida shaharbutunlay suvga g‘arq bo‘ladi. Vavilonning eng baland inshooti shu soha vakillarining xatosi ila parchalangan, deyishadi ba’zi tarixchilar.

Men arxitektura litseyida o‘qiyman. 1-kursida. Arxitektorlar ijod, did va ideyalarga suyangan holda ish ko‘radilar. Men ham yosh arxitektorman, kelajakning baland binolarini qurish niyatida yurgan yigitchaman. Bugungi maqolamni hamshu soha vakillari tilida yozishga jazm etdim. Gazetada yangilik bo‘lsin, deyman-da! Boshqa kasb egalari tushunsalar bo‘lgani...

Futboldagi arxitektorlar deganda men murabbiylarni tushunaman. Hammasi turli xil binoni qurishga niyat qilgan «arxitektorlar» aslida.

Bugungi futbol deb atalmish shaharchada arxitektorlar yetarlicha topiladi. Mening nazdimda eng kuchlisi Ser Fergyuson bo‘lsa kerak! Davomiga... Arsen Venger, Lobanovskiy, Gvardiolalarni tilga olgan bo‘lardim. Bu insonlar chindan ham arxitektorlarning san’atini o‘zlariga qoida qilib olishgan – ular ishni birinchi navbatda CHIZMA chizishdan boshlashgan. Keyin kuchli tafakkur bilan yoritilgan o‘sha chizmalarini amalga tadbiq etish uchun ashyolarni to‘plashgan. Shuning uchun ham ularning qurilishi oson kechgan. Yaxshi qura olishgan. O‘ylaganlaridek qura olishgan.

Ha, mayli, men bu insonlar haqida gapirmoqchi emasman hozir. U butunlay boshqa inson. Oldin omadli bo‘lgan, hozir hamma uchun qoloq. Lui van Gaal! Bo‘ldi, bo‘ldi, MYu muxlislari, o‘zingizni bosib oling, qizishmang, yana o‘sha insonmi, deya! Bilaman, bu nomni eshitganingizda, yuzlaringizga jahl va g‘azab o‘rmalab chiqadi. Ko‘pgina o‘yinlardan so‘ng uni so‘kasiz, koyiysiz... Hech bo‘lmasa, ichingizda. Xullas, o‘sha yomon ko‘rgan odamingiz yaqinda ketadi ham. Qizishmay ham qolarsiz, yuzingizga ham qon yugurar ehtimol. Chunki omadsiz deb atagan arxitektorlaringizning kunlari borgan sari tugab bormoqda. Uning o‘rniga «xaloskoringiz» bo‘lishi kutilayotgan Mourino janoblari kelishi deyarli aniq...

Hozirda «MYu» muxlislari orzular osmonida kezib yurishibdi. Jamoa o‘yinlari o‘zgararmish. Birin-ketin g‘alabalar qo‘lga kiritilarmish. Yirik hisoblar, chiroyli gollar, smatfonning birinchi qismidagi jadvalidan chiqib keladigan o‘rinlar kafolanatlanarmish, xullas, buyog‘iga «Serning davri» qaytib kelishiga umidvorlik kuchaygan.

Shunaqa bo‘ladi, deb o‘ylaysizlar-da, a? Bilasizmi, Mourino g‘alati arxitektor ekanligini? U ishchilarini ishlatar ekan, o‘z binosini ko‘p ham o‘ylamaydi, asosiy e’tiborni ro‘parasidagi binodan tezroq qurib bitirishga qaratadi. Unga bino tezroq bitsa bo‘lgani! Sifat degan tushunchani keyin gaplashib olamiz, deydi. Maur bitirgan binoni ko‘rgan odamlar, bu bino dunyodagi eng baland binolar (UEFA) ro‘yxatida 1-o‘rinni oladi, deb o‘ylaydilar. Lekin binoning ilk qurilish paytida portugaliyalik arxitektor uning ichi yaltiroqligini sezdirmay ketadi. Shunaqa uddaburon va xiylakor inson u!

Futbol hayotidagi shiori shunaqa unda: «Men sevgan «Manchester» binosi «Real», «Barsa», «Bavariya»larning zilzilariga chidab bera olarmikan? G‘ishtlari ko‘chib ketmasmikan, poydevori baquvvatmikan? Ha, yo‘g‘-a,yaqinda jang-ku, jangda uyga balo bormi?»

Ha, Mourinoning ishchilari – jangchilar! Ishchilarini men mo‘g‘ullarning armiyasiga qiyos qilaman. Ko‘chmanchilik! Buyog‘iga «MYu»chilarning boshiga uzoq yillik bo‘lsa ham bino qurilishi emas, ikki-uch yilda qandaydir ovutadigan bir his beradigan «yurishlar» tushmoqda, shunga tayyormisiz? Yelkangizga baland ovozlarda shaharni to‘zg‘itib yurishdek «sharafli» ish qo‘yilayotganidan xabaringiz bormi? «MYu» degan shaharchaga bir arxitektorni olib kelishgandi, sen arxitektorsan, sen bizning uyimizni eng mustahkam binolardan biriga aylantirishing kerak, deyishgandi, buyog‘iga chidab berishmayapti. Saroylarda yashab xotirjamlikka o‘rgangan muxlislar jang istab qolishibdi. Lekin shu shaharchaning sal narisiga kelayotgan ARXITEKTORga ko‘z tashlagilari yo‘q. Gvardiola «ManSiti» binosini yanada bezagani, uning sayqal olmagan joylarini yanada tasvirlagani kelmoqda. U buzg‘unchilik ishlaridan uzoq, o‘z binosi ustida ishlay oladigan haqiqiy arxitektordir.

Men tug‘ilgan sana aynan «MYu»ning eng ajoyib o‘yiniga to‘g‘ri kelgani uchun ham shu klubga mehrim bo‘lakcha. Dadam ham birinchi bo‘lib shu jamoa «futbolkasi»ni olib kelgan ekanlar. Achinganimdan yozyapman-da, akalar! Men bu jamoani o‘z binosi ustida ishlaydigan arxitektor qurishini istagandim, xolos. Nachora, endi chelsisifat «myu»ga qarab o‘tiraveramiz-da. Aslida, ayni daqiqalarda mening ham jahlim chiqmoqda, natijalari yoqmayapti. Ammo shu yoqimsizlik ichida bo‘lsa ham sekingina qurilayotgan binoni, uning g‘ishtlarini terishga harchand urinsa ham, uni-da siltalashayotgan Reshshfordni ko‘ryapman, bizning binomiz dunyoda eng chiroyli bino bo‘ladi, deb ter to‘kayotgan Marsiyalni ko‘ryapman. Ilg‘ayapman ularni. Ular harakat qilishyapti, hamma narsani jang hal qilmaydi, deb nimalarnidir gapirishga urinmoqdalar. Muxlis xalqi esa...

Shunaqa gap. Gollandiyalik arxitektorni bino qurilishiga yo‘l qo‘ymadilar, xullas. Endi, bir g‘ishtini qo‘yay deganda tomni yopasan, deb turib oldilar. Uyning sxemasini chizayotganda, ustidan bosib o‘tdilar. Bu ishni ko‘proq jurnalistlar qilishdi.

Eh, jurnalistlar, sizlar ham eski miroblarga o‘xshadingizlar. Suv to‘ldi binoga! Mourino bu toshqinga qarshi 3-4 yillik damba qurib berar. Keyin-chi? Qo‘rqyapman, qo‘rqyapman – kompyuterimning oldida «Jahon tarixi» kitobim va unda qulayotgan Vavilon qasri rasmi...

Abdullo Ubaydullaev

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.