Mualliflik bloglari

MATA: AQL BILAN HARAKAT QILISH KERAK

Blog InterFutbol.uz

«Manchester Yunayted»ning ispaniyalik yarim himoyachisi Xuan Mata FourFourTwo nashriga bergan intervyusida bo‘yi past futbolchilarga APLda qiyinligi haqida gapirib o‘tdi.

Sizday kichik jussali futbolchiga premer-ligada «jon saqlash» qiyin kechmayaptimi, shuncha kuchni qaerdan olyapsiz?

Yaxshi savol. Angliyada gavdali va kuchli futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu bois ham men ko‘proq o‘ylashga majburman. Agar raqibingiz sizga nisbatan baquvvat bo‘lsa, undan oldinroq bo‘sh joyni egallashingizga to‘g‘ri keladi. Bo‘yi past futbolchilar o‘yin paytida ko‘proq aql bilan harakat qilishlari kerak.

Siz tezkor va kuchli himoyachilarga qarshi boshqa-boshqa usulda o‘ynaysizmi?

Bu to‘pning kimda ekanligiga bog‘liq. Agar raqibda bo‘lsa, taktika birinchi o‘ringa chiqadi. Himoyachi erkin harakat qilmasligi uchun yaxshi pozitsiyani egallashim kerak. Aksincha, to‘p bilan harakatlanayotganimda eng muhimi birinchi teginish. Shuningdek, devor usulida o‘ynashni ham yaxshi ko‘raman. Barchasi raqibni aldashga bog‘liq. Buning uchun esa tez fikrlash talab etiladi.

Ochiq hududlarni topishni qoyillatasiz. Bu borada alohida mashq qilasizmi?

«Pas»ni qabul qilish uchun ochiq zonani istashim bu qandaydir instinktga aylanib qolgan. To‘pni qaerga borishini oldindan his qilaman. Axir birinchi yil o‘ynashim emas-ku. Lekin buni mashg‘ulotlarda ham o‘zlashtirsa bo‘ladi.

Ochiq zonalar yo‘qligida to‘pni nazorat qilishning sababi nimada?

Har safar to‘pni egallashdan oldin atrofga bir qarab olish kerak. O‘zingiz, jamoadoshlaringiz va raqibingizning qaerda turganini bilishingiz lozim. Ispanlar hamisha shunday qilishadi. Buni o‘zingiz ham ko‘rsangiz bo‘ladi. Ayni uslubda o‘ynaydigan futbolchilar orasida eng zo‘ri Xavi. U tezkor ham, jismonan baquvat ham emas. Ammo u qaror qabul qilishda tengsiz.

Sportzalda ko‘p shug‘ullanasizmi?

U yerga haftasiga uch marta boraman. Lekin bu jamoamizning hafta davomida o‘tkazadigan o‘yinlariga bog‘liq. Agar haftada ikki yoki uchta o‘yin o‘tkazsak, sportzalga borishning iloji yo‘q. Chunki tiklanish uchun vaqt kerak. Gavdam kichkina bo‘lgani uchun jarohatlardan qochishga to‘g‘ri keladi. Shu bois, jismoniy holatimni bir maromda ushlab turaman.

Pleymeykerlar uchun alohida mashqlar bormi?

Har jabhada formani ushlab turish lozim. Umuman olganda, futbolchilar uchun maxsus mashqlar yetarli. O‘yin paytida qiladigan harakatlarimni hamisha takrorlab yuraman.

O‘yin va mashg‘ulotlardan ke­yin qanday tiklanasiz?

Ispaniyada yashaganimda tushlikdagi siesta yoqardi. Lekin Angliyaga ko‘chib kelganimdan so‘ng bundan voz kechdim. Chunki tumanli o‘lkada madaniyat boshqacha. Tiklanish uchun ko‘proq hovuzda cho‘milaman. Shuningdek, yaxshi ovqatlanaman. Agar uzoq vaqt yuqori saviyada o‘ynashni istasangiz, o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamasligingiz kerak.

O‘yindan oldin «zaryad» olishingiz uchun qanday ovqat ma’­qul?

Bazada nonushta qilaman. Odatda, tost va banan yeyman. Mashg‘ulotlardan oldin organizmga uglevodlar kerak. Shuningdek, bir stakan apelsin sharbati va qahva ichishim mumkin. Oshpazimiz Mayk ajoyib inson. U tushlikka baliq pishiradi. O‘yindan oldin ko‘proq suv ichish ziyon qilmaydi.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.