Mualliflik bloglari

KIM KUCHLIROQ

Blog InterFutbol.uz

Yangi mavsum arafasida o‘tkazilgan so‘rovnomada APL muxlislarining ko‘pchiligi «MYu»ning chempionligi uchun ovoz berishdi. Ularning nechog‘li haq ekanliklari yana bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Muxlislar hozirning o‘zidayoq Ibragimovich va Pogba jamoasi Skoulz va Ronalduning afsonaviy safdoshlaridan kam emasligiga ishonch bildirishmoqda. Oqibatda yana bir jumboqqa yechim topishga to‘g‘ri keldi: kim kuchliroq, ser Aleksning jangchilarimi yoki Mouning bugungi «bandasi»?

Darvozabonlar

Edvin van der Sar 5-5 David De Xea

Edvin o‘ta mohir, shu bilan birga, oyoqlari yordamida o‘ynash bobida tengsiz bo‘lgan. David ham buyuklik maqomiga loyiq, desak lof bo‘lmaydi. Bu yigit kuchli reaksiya sohibi. Uni Fergyuson kashf etgan, ishonch bildirgan va tarbiyalagan. Biroq De Xea hamon safda. Van der Sar o‘z mahoratidan tashqari markaziy himoyachilarning ishonchli harakatlariga tayanib ish ko‘radi. Ispaniyalik kasbdoshining muammosi murakkabroq -  ko‘p hollarda xaloskorlik rolini yolg‘iz o‘zi bajaradi. Shu bois, bu ikki darvozabonning salohiyati orasiga tenglik belgisini qo‘ydik. Zero, afsonaviy Shmeyxeldan keyin «MYu» tarixidagi eng mohir darvozabon - Edvin bilan De Xea.

Himoyachilar

Gari Nevill 7 - 3 Antonio Valensiya

Manchesterliklarga YeChLning oxirgi kubogini tortiq etgan «Lujniki»dagi finalda afsonaviy sardor maydonga tusholmagandi. Jarohati tufayli jamoadoshlariga yordam berolmagan himoyachining avvalgi xizmatlaridan ko‘z yumish insofdan emas. Taqqoslash uchun Garini tanladik. Garchi murabbiylik sohasida ishi yurishmagan bo‘lsada, futbolchi sifatida u Darmiandan ham, Valensiyadan ham ustun.

Rio Ferdinand 6 - 4 Erik Bayi

Bayiga ishonch bildirgani uchun Mourinoga, katta mablag‘dan voz kechgani uchun «MYu»ga tasanno aytish kerak. Endi ivuarlik futbolchini dunyoning eng qimatbaho himoyachisi bilan qiyoslash imkoniyati paydo bo‘ldi. Avvalgi rekordlar allaqachon barbod bo‘ldi, «siti»lik Stouns Rioni yanada quyiroq pog‘onaga tushirib yubordi. Shunga qaramay, Ferdinand o‘zining tajribasi va futboldagi nufuzi evaziga Erikdan yuqoriroq. To‘g‘ri, Bayida himoya chizig‘ining po‘lat qo‘rg‘oniga aylanish imkoniyati mavjud - Jozening ishonchini oqlash hammaga ham nasib qilavermaydi.

Nemanya Vidich 6 - 4 Kris Smolling

Kris va uning himoya chizig‘idagi sherigini APLning chinakam afsonalari bilan yonma-yon qo‘yish ehtimol, noxolis bahodir. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, Bayi ham, Smolling ham iqtidordan benasib qolishmagan. Agar Ferdinand yoki Vidichning uzoq faoliyatiga nazar tashlasak, faqat yorqin sahifalardan iborat emasligiga amin bo‘lamiz - ular ham xatolardan xoli emaslar. Albatta, faxriylarga doimo ehtiromdamiz, lekin bugun va kelajak avlodlarini ham munosib baholashimiz shart.

Patris Evra 6 - 4 Lyuk Shou

O‘tmishni kelajak bilan solishtirish - doimo foydali. Ayniqsa, gap «MYu» va fransuz futboli afsonasini Angliya terma jamoasining kelajagi bilan taqqoslash haqida ketganda. «MYu» uchun bor kuch va mahoratini ayamagan Evra son-sanoqsiz sovrinlar va nufuzga ega bo‘ldi. Lyuk esa yanada yuksakroq saviyaga ko‘tarila oladi va shunday qilishi shart. Buning uchun o‘ta og‘ir jarohat asoratlaridan batamom forig‘ bo‘lishi kerak. Shu jihatdan olganda, joriy mavsum dunyodagi eng qimmat so‘l qanot himoyachisi uchun tarixiy burilish nuqtasi vazifasini o‘tashi mumkin.

Yarim himoyachilar

Rayan Giggz 6 - 4 Genrix Mxitaryan

APLning eng yorqin afsonalaridan birini g‘olib sifatida e’tirof etmaslik mumkin emas. Lekin shuni ham ta’kidlash joizki, Rayan bilan Genrixda umumiylik biz o‘ylaganimizdan ko‘ra ko‘proq. Masalan, Giggz o‘z vaqtida Uels termasi uchun qanchalik muhim bo‘lsa, Genrix Armanistonga xuddi shunday ahamiyatga ega. Qolaversa, unda Rayanga nisbatan universalizm kuchliroq, Giggz faoliyatini yakunlagan bo‘lsa, Genrix yana yuqoriroq saviyaga ko‘tarilishi mumkin. Barchasini inobatga olsak, 6:4 nisbati adolatli. Giggz - afsona, lekin Mxitaryan ham oddiy futbolchi emas!

Maykl Kerrik 6 - 4 Maruan Fellayni

Hozirda bu jamoadoshlar o‘zaro raqobatda - Belgiya vakili angliyalik faxriydan ko‘ra ko‘proq dastlabki daqiqalardan maydonga tushmoqda. Mayklning avvalgi yillardagi o‘yinlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, xatolarga moyil bo‘lgan Maruan unga tenglasholmaydi. Bundan tashqari, Fellayni saviyasidagi tarkib bilan ChLdek nufuzli turnirda g‘olib chiqish mumkinligiga ishonish qiyin. Ser Aleks esa Kerrik bilan bu vazifani uddalay olgandi. Shunday ekan, futbolchining transfer qiymati har doim ham yuqori sifatga kafolot bo‘lolmaydi. Maykl Roy Kin darajasiga ko‘tarila olmagan bo‘lsada, har holda o‘z g‘ayrat-shijoatini jamoadoshlariga yuqtira olardi.

Pol Skoulz 5 - 5 Pol Pogba

Ro‘yxatimizdagi eng sara futbolchilardan biri. Ko‘pchilik muxlis va mutaxassislar angliyalik Polni fransiyalik adashidan ko‘ra  kuchli deyishmoqda. Chunki Skoulz hech qachon Mino Rayoladek ustomon agentning reklamasidan foydalangan emas. Ammo Pogba hali «MYu» muhitiga to‘la moslashishga ulgurgani yo‘q. Shu bois, Fransiya vakilining bahosini biroz ko‘tarishga jazm etdik. Boz ustiga, ser Aleks darajasidagi ekspertlar ham uning yuksak salohiyat sohibi ekanini tan olishmoqda. Endi Pogbadan tezroq barqarorlikka erishib, «malla» kasbdoshidek ishonchli to‘p surish talab etiladi.

Krishtianu Ronaldu 7 - 3 Antoni Martial

Ronaldu «MYu»ning kattagina mablag‘ evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan a’zosi ustidan osonlikcha g‘alaba qozonmoqda. Garchi «Real» Krishtianu uchun ozroq sarflagan bo‘lsada, portugaliyalik futbolchi «qizil iblislar» sharafini himoya qilgan paytlar eng yuqori sermahsullikni qayd etgan, nufuzi Ispaniyadagidan yuqori edi. Bundan tashqari, Antonining sermahsulligiga hali guvoh bo‘lganimiz yo‘q, dunyoning eng yaxshi futbolchisi unvoni ham juda olisda. Ronaldu esa 2008 yilda va undan keyin ham «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.

Hujumchilar

Karlos Teves 5 - 5 Ueyn Runi

Bu juftlik ham saralar sirasidan. O‘z vaqtida «Lujniki»da maydonga tushgan Teves bugungi Runiga qarshi. Ueyn hozirda yarim himoyachi ixtisosining nozik jihatlarini o‘rganish bilan band. Karlos esa u payt tez orada azaliy raqib - «Man Siti» tarkibiga qo‘shilishi va u yerda «Old Trafford»dagidan ikki baravar uzoqroq to‘p surishidan bexabar edi. Tevesning keyingi taqdiri mavzuga aloqador emas, Karlos ham hozirgi Runidek ishonchli to‘p surardi.

Ueyn Runi 4 - 6 Zlatan Ibragimovich

Runi yil sayin o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib turgani uchun taqdir uni kimsan Zlatan bilan raqobat qilishini ravo ko‘rdi. Runining yangi sherigi hech bo‘lmaganda ikki yil APLda samarali to‘p sura olishiga Mourino shubha qilmayapti. Ibra esa buni amalda isbotlamoqda. Runining mahsuldorligi 2008 yilda ancha yuqori edi. Lekin Zlatan tomonidan sovuqqonlik bilan qayd etilayotgan natijalar (3ta o‘yinda 4ta gol) uning yaqqol ustunligini ko‘rsatib turibdi.

Zaxira tarkiblar

«MYu» - 2008 4 - 6 «MYu»-2016

«MYu»-2008: Ues Braun, Jon O`shi, Ouen Xargrivz, Lui Saa, Pak Ji Sun, Nani.

«MYu»-2016: Deyli Blind, Xuan Mata, Ander Errera, Morgan Shneyderlin, Memfis Depay, Markus Rashford.

Tarkiblar tahlili hozirgi «MYu» ajoyib zaxiraga egaligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Rashfordni navqiron Naniga qiyoslash mumkin. Xargrivz nomdor jamoalarda o‘ynagan bo‘lsada, bor salohiyatini yuzaga chiqarishiga jarohatlar xalal berdi. Shneyderlin yoki Errera bunday ko‘rsatkichlarga duch kelishmagan, barcha chempionlik unvonlarini o‘ziniki qilib ulgurgan Mata esa Pak Ji Sundan kam emas. Shu sababli ustunlikni hozirgi zaxira tarkibiga berdik.

Umumiy hisob

«MYu»-2008 67 - 53 «MYu»-2016

Salohiyatlar solishtirmasi bo‘yicha davrlar raqobatida Aleks Fergyuson jamoasi g‘alaba qozondi. Biroq hisobdagi farq unchalik katta emas. Salohiyat jihatidan De Xea, Shou, Bayi, Mxitaryan, Pogba va Martialni hech ikkilanmay YeChLning kelgusi bahslarida ishtirok etadigan futbolchilar qatoriga kiritish mumkin. So‘ng­gi yillarda Lui van Gal hamda Joze Mouino transferlar uchun bir paytlar van der Sar, Vidich, Ferdinand, Evra, Skoulz, Giggz va Ronaldu uchun sarflanganchalik xaridlarni amalga oshirishdi. Endi ana shu sa’y-harakatlar samarasini natijalarda aks ettirish qoldi, xolos. Fergyuson jamoasi yuksalish davrini boshidan kechirib, yakunda afsona maqomiga ko‘tarildi. Jozening Zlatan yetakchiligidagi yangi «bandasi» esa shohsupada chempionlik quyoshining hayotbaxsh haroratidan bahramand bo‘lishga munosib ekanini amalda isbotlashi lozim. Hozircha «qizil iblislar» muxlislar taxminini to‘la-to‘kis oqlashmoqda.

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.