«Manchester Yunayted» va «Nyukasl»ning sobiq yarim himoyachisi Gabriel Obertan yozda Mahachqal’aning «Anji» klubi safiga qo‘shildi. Mahoratli futbolchi xorijlik hamkasblarimizga bergan intervyusida ser Aleks Fergyusonni qanchalik hurmat qilishi, Internet tarmoqlaridagi xabarlarga e’tibor qaratmasligi va boshqa ma’lumotlar haqida gapirdi.
RFPLda Diarra, Valbuena, Fibel, Vanker singari futbolchilar to‘p surishgan. Ular bilan maslahatlashdingizmi?
Avvalroq Lassana «Anji» va Rossiya chempionati haqida gapirgandi, shu bois bu borada qisqacha tasavvurga ega edim. Mahalliy sharoitga tezda moslashdim, ortiqcha qiyinchiliklarga yo‘liqmadim. Klubda meni yaxshi kutib olishdi.
«Bordo»da Loran Blan qo‘l ostida shug‘ullangansiz. Eski tanish-bilishchilik hurmati Fransiya termasi tarkibidan joy olishga umid qilyapsizmi?
Darhaqiqat, munosabatlarimiz ajoyib edi, u endigina murabbiylik faoliyatini boshlayotgandi. Ammo Loran bilan do‘stlik rishtalarini bog‘lashga ulgurmaganman, chunki boshqa jamoaga o‘tgach, hammasi qaytadan boshlanadi. Yangi tanishlar, yangi sheriklar... Blan menga qo‘ng‘iroq qilib, termaga chaqirsa xursand bo‘lardim, ammo «Bordo»dan ketgach, yaqinligimiz barham topgan.
Ser Aleks Fergyuson bilan ilk tanishuv qanday kechgan?
Shartnoma tuzish chog‘i uchrashgandik. O‘shanda shifokorlar jarohatim borligini aniqlab, bitim imzolash shart emasligini ta’kidlashgan. Ammo Fergyuson tiklanish uchun imkoniyat berishi, menga ishonishini aytgan. «MYu» o‘ziga xos jamoa. Boy tarixga ega, Skoulz va Giggz singari yuksak mahorat egalari bilan yelkama-yelka to‘p surasan.
Loran Blan va Kristian Gurkyuff muammolaringiz ruhiy holatingiz sababli kelib chiqishini ta’kidlashdi...
Barchasi tajriba va yosh tufayli vujudga keladi. Hammadan tez bo‘lishga intilardim, ammo professional tomondan menga nimadir yetishmasdi. Maqsadimga erishish uchun vaqt kerak edi. Umuman, murabbiylar borasida omadim kelgan, ammo hech kim ser Aleksga yetolmaydi. Uning har bir qarori, harakatlari tahsinga sazovor. Fergyuson afsona!
«MYu»da hamisha ajoyib futbolchilar to‘p surishgan. Nahotki, ular orasidan hech kim yulduzlik kasaliga chalinmagan bo‘lsa?
Ularning hammasi professionallar. Ba’zan futbolchilardan ham muhim bo‘lgan holatlar uchraydi. Men o‘ynagan paytdagi «MYu» a’zolari o‘zlarini bir oila vakillaridek tutishardi. Shunday o‘yinchilar bilan birga to‘p surganimdan faxrlanaman, ulardan ko‘p narsa o‘rgandim.
Jarohat tufayli «Nyukasl»da omadingiz yurishmadi, biroq ishqibozlar sizni tushunishmadi. Shunda og‘ir holatga tushgandirsiz?
Vaziyatdan kelib chiqib ish tutaman. Internetda men va jamoam haqida nima yozishayotganiga qiziqmayman. Chunki ko‘pincha shaxsiyatga tegish hollari, nafaqat sen, balki oilang va yaqinlaring haqida turli gap-so‘zlar ko‘payishi kuzatiladi. Bularga aloqador bo‘lishni istamayman. Shu bois, ishqibozlarning munosabatlaridan ham bexabarman.
Sizningcha, «Anji» katta futbolga qaytishingiz uchun imkoniyat beradimi?
Ha, muntazam maydonga tushish, doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish, tajriba to‘plash va eng yaxshilar qatoriga qo‘shilish imkoniyati tug‘ildi. Umuman olganda esa, jamoamning hamisha g‘alaba qozonib, sovrinlarga ega chiqishini xohlayman. Bu borada doimo yordam berishga tayyorman.
Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.