Mualliflik bloglari

RUNIDAN HAM YAXSHIROQ…

Blog InterFutbol.uz

Anderson Luis de Abreu Oliveyra. Aleks Fergyusondek buyuk murabbiy vaqtida braziliyalik bu iqtidorga «Manchester Yunayted» yarim himoyasining bo‘lajak yetakchisi sifatida qaragan va futbolchi ham faoliyatining dastlabki bosqichida shunga umid uyg‘otgandi. Ammo voqealarning keyingi rivoji boshqacha tus oldi: Anderson xuddi Xuan Sebastyan Veron singari Fergi davridagi eng omadsiz xaridlardan biriga aylandi. Uning «MYu»da o‘tkazgan yillariga nazar tashlasak, naq 10ta ajoyib sovringa ega chiqqanini ko‘ramiz. Ammo chuqurroq tahlil nisbatan yoqimsiz tasvirlarni ham yuzaga keltiradi. Keling, hikoyani o‘tmishdan boshlasak...

Anderson futbol olamida borligini ilk marta 2005 yili «Gremio» safida bildirib qo‘ygandi. O‘sha vaqt klub Braziliya «B» seriyasida ishtirok etar va elita yo‘llanmasi uchun kurashardi. Yuqori divizion yo‘llanmasi taqdiriga oydinlik kiritgan so‘nggi, hal qiluvchi o‘yinda Anderson raqib jamoa a’zolaridan yarmini yolg‘iz o‘zi bir yoqli qildi va g‘alaba goli muallifiga aylandi. E’tiborlisi, «Gremio» o‘sha bahsning oxirlarida maydonda 8 (!) kishi bo‘lib qolgandi (3 nafar futbolchi hakam tomonidan chetlatilgandi). Xullas, Anderson shunday murakkab vaziyatda jamoasi joniga oro berdi va o‘sha yili haqli ravishda Janubiy Amerikaning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida tan olindi.

Shubhasiz, bunday yorqin iste’dod sohibi yevropalik skautlar nazaridan chetda qolmasdi va futbolchining harakatlarini kuzatish uchun «Gremio» qarorgohiga birinchi bo‘lib, «Portu» vakillari yetib borishdi. Muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangach, Anderson Portugaliya futboli yetakchisi safiga qo‘shilib, tez orada uning asosiy tarkibidan mustahkam o‘rin oldi. Biroq Yevropada omadli boshlangan faoliyati tizzasidan orttirgan jarohati tufayli vaqtincha to‘xtadi. Ishonish qiyin, ammo shu holatda ham u dunyoning eng mashhur klublaridan biri - «Manchester Yunayted» e’tiboriga tushdi. Eng muhimi, Andersonning xizmatlariga shaxsan ser Aleks ehtiyoj sezgandi. Shu bois, transferlar masalasida kamdan-kam adashgan murabbiy Portugaliyaga «MYu»ning eng yaxshi skauti, ya’ni akasi Martin Fergyusonni jo‘natdi. U esa o‘smirni 5 hafta davomida sinchiklab kuzatgach, yakuniy xulosani Manchesterga yubordi. Qisqa, ammo lo‘nda yozilgan maktubga shunday xotima yasalgandi: «Runidan ham yaxshiroq». Albatta, ser Aleks bu ta’rifga uncha ishonmadi, ammo  Andersonni jamoaga taklif etishdan tiyilmadi, baribir. Mazkur transfer «qizil iblislar»ga 26 million funtga tushganini ham ta’kidlash lozim.

Braziliyalik iqtidor Manchesterga ko‘chib o‘tgach, jamoa o‘yiniga tezda kirishib ketdi. Biroq negadir raqiblar darvozasini nishonga olishi ortga surildi. Xullas, debyut mavsumidagi ilk golini 2008 yili Moskvada o‘tgan ChL finalida nishonladi - o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida Petr Chexni dog‘da qoldirdi. Keyingi mavsumda ham umumiy vaziyat uncha o‘zgarmadi. Lekin ko‘ngli daryo ser Aleks braziliyalik iqtidorga ishonishda davom etaverdi.

Futbolchi 2009/2010 yillar mavsumini jarohat tufayli muddatidan ertaroq yakunladi. Mashg‘ulotlarda ishtirok etmaslik esa, yangicha hayotga qadam qo‘yayotgan yigitchani yo‘ldan ozdirdi. Endi u vaqtini asosan tungi klublarda o‘tkazar, hattoki, ba’zida mast holda politsiya qo‘liga ham tushib turardi... Shu tariqa keyingi 5 yil ketma-ket jarohatlar, ortiqcha vaznga bog‘liq muammolar va albatta, o‘yin amaliyotisiz o‘tib ketdi. Andersonning faoliyatiga shuningdek, Fergyuson tanlagan yangi taktika ham salbiy ta’sir qildi, chog‘i. Chunonchi, Krishtia­nu Ronaldu «Real»ga ketganidan so‘ng qariya murabbiy uslubni o‘zgartirishga majbur bo‘lgandi. Unga ko‘ra, Andersonning hujumkor harakatlar emas, aksincha, himoyada ko‘proq ishlashiga to‘g‘ri keldi. Aynan shu holat braziliyalik futbolchining iste’dodini to‘la namoyon etishiga xalal berdi, go‘yo. Yakuni yo‘q muammolarga qaramay, Anderson klubda shuncha uzoq vaqt qolgan ekan, demak, Aleks Fergyuson oxirigacha unga umid bog‘lagan. Lekin vaqti yetib, afsonaviy shotland murabbiylik faoliyatini yakunladi. Uning o‘rnini egallagan Devid Moyes va Lui van Gal esa braziliyalik futbolchiga «To‘rt tomoning qibla» qabilidagi gaplarni aytishdi.

Xo‘sh, Andersonning «MYu»dagi faoliyati nega «o‘xshamadi»? Bu savolga turlicha javob berish mumkin. Ulardan biriga ko‘ra, braziliyalik Angliya premer-ligasiga shunchaki, ko‘nikolmadi. Aynan shu omil «MYu»ning yana bir sobiq a’zosi  - Klebersonni ham «ado qilgandi». Boshqa sababga ko‘ra, orttirilgan ko‘plab jarohatlar va ular oralig‘idagi tiklanish vaqti futbolchiga salbiy ta’sir qildi. Zero, Anderson har gal mashg‘ulotlardan chetda qolgach, vazn orttirib boraverdi. Buni uning jamoadoshlari - Patris Evra va Rio Ferdinand vaqtida ochiq-oshkora tilga olishgandi. Omadsizlikka uchinchi sabab sifatida esa, Andersonning faoliyati boshidayoq kuchli bosim ostida qolganini ta’kidlash mumkin. Axir endigina katta hayotga qadam qo‘ygan yigitcha OAV va mashhur tahlilchilar nazariga tushib, o‘zi bilmagan holda, turli muhokamalarga sababchi bo‘ldi. Tabiiyki, aksariyat iste’dodlar xuddi shunday bosimni yengib o‘tolmaydilar.

Xullas, Andersonning omadsizligi sabablarini aniq aytish qiyin. Achinarlisi, u vatandoshi Kleberson yo‘lidan ketib, buyuk futbolchilar qatoriga kirolmadi. Ha, hayot murakkab, biroq inson hech qachon umidini yo‘qotmasligi lozim. Istardikki, Anderson ham o‘zi mehr qo‘ygan sport turiga qiziqishini yo‘qotmasin! Bizningcha, hali hammasi oldinda...

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.