Mualliflik bloglari

YAQQOL YETAKCHI

Blog Maydon.uz

«MYu»ning yoshlar jamoasida Andreas Pereyra nomli futbolchi bor. Yaqqol yetakchi. Lui van Gaal qo‘l ostida asosiy jamoa o‘yinlarida ham maydonga tushdi, rasmiy o‘yinda gol urishga ham ulgurgan hatto. Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham Braziliya terma jamoasining ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilaridan biri bo‘ldi.

Andreas 20 yoshda. U haqda ko‘p gapirishadi. Pereyraning allaqachon o‘zi o‘ynayotgan yoshlar jamoasi darajasidan ilgarilab ketganini, unga kattalar jamoasida ko‘proq imkoniyat berish vaqti kelganini ta’kidlashadi. To‘g‘ri aytishadi. Rostan ham Pereyra yoshlar futboli saviyasidan ulg‘ayib bo‘lgan.

Xullas, aynan Pereyra misolida men yoshlar futbolidan kattalar futboliga o‘tish pallasidagi nozik bir jihatni ko‘raman. Bu darajadagi yaqqol misolni topish qiyin, xuddiki Pereyra aynan ushbu jihatni yaxshiroq tushunishimiz uchun tug‘ilgandek.

Tez yuguradigan, yaxshi aldab o‘tadigan, to‘p uchun yaxshi kurashadigan – misol uchun, mana shu kabi xislatlarga yoki shunday xislatlardan birortasiga ega bo‘lgan futbolchilar osonlik bilan kattalar futbolida o‘ynab ketadilar. Ularning ishi oson, yoshlar futbolida namoyish qilgan mana shu harakatlarni kattalar miqyosda ham ko‘rsatish kerak, tamom. Sal qiyinroq, ammo mashg‘ulotlar va kerakli maslahatlar evaziga amalga oshirish mumkin.

Gap shundaki, Pereyra mana shunday biror xislatdagi yaqqol ustunlik evaziga o‘z jamoasida yetakchi emas. U shunchaki, o‘sha yoshlar jamoasida eng yaxshi futbol o‘ynaydigan futbolchi, o‘yin borasida jamoa yetakchisi, taktik va fikrlash jihatidan tengdoshlaridan ustun bo‘lgan figura.

Uning «MYu» yoshlar jamoasida 3 yil, ya’ni keragidan ortiq vaqt mobaynida yetakchi bo‘lgani uning zarariga ishladi. «MYu» yoshlar jamoasi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rar ekan, konkret biror o‘yin uchun reja qurar ekan, hammasi Pereyra atrofida tashkil qilinadi. Tasavvur qiling, «Barselona»dagi Messi. Xuddi shunday.

Endi, mana shu Pereyra kattalar ichiga, Runi va Mata o‘ynayotgan tarkibda maydonga tushsa, xuddi shunday o‘ynay oladimi? Yo‘q, albatta. Reshfordning tezligi va texnikasi yoshlarda qanday foyda bergan bo‘lsa, kattalardayam samara berishi mumkin, ammo Pereyra nima hisobiga yoshlarda yaxshi o‘ynayotgan bo‘lsa, o‘sha sharoit katta jamoada Pereyra uchun muxayyo emas-ku, to‘g‘rimi?

Reshford U18 da yetakchi hujumchi edi. U21o‘tkazishganda, o‘zidan kattalar ichida qoldi. Oddiy til bilan aytganda, U21 ning yugurdagi bo‘lib qoldi. Aynan shuning uchun Reshford kattalar jamoasida qiynalmadi. U xuddi U21 dagidek o‘sha «yugurdak»ligini davom ettirdi xolos. Vazifa o‘zgarmadi. Faqat o‘sha ishini yuqoriroq saviyada bajardi xolos. Saviyadagi farqni yo‘qotish esa, yuqorida aytdim, mashg‘ulotlar va maslahatlar evaziga hal bo‘lib ketaveradi.

Aytaylik terma jamoadagi yetakchimiz Ahmedov bilan «yugurdagimiz» Hasanovni «Real»ga olib borilsa, kim yaxshiroq o‘ynaydi? Albatta, Hasanov. Chunki Ahmedov yaxshi o‘ynashi uchun, u «Real»da ham yetakchi bo‘lishi, o‘yin jihatidan shunaqa sharoit bo‘lishi kerak, Hasanov esa, qilib yurgan ishini qiladi. Har ikkisi ham aslida «Real»da «yugurdak» darajasida bo‘lsa, Hasanovga oson, to‘g‘rimi?

Pereyra esa, uch yildan beri U21 yetakchisi. Uch yildan beri jamoa «miyasi» bo‘lib kelgan futbolchi kattalar jamoasida «yugurdak»ka aylana oladimi? Miya bo‘la olmasligi aniq. «Yugurdak» bo‘lishi uchun esa, u umuman boshqa, shu paytgacha qilmagan ishini qilish kerak, o‘yin strukturasini o‘zgartirishi kerak. Bu esa boshqa Pereyra bo‘ladi. Oddiy Pereyra.

Pereyraning oldida turgan eng foydali yo‘l, menimcha, ijaraga bo‘lsa ham, boshqa klubga o‘tishi kerak. «MYu»dan pastroq, saviya jihatidan hozir o‘ynab turgan jamoasidan sal balandroqqa. «PSV»mi, «Sanderlend»mi yoki boshqa. Shunday jamoa bo‘lishi kerakki, Pereyra u yerda darhol yetakchi bo‘lishi kerak, eski jamoasidagi roli, ahamiyati, uslubi saqlanib qolinishi kerak. Shundagina, Pereyra o‘sishi mumkin. Boshqa yo‘li yo‘q.

Aslida Pereyra bir bahona. Yosh terma jamoalarimizda «pereyra»larni ko‘p topasiz. Uzoq vaqt turli yoshdagi terma jamoalarda o‘ynab, o‘sha darajada jamoalarning yetakchilariga aylanib qolishadi. Kattalar saviyasida ishonch bildirish kechikavergani sari, o‘sha yosh jamoada, o‘sha uslubda qotib qolishadi. Katta bo‘la olishmaydi.

Menimcha, dunyo buni allaqachon his qilgan. 17-19 yoshidan futbolchiga e’tibor qaratilib, imkon qadar yoshlar futbolida ushlab qolmaslikka harakat qilishyapti. Dunyoda Pereyra kabilar kam. Lekin bizda ko‘p. Biz ham his qilishimiz kerak. 

0.00%
Бошқа янгиликлар
Изоҳ

    Сиз авторизациядан ўтмагансиз. Шарҳ қўшиш учун сайтга киринг.